2
Ulashish
553 marta koʻrilgan
XX asr
Berlin devori
Berlin devori 1961–1989-yillar oraligʻida Sharqiy va Gʻarbiy Berlinni ajratib turuvchi toʻsiq boʻlgan. Devor betonli tashqi qatlam, tikanli sim toʻsiq, soqchilar minoralari va avtomobillarga qarshi xandaqlardan iborat edi. Sovuq urush davrida qurilgan Berlin devori siyosiy boʻlinish, mafkuraviy qarama-qarshilik va “Temir pardaning”¹ tirik abadiy ramzi boʻlib saqlanib turibdi.
Berlin devori qurilishi 1961-yil 13-avgustda boshlangan boʻlib, u Sovet Ittifoqi va Gʻarb dunyosi oʻrtasidagi Sovuq urush sababli boʻlinishning ramziga aylangan. Devor koʻplab oilalar va doʻstlarni bir-biridan ayirdi va undan oshib oʻtishga uringan yuzlab odamlar hayotdan koʻz yumdi. Berlin devori 1961-yildan 1989-yilgacha Berlinning sharqiy va gʻarbiy qismini ajratib turgan, uzunligi 155 km va balandligi 4 m boʻlgan toʻsiq edi.
Devorga tirmashib yoki uning ostidan qazish orqali qochishga urinishning oldini olish uchun devor tikanli sim, mix, temir panjara, bunker² va toʻsiqlarga aylantirilgan transport vositalari bilan mustahkamlangan. Ikki devor oʻrtasidagi hudud — chiqindi va qumdan iborat ochiq maydon “egasiz hudud” yoki “oʻlim chizigʻi” sifatida tanilgan. Chunki bu yerda qoʻriqchi minoralardagi soqchilar qochishga uringan har qanday odamni otib tashlashi mumkin edi. Chegara hududida kamida 140 kishi oʻqdan yoki qochishga urinayotganda sodir boʻlgan halokatli hodisadan yoki boʻlmasa oʻz joniga qasd qilishdan vafot etgan.
Tarixi
1945-yil 4–11-fevral — Germaniyaning Ikkinchi Jahon urushidagi magʻlubiyatiga qaramay, ittifoqchilarning Yalta konferensiyasi Germaniyani 4 ta ishgʻol zonasiga boʻlishga kelishib oldi: Gʻarbiy, shimoli-gʻarbiy va janubiy qismlarini Buyuk Britaniya, Fransiya va AQSH, sharqiy qismini esa Sovet Ittifoqi egallaydi. Sovet hududida joylashgan Berlin ham sharqiy va gʻarbiy zonalarga boʻlingan. 1949-yilda Angliya, Fransiya va AQSH tomonidan bosib olingan hududlar Gʻarbiy Germaniyaga (rasmiy nomi Germaniya Federativ Respublikasi) aylandi. Sovet hisobidagi Germaniya hududi esa Sharqiy Germaniyaga aylanadi (rasmiy ravishda Germaniya Demokratik Respublikasi). Gʻarbiy Germaniya demokratik respublika edi, Sharqiy Germaniya esa Sovet Ittifoqi bilan birlashgan kommunistik davlat.
Sharqiy Germaniya aholisining 2,7 milliondan ortigʻi Gʻarbga qochib ketdi. Sharqiy Berlinga chet el, Gʻarbiy Germaniya, Gʻarbiy Berlin fuqarolari va Ittifoqdosh harbiy xizmatchilar kirishiga ruxsat berilgan, ammo 1949-yildan 1961-yilgacha boʻlgan vaqt oraligʻida Sharqiy Berlin fuqarosidan biror joyga ketishi uchun maxsus ruxsatnoma talab qilingan. 1961-yil avgustiga kelib, har kuni oʻrtacha 2000 Sharqiy germaniyalik Gʻarbga oʻtgan. Qochqinlarning koʻpchiligi malakali ishchilar, professionallar va ziyolilar edi va ularning ketishi Sharqiy Germaniya iqtisodiyotiga yomon taʼsir koʻrsatdi. Gʻarbga koʻchishni toʻxtatish uchun Sovet rahbari Nikita Xrushyov Sharqiy Germaniya hukumatiga Sharqiy va Gʻarbiy Berlin oʻrtasidagi yoʻlni yopishni tavsiya qildi. 1961-yil 12-avgustda Sharqiy Germaniya Kommunistik partiyasi rahbari Valter Ulbrixt Sharqiy va Gʻarbiy Berlinni ajratib turadigan barrikada toʻgʻrisidagi buyruqni imzoladi.
Devor qurilishi
1961-yil 12-avgustdan 13-avgustga oʻtar kechasi Sharqiy Germaniya askarlari Berlin markazidan boshlab 30 milyadan ortiq tikanli sim toʻsiq oʻrnatdi. Sharqiy Berlin fuqarolariga Gʻarbiy Berlinga oʻtish taqiqlandi va gʻarbliklar chegarani kesib oʻtishi mumkin boʻlgan nazorat punktlari soni keskin qisqartirildi. 15-avgust kuni tikanli simni beton devorga aylantirish ishlari boshlandi.
1961-yilning oxirigacha “turqi” sovuq va yoqimsiz Berlin devori hajmi va koʻlami oʻsishda davom etdi va oxir-oqibat balandligi 4,5 metrgacha boʻlgan beton devor vujudga keldi. Bu devor tikanli sim bilan oʻralgan boʻlib, qoʻriqchi minoralari, pulemyot va minalar bilan qoʻriqlangan. 1980-yillarga kelib, bu devor va elektrga ulangan toʻsiqlar tizimi Berlin orqali 45 km va Gʻarbiy Berlin atrofida 120 km ga choʻzilib, uni Sharqiy Germaniyaning qolgan qismidan ajratib turardi. Sharqiy germaniyaliklar Sharqiy va Gʻarbiy Germaniya oʻrtasidagi 1 367 kilometrlik chegaraning katta qismi boʻylab keng toʻsiq oʻrnatdi.
Gʻarbda Berlin devori kommunistik zulmning asosiy ramzi sifatida qabul qilingan. 5 000 ga yaqin sharqiy germaniyaliklar Berlin devori orqali Gʻarbga qochishga muvaffaq boʻldi, ammo devor tobora mustahkamlanib borishi natijasida muvaffaqiyatli qochishlar soni kamaydi. Minglab sharqiy germaniyaliklar kesib oʻtishga urinish paytida asirga olindi va 150 dan ortiq kishi halok boʻldi.
Berlin devori qulashi
Berlin devori 1989-yil 9-noyabrda qulagunga qadar qariyb 30 yil davomida jismoniy va mafkuraviy jihatdan toʻsiq sifatida saqlanib qoldi. Berlin devorining qulashi Sharqiy Yevropada roʻy bergan siyosiy oʻzgarishlar, shuningdek, koʻproq erkinlik va demokratiyaga chaqiruvchi xalq noroziliklari natijasi boʻldi. Uning qulashi tarixda muhim hodisa boʻlib, Sovuq urushning tugashi, Sharqiy va Gʻarbiy Germaniyaning birlashishini ifodalaydi.
1989-yil 9-noyabr kuni kechqurun Sharqiy Germaniya Gʻarbga borishni cheklovchi taqiqlar yumshatilganini eʼlon qildi va natijada, minglab odamlar Berlin devori orqali Gʻarbga oʻtishni talab qildi. Kuchayib borayotgan namoyishlarga duch kelgan Sharqiy Germaniya chegarachilari sarhadni ochdi. Quvonchga toʻlgan Berlin aholisi devor tepasiga chiqib, unga graffiti (devordagi yozuv va rasm) chizdi va esdalik sifatida parchalarni koʻchirib oldi. Ertasi kuni Sharqiy Germaniya qoʻshinlari devorni yoʻq qilishga kirishdi.
Berlin devori oxir-oqibat mayda boʻlaklarga (baʼzilari tanga oʻlchamida, boshqalari esa katta plitalar hajmida) parchalanib ketdi. Uning parchalari kolleksiyaga aylangan va uyda ham, muzeyda ham saqlanadi. Hozir Berlindagi Bernauer Shtrasse koʻchasida Berlin devori yodgorligi mavjud. Berlin devori qulagandan soʻng Sharqiy va Gʻarbiy Germaniya 1990-yil 3-oktyabrda yagona Germaniya davlatiga birlashdi. Bugungi kunda Berlin devorining faqat bir nechta qismi yodgorlik sifatida saqlanib qolmoqda va u rejim ostida yashagan xalq boshdan kechirgan mashaqqati va oxir-oqibat erkinlik hamda birdamlik gʻalabasi haqida eslatma boʻlib xizmat qiladi.
[1] Temir parda — 1945-yildan 1991-yilgacha Yevropani ikki hududga ajratgan siyosiy va harbiy toʻsiq. Bu atama ingliz siyosatchisi Uinston Cherchill tomonidan 1946-yilda Vestminster kollejidagi nutqida muomalaga kiritilgan.
[2] Bunker — odamlar va qimmatbaho materiallarni hujumdan himoya qiluvchi harbiy istehkom. Bunkerlar odatda yer ostida boʻladi, lekin yer ustida ham boʻlishi mumkin.
Manba: cnn.com Muqova surat: wikipedia.org