2
Ulashish
1079 marta koʻrilgan
1837–1923
Yan Van der Vaals
Yan Diderik Van der Vaals (gollandcha Johannes Diderik van der Waals) — golland fizigi, gaz va suyuqlik agregati (maʼlum xossaga ega boʻlgan moddaning holati) yagona fizik tamoyilga asoslanishini tasdiqlovchi, holat tenglamasini keltirib chiqargan mashhur olim. Uning asosiy ilmiy ishlari nazariy va molekulyar fizika sohalariga taalluqlidir. Fizika boʻyicha 1910-yilgi Nobel mukofoti laureati. Yan Diderik Van der Vaals 1837-yilning 23-sentabrida Gollandiyaning Leyden shahrida tugʻilgan. U oʻrta maktabni tugatgach, Leydendagi boshlangʻich maktablarning birida dars berish bilan ish boshlagan. Yan Diderik bir vaqtning oʻzida Leyden universitetiga haqiqiy talabalik huquqidan farq qiluvchi “erkin tinglovchi” maqomi bilan maʼruzalar tinglash uchun doimiy qatnagan.
Chunki oʻsha vaqtdagi Gollandiya davlatining ayrim qonunlariga koʻra, Van der Vaals oliy taʼlim muassasasida oʻqish huquqiga ega boʻlmagan. Shunga qaramay, u 1862–1865-yillar davomida Leyden universitetidagi asosiy maʼruza va seminarlarning barchasida qatnashgan. Shu tarzda u oʻzining oʻrta maktablarda fizika va matematikadan dars berish huquqini beruvchi sertifikatining tatbiq doirasini kengaytirishga muvaffaq boʻlgan. U 1864-yildan boshlab, Deventer shahrining umumiy oʻrta taʼlim maktabida oʻqituvchilik qila boshlaydi. 2 yildan soʻng, yaʼni 1866-yilda u Gaagadagi oʻrta maktablarning biriga ishga oʻtadi va keyinchalik oʻsha muassasada direktor lavozimiga tayinlanadi. 1869-yilda molekulalar orasidagi oʻzaro taʼsir kuchini kashf qiladi va ushbu kuchlar olimning nomi bilan “vandervaals kuchlari” deb yuritila boshlandi.
1870-yillarga kelib, uning oliy maʼlumotga ega boʻlishiga toʻgʻonoq boʻlayotgan qonunlarga jiddiy oʻzgartirish kiritiladi hamda Van der Vaals Leyden universitetiga oʻqishga kiradi. 1873-yilda mazkur universitetning Fan doktori ilmiy darajasini qoʻlga kiritadi. Uning ushbu unvonga erishishiga sabab boʻlgan ilmiy ishi — “Suyuqlik va gaz holatining uzluksizligi haqida” nomli dissertatsiyasi boʻlib, ushbu ish oʻz davrining ilmiy jamoatchiligida katta qiziqish uygʻotgan edi. Ushbu dissertatsiyada u moddalarning suyuqlik va gaz holatining yagona fizik tamoyilga asoslanishini ifodalovchi fizik modelini bayon qilib bergan boʻlib, ushbu modelga asoslanib, muvozanat holatidagi suyuqlik va uning bugʻ harorati maʼlum darajaga yetgandagi holat tenglamasini keltirib chiqargan. Mazkur yangilik uchun Van der Vaals “Suyuqlik va gazning holat tenglamasi borasidagi ishlari uchun” izohi bilan 1910-yildagi fizika boʻyicha Nobel mukofotiga loyiq deb topilgan.
1877-yilda Amsterdam universitetining ochilishi munosabati bilan Van der Vaals ushbu universitetga fizika professori lavozimiga ishga taklif etiladi va olim u yerda 1877-yildan to 1908-yilgacha ish olib boradi. Ilmiy faoliyati davomida olim koʻplab darslik va risolalar nashr ettiradi. Xususan, uning muallifligidagi “Suyuqlik va gaz holatining uzluksizligi” (1873-yil) hamda “Termodinamika darsligi” kitoblari hozirgi kunda termodinamika faniga oid mumtoz-namunaviy asarlar sirasiga kiradi. Yan Diderik Van der Vaals 1923-yilning 8-mart sanasida Amsterdamda vafot etgan.
Muqova suratlar: wikipedia.org / wiki.laser.ru