Orqaga

927 marta koʻrilgan

1728–1779

Jeyms Kuk

Kapitan Kuk — butun Tinch okeanini kezib chiqqan, Avstraliya, Yangi Zelandiya va keyinchalik ingliz koloniyalariga aylangan boshqa koʻplab janubiy orollarda boʻlgan, mashhur ingliz dengizchi va sayohatchisi. Agar uning sayohat marshrutlari qisqacha tavsiflansa, kapitan kemani tark etmagani oydinlashadi.

Jeyms Kuk Yorkshir grafligida, yollanma ishchi oilasida tugʻilgan. 18 yoshidan boshlab savdo kemalarida yunga (kichik matros) sifatida ish boshlagan. 1755-yilda harbiy xizmatga ketib, 30 yoshida taniqli dengizchi sifatida nom chiqarishga ulgurgan edi. Shundan soʻng u uchta mashhur ekspeditsiyani amalga oshirgan: 1768–1771-yillarda Taiti, Avstraliya va Yangi Zelandiyaga, 1772–1775-yillarda Tinch okeanining janubiy qismiga va 1776–1779-yillarda Shimoliy boʻgʻozni topish umidida Tinch okeanining janubiy hamda shimoliy qismlarini kezib, Osiyoning Sibir qismini xaritada belgilaydi.

1768-yilda Kuk dunyo boʻylab ilk sayohatiga joʻnab ketadi. U Taiti orolida Veneraning quyosh diskiga qanday yaqinlashishini kuzatadigan ilmiy ekspeditsiya qoldirishi kerak edi. Buning uchun unga 80 kishidan iborat ekipajli “Indevor” kemasi beriladi. Bundan tashqari, bortda 3 nafar olim ham boʻladi. Kuk olimlarni Taiti oroliga muvaffaqiyatli yetkazib boradi, u yerda kerakli kuzatuvlar amalga oshirilgach, shimoli-gʻarb tomon yoʻl oladi. Uzoq yoʻldan soʻng u ikkita katta oroldan tashkil topgan arxipelagni kashf qiladi. Bu Yangi Zelandiya edi. Kuk Yangi Zelandiyani tadqiq qilgach, Avstraliya tomon suzadi.

1770-yilda u Katta toʻsiq rifini ochadi, Botani-Bey koʻrfazida tushib, Avstraliyaning sharqiy qirgʻoqlarini oʻrganadi va bu yerni Britaniyaning Yangi Janubiy Uels nomli mulkiga aylanganini eʼlon qiladi. Bu ekspeditsiya davomida qimmatli ilmiy materiallar toʻplangandi. Bu ish bilan Kukning hamrohlari — botanik Jozef Banks va zoolog Sidney Parkinson shugʻullangandi. Soʻng dengizchi Torres boʻgʻozi orqali Yava oroliga yetib boradi, Yaxshi umid burnini aylanib oʻtgach, gʻarbiy yoʻnalishdagi dunyo sayohatini yakunlab, Angliyaga qaytadi.

Ikkinchi sayohati (1772–1775-yillar) davomida Jeyms Kuk “Janubiy yer” ni izlash va Yangi Zelandiya hamda Janubiy yarimshardagi boshqa orollarni yaxshiroq tadqiq qilish uchun yoʻlga chiqadi. Kuk Janubiy yarimsharni kezib oʻtadi, ammo muzlik sabab ortga qaytishiga toʻgʻri keladi. Muzliklar oralab oʻtishga boʻlgan bir qancha urinishdan soʻng dengizchi yaxlit “Janubiy yer” mavjud emas, degan xulosaga keladi. Lekin u xaritaga Tinch okeanining janubiy qismidagi bir qancha nomaʼlum orollar — Yangi Gebrid guruhining janubiy qismi, Yangi Kaledoniya, Norfolk oroli, Janubiy Sandvich orollarini kiritadi.

Kukning uchinchi va soʻnggi sayohati 1776-yilda boshlandi. U Angliyadan 2 ta — Resolution va Discovery kemalarida joʻnab ketadi. Ekspeditsiyaning maqsadi, Shimoliy Amerika atrofidan shimoli-gʻarbiy oʻtish yoʻlini topish edi. Kuk yana Tinch okeaniga chiqadi.

1778-yilda u Gavayi orollarini kashf qiladi. Dengizchi bu yerdan shimolga — Amerikaning sharqiy qirgʻoqlariga qarab yoʻl oladi. Alyaska atrofida joylashgan Bering koʻrfaziga yetib olgach, muzliklar tufayli yana ortga qaytishga majbur boʻladi. Gavayi orollariga qaytib kelgach, oʻgʻirlangan qayiq tufayli mahalliy aholi bilan boʻlgan toʻqnashuvda Kukni oʻldirishadi.

Britaniya xalqi qahramonlarini mohir yoʻlboshchi va buyuk tadqiqotchi sifatida hurmat qiladi. Kuk tomonidan ochilgan yerlarning koʻpi uning sharafiga nomlangan, batafsil hisobot va kuzatishlari esa koʻplab ekspeditsiyalarga asos boʻlgan. 1934-yili kichik Jeyms Kuk yashagan Greyt Auton, Yorkshirdagi uy Avstraliya hukumatiga sovgʻa qilingan. U ehtiyotkorlik bilan boʻlaklanib, Melburnga olib ketilgan va muzeyga aylantirilgan.

Qoʻshimcha manba: Кук, Джеймс

 



Muqova suratlari: wikipedia.org / ckamgmt.com