1
Ulashish
557 marta koʻrilgan
1961-yil
Barak Obama
Barak Useyn Obama 1961-yil 4-avgust kuni AQShning Gavayi shtatidagi Gonolulu shahrida dunyoga kelgan qora tanli bola edi. Uning otasi — katta Barak Obama Keniyaning Luo qabilasiga mansub boʻlib, grant asosida Gavayiga oʻqishga kelgan edi. Onasi Ann Dunham esa Kanzasning Uichita shahrida boy oilada tugʻilgan boʻlib, ingliz, nemis, irland, shotland va uelslik kelib chiqishga ega boʻlgan. Obamaning ota-onasi 1960-yilda Manoadagi Gavayi universitetida rus tili darsida uchrashib qolgan. Juftlik 1961-yilning 2-fevralida Obama tugʻilishidan olti oy avval Vailukuda turmush qurgan.
Oradan ikki yil oʻtgach, oila boshligʻi Garvard universitetida oʻqishini davom ettirish maqsadida joʻnab ketadi. Tahsildan soʻng esa oilasini Gavayida qoldirib, vatani Keniyaga qaytadi va hukumat idoralaridan birida iqtisodchi boʻlib xizmat qila boshlaydi. Shundan keyin kichik Obama otasi bilan bor-yoʻgʻi bir martagina 10 yoshida diydorlashadi. Oradan yillar oʻtib, Barak 21 yoshga toʻlganida otasi avtohalokat tufayli dunyodan koʻz yumadi.
Obama 6 yoshga toʻlganida onasi ikkinchi bor turmush quradi. Indoneziyalik neft sanoatchisi Lolo Soetoro ularni Indoneziya poytaxti Jakartaga koʻchirib olib ketadi. Obama toʻrt yil poytaxtdagi maktablardan birida tahsil oladi. Ammo keyinroq Gavayiga qaytib ketadi va onasining ota-onasi — buvisi va bobosinikida yashaydi. Maktabni tamomlagach, Obama ikki yil Los-Anjelesdagi Gʻarbiy kollejda tahsil oladi. Soʻng Nyu Yorkka koʻchib oʻtadi. Bu yerda Kolumbiya universitetiga oʻqishga kirib, 1983-yilda sanʼat sohasida bakalavr diplomini oladi.
Faoliyati
Hayotdagi aniq maqsadini belgilab olish ilinjida Obama Nyu Yorkdagi ishini tashlashga qaror qiladi va konsalting shirkatida moliyaviy nazoratchi vazifasida xizmat qilishga kirishadi. Shundan soʻng Obama Chikagoning janubiy qismida joylashgan afroamerikaliklar yashaydigan qashshoq dahada jamoat tashkilotchisi sifatida ish boshlaydi. Hududda mahalliy poʻlat ishlab chiqarish zavodining yopilgani tufayli ishsizlik avj olgan edi. Shaharcha ahli nihoyatda qiyinchilik bilan kun koʻrar, faqat xizmat koʻrsatish sohalari orqaligina tirikchilik qilardi.
Obama bu yerga ishga kelganidan soʻng faoliyati davomida juda koʻp yutuqlarga erishdi. Jamoat tashkilotchisi sifatida asosiy ishini oddiy odamlarning yashash sharoitini yaxshilash, jamiyatdagi faolligini oshirish, siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishdan boshladi. Hudud aholisining iqtisodiy-ijtimoiy imkoniyatlarini oshirish maqsadida mahalliy strategiyalar ishlab chiqdi va ularning amaliy ijrosini roʻyobga chiqarishga harakat qildi.
Mazkur vazifani bajarish jarayonida Obama koʻp toʻsiqlarga uchradi. Faoliyati davomida aholi yashash joylarida hayot tarzini yaxshilash uchun kishi, avvalo, qonunchilik sohasidan xabardor boʻlishi, mukammal bilimga ega boʻlishi, shu bilan bir qatorda, jamiyatda maʼlum bir siyosiy mavqega ega boʻlishi kerak ekanini anglab yetgan Obama Garvard universitetining huquqshunoslik fakultetiga oʻqishga kiradi.
Tinib-tinchimas Obama universitetda ham oʻzining sergʻayrat va tashabbuskorligi bilan ajralib turadi. Koʻp oʻtmay uni universitetning obroʻli “Garvard lo revyu” nashriga prezident etib tayinlashadi. Bu paytga qadar qora tanli talabalardan hech biri bunday lavozimni qoʻlga kiritmagan edi. Barak Obama 1991-yili universitetni aʼlo baholar bilan yakunladi. Oʻqish davomida orttirgan yuksak obroʻ-eʼtibori tufayli Obama istagan ishning boshidan tutishi mumkin edi. Biroq u oʻzining avvalgi ish joyi — Chikagoga qaytadi. Chikagoda u “Sidli end Ostin” yuridik shirkatida fuqarolar huquqlari sohasida amaliyot bilan shugʻullanadi hamda Chikago universitetida talabalarga konstitutsiya huquqidan saboq berdi.
Senat
1992-yili Obama Chikagodagi saylov jarayonlarida ishtirok etish orqali siyosiy maydonga kirib keladi. Maʼlumki, AQShda barchaga maʼlum va mashhur ikki siyosiy partiya mavjud boʻlib, siyosatga kirib kelgan har qanday odam ikki yoʻldan birini tutishi yoki boshqa uchinchi partiyadan ketishi maqsadga muvofiq boʻlardi. Ikki partiyadan birinchisi konservativ qarashlarga ega respublikachilar boʻlib, bugungi kunga qadar ushbu partiyadan Amerikaga 19 nafar prezident saylangan. Obama esa liberal gʻoyalar tarafdori boʻlgan demokratlar partiyasi yoʻlidan boradi va demokratik partiyadan prezidentlikka nomzodi qoʻyilgan Bill Klintonning saylov kompaniyasi tarkibida saylovchilarni roʻyxatga olish ishlari bilan shugʻullanadi.
Shundan soʻng Obama 1996-yilda yuqori mansablarga oʻtkaziladigan saylovlarga ilk bor oʻz nomzodini ovozga qoʻydi. Saylovda gʻalaba qozongan Barak Obama Chikagodan Illinoys shtati senatiga eng munosib nomzod deb topildi. Obama keyingi faoliyati davomida ham oddiy xalq sharoitini yaxshilash yoʻlidan bordi. 2000-yilda boʻlib oʻtgan AQSh kongressiga saylovda oʻz nomzodini ilgari surgan Obama Chikago vakillar palatasining aʼzosi, demokrat Bob Rashdan yengiladi.
Muvaffaqiyatsizlikdan soʻng umidi soʻnmagan Barak siyosiy faoliyatini yuksaltirish yoʻlida AQSh senatiga nomzodini qoʻyadi. AQSh senatiga 2004-yilda oʻtkaziladigan saylovlar Illinoys shtatida bir yil avval boshlandi. Senator kursisi uchun boʻlib oʻtgan dastlabki saylovlarda yetti nafar demokratik partiya vakillari va sakkiz nafar respublikachi kurash olib bordi. Obama oʻz partiyadoshlari orasida eng koʻp — 53 foiz ovoz toʻplab, qolgan oltita safdoshini ortda qoldirdi. Oʻsha vaqtda AQSh senatidagi 100 ta oʻrindan 51 tasi respublikachilarga toʻgʻri kelardi. Demokratlar esa oʻz koʻrsatkichini respublikachilar bilan tenglashtirish va oshirishga astoydil urinayotgan edi.
Shuning uchun demokratik partiyadan prezidentlikka nomzodi qoʻyilgan Jon Kerri demokratlar anjumanida chiqish qilish vazifasini yosh, tashabbuskor va aql-zakovatli Barak Obamaga topshiradi. Obama anjumanda oʻz nutqi bilan ajoyib chiqish qiladi va amerikaliklar nazariga tushadi, ularning xotirasida qoladi. AQSh senatiga kuz oylarida oʻtkazilgan saylovlarda Obama umumiy saylovchilarning 70 foiz ovozini qoʻlga kiritib, gʻalaba qozondi. Bu juda katta muvaffaqiyat edi. Obama Illinoys shtatining 102 ta okrugidan 93 tasida mutlaq gʻolib boʻladi. Unga ovoz berganlar orasida oq tanli saylovchilar soni koʻp edi. Shu tariqa Obama 2005-yil 3-yanvardan 2008-yil 16-noyabrga qadar Illinois shtatidan Amerika Qoʻshma Shtatlari senatori vazifasida faoliyat yuritdi.
Prezidentlik davri
2007-yildagi prezidentlik saylovida Obama va demokratik partiyadan koʻrsatilgan yetti nafar nomzod oʻzining saylovoldi dasturlarini boshladi. 2008-yildagi saylovoldi natijalariga koʻra nomzodlar orasida afroamerikalik Obama va demokrat ayol Xillari Klinton yetakchilik qilardi. Obamaning internetdan unumli foydalanib, koʻpchilikning ovozini toʻplay olgani Xillari Klintondan ustun kelishiga yordam beradi. Shu tariqa Barak Obama Amerika Qoʻshma Shtatlarining 44-Prezidenti sifatida 2009-yil 20-yanvardan boshlab oʻz faoliyatini boshladi. U Amerika tarixida misli koʻrilmagan oʻzgarish — qora tanli kishining prezident lavozimini egallashi mumkin ekanini isbotlab berdi.
Barak Obama AQSh prezidenti sifatidagi dastlabki rejalarini iqtisodiy inqiroz oqibatlarini bartaraf etish, vaziyatni imkon qadar yumshatishga yoʻnaltirdi. Prezident Obama Kongress oldiga iqtisodiyotni sogʻlomlashtirishga oid qonun loyihasini tezlik bilan qabul qilish talabini qoʻydi. Unga koʻra, yaqin ikki yil ichida 3 mlndan ortiq ish oʻrnini tashkil etish yoki saqlab qolish, 95 foiz ishchi-xizmatchilarga soliqlarni toʻlash borasida tez fursatlarda imtiyozlar berish va boshqalar nazarda tutilgan. Barak Obama prezident etib saylangach, tashqi siyosatda keskin oʻzgarishlar boʻlishini vaʼda qilgan edi. Xususan, xalqaro diplomatiyani kuchaytirib, mojaroli masalalar bilan shugʻullanishni maxsus vakillariga topshirgan. Iroqdan qoʻshinlarni chiqarib, Afgʻonistonda harbiylar sonini koʻpaytirishga qaror qilgan.
U tashqi siyosatda koʻproq diplomatiyaga tayanishini, harbiy kuchdan soʻnggi chora sifatidagina foydalanishini aytgan. Yaqin Sharq mintaqasidagi muammoli vaziyatlarga yordam berishini maʼlum qilgan. Barak Obama davrida AQSh iqtisodiyoti qayta tiklana boshladi. Davlatdan qarz olgan banklar pullarni davlatga qaytara boshladi. Ishsizlik kamaydi, davlatning iqtisodiyotga aralashuviga maʼlum darajada barham berildi. Barak Obama ketma-ket 2 marotaba prezidentlikka saylandi. Ikkinchi muddatdagi prezidentlik davridan soʻng Barak Obama 2017-yil 20-yanvarda isteʼfoga chiqdi.
Asarlari
Barak Obama faoliyati davomida oʻz fikr va mulohazalarini qoralab bordi va ularni kitob shaklida nashr ettirdi. 1995-yilda bosmadan chiqqan “Otamning orzulari”, 2006-yil nashr qilingan “Orzu zamini” memuar asarlari shular jumlasidandir.
Oilasi
Barak Obama Chikagoda ishlab yurgan vaqtlarida Mishel Robinson bilan tanishadi. Mishel ham Garvardning huquqshunoslik fakulteti bitiruvchisi edi. Ular 1992-yilda turmush quradi. Obamaning boshqa AQSh prezidentlaridan ajralib turadigan yana bir jihati uning oilaparvarligi edi. Prezidentlik faoliyati davomida oilasidan ajralib qolmadi, balki yaqinlariga vaqt ham ajratdi. Obamaning rafiqasi Mishel Robinson oliy maʼlumotli, oʻzini qanday tutishni biladigan ayol edi. Barak va Mishel Obamalarning ikki nafar farzandi — Maliya va Sasha ismli qizlari bor.
Mukofotlari
Barak Obama prezidentligining birinchi yilidayoq, yaʼni 2009-yil 9-oktabrda tinchlikparvar siyosati uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlandi.
Manbalar : ziyouz.com / wikipedia.org / kun.uz Muqova suratlar : wikimedia.org / spiegel.de