Orqaga
Kolumb biografiyasi, bolaligi, ta'lim, hayoti, karyerasi, yutuqlari, o'limi va oilasi haqida.

44 marta koʻrilgan

1451–1506

Xristofor Kolumb

Xristofor Kolumb Italiyaning Genuya shahrida tugʻilgan boʻlib, uning otasi kambagʻal toʻquvchi edi. Kolumb dengiz yaqinida yashagani sababli bolaligidayoq oʻzining birinchi sayohatlarini uyushtirgan. U 4 ta til: ona tili – italyan, ispan, portugal va lotin tillarini biladigan, yetarlicha bilimli odam edi. Kolumb tahsil olganmi yoki oʻzi mustaqil oʻrganuvchi daho boʻlganmi hozirgacha nomaʼlum boʻlib, uning birinchi ekspeditsiyasidan oldingi biografik maʼlumotlari juda kam va bir-biriga qarama-qarshidir. Baʼzi arxiv maʼlumotlariga koʻra, 1476-yilda Chenturion savdo uyida kotib sifatida ishlagan Kolumb oʻsha paytda yirik dengiz kuchiga ega boʻlgan Portugaliyaga koʻchib oʻtgan. U yerda uylanib, uzoq vaqt kema haydash sanʼatini mukammal egallagan.

Oʻsha paytda koʻplab Gʻarbiy Yevropa davlatlari Janubiy va Sharqiy Osiyo mamlakatlariga dengiz orqali chiqish yoʻllarini qidirib, keyinchalik “Hindiston” umumiy nomi ostida birlashgan edi. Bu mamlakatlardan Yevropaga qalampir, muskat yongʻogʻi, chinnigul, dolchin va qimmatbaho ipak matolar kelar edi. Ispaniya Hindistonga dengiz orqali yetib bora olmasdi, chunki Portugal floti Afrikaning gʻarbiy qirgʻogʻida uning yoʻlini toʻsib turardi.

Garchi XIV asrda cherkov bunday fikrlarni bidʼat deb hisoblasa-da, XV asrda Yerning sharsimon shakli haqidagi gʻoya ilmli odamlar orasida uncha shubha tugʻdirmasdi. Shuning uchun ham doimo gʻarbga, Atlantika okeani boʻylab kemada suzib ketilsa, oxir-oqibat Sharqiy Osiyoga yetib borish mumkin degan taxmin ularga begona emas edi. Toʻgʻrisi, u davrda koʻp olimlar Yer shari hajm jihatdan ancha kichikroq deb tasavvur qilar, shuningdek, Atlantika okeanining gʻarbdan sharqqa boʻlgan haqiqiy hajmini yetarlicha baholamagan edi. Garchi Osiyo mamlakatlariga borish vasvasasi kuchli boʻlsa-da, ispanlarning hech biri bu nomaʼlum va xavfli sayohatga jurʼat eta olmasdi. Ammo keyinroq Ispaniyaga xarita chizish va yelkanli kemalarni boshqarishni yaxshi biladigan dengizchi keladi. Ispanlar uni Kristobal Kolon (Xristofor Kolumb) deb atay boshlaydi.

Kolumb bu sayohatni anchadan beri oʻylab yurgan edi, biroq uning bu loyihasi Portugaliya qiroli tomonidan rad etilgani uchun u Kastiliyaga borgandi. Nihoyat baʼzi nufuzli shaxslarning yordami bilan u Ispaniya qirolichasi Izabellaning oldiga kirishga ruxsat oladi va uni gʻarb tarafdan Osiyo qirgʻoqlariga suzib oʻtish loyihasiga qiziqtirishga harakat qiladi.  1486-yilda qirolicha bu loyihani maxsus komissiya koʻrib chiqishini buyuradi va bu komissiya 1490-yilda Kolumbning dalillarini ishonchsiz deb tan olib, salbiy qaror qabul qiladi.

1491-yil noyabr oyida u malika bilan uchrashish uchun ikkinchi marta ruxsatnoma oladi va uning loyihasi tarkibi asosan ruhoniylardan iborat maxsus komissiyaga topshiriladi. Kolumb oʻz loyihasini jon-jahdi bilan himoya qiladi, ammo uning hech qanday dalillari rohiblarga taʼsir qilmaydi, chunki ular Kolumbga admiral hamda vitse-qirol unvonini berishni istamaydi. Shundan soʻng Kolumb loyihasi atrofida kurash boshlanadi: bir tomondan Ispaniya hukumati oʻz omadini sinab koʻrmoqchi boʻlsa, ikkinchi tomondan rohiblardan choʻchib turadi.

Hech narsaga erisha olmagach, Kolumb Ispaniyani tark etib, Fransiyada oʻz omadini sinab koʻrmoqchi boʻladi. Kutilmaganda Ispaniya qirolichasi Izabella uning loyihasini qabul qiladi va u bilan shartnoma tuzadi. Unga koʻra, u kema, odamlar, yetarlicha oziq-ovqat oladi, agar muvaffaqiyat qozonsa, oʻzi kashf etgan hududlarning vitse-qiroli boʻladi, admiral unvonini oladi hamda ochiq mamlakatlar bilan savdodan tushgan daromadning bir qismi unga tegishli boʻladi. Biroq u ekspeditsiyaga kerakli asbob-uskunalar uchun barcha xarajatlarning 1/8 qismini toʻlashi kerak edi.

Kolumb rozi boʻladi va 1492-yil 3-avgustda Palos shahridan 3 ta kichik kema: “Ninya”, “Pinta” va “Santa Mariya” dengizga chiqadi, ularning eng kattasi atigi 20 m uzunlikda edi. 3 kemada jami 90 nafar dengizchi boʻlib, ularning aksariyati jinoyatchilardan iborat edi. Kemalar Kanar orollari tomon yoʻl oladi, u yerda “Pinta” kemasining taʼmirlanishi sababli 1 oyga qolib ketadi. Ular faqat 6-sentabrdagina gʻarbga qarab rosmana yoʻlga chiqadi. Ekspeditsiya Kanar orollarini tark etganiga 33 kun oʻtgan boʻlsa-da, uzoq kutilgan yer hali ham koʻrinmasdi, shu sabab kemadagilar noliy boshlaydi.

Kolumb ularni tinchlantirish uchun kema jurnaliga bosib oʻtgan km ni ataylab kamaytirib yozib boradi. 12-oktabr kuni kemalar tropik oʻsimliklar bilan qoplangan kichik orolga yaqinlashadi. Bu Xristofor Kolumb San-Salvador deb atagan Bagama arxipelagidagi orollardan biri edi. Keyinchalik ular boshqa guruh orollarni, shuningdek, Kuba oroli qirgʻoqlarini kashf etadi, Gaiti orolini va boshqa bir qator orollarni oʻrganib chiqadi.

Xristofor Kolumb Osiyoning sharqiy qirgʻoqlari yaqinidagi baʼzi orollarni kashf etayotganiga qattiq ishonardi. Bu ochiq orollarga tashrif buyurgan ispanlar birinchi marta makkajoʻxori, tamaki va kartoshkani koʻradi. Hindistonga yaqinlashganiga ishonch hosil qilgan Kolumb orol aholisini hindular deb atay boshlaydi.

Akasi boshchiligida odamlarning bir qismini ushbu orollarning birida qoldirib, Ispaniyaga qaytib ketadi. Kolumb Osiyoga yoʻl ochganiga dalil sifatida oʻzi bilan orolning bir nechta odamlarini, yovvoyi qushlarning patini va yevropaliklarga nomaʼlum oʻsimlik mevalarini olib ketadi. 1493-yil 15-martda Palos aholisi Xristofor Kolumbni qahramon sifatida kutib oladi. Ammo qaytish yoʻli uzoq va mashaqqatli boʻlgan edi: eng sovuq va shiddatli boʻronlardan iborat qish fasli hukmronlik qilgan, “Ninya” kemasi tez-tez kuchli boʻronlarga duch kelib, faqatgina Kolumbning tajribasi tufayli bu sayohat nihoyasiga yetgan edi.

Jasur dengizchining ilk sayohati shunday yakun topadi. Uning loyihasi natijasida bir nechta orollar topiladi, Atlantika okeanining kengligi haqida ishonchli maʼlumotlar paydo boʻladi, Sargasso dengizi kashf etiladi, okean suvining gʻarbdan sharqqa oqimi aniqlanadi va birinchi marta kompas magnit ignasining tushunarsiz harakati qayd etiladi.

Xristofor Kolumb Barselona qirollik oilasiga tantanali ravishda qabul qilinadi, u yerda u oʻz sayohati haqida soʻzlab beradi va orollardan olib kelgan buyum hamda odamlarni koʻrsatadi. U zodagonlik unvoni va gerb bilan taqdirlanadi, shuningdek, uni admiral, vitse-qirol deb atay boshlashadi. Tez orada Xristofor Kolumb ikkinchi ekspeditsiyasini amalga oshirishga shaylanadi. Bu safar u 17 ta kema va 2 000 kishidan iborat jamoani yigʻadi.

1493-yil 25-sentabrda ekspeditsiya Kadis shahridan chiqib, gʻarbga qarab yoʻl oladi. 3 yil davom etgan bu sayohat davomida Xristofor Kolumb Kichik Antil orollari guruhiga mansub bir qancha orollarni, Yamayka, Puerto-Riko orollarini kashf etadi va Kubaning janubiy qirgʻoqlarini oʻrganib chiqadi. Xristofor Kolumb ikkinchi sayohatidan Ispaniyaga 1496-yilda qaytib keladi, biroq bu safar kutilgan miqdorda oltin topilmagani uchun uni sovuq kutib olishadi. Sovuq qabulga qaramay, Kolumbning uchinchi safari masalasi ijobiy hal qilinadi, chunki Portugaliya Afrika atrofida dengiz orqali Hindistonga ekspeditsiya tayyorlayotgani haqida xabar yetib kelgan edi. Shunday qilib, Kolumbning uchinchi sayohati 1498–1500-yillarda 6 ta kemada amalga oshiriladi.

Ushbu sayohat davomida jasur Kolumb ilk marta materikka tushadi va Orinoko daryosi deltasini oʻrganadi, materikning shimoliy qirgʻoqlariga juda yaqinlashadi, Trinidad oroli va Pariya koʻrfazini kashf etadi. Biroq Espanyola orolida uni katta xavf kutayotgan edi: qirollik juftligi Xristofor Kolumb boylikning katta qismini oʻzlashtirib olishi va u kashf etgan yerlarning hukmdori boʻlishidan qoʻrqib, uni hibsga olishni va shartnomada yozilgan barcha unvon hamda imtiyozlardan mahrum qilishni buyuradi. Kishanlangan Xristofor Kolumb 1500-yil oktabr oyida Ispaniyaga qaytib keladi. Oʻzining aybsizligini isbotlash uchun u koʻp kuch sarflaydi va oqlangan boʻlsa-da, bu xoʻrlikni hech unuta olmaydi.

Koʻp oʻtmay, Kolumb katta qiyinchilik bilan boʻlsa ham, yana bir sayohatga ruxsat olishga muvaffaq boʻladi. Uning rejasi gʻarb tomon harakatlanib Hindistonga yetib borish, soʻngra Afrikani aylanib oʻtib, Ispaniyaga qaytish edi. U birinchi boʻlib dunyo boʻylab sayohatni rejalashtirgan edi, lekin buni amalga oshira olmaydi. Ekspeditsiya juda tez materik qirgʻoqlariga yetib boradi va boʻgʻoz topish maqsadida janubi-gʻarbiy tomonga qarab harakat qiladi. Bu juda qiyin yoʻl edi, chunki odamlar juda charchagan, Kolumb esa ogʻir kasal boʻlishiga qaramay kemani oʻzi boshqarardi.

1504-yilning noyabrida sayohatchi oʻzining toʻrtinchi sayohatiga bir yarim yil vaqt sarflab, va nihoyat Ispaniyaga qaytib keladi. Ammo hukumat unga oʻz martabasini qaytarmaydi va Xristofor Kolumb hayotining soʻnggi yillarida oʻzining buyuk sayohati oldidan qanday qashshoq boʻlgan boʻlsa, shundayligicha qoladi. 1506-yil 20-mayda Valyadolid shahrida vafot etadi. Uning oʻlimini hatto zamondoshlari ham sezmay qoladi, kuli esa Avila monastiriga joylashtirildi. Xristofor Kolumb umrining oxirigacha Osiyo sohillarini kashf etgani va tadqiq qilganiga ishonchi komil boʻlib dunyodan oʻtgan.



Muqova suratlar : wikipedia.org / hearstapps.com