Orqaga

579 marta koʻrilgan

XII asr

Bosniya va Gertsegovina tarixi

Miloddan avvalgi II–I asrlarda rimliklar zamonaviy Bosniyaga bostirib kirganida, mahalliy aholi asosan illiriya qabilasiga mansub edi. Zamonaviy Bosniyaning katta qismi Rimning Dalmatsiya viloyati tarkibiga kirgan. IV–V asrlar mobaynida Rim qoʻshinlari bu hududda bosqinchi gotlar tomonidan ogʻir talafotlar koʻrdi. Nihoyat VI asr boshida Vizantiya imperatori Yustinian I gotlarni Bolqon boʻyidan quvib chiqarganida, Bosniya hududi shartli ravishda Vizantiya imperiyasi tarkibiga kirdi.

Slavyanlar bu hududga VI asrda joylasha boshlagan. VII asrda slavyanlarning ikkinchi toʻlqini ikki qudratli qabila — serb va xorvatlarni oʻz ichiga olgandi. Xorvatlar katta ehtimol bilan markaziy, gʻarbiy hamda shimoliy Bosniyaning katta qismini egallagan boʻlishi mumkin, serblar esa Drina daryosi vodiysi hamda hozirgi Gertsegovina hududlarini qamrab olgan edi. “Serb” va “xorvat” soʻzlari oʻsha davrda qabila belgisini anglatgan, keyinchalik serb yoki xorvat siyosiy tuzilmasi aholisiga nisbatan ushbu soʻzlar qoʻllangan. Zamonaviy talqindagi etnik yoki milliy birlikka oid qoʻshimcha maʼnolarga esa ancha keyin ega boʻlgan.

VIII asr oxiri IX asr boshlarida Bosniyaning shimoli-gʻarbiy qismi Buyuk Karl tomonidan bosib olindi. Bu hudud keyinchalik qirol Tomislav davrida Xorvatiya tarkibiga kirdi. 928-yilda, Tomislav vafotidan keyin Bosniyaning katta qismi Vizantiya imperiyasi hukmronligini tan olgan Serb knyazligi tomonidan egallandi. Bosniya haqida birinchi yozma manba Vizantiya imperatori Konstantin VII Porfirogenitus tomonidan qayd etilgan boʻlib, u “Bosona” ni “suvga choʻmgan Serbiya” mintaqasi sifatida tasvirlagan. U aytayotgan hudud zamonaviy Bosniyadan ancha kichik va markazi Bosna daryosida joylashgan edi. Konstantin bu soʻzlarni yozganidan koʻp oʻtmay, zamonaviy Bosniya hududining katta qismi Xorvatiya boshqaruviga qaytdi.

Bosniya davlatining tashkil topishi.

Imperator Konstantin VII Porfirogenitus / wikipedia.org

XI–XII asrlarda Bosniya Xorvatiya yoki Serbiya vositasida Vizantiya hukmronligi ostida boʻldi, qisqa vaqtda yangilangan Vizantiya hukmronligi va Vengriya tomonidan boshqarilgan hozirgi Chernogoriya hamda Gertsegovinadan shimolga kengaygan Serb qirolligiga qoʻshildi. 1180-yilda imperator Manuel I Komnenos vafotidan soʻng Vizantiya hukmronligi tugadi va Xorvatiya yoki Vengriya hukumati qayta tiklanmadi. Shu tariqa Bosniya hududi birinchi marta mustaqil birlikka aylandi (zamonaviy Bosniyaning katta qismi va butun Gertsegovina bundan mustasno).

Bosniya ustidan hukmronligini daʼvo qilgan qoʻshni Vengriya qirolligining davriy bosqinlariga qaramay, 1180-yildan 1463-yilgacha boʻlgan davrda Bosniya davlati mavjud boʻlgan. Xususan, Bosniya 3 ta taniqli hukmdorlar: Pan Kulin (taxminan 1180–1204), Kotromanich sulolasidan Ban Stepan (Stefan) Kotromanich (1322–53) va Stepanning vorisi qirol Tvrtko I (1353–91) davrida hokimiyat va mustaqillikka erishgan.

Stepan Kotromanich boshchiligida Bosniya janubga kengayib, Hum knyazligini (zamonaviy Gertsegovina) oʻz ichiga oladi. Tvrtko I hukmronligi davrida Bosniya janubga yetib bordi va Dalmatiya (Xorvatiyadagi tarixiy viloyat) sohillarining bir qismini egalladi. XIV asr oxirida Bosniya qisqa muddat Gʻarbiy Bolqondagi eng qudratli davlat boʻlgan. Tvrtkoning soʻnggi oʻn yilligidagi Buyuk Bosniya bundan mustasno edi, ammo oʻrta asrlarning katta qismida Bosniya asosan dengizga chiqish imkoni boʻlmagan davlat sifatida ajralib qolgan va oʻtib boʻlmaydigan yer bilan himoyalangan.

Ushbu ajralib qolishning oqibatlaridan biri alohida Bosniya cherkovining yaratilishi edi. 1054-yildagi gʻarbiy (lotin yoki rim-katolik) va sharqiy (pravoslav) xristian dini boʻlinishidan soʻng Bosniya hududining katta qismi (zamonaviy Gertsegovina bundan mustasno) rim-katolik edi, ammo uzoq vaqt davomida Rimdan ajralib qolish oqibatida Bosniya cherkovi de-faktoga¹ aylandi, oʻz rahbarlarini monastir yetakchilaridan saylay boshlashdi. Talabga javob bermaydigan diniy taʼlim, urf-odatlarga sust amal qilish va sharqiy pravoslav amaliyotlarining birikmasi 1190-yillardan boshlab qoʻshni hududlardan tez-tez Bosniya cherkovi bidʼat bilan zaharlangani haqida shikoyatlarga olib keldi.

1203-yilda bu ayblovlarni tekshirish uchun Rim Papasi vakili yuborildi va Ban Kulin Bilino Poljeda (zamonaviy Zenitsa yaqinida) maxsus kengash chaqirdi, u yerda cherkov rahbarlari bir qator islohotlarni vaʼda qilgan deklaratsiyani imzoladi. Ularning aksariyati sust diniy urf-odatlarni tuzatishni oʻz ichiga olgan. Bundan tashqari, ular monastirida bidʼatchilarni joylashtirmaslikka vaʼda berdi. Ushbu islohotlarga qay darajada amal qilingani nomaʼlum, chunki Bosniyadagi cherkov keyingi asrda yanada yakkalanib qolgan. 1280-yillardagi vaqti-vaqti bilan qilingan shikoyatlarda Bosniyada “bidʼatchilar” haqida toʻxtalib oʻtilgan va 1340-yilda rim-katolik fransiskalari (1209-yilda ruhoniy Fransis tomonidan boshlangan din aʼzolari) u yerda faoliyat yurita boshlaganda, Rimning rasmiy fikricha, butun Bosniya cherkovi bidʼatga botib qolgan edi.

Bosniya davlatining tashkil topishi.

Bosniyaning territorial rivojlanishi / wikipedia.org

XIX asrning oʻrtalaridan boshlab, koʻplab tarixchilar Bosniya cherkovi bolgar bogomillarining (bolgar bidʼatchilari) keskin dualistik bidʼatini² qabul qilganini taʼkidlagan. Bu nuqtayi nazar bosniyaliklarni baʼzan manixeyizmda³, bogomillarning eʼtiqodiga asoslangan dualistik taʼlimotda ayblagan papaning qoralashlaridan kelib chiqqan. Bundan tashqari, italyan va Dalmatiya (Xorvatiya tarkibidagi hudud) manbalari bosniyaliklarni patarini⁴ deb atagan. Bu atama Italiyada bir qator bidʼatchilar, jumladan, eʼtiqodi bogomizm bilan bogʻliq boʻlgan kataris⁵ uchun ishlatilgan. Biroq keyingi tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, ushbu ayblovlarning mualliflari Bosniya ichidagi vaziyat haqida juda kam maʼlumotga ega yoki umuman bilmagan va bu tushunmovchilik Dalmatiya qirgʻogʻida haqiqiy dualistik bidʼatchilarning mavjudligi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.

Shuningdek, Bosniya cherkovi diniy urf-odatlar saqlanib qolgan dalillari shuni koʻrsatadiki, uning aʼzolari bogomillar keskin rad etgan koʻp narsalarni, masalan, xoch belgisi, Eski Ahd, masihiy yigʻilish, cherkov binolari va sharobdan foydalanishni qabul qilgan. Shunday qilib, Bosniya cherkovi Rim-katolik cherkovining turli bidʼatlardan xoli boʻlimi hisoblanib, u monastirlarda tashkil etilgan va unda baʼzi pravoslav marosimlari ham kuzatilgan.

XIV asrda fransislar Bosniyada monastirlar tarmogʻiga asos solgan va bir asrdan koʻproq vaqt davomida Bosniya cherkovi aʼzolarini katoliklikka aylantirishga harakat qilgan. 1459-yilda bu harakat Bosniya qiroli Stepan Tomas tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlandi, u Bosniya cherkovi ruhoniylarini chaqirib, ularga katoliklikni qabul qilish yoki qirollikni tark etishni buyurdi. Ruhoniylarning koʻpchiligi bu dinni qabul qilgan.

Oʻrta asrlardagi Bosniya davlatining soʻnggi oʻn yilligi fuqarolar urushi, Vengriya aralashuvi va Turkiya Usmonli imperiyasining bosqinchilik xavfi bilan tahlikada oʻtdi. Usmonli armiyasi 1380-yillarda Serbiyaga bostirib kirdi va 1388-yilda Bosniya hukmronligi ostidagi Humga (Gertsegovina) oʻtdi. Podshoh Tvrtko I keyingi yili Kosovo Polye jangida serb armiyasi bilan birga ularga qarshi kurashish uchun ulkan qoʻshin yubordi.

Tvrtkoning vorisi Stepan Ostoja oʻzining akasi Tvrtko II ga qarshi tojga egalik qilish uchun kurashdi. Ostoja oʻlimidan soʻng dastlab u turk, keyin esa vengerlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Shuningdek, dvoryan Stepan Vukchich ham bosniyalik hukmdorlarga qarshi taktik ittifoq tuzib, Hum hududida oʻz hokimiyatini oʻrnatdi va Gertsegovina nomidan kelib chiqqan Gersog unvonini oʻziga berdi.

Bosniya davlatining tashkil topishi.

Usmonlilar davrida Bosniya va Gertsegovina / wikipedia.org

Usmonli qoʻshinlari 1448-yilda markaziy Bosniyaning muhim qismini egallab, Vrxbosna aholi punktiga eʼtibor qaratdi va uni Saraevo shahriga aylantirdi. Gertsegovinaning bir qismi hamda Bosniyaning baʼzi shimoliy hududlari Vengriya tomonidan bosib olingan va 1520-yillargacha Vengriya nazorati ostida qolgan boʻlishiga qaramay, 1463-yilda ular Bosniyaning koʻp qismini bosib oldi. Vukchich va uning oʻgʻli asta-sekin oʻz mulklaridan haydab chiqarildi va Gertsegovinadagi soʻnggi qalʼa turklar tomonidan 1482-yilda egallab olindi.


[1] De-fakto — rasmiy tan olinmagan, lekin amalda ish koʻra oladigan hokimiyat.
[2] Dualistik bidʼat — har bir narsaning yaxshi va yomon tomoni borligiga ishonuvchi taʼlimot.
[3] Manixeyizm — xristianlik, zoroastrizm, buddizm va boshqa dinlar elementlarini oʻzida jamlagan diniy taʼlimot.
[4] Patarini — XI asr 2-yarmi boshlarida Italiyada quyi ruhoniylar orasida paydo boʻlgan ijtimoiy tusga ega diniy harakatlarning tarkibiy qismi.
[5] Kataris — Gʻarbiy Yevropada XII–XIII asrlarda rivojlangan bidʼatchi xristian mazhabi.


Manba: britannica.com
Muqova surat: wikipedia.org