4
Ulashish
702 marta koʻrilgan
I asr
58–63 yillardagi Rim-Parfiya urushi
Tarixda deyarli barcha mamlakatlar oʻrtasida koʻplab urushlar boʻlib oʻtgan. Hukmdorlar baʼzan arzimas sabablar bilan oʻzaro jangga kirishavergan. Urush oqibatida yuzaga kelgan talafotlar esa xalqni ezgan. Miloddan avvalgi asrlarda juda ulkan imperiya hisoblangan Rim ham hisobsiz janglar olib borgan. Ana shu urushlardan biri — Rim-Parfiya urushi.
Boshlanish sababi
Milodiy 58–63-yillarda boʻlib oʻtgan Rim-Parfiya urushi Parfiya imperiyasi hukmdori oʻz ukasini Armanistonning yangi qiroli etib tayinlashi bilan boshlandi. Aslida Armaniston Rim va Parfiya — ikki imperiya oʻrtasidagi yarim neytral davlat deb hisoblangan. Milodiy 58-yilda Parfiya bir qadam oldinga borib, Armanistonni vassal davlat deb eʼlon qilishi katta urush boshlanishi uchun turtki boʻldi. Rim qoʻmondoni Korbulon gʻolib boʻlgan urush faqat milodiy 63-yilda ikki kuch oʻrtasida Armanistonni boshqarish masʼuliyatini teng taqsimlagan Randiya shartnomasi tuzilishi bilan toʻxtadi. Shu bilan urush oʻz nihoyasiga yetdi.
Armaniston — urush oʻchogʻi
Parfiya qiroli Vologez I 52-yilda Armanistonga bostirib kirgan, uning maqsadi arman taxtiga ukasi Tiridat I ni oʻtqazish boʻlgan. Va buni amalga oshirgan ham. Biroq Rim imperiyasi bu ikki katta imperiya oʻrtasidagi kichik hududga Parfiya ega chiqishini xohlamadi va passiv ravishda qarshilik koʻrsatdi. Rim hukmdorlari agar buni qabul qilsa, rimliklarning gʻururi va obroʻ-eʼtibori toptaladi, deb hisoblagan. Bu paytda Rim taxtida imperator Neron (milodiy 54–68-yillarda hukmronlik qilgan) hukmron edi va u hech boʻlmaganda vaziyatni tiklash, yaʼni xuddi avvalgidek, Armanistonni ikki davlat oʻrtasidagi neytral hududga aylantirish uchun milodiy 54-yilda Armanistonga qoʻshin yuboradi. Yuborilgan qoʻshinga oʻsha paytda Rimdagi eng yaxshi general Gney Domitsiy Korbulon boshchilik qilgan.
Korbulonga berilgan vazifa
“Korbulon Rim provinsiyalari boʻlgan Kappadokiya va Galatiya hududlari gubernatori etib tayinlangandi. Unga Suriya va Armaniston janubidagi kichik qirollik — Sofenada Rim hukmronligini kuchaytirish va Parfiyaga ular kimga qarshi chiqayotganini eslatib qoʻyish vazifasi yuklatildi.
Qattiq tartib-intizomi bilan mashhur boʻlgan general sharqda Rim qoʻshinini qayta tashkil qildi — u muhim jangga tayyorlanayotgani aniq edi. Rim Parfiya bilan boʻladigan jangga qattiq tayyorgarlik koʻrayotganining sababi, ehtimol, ikki imperiya oʻrtasida miloddan avvalgi 53-yilda boʻlib oʻtgan oxirgi jang — Karreya jangi boʻlishi mumkin. Oʻshanda urushda rimliklar halokatli magʻlubiyatga uchragandi va ularning qoʻmondoni Mark Litsiniy Krass qoʻshini bilan birga boshidan judo boʻlgandi.
Urush boshlandi
Milodiy 58-yilda Parfiya Armanistonni vassal davlat deb eʼlon qilgach, Korbulon shimolga qarab harakatlandi va Armanistonga hujum qildi. Agar Rim armiyasi dushmanni ochiq jang maydonida yoʻq qila olmasa, u holda shahar va qalʼalarga hujum qilishi kerak edi. Rim qoʻshini Armanistonga yetib keldi. Bu paytda Armaniston qiroli Tiridat oʻz poytaxti Artaxatada edi. Parfiya hukmdori Vologez esa Parfiyadagi ichki muammolarni hal qilish bilan band edi. Oʻsha paytda Tiridatni Rimdan koʻra koʻproq Parfiyaga xayrixoh boʻlgan arman xalqi qoʻllab-quvvatlagan.
“Korbulon qobiliyatli qoʻmondon ekanini yana bir bor isbotladi. U Rim kemalarining yordami bilan Artaxatani egallab oldi va vayron qildi. Korbulonning strategiyasi aniq boʻlib, arman xalqida imkon qadar koʻproq vahima qoʻzgʻatish va shuning uchun ularni Parfiyaga yordam berish yoki Rim kuchlariga qarshilik koʻrsatishdan qaytarish edi. Darhaqiqat, Korbulon qalʼa va aholi punktlarini egallab, vayron qilgani uchun shunday dovruq qozondiki, Artaxata aholisi shahar darvozalarini ochib, jangsiz taslim boʻldi. Shuni ham eslatish joizki, qoʻmondon birinchi navbatda shaharni yoqib yuborishdan oldin oddiy aholini shaharni tark etishiga ruxsat bergan.
Ikkinchi eng muhim, qalʼa shahri — Tigranakert ham tez orada hech qanday zoʻravonlik va qurbonlarsiz rimliklar qoʻliga oʻtdi. Shuningdek, Tigranakert xalqi Korbulonga doʻstlikni bildiruvchi sovgʻa — oltin tojni topshirdi, u buni iltifot bilan qabul qildi. Shaharni tahqirlash uchun hech qanday harakat qilinmadi, chunki shahar zarar koʻrmasa, yanada mamnuniyat bilan itoatkorlikni davom ettirishi mumkin edi. Bu va keyingi muvaffaqiyatlar bilan, milodiy 60-yilga kelib, Korbulon butun Armaniston qirolligi hukmronligiga daʼvo qilishi mumkin boʻlgan darajaga yetdi va Tiridat Parfiyadagi akasining oldiga qaytib ketishga majbur boʻldi.
Ammo urush shu bilan tugamadi. Milodiy 62-yilda Armaniston-Parfiya qoʻshma armiyasi mashhur otliq va kamonchilari bilan Rim qoʻshini ustidan gʻalaba qozondi. Bu, ehtimol, qoʻshinga Korbulon emas, balki tajribasiz Lutsiy Yuniy Sezenniy Pet boshchilik qilgani uchun boʻlgan. Qishki armiya lagerini yetarli darajada himoya qilmagan Pet sharmandali shartlar bilan parfiyaliklarga taslim boʻladi va imperator Neron tomonidan lavozimidan boʻshatiladi. Milodiy 63-yilda butun Kappadokiya, Galatiya (hozirgi Turkiya) va Suriya uchun masʼul boʻlgan, oliy qoʻmondon Korbulon Armanistonga Pet qoʻmondonligi ostidagi qoʻshinni qutqarish va u yerda Rim hukmronligini tiklash uchun qaytib keldi.
Randiya shartnomasi
Bu safar ham Korbulonning jang maydonidagi tahdidi parfiyaliklar chekinishi uchun yetarli boʻldi va oʻrtada Randiya (Gʻarbiy Armanistondagi joy nomi) shartnomasi tuzildi. Endi Parfiya arman qirollarini tayinlash, Rim esa ularga toj kiydirish huquqiga ega boʻlib, har ikki imperiya Armaniston ustidan teng hukmronlik qiladigan va saylangan qirol esa ularning vakili sifatida davlatni boshqaradigan boʻldi.
Urush oqibatlari
Milodiy 66-yilda Tiridat Rimga borib, Armaniston tojini kiydi. Parfiyaga qarshi urushlar rimliklar uchun qimmatga tushdi, buni oʻsha davrdagi Rim tangasidagi oltin va kumush foizining kamayib ketgani koʻrsatadi. Parfiya va Rim oʻrtasidagi raqobat va nizolar ham yoʻqolmadi va ikki imperiya oʻrtasidagi toʻqnashuvlar milodiy III asr boshlarigacha davom etdi.
Manba: worldhistory.org Muqova surat: midjourney.com