2
Ulashish
839 marta koʻrilgan
1859–1905
Aleksandr Popov
Aleksandr Popov 1859-yilda Uraldagi Krasnoturinsk zavod qishlogʻida, ruhoniy oilasida tavallud topgan. Popovlar oilasida Aleksandrdan tashqari yana 6 ta farzand boʻlgan. Dastlab u boshlangʻich diniy maktabda taʼlim olib, keyin esa diniy seminariyaga yuborilgan. Yosh Aleksandr yaxshi baholarga oʻquvchi, qiziquvchan bola edi. Bolaligidan texnikaga qiziqqan, turli oʻyinchoqlar yasashni yaxshi koʻrgan, qoʻlbola nasos va suv tegirmonlarini yasab, doim oʻziga xos ajoyib narsalarni oʻylab topishga usta boʻlgan. Keyinchalik bolaligidagi modellashtirish koʻnikmalari oʻz tadqiqotlari uchun asboblar yasashda juda qoʻl keldi.
Aleksandr 1877-yilda Perm diniy seminariyasida umumtaʼlim sinflarini tugatgach, Peterburg universitetining fizika-matematika fakultetiga kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli topshiradi. Talabalik yillarida u koʻp vaqtini laboratoriya mashgʻulotlariga bagʻishlaydi, uni, ayniqsa, eng yangi fizika va elektrotexnika muammolari oʻziga jalb qila boshlaydi. Ham texnikaga boʻlgan qiziqishi, ham daromad topish niyatida Popov “Elektrotexnik” artelining aʼzosiga aylanadi, ilk bor elektr yoritish moslamalarini oʻrnatishda ishlaydi. 1881-yilda Peterburgdagi elektr koʻrgazmasida tushuntiruvchi sifatida faoliyat yuritadi.
1882-yilda universitetni muvaffaqiyatli tamomlab, professorlik unvoniga tayyorgarlik koʻrish uchun universitetda qoladi, ammo aspiranturani tugata olmaydi. 1883-yilda Aleksandr Stepanovich Rossiya port shahri Kronshtadtdagi Mina ofitserlari sinflari direksiyasining taklifini qabul qilib, u yerda oʻqituvchilik qiladi, bir vaqtning oʻzida Dengiz floti texnika maktabida ham dars beradi. Popov Kronshtadtda 1883–1900-yillarda asosan oʻqituvchi va tadqiqotchi sifatida faoliyat yuritadi. 1900-yilga kelib esa Peterburg elektrotexnika institutining fizika kafedrasi professori etib tayinlanadi va u yerda umrining oxirigacha ishlaydi.
Popov dastlab 1888-yilda elektromagnit toʻlqinlarning mavjudligini tajriba asosida isbotlagan nemis fizigi Genrix Gerts ishiga eʼtibor qaratadi. Oʻzining yordamchisi Pyotr Nikolayevich Ribkin bilan birgalikda olib borgan tajriba va puxta tadqiqotlari natijasida oʻz uskunasining elektromagnit toʻlqinlarini uzoq masofadan qabul qilishiga erishadi. Ushbu uskuna yordamida u avvaliga bir necha metr, keyin kilometr uzoqlikdagi toʻlqinlarni aniqlay oladi. Popov tajribalar davomida antenna rolini oʻynagan boʻsh sim uskunaga ulanganda uning diapazoni sezilarli darajada oshishini payqaydi.
1895-yil 7-mayda Aleksandr Stepanovich Peterburgdagi Rus fizika-kimyo jamiyati yigʻilishida oʻz ixtirosi haqida ilmiy maʼruza qiladi hamda elektromagnit tebranishlarni qabul qilish va qayd etish uchun qurilgan uskuna – “chaqmoq detektori” ni namoyish etadi. Uskunaning asosiy qismini 1890-yilda fransuz muhandisi Branli tomonidan ixtiro qilingan kogerer detektori tashkil qilar edi. Kogerer metall parchalar bilan toʻldirilgan shisha naycha edi. Oddiy sharoitda metall parchalar yuqori qarshilikka ega boʻlib, naycha elektr tokini yomon oʻtkazardi. Elektr tebranishlari taʼsirida esa metall parchalarning elektr oʻtkazuvchanligi keskin oshib, qarshiligi kamayardi. Uskunaga yuqori qarshilikni qaytarish uchun silkitib qoʻyish kifoya edi. Signaldan soʻng kogererni silkitish uchun A.S.Popov qoʻngʻiroq moslamasidan foydalangan. Shu asnoda yigʻilishda qatnashganlar dunyodagi birinchi radio qurilmani koʻrish imkoniga ega boʻladi.
Popov oʻz maʼruzasini yakunlab, uskunani yanada takomillashtirish orqali tezkor elektromagnit tebranishlar yordamida masofaga signallarni uzatishda foydalanish mumkinligiga umid bildiradi. Ushbu olamshumul kashfiyot xotirasi uchun 7-may — Radio kuni deb eʼlon qilingan. Keyinchalik Popov radio qurilmani takomillashtirishga koʻp vaqt va kuch sarflaydi. 1895-yilda 60 metrgacha boʻlgan masofada signallarni uzatish va qabul qilish boʻyicha tajribalar oʻtkazgan boʻlsa, 1896-yil mart oyida bu masofani 250 metrga, keyin esa 600 metrga oshirgan. 1899-yilda ixtirochi oʻz qurilmasiga ilgari simli telegrafda telegramma yozish uchun foydalanilgan qurilmani biriktiradi. Yaqinlashib kelayotgan momaqaldiroq haqida ogohlantiradigan mazkur radiotelegraf apparati Nijegorod elektr stansiyasida ishlatiladi. Bu xizmati uchun Butunrossiya sanoat va sanʼat koʻrgazmasida “momaqaldiroqni oʻrganish uchun yangi va original qurilmani ixtiro qilgani uchun” diplomiga sazovor boʻlgan.
Aleksandr Stepanovich 1896-yil 24-martda Rus fizika-kimyo jamiyati yigʻilishida simsiz telegraf orqali soʻzlarni uzatishni namoyish etadi, u tomondan simsiz uzatilgan birinchi soʻz “Genrix Gerts” edi. Bu rus ilmiy tafakkurining yangi buyuk gʻalabasi edi. Aleksandr Stepanovich oʻz ixtirosini sir tutmay, bemalol bosma nashrlarda tasvirlab bergan, uni patentlashni xayoliga keltirmagan. Vaziyatdan foydalanib 1896-yil iyun oyida italiyalik muhandis Gulyelmo Markoni (1874-1937) oʻzining radio ixtirosi uchun patent olishga ariza beradi. Markoni bu paytda Angliyada yashagani tufayli 1897-yilda radio ixtirosiga mualliflik huquqini tasdiqlovchi ingliz patentini oladi.
Ammo 1897-yil yanvar oyida “Kotlin” gazetasida Popov Markoni tomonidan patentlangan qurilma muallifi oʻzi boʻlib, 1895-yilda namoyish etganini taʼkidlaydi. Yangi aloqa vositasini ixtiro qilishda uning ustuvorligi masalasi bir necha bor koʻtarilib, hatto shu munosabat bilan maxsus komissiya tuziladi va oxir-oqibat radio ixtirochisi rus olimi A.S.Popov degan xulosaga kelinadi. Biroq radioning kashf etilishida emas, balki keyinchalik uning rivojlanishida Gilyelmo Markonining xizmati katta boʻladi. 1897-yil yozida Popov dengizda tajriba oʻtkazadi va muvaffaqiyat qozonadi. Avvaliga sohil va kema oʻrtasida 3 kilometrdan koʻproq, keyinroq “Yevropa” va “Afrika” kemalari oʻrtasida 5 kilometrdan ortiq, 1899-yilda esa 50 kilometrgacha bo‘lgan masofada radio aloqa oʻrnatishga erishadi. Popov kemalarda oʻz uskunalarini sinab koʻrayotganda radio toʻlqinlarining aks etish qobiliyati kabi ajoyib kashfiyotni amalga oshiradi.
Bir kuni “Leytenant Ilin” kuchli torpedo quroliga ega harbiy kemasi “Yevropa” va “Afrika” kemalarining oʻrtasidan oʻtayotganida, radio qurilma toʻliq ishlayotganiga qaramay, kemalar oʻrtasidagi radio aloqa toʻsatdan toʻxtab qoladi. Harbiy kema oʻtib boʻlgach esa radio aloqa yana darhol tiklanadi. Shu voqea tufayli Popov tomonidan kashf etilgan radiotoʻlqinlarni aks ettirish hodisasi radiolokatsiya asosini tashkil etdi. 1899-yilda oʻzining shogird va yordamchilari P.N. Ribkin va D.S.Troitskiy bilan birgalikda navbatdagi yangi muhim ixtiro – telefon goʻshagi yordamida signallarni eshitishni kashf qiladi.
Boltiqboʻyi va Qora dengizdagi muvaffaqiyatli tajribalardan soʻng jiddiy amaliy sinov vaqti keladi. 1899-yil noyabr oyida Popov radiotelegrafi Gogland orolida yaqinida avariyaga uchragan qirgʻoq mudofaasi jangovar kemasi “Admiral-general Apraksin”ni qoyalar orasidan olib chiqishda birinchi amaliy rolini oʻynaydi. Keyin esa 1900-yil yanvar oyida 27 nafar baliqchi Boltiq dengizida muz ostida qolib ketadi va “Yermak” nomli muz yoruvchi kema radio orqali buyruq olib, ularga yordamga yetib keladi. Ushbu insonparvarlik harakati tufayli yangi aloqa vositasidan keng miqyosda amaliy foydalanish boshlab yuboriladi. Aleksandr Stepanovich dengiz flotidan rus floti kemalarida simsiz telegrafni joriy etish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni boshlash vazifasini oladi. Bunda unga rus dengiz floti qoʻmondoni admiral Stepan Osipovich Makarov katta yordam koʻrsatadi.
1904-yilga kelib rus flotida allaqachon 75 radiostansiya faoliyat olib boradi. 1901-yilda Popov Peterburg elektrotexnika institutining professori etib tayinlanadi va 1905-yilda esa rektorlik lavozimini egallaydi. U elektromagnit tebranishlarni uzatish, qabul qilish va tarqatish sohasidagi ilmiy ishlarini davom ettiradi, katta kuch sarflab, laboratoriyani jihozlaydi. Bu paytda rus ixtirochisining dovrugʻi butun dunyo boʻylab tarqaladi. Unga Rossiyani tark etish taklifi bilan murojaat qilishadi, ixtirosidan tijorat maqsadida foydalanish orqali daromad olishni vaʼda qilishadi. Ammo Popov boyib ketishdan koʻra vatanga sodiq xizmatni tanlaydi. “Men rus odamiman va barcha bilim, mehnat, yutuqlarimni faqat vatanimga berishga haqqim bor. Agar mening zamondoshlarim boʻlmasa, balki kelajak avlod vatanimizga boʻlgan sadoqatim naqadar yuksak ekanini va yangi aloqa vositasi xorijda emas, balki Rossiyada kashf etilganidan naqadar xursand ekanligimni anglab yetadi, deb umid qilaman”, – deydi u.
Rossiyada inqilobdan oldingi yillarda vujudga kelgan sharoitlar radio taraqqiyoti tarixiga kuchli taʼsir koʻrsatadi. Ixtirochining doimiy va qatʼiy eslatmalariga qaramay, yangi ish boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash taʼminlanmaydi, simsiz telegraf uchun qurilmalarning mahalliy ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilmaydi. Aleksandr Stepanovich Popov Minalar sinfi (dengiz flotining harbiy taʼlim muassasalari) ajratgan kamtargina maosh bilan cheklanishga majbur edi, buning ustiga institutdagi vaziyat ham mushkullashadi.
Talabalar professor va maʼmuriyatga ishonchsizlik bildirib, isyon koʻtarar, Krasnaya Presnya barrikadalarida ishchilarning otib tashlanishiga va chor hukumatining boshqa qatagʻonlariga javoban ular ochiqdan ochiq ilgʻor kuchlar tomoniga oʻtardi. Institutda repressiyani kuchaytirish talab etilardi. Olimning sogʻligʻiga rus-yapon urushidagi muvaffaqiyatsizliklar va koʻplab shogirdlarining halok boʻlgani haqidagi qaygʻuli xabar ham qattiq taʼsir koʻrsatadi. 1906-yil 13-yanvarda Aleksandr Stepanovich Popov yana Xalq taʼlimi vaziri huzuriga chaqiriladi, u yerda institutga politsiyani kiritish va maxfiy agentlarni joriy etish borasida ichki ishlar vaziri bilan qattiq munozara boʻlib oʻtadi. Bu suhbatdan keyin Popovning miyasiga qon quyiladi va 47 yoshida, ayni kuch-quvvatga toʻlgan paytida buyuk ixtirochi olamdan oʻtadi. Kamtarin va halol olim Aleksandr Stepanovich Popov nomi ilm-fan tarixida abadiy muhrlangan.
Bu ham qiziq: Pifagor Samosskiy
Muqova suratlar: etu.ru / wikimedia.org / grekovstudio.ru