6
Ulashish
1121 marta koʻrilgan
1454–1512
Amerigo Vespuchchi
Amerigo Vespuchchi Florensiyada notarius oilasida tugʻilgan. Ota-onasi uni Italiyaning eng badavlat odamlari, jumladan, Florensiya boshqaruvchilariga aylangan, bankir Medichilar xonadoniga xizmatga bergan. 1492-yilda ular Vespuchchini Sevilyaga ishonchli shaxs sifatida moliyaviy masalar boʻyicha yuboradi va Vespuchchi u yerda 1499-yilgacha yashaydi. Xristofor Kolumb tomonidan yangi yerlarning ochilganini eshitgan Medichi koʻproq kapital jamgʻarish maqsadida Vespuchchini ham “Hindiston” ekspeditsiyasi tarkibiga qoʻshib joʻnatadi. Bu ekspeditsiyani Kolumbning ikkinchi sahoyati ishtirokchisi, Oxela boshqarib borgan.
1499-yil 18-mayda Kadisdan chiqqan kemalar iyunning oxirida Shimoliy yarimsharda 4° va 6° orasida joylashgan, avval ochilmagan yerlarga borib yetadi. Ekspeditsiya u yerda boʻlinadi. Ularning bir qismi ikkita kemada shimolga, Karib dengizi tomonga qayriladi. Qirgʻoqning oxiri yoʻqligi ularni qandaydir ulkan materik qirgʻoqlari boʻylab ketayotganiga ishontiradi. Quruqlik boʻylab harakatlanib, ular svayalardagi uylardan iborat mahalliy aholining qishloqlarini koʻradi. Bu ularga Venetsiyani yodga solgani uchun bu hudud Venesuela – “kichik Venetsiya” nomini oladi.
Xuddi shu vaqtda Amerigo Vespuchchi bilan ekspeditsiyaning qolgan qismi qirgʻoq boʻylab janubi-sharqqa harakatlanadi, ammo 2 janubiy kenglikka yetganda, ular kuchli oqimga duch kelib, ortga qaytadi. Sayohatdan qaytib kelgach, Vespuchchi Medichining xizmatidan chiqib, Portugaliya xizmatiga oʻtadi.
1501-yilda u astronom sifatida Portugaliya kemasida yana gʻarbga yoʻl oladi. 17-mayda kemalar Braziliyaning ekvatordan janubroqdagi qirgʻoqlariga, materikning eng sharqiy burniga yetib keladi. Uni Roka burni deb atashadi. Keyin kemalar janubga qarab yoʻlda davom etadi. 1-yanvarda ekspeditorlar daryoning quyilish joyiga yetadi va keyinchalik u Rio de Janeyro, yaʼni “Yanvar daryosi” deb nomlanadi. Yana uzoq vaqt davomida kema janubga qarab harakatlanadi va fevralda Portugaliyaga qaytish haqida qaror qilinadi. Bu ekspeditsiya natijasida yangi yerlarning qirgʻoqlari tadqiq qilinib, xaritaga 3000 km uzunlikdagi quruqlik kiritiladi. Ekspeditsiya ishtirokchilari ular kashf qilgan yer Osiyo emasligiga amin boʻladi, chunki u toʻlaligicha Shimoliy yarimsharda edi. Yangi yerlar esa ekvatordan uzoq janubgacha choʻzilardi.
1503-yilda Amerigo Vespuchchi oʻzining uchinchi sayohatiga, Osiyoga, turli ziravorlarga boy Molukka orollari ekspeditsiyasiga yoʻl oladi. Bu ekspeditsiya omadli chiqmagan boʻlsa-da, yangi ochilgan yerlar Osiyo emasligi haqidagi fikrini mustahkamlaydi. Vespuchchi Italiyaga, sobiq rahbari Medichiga yozgan xatlarida oʻzi boʻlgan yerlarni Yangi dunyo deb nomlashni taklif qiladi, chunki ularning ajdodlarida bu yerlar haqida hech qanday tasavvur boʻlmagan edi. Bu haqidagi gap-soʻzlar Yevropaga tez yoyiladi.
1506-yilda Fransiyada Janubiy Amerikaning shimoliy qismi tushirilgan geografik atlas nashr qilinadi. Bu xaritalarning muallifi Sen-Dye Valdzemyuller shaharchasidagi geografiya toʻgaragi aʼzosi boʻlib, Yangi dunyoning bu qismini “Amerigo yerlari” deb atadi. Keyingi yillardagi kartograflar bu nomni materikning qolgan qismiga ham qoʻllay boshladi. Gollandiyalik mashhur kartograf Merkatorning 1538-yilda dunyo xaritasi, 1541-yilda esa globusi paydo boʻladi. Bularda nafaqat janubiy, balki shimoliy materiklar ham “Amerika” degan umumiy nom bilan chiqqan edi.
XVI asrning ikkinchi yarmiga kelib, bu nom butun materikning nomi sifatida mustahkam oʻrnashdi. Shunday qilib, Amerigo Vespuchchining nomi loyiq boʻlmasa-da kartograflar tomonidan materikka toʻla bogʻlab qoʻyildi. Vespuchchining yangi qitʼani aniqlash va u haqida maʼlum qilishdagi xizmatlari beqiyos boʻlgan. Lekin nemis sayohatchisi A.Gumboldtning fikricha, u kashf qilmagan materikni uning sharafiga nomlanishi “insoniyat adolatsizligiga qoʻyilgan haykal”dir. Amerigo Vespuchchi umrining soʻnggi yillari (1508—1512-yillar) Ispaniyada xizmat qilib, ispan ekspeditsiyalari natijalariga koʻra globus va xaritalar tuzish bilan oʻtkazgan.
Muqova surat: faktrus.ru