5
Ulashish
583 marta koʻrilgan
VII asr
Bolgariya podsholigi
Bolgarlar VI asrda avarlar tomonidan boʻysundirilgan edi. Ammo Xon Kubrat 635-yilda muvaffaqiyatli qoʻzgʻolon koʻtarib, Buyuk Bolgariya nomli mustaqil qabilaviy ittifoqni tashkil etadi.
642-yilda Kubrat vafotidan soʻng bolgarlar xazarlar hujumiga uchrab, tarqalib ketadi. Vizantiya manbalariga koʻra, bolgarlar Kubratning oʻgʻillari qoʻli ostidagi 5 guruhga boʻlinadi. Oʻgʻillaridan biri Asparux (yoki Isperix) qoʻli ostidagi guruh Bessarabiyaga (Dnestr va Prut daryolari oraligʻidagi hudud) koʻchadi, keyin esa Dunay daryosining janubini kesib oʻtib, Bolqon togʻlari janubida yashovchi slavyan qabilalarini bosib oladi yoki quvib chiqaradi.
Vizantiya imperatori Konstantin IV bolgarlarga qarshi qoʻshin olib borib, magʻlubiyatga uchraydi, vizantiyaliklar 681-yilga kelib, Bolqon va Dunay oraligʻidagi hudud bolgarlar nazorati ostida ekanini tan oladi. Bu hodisaga Bolgariya davlatining boshlanish nuqtasi deb qaraladi.
Birinchi Bolgariya imperiyasi
Asparux va uning avlodlari hozirgi Shumen shahrining shimoli-gʻarbidagi Pliska shahrida oʻzining toshsaroyi hamda Madara qishlogʻida diniy markazini barpo etadi. Arxeologik dalillar shuni koʻrsatadiki, bolgarlar turarjoyini oʻzi soliq oladigan slavyanlardan uzoqda tutgan. Boylikning katta qismi urush orqali qoʻlga kiritilsa-da, ular chorvachilik va qishloq xoʻjaligi aralashgan iqtisodiyotni saqlab qolgan. Asparuxning vorisi Tervel (701–718-yillarda hukmronlik qilgan) Yustinian II ga Vizantiya taxtini saqlab qolishga yordam bergani uchun “Sezar” unvoni bilan taqdirlangan. Umuman olganda, bolgarlar Vizantiya bilan dushmanchilik munosabatida boʻlgan.
VIII asr asosan vizantiyaliklarning gʻalabasi bilan yakunlangan hamda uzoq davom etgan hujum va yirik yurishlar bilan ajralib turgan. Bolgariya Xon Krum (803–814-yillarda hukmronlik qilgan) qoʻli ostida qayta tiklandi, u imperator qoʻshinini yoʻq qilib, imperator Nikefor I ning bosh suyagini kumush bilan qoplaydi va undan qadah yasaydi. Krumning vorislari davrida Bolgariya vizantiyaliklar bilan uzoq vaqt tinchlik oʻrnatadi, Makedoniya hamda hozirgi Serbiya, Xorvatiyaning bir qismiga qadar nazoratini kengaytiradi.
Xristianlikning tarqalishi
VIII–IX asrlarda bolgarlar asta-sekinlik bilan slavyanlarga qoʻshilib ketadi. Bu jarayonni tasvirlovchi manbalar deyarli yoʻq, ammo bunga umumiy madaniyat uchun yangi asos yaratgan nasroniylikning tarqalishi yordam berdi.
Bolgariyalik Boris I (852–889-yillar) 864-yilda xristian cherkovida choʻqintirildi, bu vaqtda Konstantinopoldagi Rim va Sharqiy cherkovlar oʻrtasidagi ziddiyat tobora oshkora va keskinlashib borayotgan edi. Garchi Boris Sharqiy cherkovda choʻqintirilgan boʻlsa-da, u Rim va Konstantinopol oʻrtasida biroz ikkilanadi va keyinchalik u Bolgariyaga cherkov ishlarida de-fakto¹ avtonomiyasini berdi. Xristianlikning tarqalishiga slavyan tilida (eski cherkov slavyan yoki eski bolgar tili deb nomlanadi) yozish uchun alifboni ixtiro qilgan va Bibliyaning tarjimasini² deyarli tugatgan avliyolar Kiril va Metyusning saʼy-harakatlari yordam berdi.
Shuningdek, ular Moraviyada slavyan liturgiyasini³ ishlab chiqdi. Moraviya Rim tarkibiga kiritilganda, Kiril va Metyusning shogirdlari haydab yuborildi. Ularning koʻpchiligi Bolgariyaga koʻchib oʻtdi. Ularni u yerda Boris kutib oldi va cherkov kitoblarini tarjima qilish, ruhoniylarni tayyorlash amalga oshirildi. Avliyo Klement va avliyo Naum Makedoniyadagi Ohrid koʻli qirgʻogʻida oʻzi asos solgan diniy taʼlim markazida (aslida birinchi slavyan universiteti) 3 000 dan ortiq ruhoniylarni tayyorlagan.
Bolgariyaning oʻzgarishi siyosiy jihatga ega edi, chunki u markaziy hokimiyatning oʻsishi, bolgar va slavyanlarning yagona bolgar xalqiga birlashishiga yordam berdi. Boris oʻzini “Xudoning marhamati bilan” hukmdor deb atagan holda, Vizantiya siyosiy tushunchalarini qabul qildi va yangi din butparastlik hamda u bilan bogʻliq boʻlgan siyosiy va ijtimoiy tuzumga qattiq yopishgan bolgar boyarlarining tugatilishini oqladi.
889-yilda eʼtiqodi kuchli va samimiy boʻlgan Boris monastirga kirish uchun taxtdan voz kechdi. Katta oʻgʻli Vladimir eski boyarlarning taʼsiriga tushib, butparastlikni tiklashga harakat qilganda, uni agʻdarib tashlagan toʻntarishga Boris rahbarlik qildi. Vladimir taxtdan agʻdarilgan va koʻr qilinganidan soʻng Boris xristianlikni davlat dini sifatida tasdiqlovchi kengash chaqirdi va maʼmuriy poytaxtni Pliskadan slavyanlar Preslav shahriga (hozirgi Veliki Preslav nomi bilan mashhur) koʻchirdi. Kengash taxtni Borisning uchinchi oʻgʻli Simeonga berdi va Boris umrining oxirigacha monastirda hayot kechirdi.
Simeon I hukmronligi (893–927-yillar) birinchi oʻrta asr Bolgariya davlatining choʻqqisiga aylandi. Konstantinopolda taʼlim olgan, sanʼat va yunon madaniyatiga hurmatda boʻlgan Simeon saroy va cherkovlar qurilishi, monastir jamoalarining tarqalishi va yunon kitoblarini slavyan tiliga tarjima qilishni ragʻbatlantirdi. Zamondoshlar tomonidan Konstantinopolga raqobatchi sifatida tasvirlangan Preslav ajoyib poytaxtga aylantirildi. Uning shaharning savdo qismidagi sopol, tosh, shisha, yogʻoch va metallarga ixtisoslashgan hunarmandlari, shuningdek, Preslav uslubidagi bulgʻor sopoli oʻsha davrdagi raqobatchilarnikidan yaxshi boʻlgan va Vizantiya, Kiyev Rusi tomonidan katta miqdorda sotib olingan.
Simeon isteʼdodli harbiy yoʻlboshchi edi. Uning yurishlari Bolgariya chegaralarini kengaytirdi, ammo Konstantinopolni egallashga urinishi mamlakat qudrati pasayishiga sabab boʻldi. U shimoliy Bolqon yarimoroli, jumladan, Serb yerlariga egalik qilgan va oʻzini “Bolgarlar qiroli va yunonlar hukmdori” deb atagan. Biroq uning vafotidan soʻng mamlakat deyarli holdan toygan edi. Simeonning vorislari davrida Bolgariya bogomizm (dualistik diniy oqim) tarqalishi va magyar, pecheneg, rus va vizantiyaliklarning hujumlari sabab boʻlgan ichki nizolarga duchor boʻldi.
971-yilda Preslav tanazzulga uchraganidan soʻng poytaxt Ohridga koʻchirildi. 1014-yil ketma-ket hujumlar natijasida Vizantiya imperatori Vasiliy II podshoh Samuel ustidan hal qiluvchi gʻalabaga erishdi, shundan soʻng u jangda asirga olingan 15 000 ga yaqin mahbuslarni koʻr qilib, keyin ularni ozod etdi. Ushbu qilmishi bilan u “Vasiliy Balgaroktonus” yoki “Bolgarlar qotili” nomi bilan mashhur boʻldi. Bu holat Samuelni larzaga soladi va oqibatda vafot etadi. Bolgariya 1018-yilda oʻz mustaqilligini yoʻqotib, bir yarim asrdan koʻproq vaqt mobaynida, yaʼni 1185-yilgacha Vizantiya hukmronligi ostida qoldi.
Ikkinchi Bolgariya imperiyasi
Birinchi Bolgariya davlati qulashi ortidan bolgar cherkovi Ohrid yeparxiyasi ustidan nazoratni oʻz qoʻliga olgan va bolgar slavyan liturgiyasini yunon liturgiyasi bilan almashtirishga uringan yunon ruhoniylari hukmronligi ostiga oʻtdi. Bu vaqtga kelib, Bolgariya madaniyati osongina oʻzgarishi mumkin boʻlmagan darajada chuqur ildiz otgan edi. Saljuqiy turklarining hujumi, salibchilarning tartibsizligi taʼsir oʻtkazgan Vizantiya imperiyasi yanada zoʻravon ellinizatsiyani qoʻllab-quvvatlay olmadi.
1185-yilda aka-uka Ivan va Pyotr Asenlar Vizantiya hukmronligini agʻdarish uchun isyon koʻtardi. Aka-uka Asenlar vizantiyaliklarni magʻlub etib, Konstantinopolni Bolgariya mustaqilligini tan olishga majbur qildi. Ularning ukasi va davomchisi Kaloyan (1197–1207-yillarda hukmronlik qilgan) qisqa vaqt ichida Rimning cherkov ishlarida ustunligini tan oldi va papadan qirollik tojini qabul qildi. Ammo Konstantinopolning birinchi Lotin imperatori Bolduin I uni tan olishdan bosh tortgan va Bolgariyaga qarshi urush eʼlon qilganida. Ammo, Kaloyan Bolduinni urushda magʻlub etdi. Markazi Tirnovoda joylashgan Ikkinchi Bolgariya imperiyasi podsho Ivan Asen II (1218–1211-yillar) hukmronligi davrida oʻzining eng yuqori choʻqqisiga chiqdi.
Oʻsha paytda Bolgariya Albaniya, Epir (shimoliy Gretsiyadagi qadimiy oʻlka), Makedoniya hamda Gʻarbiy Frakiyaga egalik qilgan va Bolqon yarimorolida yetakchi davlat boʻlgan. Bu davrda birinchi bolgar tangalari paydo boʻldi va 1235-yilda bolgar cherkovining boshligʻi “Patriarx”⁴ unvonini oldi. Biroq Ivan Asen II ning vorislari uning salohiyatiga tenglasha olmadi. Bundan tashqari, Bolgariya shimoldan moʻgʻullar hujumiga uchradi va qudratli zodagonlar tomonidan dehqonlarga yuklatilgan ogʻir vazifalar kuchayib borishi bilan ichki tartibsizliklar yuzaga keldi. 1277–1280-yillardagi yirik dehqonlar qoʻzgʻoloni choʻchqaboqar Ivayloga qisqa muddatga Tirnovoda qirollik taxtini egallashga imkon berdi. Lekin u vizantiyaliklar yordamida magʻlubiyatga uchratildi.
Asen sulolasi 1280-yilda yoʻq qilindi va undan keyin Terter va Shishman oilalari paydo boʻldi, lekin ularning hech biri markaziy hokimiyatni tiklashda muvaffaqiyatga erisholmadi. 1330-yilda podshoh Mixail Shishman Velbujd (zamonaviy Kyustendil) jangida serblar tomonidan magʻlubiyatga uchratildi. U oʻldirilganida davlat tanazzuli oʻzining eng yuqori choʻqqisiga chiqqan edi. Bolgariya Makedoniya yerlarini Stefan Dushanning Serbiya imperiyasiga boy berdi. Serbiya keyingi qirq yil davomida Bolqonda hukmron davlatga aylandi. Usmonli turklari hujumi boshlanganda, Bolgariya feodal davlatlarga parchalanish arafasida turgandi.
[1] De-fakto — rasmiy tan olinmagan, lekin amalda ish koʻra oladigan hokimiyat.
[2] Bibliya tarjimasi — eski va qadimgi kitoblarning aksariyat qismlari.
[3] Slavyan liturgiyasi — xristianlikda cherkovdagi eng katta ibodat.
[4] Patriarx — cherkov iyerarxiyasida oliy unvon.
Manba: britannica.com Muqova surat: midjourney.com