Orqaga
Xitoyda buddaviylik dinining vujudga kelishi, Xitoy buddizmi tarixi, Xan sulolasi davrida buddizm hamda buddizmning tarqalishi haqida.

663 marta koʻrilgan

I asr

Xitoyda buddizmning vujudga kelishi

Xitoy buddizmi tarixi Xan sulolasi davridan, birinchi marta Ipak yoʻli tarmoqlari orqali (quruqlik va dengiz yoʻllari orqali) kirib kelganda boshlangan. Xitoy buddistlari tarixining dastlabki davrida buddizmni targʻib qilish, buddizm tashkilotlarini yaratish va buddist matnlarni xitoy tiliga tarjima qilish boʻyicha harakatlarni amalga oshiradi. Ushbu saʼy-harakatlarga Hindiston va Markaziy Osiyodan Kumarajiva va Paramartha kabi xitoylik boʻlmagan missionerlar, shuningdek, Xuanzang kabi xitoylik buyuk ziyoratchilar va tarjimonlar boshchilik qilgan. Xan davridan keyin buddizm yanada koʻproq Xitoy madaniyatiga taʼsir koʻrsatib, noyob Xitoy anʼanalari vujudga keldi, masalan, Sof yer¹ (Pure land), Chan², Tyantay³ va Huayan⁴ . Ushbu anʼanalar Koreya, Yaponiya va Vyetnamga ham kirib boradi va ular butun Sharqiy Osiyo buddizmiga taʼsir koʻrsatadi.

Garchi buddizm zamonaviy davrda, masalan, Tayping qoʻzgʻoloni va madaniy inqilob davrida ibodatxonalarning keng miqyosda vayron boʻlishi kabi koʻplab muvaffaqiyatsizliklarga duch kelgan boʻlsa-da, u islohot va tiklanish davrlarini ham boshdan kechirdi. Buddizm hozirda Xitoyning asosiy qismida eng yirik tashkilotlashtirilgan din hisoblanadi.

Buddizm Xitoy tuprogʻida qadim zamonlardan buyon mavjudligini turli xil rivoyatlardan ham bilib olishimiz mumkin. Olimlar ushbu din Xitoyga ilk bor milodiy birinchi asrda Xan sulolasi davrida hindistonlik missionerlar orqali kirib kelgan deb xulosa qilgan boʻlsa-da, Xitoyga qachon kirib kelgani aniq emas. Keyingi avlod olimlari esa buddist missionerlar Xitoyga birinchi marta Xan hukmronligidagi Ipak yoʻlining dengiz yoki quruqlik yo‘llari orqali kirib kelgani borasida bahs-munozaralar olib borgan. Ushbu gipotezaga koʻra, buddizm birinchi marta Xitoyda Gʻarbiy mintaqalarda poytaxt shahar boʻlmish Luoyangda (hozirgi Xenan) amalga kiritilgan.

Xan Mingdi — Veyd-Giles romanizatsiyasi boʻyicha Ming-ti, asl ismi Liu Chjuang, maʼbadcha nomi esa Chjiangzong boʻlgan (milodiy 27–75). Undan keyingi avlodlar uni “Xan imperatori Ming” deb atagan. U Sharqiy Xan sulolasining (milodiy 25–220-yillar) ikkinchi imperatori edi. Uning hukmronligi davrida buddaviylik Xitoyga kirib kelgan deb taxmin qilinadi. Xitoyda Mingdi sajda qilishi uchun Budda Shakyamunining oltin siymosi uning tushiga kirgan degan afsonalar mavjud. Ayrim manbalarga koʻra, imperator Hindistondan ikki nafar buddist rohibni yollab, Dong Xan poytaxti Luoyangda birinchi buddaviylik ibodatxonasini barpo ettirgan.

Xitoyda Tan sulolasi (618–907) hukmronligi davrida ham buddizm dini ravnaq topdi. Bu davrda imperiya hududi boʻylab koʻplab monastir va ibodatxonalar mavjud boʻlgan. Aholining koʻp qismi esa ushbu dinni qabul qilgan. Buddizm daoizmga⁵ qaraganda keng tanilgani va koʻproq izdoshlarga ega boʻlgani bilan barcha ijtimoiy tabaqalar orasida keng yoyildi hamda Xitoy madaniyatiga juda katta taʼsir oʻtkazdi. Buddaviylikka oid mavzular ushbu davr adabiyotining koʻp qismida, jumladan, Van Vey (701–761) va Bo Juyi (772–846) kabi mashhur shoirlarning asarlarida uchraydi. Bu davrdagi badiiy majmualar, masalan, Longmen grottolari⁶ ham buddizm bu davrda badiiy joʻshqinlikka ega boʻlganini tasdiqlaydi.

Subhakarasimha⁷, Vajrabodhi⁸ va Amoghavayraning⁹ Xitoyga kelishi, shuningdek, ularning imperator Syuanszun hukmronligi davrida (milodiy 716–720) ezoterik buddizmga¹⁰ asos solishi Xitoy buddizmi tarixida navbatdagi muhim voqea boʻldi. Buddizm dinining xitoycha shakli boʻlgan Vajrayana aholining zodagon tabaqasi orasida keng tarqaladi va imperator Tan Daizong (762–779) davrida esa yuqori tabaqalar orasidagi taʼsiri sezilarli darajada oshadi.

Ammo Xitoy imperatori Tan Vuzong davrida buddistlarga qarshi olib borilgan taʼqiblar (841–845) Xitoydagi buddizm ibodatxonalariga katta taʼsir koʻrsatadi va ularni zaiflashtiradi. Bu taʼqiblarning asosiy ehtimoliy sabablaridan biri — Xitoyning oʻsha paytda soliqlar va boylikka muhtoj ahvoli boʻlishi mumkin. Besh sulola va oʻn qirollik davri (907–960/979) — buyuk siyosiy qoʻzgʻolon va fuqarolar urushi davri ham Xitoy buddizmiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Ushbu davrda Xitoy buddizmiga oid turli xil anʼanalar qisqartirildi yoki butkul yoʻq boʻlib ketdi.

Xitoyda buddaviylik dinining vujudga kelishi, Xitoy buddizmi tarixi, Xan sulolasi davrida buddizm hamda buddizmning tarqalishi haqida.

Pratisara mantrasi uchun Siddhaṃ skriptidan xitoycha foydalanish, Tang darvi milodiy 927-yil / wikipedia.org

Song sulolasi davri (960–1279)da Xitoy buddizm madaniyati gullab-yashnadi. Chan buddizmi¹¹ buddaviylikning nufuzli yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Chunki buddizm tashkilotlari oʻsha davrda imperator hukumati bilan yaqin aloqada boʻlgan va maʼbad (ibodatxona) boshqaruvi ham yuqori darajada tashkillashtirilgan edi.

Keyinchalik Yuan sulolasi (1271–1368) Tibet buddizmi (shu hududda amalda boʻlgan buddizm)ga homiylik qildi. Shu sababli bu davrda Tibet buddizmi anʼanasi barqaror rivojlana boshladi. Oʻsha davrda lamalarga¹² koʻrsatilgan bu homiylik tantraning¹³ buzilgan shakllari tarqalishiga sabab boʻlgan degan tushuncha bor edi. Yuan sulolasi taxtdan agʻdarilgach, Ming sulolasi hukmronligi oʻrnatiladi, keyin esa Tibet lamalari saroydan haydab chiqariladi va Tibet buddizmi keng tarqalgan mazhab emas deb qoralanadi.

Ming sulolasi davrida (1368–1644) Tyantay, Xuayan va Yogakara kabi mahalliy Xitoy anʼanalarini oʻrganish qayta tiklandi va oʻsha davr rohiblarning koʻpchiligi chan buddizmining ikkita asosiy maktabiga — Linji va Kaodongga tegishli edi.

Xitoyda buddaviylik dinining vujudga kelishi, Xitoy buddizmi tarixi, Xan sulolasi davrida buddizm hamda buddizmning tarqalishi haqida.

Xitoylik buddist rohiblari / wikipedia.org

Oʻz tarixining ushbu bosqichida Xitoy buddizmi ham Xitoyning barcha asosiy anʼanalaridan kelib chiqqan holda keng qamrovga ega boʻldi. Bunga Xitoy buddizmining buyuk islohotchilaridan biri Xanshan Dezin siymosini misol qilish mumkin. Koʻplab zamondoshlari kabi u ham Chan va Sof yer amaliyotlarini qoʻllab-quvvatlagan. U, shuningdek, amaliyotchilarni mantralardan¹⁴ foydalanishga va muqaddas oyatlarni oʻqishga yoʻnaltirdi. U maʼruzachi va sharhlovchi sifatida mashhur boʻlgan. Oʻz vaqtida zamondoshlari uning qoidalariga qatʼiy rioya qilishidan hayratga tushgan.


[1] Sof yer anʼanasi — birinchi navbatda Buddaning “sof yerida” yoki Budda maydonida qayta tugʻilishga erishishga qaratilgan anʼana boʻlib, odatda Buddaning taʼsir doirasi hisoblanadi.
[2] Chan anʼanasi — Mahayana buddistlarining barcha mavjudotlar ongi allaqachon Budda aqli kabi ekani haqidagi eʼtiqodini anglatadi.

[3] Tyantay anʼanasi — Muqaddas kitobni oʻrganishga, meditatsiya amaliyotiga urgʻu beradi va ongni kuzatish orqali buddaviylikka tez erishishni oʻrgatadi.
[4] Huayan anʼanasi — gul gulchambar sutrasini Buddaning yakuniy taʼlimoti deb biladi.
[5] Daoizm — qadimgi Xitoy falsafasi va dini boʻlib, u amal qiluvchilarga koinot bilan uygʻunlikda qanday yashashni oʻrgatadi.
[6] Longmen grottolar yoki Longmen gʻorlari Xitoydagi buddizm sanʼatining eng yaxshi namunalaridan biridir.
[7] Subhakarasimha — taniqli hind buddist rohibi va ezoterik buddizm mutafakkiri boʻlib, u milodiy 716-yilda Xitoy poytaxti Changʻanga kelgan va Mahavairochana Abhisambodhi Tantrani tarjima qilgan.
[8] Vajrabodhi — hind ezoterik buddist rohibi va Tan hukmronligi ostidagi Xitoy davlatida oʻqituvchi edi. U Srivijaya imperiyasi hududlarida Vajrayana buddizmini joriy etgani bilan ajralib turadi.

[9] Amoghavayra (705–774) — Xitoy tarixidagi siyosiy jihatdan eng kuchli buddist rohiblaridan biriga aylangan va sermahsul tarjimon edi.
[10] Ezoterik buddizm — sanskrit tilidan “Olmos yoʻli” degan maʼnoni anglatuvchi Vajrayana buddizmi nomi bilan mashhur. Bu Tibet, Moʻgʻuliston, Rossiyaning Buryatiya va Qalmogʻiston davlatlarida buddizmning asosiy shaklidir.
[11] Chan buddizmi — Xitoyning Bodxidxarmaga tegishli boʻlgan yirik buddizm oqimi
boʻlib, u oʻz ongini maʼrifat qilish orqali buddizmning oliy diniy maqsadi boʻlgan buddalikka erishishni taʼkidlaydi.
[12] Lama  — Tibet buddizmidagi Dxarma oʻqituvchisi uchun unvon.
[13] Buddist tantralari — hind va tibet matnlarining xilma-xil guruhi boʻlib, buddist tantra diniy tizimlarining oʻziga xos qarash va amaliyotlarini tavsiflaydi.
[14] Mantra — hinduizm va buddizmda ruhiy taʼsirga ega boʻlgan muqaddas soʻz (boʻgʻin, soʻz yoki oyat).


Manbalar: wikipedia.org / britannica.com
Muqova suratlar: britannica.com / midjourney.com