3
Ulashish
824 marta koʻrilgan
1745–1827
Alessandro Volta
Alessandro Volta Italiyaning Milan shahri yaqinidagi kichik Komo shaharchasida, asilzodalar oilasida tugʻilgan. U iezuitlar ordeni maktabida tahsil olgan boʻlsa-da, erta yoshlaridanoq tabiiy fanlar, elektr hodisasini oʻrganishga qiziqqan. 1769-yilda 24 yoshli Volta “leydencha banka” — eng sodda kondensator haqida maqola, keyinroq elektr magniti haqida yana bir maqolasini eʼlon qiladi.
1774–1779-yillarda u ona shahri Komodagi gimnaziyada fizikadan dars beradi va elektr sohasidagi tadqiqotlarini davom ettiradi. 1779-yilda Volta Italiyadagi eng yaxshi oliygohlardan biri hisoblangan — Paviya universiteti professoriga aylanadi. Paviyada 1799-yilgacha ishlaydi va hatto universitet rektori lavozimini ham egallaydi. Siyosiy sabablar tufayli nafaqaga chiqishga majbur boʻlgach, Alessandro Paviyadan ketadi va Fransiyaning Parij shahriga koʻchib, dars berishni va ilmiy faoliyatini davom ettiradi. Shimoliy Italiya Fransiyaning bir qismiga aylangach, Volta Paviya shahriga qaytadi. 1815–1819-yillar davomida u Paduan universiteti falsafa fakulteti dekani sifatida faoliyat yuritadi, soʻng butunlay isteʼfoga chiqib, Komo shahriga koʻchib keladi.
Alessandro Volta iqtidorli maʼruzachi boʻlgan. Uning maʼruzalarini tinglashga butun Italiyadan, hatto boshqa Yevropa davlatlaridan tinglovchilar kelgan. U Yevropa ilmiy doiralarida mashhur boʻlgan, Angliya, Shveytsariya, Germaniya, Gollandiya va Fransiyaga boʻlgan sayohati davomida oʻsha davrning eng mashhur fiziklari bilan tanishishga muvaffaq boʻlgan. Fransuz fizigi Fransua Aragoning qayd etishicha, Voltaning asosiy xislati bu — jasur, tezkor tafakkuri, katta va toʻgʻri fikri, yumshoq va samimiy feʼl-atvori, yagona ishqibozligi tadqiqotlarga boʻlgan muhabbati edi.
Alessandro Voltaning ixtirolariga quyidagilar kiradi: smolali elektrofor (1775-yil), Epinus (german fizigi va matematigi) ning takomillashgan qurilmasi, naychali taʼsirchan elektroskop (1781-yil), elektrometr, kondensator (1783-yil) va boshqa qurilmalar. U telegraf loyihasini tavsiflagan, 1776-yilda metanni aniqlagan, 1787-yili esa olovning oʻtkazuvchanlik xususiyatini qayd qilgan.
1791-yilda italyan fiziologi, akusherlik va ginekologiya professori, amaliyotchi-jarroh — Luidji Galvani (1737–1798-yillar) “Mushak harakatidagi elektr kuchi haqida risola” sini eʼlon qiladi. Unda “jonli elektr” mavjudligi haqidagi gʻoya ilgari suriladi. Luidji Galvani hozirgina oʻlgan, tadqiqot uchun tayyorlangan qurbaqaning mushagi va nervlarini metall oʻtkazgich bilan birlashtirilsa, mushak qisqarishi yuzaga kelishi, yaʼni qurbaqa mushaklarida elektr tokining qisqa muddatli impulslari hosil boʻlishini sezib qoladi. Agar oʻtkazgich ikki turdagi metall, masalan, temir, kumush yoki misdan iborat boʻlsa, qisqarishlar uzoq va kuchliroq davom etishini aniqlaydi. Qurbaqa mushaklarida elektr tokining paydo boʻlishi sababini Galvani har bir hayvonning shaxsiy “jonli elektri” boʻlishida deb biladi hamda har bir mushak va nerv oʻziga xos “leydencha banka” — metall oʻtkazgich bilan birlashuvchi elektr manbai degan nazariyani ishlab chiqadi.
Galvanining ishlaridan xabar topgan 46 yoshli Volta 1792-yilda uning tajribasini takrorlab koʻradi. Voltaning ilk tajribasi sodda boʻladi: u turli metallardan qilingan 2 ta tangani oladi va birini til ustiga, ikkinchisini til ostiga qoʻyadi. Sim bilan ulanishda ham oʻsha davrda maʼlum boʻlgan elektr manbalari, xususan, “tilda tatib koʻrish” kabi his paydo boʻlgandi. Tadqiqot jarayonida Volta Galvanining elektr hayvon tanasida hosil boʻlishiga doir nazariyasi xato ekanligiga amin boʻlib bordi. Volta oʻtkazgan original tajriba qurbaqa mushaklarida hosil boʻladigan qisqa muddatli elektr toki 2 sinfga mansub, 2 xil material va suyuqlikning aloqasidan hosil boʻladi degan fikrga olib keldi.
Italyan fizigi organizm toʻqimalari elektr manbasi emas, balki elektr oʻtishini qayd etadigan “qurilma”, degan xulosaga keladi. Volta kontakt yoki metall elektri nazariyalarini ilgari suradi. Shu tariqa, 1795-yilda Volta potensiali — turli turdagi metallning aloqasidagi oʻzaro elektrlashish hodisasi namoyon boʻladi. Volta oʻzining “kontaktli elektr” nazariyasining koʻp qismida yanglishgan boʻlsa-da, bu 1799-yilda olimning 1-davomiy elektr tok manbasi — Volt ustunining kashf qilishiga olib keladi. Volt ustuni keyinchalik Voltni bu kashfiyotga olib borgani uchun Galvani nomi bilan tokning galvanik manbasi sifatida nomlanadi. Ilk Volt ustuni navbat bilan keladigan 20 ta mis va rux plastinkalaridan iborat boʻlib, tuzli eritma shimdirilgan, movutli, dumaloq qistirmalar bilan ajratilgan. Olim 1800-yilda London qirollik jamiyati prezidenti — Jozef Benksga Volt ustunining yaratilganini xabar beradi, bu fan olamida katta voqea boʻlib, muallifga misli koʻrilmagan shuhrat olib keladi.
1801-yilda Voltani Parijga taklif qilishadi va u Napoleon ishtirokida Fanlar akademiyasida oʻz qurilmasining ishlashini koʻrsatib beradi. Olim graf maqomini qoʻlga kiritadi va italyan qirolligi senatori etib tanlanadi, shuningdek, Parij va bir qator akademiyalar aʼzoligiga qabul qilinadi. Lekin Volta barcha taklifni rad etib, oʻz laboratoriyasiga qaytadi. Volt ustuni kashf etilgach, turli mamlakat olimlari elektr toki harakatini tadqiq qila boshladi. Bu orada galvanik element ham takomillashib, koʻp miqdordagi elementlardan tarkib topgan batareyalar yaratiladi.
XIX asr boshi (1802-yil) dagi eng katta batareyani rus fizigi Vasiliy Vladimirovich Petrov (1761–1834-yillar) Peterburgda yasaydi. Bu batareya 2 100 ta mis-rux elementidan iborat boʻlib, yashikka gorizontal holatda joylangan va nashatirga shimdirilgan qogʻoz sochiqlar bilan ajratilgan edi. Vasiliy Vladimirovich Petrov 1802-yilda shu batareyani qoʻllab, elektr yoyini kashf qiladi va uni metallarni eritish, yangilash hamda yoritish ishlari uchun qoʻllash mumkinligini koʻrsatib beradi. Xuddi shu yili Volta galvanik batareyani yaratganida suvning elektr toki yordamida parchalanishi ham kashf qilinadi. Soʻng tokning yoritish xususiyati ham aniqlanadi.
1807-yilda tokning aniqlangan kimyoviy harakati asosida ingliz kimyogari Xemfri Devi ishqoriy qotishma elektrolizini amalga oshirib, kaliy va natriy elementlarini kashf qiladi. Shu tariqa Volt ustunining qoʻllanishi koʻproq boshqa olimlarga tegishli boʻlib qoladi. XIX asrning ilk yillarida Alessandro Volta faoliyatidan chekinib, elektr haqidagi fanga boshqa yangilik kiritmaydi. Umrining oxirigacha u oʻzida halollik, samimiyat va toʻgʻrilikni saqlab qoladi. Volta 1827-yil 5-mart kuni 82 yoshda vafot etadi. Elektr tokining birligi uning sharafiga Volt deb nomlanadi. Volta London qirollik jamiyati va Parij Fanlar akademiyasi aʼzoligiga tanlangan edi.
Bu ham qiziq: Jeyms Kuk
Muqova suratlar: sciencephoto.com / wikipedia.org