9
Ulashish
844 marta koʻrilgan
VI–VII
Zinapoyali quduqlar
Ming yillar oldin pog‘onali quduqlar Hindistonning eng qurg‘oqchil qismlarida yashash uchun asosiy manba bo‘lib xizmat qilgan. Garchi ko‘pchiligi eʼtibordan chetda qolgan bo‘lsa-da, yaqinda amalga oshirilgan qayta tiklash ishlari ularning avvalgi ulug‘vorligiga qaytishiga yordam berdi. Richard Koks ko‘hna tarixga ega bo‘lgan ushbu yodgorliklarni hujjatlashtirish uchun Hindistonning shimoli-g‘arbiy qismiga sayohat qildi.
Hindistonning shimoli-g‘arbiy qismidagi Gujarat va Rajastan aholisi VI–VII asrlarda quruq mavsumda ichish, cho‘milish, hayvon va ekinlarni sug‘orish uchun toza, chuchuk yerosti suvidan foydalanish usulini ishlab chiqdi. Biroq bu ixtironing (pog‘onali quduq) utilitar (chiroydan ko‘ra maqsadga va qulaylikka yo‘naltirilganlik) foydalanilishidan tashqari ham ahamiyatli jihatlari bor edi.
Mintaqaga xos bo‘lgan pog‘onali quduqlar ko‘pincha meʼmoriy jihatdan murakkab qurilgan bo‘lib, o‘lchamlari va shakli juda ham xilma-xildir. Inshoot ayni gullab-yashnagan davrida eng quyi tabaqalardan tashqari barcha qishloq aholisining yig‘ilish o‘tkazish, dam olish, hordiq chiqarish va sajda qilish joyi hisoblangan. Zinapoyali quduqlarning asosiy qismi Gujaratga ( u yerda zinapoyali quduqlarni “vav” deb atashgan) va Rajastan (bu yerda esa “baori” deb nomlangan) tegishli cho‘l hududlarda joylashgan bo‘lsa, bir nechtasi Dehlida saqlanib qolgan. Baʼzilari qishloqlarda yoki ularga yaqin joyda aholi uchun jamoat joylari sifatida qurilgan. Boshqalari esa yo‘llar yonida sayohatchilar uchun dam olish joylari sifatida barpo qilingan.
Ularning nomidan ham ko‘rinib turibdiki, pog‘onali quduqlar yomg‘irdan so‘ng pastlab borayotgan suv manbasi va (odatda yerosti suv qatlami) yer sathidan pastga qarab tushib boradigan bir qator tosh zinapoyalardan iborat. Suv sathi baland bo‘lgan paytda foydalanuvchi uni olish uchun atigi bir necha qadam pastga tushishi kerak edi. Suv sathi past bo‘lganda esa ko‘proq pog‘onalarni bosib o‘tishi talab qilingan.
Baʼzi quduqlar keng, og‘zi ochiq o‘ralar (chuqurliklar) dan iborat bo‘lib, har bir qiyalik tomoniga qavat-qavat qilib yuzlab tosh zinapoyalar yotqizilgan. Boshqalari esa ancha murakkab tuzilishga ega. Toshdan qurilgan va ustunlar bilan mustahkamlangan bir necha qavatlar orqali suvga olib boradigan uzun pog‘onali o‘tish joylari bilan birga, shuningdek, tashrif buyuruvchilarni tinimsiz jaziramadan himoya qiladigan ayvonlarni ham o‘z ichiga olgan. Ammo eng hayratlanarli xususiyatlari bu — ko‘plab zinapoyalarni bezab turgan, jang va raqsdan tortib ayollarning sochini tarash, sariyog‘ chiqarish kabi kundalik yumushlargacha bo‘lgan harakatlarni ko‘rsatadigan, murakkab dekorativ haykaltaroshlik namunalari.
Asrlar davomida Hindistonning shimoli-g‘arbiy qismida minglab quduqlar qurilgan, ammo ularning aksariyati hozirda foydalanilmay qolgan. Ko‘plari qarovsiz va qurib qolgan, chunki yerosti suvi sanoat maqsadlarida foydalanish uchun yo‘naltirilgan va quduqlar endi suv sathiga yetib bormaydi. Ularning ahvoliga so‘nggi qurg‘oqchilik davrlari yordam bermadi: janubiy Rajastan 1996 va 2004-yillar orasida sakkiz yillik qurg‘oqchilikka duchor bo‘ldi.
Biroq Gujaratdagi baʼzi muhim joylar yaqinda katta restavratsiyadan (qayta tiklab, o‘z holiga keltirish) o‘tkazildi va shtat hukumati yilning iyun oyida butun shtatdagi zinapoyali quduqlarni tiklashni rejalashtirayotganini eʼlon qildi.
Shtatning qadimiy poytaxti — Patan shahrida Rani Ki Vav (Qirollik pog‘onali qudug‘i) pog‘onali qudug‘i, ehtimol, ayni paytdagi eng yaxshi namuna. U XI asr oxirida qirolicha Udayamati tomonidan qurilgan, ammo XIII asrda yuz bergan suv toshqinidan so‘ng loy bilan to‘lib qolgan. Biroq Hindiston arxeologik tadqiqotlar tashkiloti uni 1960-yillarda qayta tiklashni boshladi va bugungi kunda inshoot juda ham yaxshi holatda. Uzunligi 65 metr, kengligi 20 metr va chuqurligi 27 metr bo‘lgan Rani Ki Vav yodgorlik bo‘ylab bo‘shliqlarga o‘yilgan, Vishnu va Parvati kabi xudolarni turlicha timsollarda tasvirlagan 500 ta turli xildagi haykallarni o‘z ichiga oladi. Ajablanarlisi shundaki, 2001-yil yanvar oyida bu qadimiy inshoot Rixter shkalasi bo‘yicha 7,6 balli kuchli zilziladan omon qoldi.
Yana bir misol — Gujarat shimolidagi Modherada joylashgan, Quyosh maʼbudining yonida 1026-yilda qirol Bhima I tomonidan quyosh xudosi Suryani sharaflash uchun qurilgan Surya Kund. Bu aslida quduq emas, balki suv saqlanadigan joy (“kund” so‘zi suv ombori yoki hovuz degan maʼnoni anglatadi), lekin pog‘onali arxitekturaning o‘ziga xos belgilarini, jumladan, hayratlanarli geometrik shaklda pastga tushadigan zinapoyalarning to‘rt tomonini aks ettiradi. Peshayvonlar zinapoyalar to‘plami orasidagi 108 ta kichik, murakkab o‘yilgan muqaddas joylarni o‘z ichiga oladi.
Rajastanda ham ko‘plab quduqlar mavjud. Jaypurdan 200 kilometr janubda joylashgan qadimiy Bundi shahri arixtekturasi, jumladan, zinapoyali quduqlari bilan mashhur. Kattaroq misollardan biri, 1699-yilda mintaqa malikasi Nathavatiji tomonidan qurilgan Raniji Ki Baoridir. Chuqurligi 46 metr, kengligi 20 metr va uzunligi 40 metr bo‘lgan murakkab o‘ymakor yodgorlik — Nathavatiji tomonidan Bundi hududida foydalanishga topshirilgan 21 ta baoridan biri hisoblanadi.
Jaypurdan taxminan 95 kilometr sharqda joylashgan eski, vayron bo‘lgan Abhaneri shahrida Hindistonning eng qadimgi va eng chuqur quduqlaridan biri bo‘lgan Chand Baori joylashgan. Estetik jihatdan bu, ehtimol, eng maftunkorlaridan biri bo‘lishi mumkin. Miloddan avvalgi 850-yillarda Harshat Mata ibodatxonasi yonida qurilgan baori o‘zining uch tomoni bo‘ylab 11 qavatdan tik pastga tushadigan yuzlab zigzagli zinapoyalardan iborat bo‘lib, uzoqdan qaralganda ajoyib geometrik naqsh hosil qiladi. To‘rtinchi tomonida zinapoyaga qaragan bezakli ustunlar bilan qoplangan yopiq ayvonlar mavjud.
Jaypur-Dehli avtomagistrali yaqinida joylashgan Nemrana Ki Baoridan aholi hali ham foydalanadi. U taxminan 1700-yilda qurilgan bo‘lib, to‘qqiz qavat chuqurlikda joylashgan, oxirgi ikki qavati suv ostida turadi. Yer sathida 86 ta ustunli teshiklar mavjud bo‘lib, u yerdan tashrif buyuruvchilar eng chuqur suv manbasiga yetish uchun 170 qadam pastga tushadi.
Bugungi kunda eʼtiborsiz qoldirilgan yillardan so‘ng o‘rta asr muhandislik yodgorliklarining ko‘pchiligi Hindiston arxeologik tadqiqotlar tashkiloti tomonidan saqlanib qolgan va ularni mamlakat boy tarixining bir qismi sifatida saqlash muhim ekani tan olingan. Sayyohlar oqimi Hindistonning shimoli-g‘arbiy chekkalaridagi quduqlarga to‘planib, 1000 yil muqaddam bunyod etilgan bu meʼmoriy mo‘jizalarga hayrat bilan qaraydi. Ular qadimgi sivilizatsiyalarning zukkoligi va sanʼatkorligi hamda inson hayoti uchun suvning qadr-qimmatini eslatib turadi.
Muqova suratlar: bbc.com / wikipedia.org