Orqaga
Avliyo Avgustin "Xudo shahri" asarini yozishni boshlaydi

1004 marta koʻrilgan

413-yil

Avliyo Avgustin “Xudo shahri” asarini yozishni boshlaydi

“Xudo shahri” – nasroniylikni yoqlovchi falsafiy risola boʻlib, oʻrta asr faylasufi Avgustin tomonidan De civitate Dei contra paganos (paganizmga qarshi “Xudo shahri” haqida) nomi bilan 413–426–yillarda yozilgan. Gʻarb madaniyatining durdona asari boʻlgan “Xudo shahri” 410-yilda varvarlar tomonidan Rimning talon-taroj qilinishi, nasroniy imperatorlarning paganizmni bekor qilish oqibatlaridan biri boʻlgan degan budparastlarning da‘volariga javoban yozilgan. Avgustin esa aksincha xristianlik shaharni vayronagarchilikdan qutqargani va Rimning qulashi ichki axloqiy tanazzulning natijasi ekanligini ta‘kidlab javob qaytargan. Shuningdek, u tanlanganlar (“Xudo shahri”) va laʼnatlanganlar (“Insonlar shahri”) jamiyatlari haqida oʻz qarashlarini bayon qildi. Bu “shaharlar” farishtalar isyonidan keyin bir-biri bilan kurashib kelayotgan ikki ilohiy kuch – iymon va eʼtiqodsizlikning ramziy timsolidir. Ular yer yuzida bir-biri bilan chambarchas bogʻlangan va qiyomatgacha shunday boʻlib qoladi.

Avgustin insoniyat tarixining ilohiy talqinini ham ishlab chiqdi. Unga koʻra, bu tarix chiziqli va oldindan belgilab qoʻyilgan boʻlib, Yaratilishdan boshlanib, Iso Masihning ikkinchi kelishi bilan yakunlanadi. Bu ishning zamirida inson hayotining kuchli qarama-qarshi nuqtayi nazari mavjud boʻlib, u falokat, oʻlim va umidsizlikni qabul qiladi. Shu bilan birga kelajakdagi yaxshi hayotga umid qiladi. Bu umid oʻz navbatida shu dunyodagi hayotni yengillashtiradigan va yoʻl koʻrsatadigan umid sifatida xizmat qiladi.

“Xudo shahri” 22 kitobga boʻlingan. Birinchi 10 tasi turli budparast jamoalarning ilohiy kuchga oid daʼvolarini rad etadi. Oxirgi 12 tasi insoniyatning ibtidodan oxirgi qiyomatgacha boʻlgan Injildagi tarixini qayta hikoya qiladi. Avgustin buni “Xudo shahri”ning haqiqiy tarixi sifatida taqdim etadi. Unga qarshi faqat “Insonlar shahri” tarixi, shu jumladan, Rim tarixi tushunilishi mumkin. Asar juda uzun va, ayniqsa, oxirgi kitoblarini bugungi kunda mutolaadan zavqlanib oʻqish birmuncha qiyin boʻlsa-da, hamon taʼsirli va maftunkor boʻlib qolmoqda. Dastlabki kitoblardagi budparastlikka qarshi keskin hujum esda qolarli va samarali chiqqan, VIII–X kitoblarda platonizm bilan tanishuv ham katta falsafiy ahamiyatga ega va oxirgi kitoblar (ayniqsa, chinakam tinchlik haqidagi tasavvur bayon qilingan XIX kitob) esa inson taqdiri haqida kamida ming yil davomida ishonarli taʼsirga ega nuqtayi nazarni taklif qiladi.

Qaysidir maʼnoda Avgustinning “Xudo shahri” (hatto ongli ravishda) Platonning “Respublika”si va Sitseronning Platonga taqlidan yozilgan “De republica” asarlariga nisbatan qarshi javob edi. “Xudo shahri” oʻrta asrlarning eng taʼsirli asarlaridan biri edi. Asar turlicha oʻqiladi, baʼzan hatto Avgustin tasavvur ham qilmagan tarzda qirollar va papalar oʻrnatadigan siyosiy tartib uchun asosiy hujjat sifatida ham qoʻllanadi. Haqiqatan ham uning odamlar gunohkorligi sabab ham ularni boshqaradigan hukumatga muhtoj ekani haqidagi mashhur nazariyasi oʻrta asrlarda cherkov-davlat munosabatlari uchun namuna boʻlib xizmat qilgan. Shuningdek, u asrlar davomida avliyo Foma Akvinskiy, Jon Kalvin va boshqa koʻplab ilohiyotchilarning ishlariga taʼsir koʻrsatdi.



Manba: britannica.com
Muqova surat: wikipedia.org