Orqaga
O'zga sayyoraliklar mavjudligi haqiqatmi? Noma'lum uchar jismlar qayerdan paydo bo'ladi?

460 marta koʻrilgan

1960-yil

Yerdan tashqarida ham kimdir bormi?

Biz koinotda yolgʻizmizmi, degan savol asrlar davomida insoniyatni bezovta qilib kelgan, ammo biz boshqa aqlli sivilizatsiyaning radio signallarini izlayotganimizda, bu savolga javob topish yoqasida turgan boʻlishimiz mumkin. Bu oʻrganish SETI (Yerdan tashqaridagi ongli mavjudotlarni qidirish) nomi bilan tanilgan boʻlib, mashaqqatli mehnat talab qiladigan tadqiqotlardan biri sanaladi. Garchi butun dunyo boʻylab guruhlar 30 yil davomida vaqti-vaqti bilan izlayotgan boʻlsa-da, biz hozir yaqin atrofdagi barcha yulduzlarda hayotning har qanday belgisini qidirishga qatʻiy harakat qila oladigan texnologiya darajasiga yetdik.

Qidiruvning bosh sababi — bu birinchi darajali qiziqish, yaʼni barcha tabiiy fanlarni boshqaradigan dunyoga boʻlgan qiziqishdan iborat. Biz koinotda yolgʻizmizmi yoki yoʻq, buni bilishni istaymiz. Agar kerakli sharoit mavjud boʻlsa, hayot tabiiy ravishda shakllanadimi yoki Yerda biz koʻrib turgan turli xil hayot shakllarini qoʻllab-quvvatlagan oʻziga xos nimadir bormi, buning barchasi sirli. Dastlabki radio signalni aniqlash eng asosiy savollarga javob berish uchun yetarli boʻladi. Shu maʼnoda, SETI bizning bilimimiz ufqini doimiy ravishda Yerdan tashqariga olib chiqadigan sof ilm-fan mexanizmidagi yana bir kichik qism hisoblanadi. Biroq boshqa sayyoralarda hayotning mavjudligiga qiziqishning boshqa sabablari ham bor. Misol uchun, Yerdagi sivilizatsiya bir necha ming yillardan beri mavjud va soʻnggi bir necha oʻn yilliklardagi yadro urushi va ifloslanish tahdidlaridan bizning omon qolish ehtimolimiz juda oz boʻlishi mumkinligi aytildi. Biz yana 2 000 yashaymizmi yoki oʻz-oʻzimizni yoʻq qilib tashlaymizmi?! Yerga oʻxshash boshqa sayyoralarning umri bir necha mlrd yil boʻlganligi sababli, agar bizning galaktikamizda boshqa sivilizatsiyalar mavjud boʻlsa, ularning yoshi noldan bir necha mlrd yilgacha boʻlishi mumkin. Shunday qilib, biz eshitadigan har qanday boshqa sivilizatsiya oʻrtacha hisobda biznikidan anchagina qadimiyroq boʻlishi mumkin. Bunday sivilizatsiyaning mavjudligi uzoq muddat davomida omon qolish mumkinligini koʻrsatadi va bizga nekbinlik (yaxshilikni kutish va ishonish) uchun asos beradi. Hattoki qadimiyroq sivilizatsiya yadro urushi va global ifloslanish kabi omon qolish tahdidi va biz hali kashf qilmagan boshqa tahdidlarga qarshi kurashish tajribasining afzalliklarini oshkor qilishi mumkin.

Biz yolgʻizmizmi yoki yoʻqmi degan savolni muhokama qilishda SETI olimlarining aksariyati ikkita asosiy qoidani qabul qiladi. Birinchidan, NUJʼlar (nomaʻlum uchuvchi jismlar) odatda eʼtiborga olinmaydi, chunki koʻpchilik olimlar ularning borligiga ishora qiluvchi dalillarni jiddiy qabul qilmaydi (shunga qaramay kelajakda haqiqatan ham ishonchli dalillar paydo boʻlsa, ochiq fikrda boʻlishi ham muhim). Ikkinchidan, biz oʻzimiznikiga oʻxshash hayot shaklini qidirayotganimiz haqida juda konservativ taxmin qilamiz, chunki u bizdan tubdan farq qiladigan boʻlsa, biz oʻzimiz muloqot qila oladiganimizdan tashqarilarini hayot shakli sifatida tan olmasligimiz mumkin. Boshqacha qilib aytadigan boʻlsak, biz izlayotgan hayot shakli ikkita yashil boshli va yetti barmoqli mavjudot boʻlishi mumkin, ammo shunga qaramay, u oʻz safdoshlari bilan muloqot qilishi kerakligi jihatidan bizga oʻxshaydi. Koinotga qiziqing, bizning Quyosh kabi yulduz atrofida aylanuvchi sayyorada yashang va, ehtimol, biz kabi uglerod va suvga asoslangan cheklangan kimyoviy xossaga ega boʻling.

Hattoki biz bu kabi taxminlar qilganimizda ham, boshqa hayot shakllari haqidagi tushunchamiz hali ham keskin cheklangan. Biz, masalan, qancha yulduzlarning sayyoralari borligini bilmaymiz va hayotning kerakli sharoitda tabiiy ravishda qanday paydo boʻlish ehtimoli ham bizga qorongʻi. Biroq bizning galaktikamizdagi 100 mlrd yulduzga (Somon yoʻli) va kuzatilishi mumkin boʻlgan koinotdagi 100 mlrd galaktikaga qaraganimizda, bu sayyoralardan hech boʻlmasa bittasida hayot shakli yoʻqligi aqlga sigʻmaydigandek tuyuladi. Aslida, biz uglerodga asoslangan hayot sharoiti haqida ozgina bilganimizdan foydalanib, qila olishimiz mumkin boʻlgan eng yaxshi joʻyali taxmin — ehtimol, 100 000 yulduzdan birida hayot kechirish imkoniyati mavjud sayyora bor boʻlishi mumkinligi. Bu shuni anglatadiki, bizning astronomik jihatdan eng yaqin qoʻshnilarimiz 1 000 yorugʻlik yili uzoqligida joylashgan.

O'zga sayyoraliklar mavjudligi haqiqatmi? Noma'lum uchar jismlar qayerdan paydo bo'ladi?

Somon yoʻli galaktikasi / universetoday.com

Begona sivilizatsiya galaktika boʻylab maʼlumot yuborishning turli usullarini tanlashi mumkin, ammo ularning koʻpchiligi juda koʻp energiya talab qiladi yoki galaktika boʻylab ulkan masofani bosib oʻtishda jiddiy zaiflashadi. Maʼlum miqdorda uzatiladigan quvvat uchun: 1 000 dan 3 000 MGts chastota diapazonidagi radio toʻlqinlar eng katta masofani bosib oʻtadi va shuning uchun bugungi kunga qadar barcha qidiruvlar ushbu chastota diapazonida radio toʻlqinlarni qidirishga qaratilgan. Hozirgacha butun dunyo boʻylab turli guruhlar tomonidan bir qator qidiruvlar amalga oshirildi, jumladan, Yangi Janubiy Uelsning Parkes shahridagi radioteleskop yordamida avstraliyaliklar amalga oshirgan qidiruvlari bunga misol boʻladi. Hozirgacha qidirilgan bir necha yuzlab yulduzlardan hech qanday natija boʻlmagan. AQSH Kongressi 1992-yilda NASA (Milliy Aeronavtika va Fazo Maʼmuriyati — AQSH hukumatining ijroiya tashkilotlaridan biri boʻlib, Qoʻshma Shtatlarning fuqaro aviatsiyasi, fazoviy dasturlari va aeronavtik tadqiqotlarini olib boradi) ga yerdan tashqaridagi hayotni chuqur izlash uchun 10 yil davomida yiliga 10 mln dollar ajratganidan beri qidiruvlar koʻlami keskin oshirildi. Ushbu loyihadagi pulning katta qismi bir vaqtning oʻzida koʻplab chastotalarni izlash uchun zarur boʻlgan maxsus apparatni ishlab chiqishga sarflanadi. Loyiha ikki qismdan iborat: bir qismi dunyodagi eng yirik radioteleskoplar boʻlmish Puerto Rikodagi Aresibo shahrida Amerika tomonidan boshqariladigan teleskop va Fransiyaning Nansi shahridagi fransuz teleskopi yordamida maqsadli qidiruvni amalga oshirishdan iboratdir. Loyihaning ushbu qismi 1 000 dan 3 000 MGts chastota diapazonidagi signallarga yuqori sezuvchanlikka ega boʻlgan eng yaqin 1 000 ta yulduzni qidirmoqda. Loyihaning boshqa qismlari NASA chuqur kosmik tarmogʻining kichikroq antennalaridan foydalangan holda barcha boʻshliqni pastroqda kuzatib boradigan yoʻnaltirilmagan tadqiqotdir.

Agar biz oʻzga sivilizatsiyadan signalni aniqlasak, ularga qanday munosabatda boʻlishimiz kerakligi haqida jiddiy bahs-munozaralar mavjud. Darhol javob bermaslik kerak, degan fikrga hamma rozi. Qisqa vaqt ichida bunday katta masofaga elektron javob yuborish mantiqqa toʻgʻri kelmasligidan tashqari, u har qanday javob yuborilishidan oldin global hamjamiyat tomonidan hal qilinishi kerak boʻlgan koʻplab axloqiy savollarni keltirib chiqaradi. Agar Yerdan yaxshiroq va anchayin qadimiy sivilizatsiyaga duch kelinsa, insoniyat madaniy jihatdan zarbaga uchraydimi? Yaxshiyamki, bu shoshilinch masala emas. Qidirilayotgan yulduzlar yuzlab yorugʻlik yili uzoqlikda joylashgan, ularning signallari bizga yetib borishi uchun yuzlab yillar kerak, javobimiz esa ularga yetib borishi uchun yana bir necha yuz yil kerak boʻladi. Shunday ekan, inson zoti javob berish kerakmi yoki yoʻqmi, degan savolni muhokama qilayotganda va, ehtimol, javob loyihasini diqqat bilan ishlab chiqayotganda bir necha yil yoki oʻnlab yillar kechikishi muhim emas.



Muqova suratlar: freepik.com / wikipedia.org