3
Ulashish
895 marta koʻrilgan
1090–1157
Yuriy Dolgorukiy
Yuriy knyaz Vladimir Monomaxning oltinchi oʻgʻli boʻlgan. Otasining vafotidan soʻng u Rostov-Suzdal knyazligini meros qilib oladi va darhol qalʼalar qurib, oʻz yerining chegaralarini mustahkamlay boshlaydi. Shu asnoda uning hukmronligi davrida dastlab zamonaviy Tver deb atalgan Ksnyatin qalʼasi qad koʻtardi, soʻng birin-ketin Dubna, Yuryev-Polskiy, Dmitrov, Pereslavl-Zalesskiy qalʼalari paydo boʻldi. Moskvaliklar Yuriy Dolgorukiyni Moskva asoschisi sifatida yaxshi biladi.
Yuriy Rostov-Suzdal yerlariga egalik qilgach, oʻz knyazligini kengaytirishga intilib, koʻpincha qarindoshlariga tegishli boʻlgan qoʻshni yerlarga bostirib kirardi. Eng muhim orzusi — Kiyevni egallash edi. U Suzdal shahrini oʻz knyazligining poytaxtiga aylantirdi va otryadini yollanma qipchoq askarlari bilan mustahkamlab, janubga yurish boshladi. Kiyevni 3 marta bosib olgan boʻlsa-da, u yerda uzoq vaqt hukmronlik qilish hech nasib qilmasdi. Shu ambitsiyasi va doimo boshqalarning ishiga aralashavergani uchun uni “Dolgorukiy” deb atay boshlashgan.
Yilnomalarda yozilishicha, 1147-yil bahorida Yuriy Dolgorukiy elchilari Novgorod-Severskiyda hukmronlik qilgan Svyatoslav Olegovichga: “Mening oldimga — Moskvaga kel, inim”, — deb yozilgan taklifini yetkazgan. Bu qadimgi yilnomalarda Moskva haqidagi eng birinchi eslatma edi. Yuriy Dolgorukiy bejizga uchrashuv joyi sifatida ushbu kichik shaharchani tanlamagan — u Qadimgi Rusning eng muhim transport yoʻllari chorrahasida joylashgan edi. Shuning uchun u bu joyni yogʻoch devor va xandaqlar bilan oʻrab, mustahkam qalʼa qurdi.
1156-yilda Yuriy Kiyev taxtini yana bir bor egallashga muvaffaq boʻldi. Bu safar unga amakisi Vyacheslavning oʻlimi, shuningdek, qipchoqlarning Kiyevga bostirib kirishi bahona boʻldi. U katta qoʻshin bilan Kiyevga yoʻl oladi, yoʻlda Rostislav Smolenskiyning otryadi, shuningdek, Yuriy Dolgorukiyning eski ittifoqchisi — Svyatoslav Olgovich qoʻshini unga qoʻshiladi. Kiyevga yaqinlashgach, knyazlar u yerda hukmronlik qilayotgan Izyaslav Davidovichga taslim boʻlish va taxtni Yuriy Dolgorukiyga topshirish taklifi bilan xat yuboradi. Katta qoʻshinni koʻrgan Izyaslav Yuriy jang qilishdan choʻchiydi va unga xabarchi orqali: “Men Kiyevga oʻzim bormadim, kiyevliklarning oʻzi meni taxtga oʻtqazdi. Kiyev seniki, faqat menga yomonlik qilma”, — degan xabarni yuboradi. Yuriy u bilan yarashadi va Kiyevga gʻalaba bilan kirib boradi.
Knyazlikda fuqarolik nizolarini oldini olish maqsadida qolgan qarindoshlariga merosni taqsimlab beradi va oʻgʻli Glebni Izyaslav Chernigovskiyning qiziga uylantiradi. U 4 oʻgʻlini oʻziga yaqin joyga: Andrey Bogolyubskiyni Vishgorodga, Borisni Turovga, Glebni Pereslavlga va Vasilkani Porosyega joylashtiradi. Endi tinchlik boʻlishi muqarrar edi, biroq bunday boʻlmadi. Kiyev aholisi, ayniqsa, mahalliy boyarlar Yuriy Dolgorukiyni hukmdor sifatida qabul qilishni istamadi. Izyaslav Chernigovskiy unga qarshi qoʻshin toʻplab, urush boshladi. Reja boʻyicha Izyaslavning oʻgʻli Mstislav Kiyevga narigi tomondan yaqinlashishi kerak edi. Biroq kiyevliklar jang qilishni xohlamadi va 1157-yil 10-mayda Yuriy Dolgorukiyni zaharladi. Bu ham yetmagandek, knyazning dafn marosimi kuni uning saroyi va oʻgʻlining mol-mulki talon-toroj qilindi, u bilan birga kelgan Suzdal otryadi esa qirib tashlandi.
Yuriy Dolgorukiyning oʻlimi bilan Yaroslavich knyazlarining uchinchi avlod hukmronligi ham tugadi. Ammo uning avlodlari knyazlik chegaralarini mustahkamlash uchun boshlangan siyosatni iloji boricha davom ettirdi, Dolgorukiy davrida boshlangan Moskvadagi islohotlar uni asta-sekin yuksaltirib bordi. Dolgorukiy muayyan diplomatik va harbiy qobiliyatga ega hukmdor edi, ammo tarixga koʻproq Moskva asoschisi sifatidagina kirgan. Bu Yuriy Dolgorukiyning tarix uchun qilgan asosiy xizmati boʻlib, buning uchun minnatdorchilik sifatida shahar markazida unga haykal oʻrnatilgan.
Muqova suratlar: interesnyefakty.org / knowhistory.ru