2
Ulashish
828 marta koʻrilgan
978–1054
Yaroslav Donishmand
Yaroslav Kiyev knyazi Valdimir I hamda Vizantiya imperatori Vasiliy IIʼning qizi, malika Annaning o‘g‘li edi. Knyaz Vladimirning jami 12 ta o‘g‘li bo‘lgan. Ular orasida faqat Yaroslavgina rus tarixida katta iz qoldirgan, tarixga muhrlangan. Yaroslav bolaligidan juda yaxshi sifatli taʼlim olgan. Yunon tilida nafaqat gapirgan, balki yaxshi yoza olgan ham. Dinga bo‘lgan hurmat onadan meros bo‘lib, butun umri davomida, tom maʼnoda, haqiqiy nasroniy bo‘lib yashadi va Rus davlatida nasroniylikning mustahkamlanishiga katta hissa qo‘shdi. Yaroslavning ikkinchi ishtiyoqi, qiziqishi kitoblar bo‘lgan. Onasi Vizantiyadan olib kelgan katta kutubxonani meros qilib olgach, doimiy ravishda uni yangi kitoblar bilan boyitib borgan.
Knyaz Vladimirning o‘limidan so‘ng qonun bo‘yicha taxtni uning to‘ng‘ich o‘g‘li Yaroslav egallashi kerak edi. Biroq uning ukasi Svyatopolk kuch bilan Kiyev taxtini egallab oladi. Shundan so‘ng Yaroslav yagona taxtga daʼvogar shaxs bo‘lish niyatida barcha og‘a-inilarini yo‘q qilishga harakat qiladi: shafqatsiz ravishda kichik ukalari Boris va Glebni, keyin esa Svyatoslavni qiynab o‘ldiradi.
4 yil davomida aka-uka o‘rtasida davom etgan qonli urush nihoyat Yaroslavning g‘alabasi bilan yakunlanadi, Svyatopolk mag‘lub bo‘ladi. Jangdan so‘ng Svyatopolk Rus chegaralaridan tashqariga qochib ketadi va tez orada varyag (Kiyev rusidagi xalq) knyazi Eymund tomonidan o‘ldiriladi. Haddan tashqari shuhratparastligi va shafqatsizligi uchun Svyatopolk hali hayot chog‘idayoq ukasi Hobilni o‘ldirgan Qobil singari “Laʼnatlangan” laqabini oladi.
Yaroslav ukasini mag‘lub etib, yilnomada yozilishicha, “Kiyevda taxtni egallagach, g‘alaba va buyuk mehnat ko‘rsatib, mulozimlari bilan peshana terini artgan”. U 1019-yildan 1054-yilgacha 35 yil davomida hukmronlik qildi. Bu Kiyev Rusining siyosiy va iqtisodiy gullagan davri edi. 1036-yilda Yaroslav Kiyev devorlari yaqinida pecheneg (qadimgi turkiy xalq) qo‘shinini mag‘lub etadi va shundan so‘ng ular Rus davlatiga boshqa qadam bosmaydi. Buyuk g‘alaba sharofatiga Yaroslav Kiyevda avliyo Sofiya soborini qurishni buyuradi. Mazkur inshoot o‘sha paytda nasroniylar olamining eng muhim ibodatxonasi hisoblangan Konstantinopol soborining aniq nusxasi bo‘lgan. Yaroslav shu tarzda Kiyevni Vizantiya poytaxti bilan tenglashtirishga erishadi.
Keyinroq Polotsk va Novgorodda ham shunga o‘xshash soborlar qurila boshlaydi. Novgorodliklar uchun Sofiya sobori shaharning ozodligi va mustaqilligi ramzi bo‘lib qoladi. Yaroslav hukmronligi davrida Kiyev nasroniy olamidagi eng yirik shaharlardan biriga aylanadi: shaharning asosiy kirish qismiga Oltin darvoza o‘rnatiladi, 400 ga yaqin cherkov va bir nechta bozor quriladi. Yaroslav Rus davlatining qudrati va Vizantiya bilan tengligini ko‘rsatish uchun Konstantinopol patriarxidan rozilik olmasdan Kiyev mitropolitini tayinlaydi.
“Qonun va inoyat haqidagi so‘z” kitobining muallifi, taniqli yozuvchi va ilohiyotchi Illarion rus cherkovining bosh ruhoniysi etib tayinlanadi. Yaroslav, ayniqsa, rus xalqining maʼrifatiga alohida eʼtibor bergan holda otasi knyaz Vladimir siyosatini davom ettirgan. U otasi davrida ochilgan ruhoniylar tayyorlaydigan Kiyev maktabini kengaytiradi. Bir vaqtning o‘zida 300 ga yaqin kishi o‘qishi mumkin bo‘lgan shunga o‘xshash yangi maktab ham ochadi. Aynan Yaroslav davrida yilnoma yozish boshlangan, yilnomachilar avval Kiyevda va taxminan 1050-yilda Novgorodda paydo bo‘la boshlagan.
Keyin esa bu anʼana butun Rus davlati bo‘ylab tarqalgan. Yaroslavning taʼlim siyosatidagi muvaffaqiyati ko‘p jihatdan o‘qimishli bo‘lgani va kitoblarni juda yaxshi ko‘rgani bilan bog‘liq. Donishmand deb atalishining sababi ham aynan shunda. U Kiyevda yozuvchi va tarjimonlarni to‘plab, Vizantiya kitoblarini yunon tilidan tarjima qilishni buyuradi. Kitoblar nafaqat Vizantiya, balki yunon mualliflariga tegishli bo‘lgan ilohiy va tarixiy asarlar edi. Mazkur tarjima qilingan kitoblar ro‘yxati keyinchalik turli monastirlarga tarqatiladi. Shu tarzda asta-sekin Rus davlati qadimgi dunyo buyuk madaniyatining bir qismiga aylanib bordi.
Rus davlatining boshqa mamlakatlar orasida o‘z mavqeyini mustahkamlashi uchun Yaroslav nasroniy dunyosining kuchli monarxlari bilan qarindoshlik aloqalarini o‘rnatadi. O‘g‘illaridan biri Vsevold Vizantiya imperatori Konstantin IXʼning kuyovi bo‘lsa, qizlari Anna, Anastasiya va Yelizaveta esa Fransiya, Vengriya va Norvegiya qirollariga turmushga chiqadi. Bu vaqtga kelib Rus davlatining nasroniy olamidagi obro‘si ancha yuqori bo‘lganini quyidagi fakt ham tasdiqlaydi. Kiyev knyazining qizi Anna Yaroslavnaga Fransiyada toj kiydirish marosimida Kiyevdan maxsus Injil keltirilgan bo‘lib, tantanali marosimdan keyin Reyms soborida qoldiriladi. Keyinchalik 1825-yilgacha barcha fransuz monarxlari marosimlarda aynan shu kitobdan foydalangan.
Yaroslav rus yerlarida ichki tartibni mustahkamlashga ham urg‘u bergan. Uning davrida “Pravda” (ruscha “pravit”, yaʼni hukmronlik, hukm qilish) deb nomlangan zarur qonunlar ro‘yxati tuzilgan bo‘lib, keyinchalik u Vladimir Monomaxning “Rus haqiqati” nizomi asosiga aylanadi. Yaroslavning “Pravda”sida ilk marta butun Rus davlati hududida sud ishlarini yuritishning yagona tartibi o‘rnatilgan. Uzoq vaqtdan beri odamlarning qasos olish uchun sudsiz jazoni qo‘llab kelayotgani cheklangan va uning o‘rnini jarima tizimi egallagan. Ruslardagi yangi sud islohotlari asosan Yevropa tizimini takrorlagan bo‘lsa-da, biroq ko‘rsatma olish uchun qiynoqlardan foydalanishni rad etadi.
Davlatining gullab-yashnashiga ulkan hissa qo‘shgan Yaroslav Donishmand 1054-yilda, afsuski, og‘ir kasal bo‘lib qoladi. Farzandlari o‘zining achchiq tajribasini boshidan o‘tkazishini va hokimiyat uchun o‘zaro kurash olib borishini istamagani uchun merosni oldindan taqsimlab, hayot paytidayoq barcha kerakli ko‘rsatmalarni beradi. O‘rniga katta o‘g‘li Izyaslavni valiahd etib tayinlab, qolgan farzandlariga ham turli shaharlarni taqsimlab beradi. Yaroslav Donishmand farzandlariga oxirgi Rus yerlarini birlashtirib, ehtiyot qilish buyrug‘ini berib, vafot etadi. Ammo bu vasiyat faqat Vladimir Monomax davridagina bajariladi.
Muqova surat: wikipedia.org