Orqaga
Milodiy 79-yil Vezuviy togʻida otilgan vulqon Pompey shahrini yoppasiga kul ostiga dafn etdi va bu shaharni kelasi 17 asr davomida vulqon qoldiqlari himoyasida turli xil ofatlardan omon saqladi.

962 marta koʻrilgan

VIII–IX

Vezuviy vulqonining otilishi

Milodiy 79-yilning 24-avgust kuni tushga yaqin Vezuviy togʻida yuzaga kelgan katta portlash Pompey shahri ustiga vulqon qoldiqlarini yogʻdirdi. Ertasi kuni esa kuydiruvchi issiq gaz bulutlari shaharni qoplab oldi. Binolar vayron boʻldi, odamlar vulqon qoldiqlari ostida koʻmilib qoldi yoki gazdan boʻgʻilib vafot etdi. Shahar esa butunlay kul va vulqontosh ostida qoldi. Koʻp asrlar davomida Pompey shahri kul ostida qoplangancha qolib ketdi. Bu esa shahar qoldiqlarining mukammal darajada saqlanib qolishiga hissa qoʻshgan.

Nihoyat, shahar 1700-yillarda kashf qilindi. Vaqt oʻtishiga qaramay, aslicha saqlanib qolgan murakkab tuzilmali Yunon-Rim shahri butun dunyoni hayratda qoldirdi. Shahardagi ulkan jamoat binolari qatorida ajoyib tarzda qurilgan forum va amfiteatrni ham uchratish mumkin. Shuningdek, Pompey xarobalaridan miloddan avvalgi IV asrga tegishli dabdabali villalar (shahar tashqarisidagi koʻshk, favvora va katta bogʻli hovli joy)  va turli xil uylar topilgan. Binolarning ichkari qismida portlashdan boshpana izlagan odamlarning qoldiqlari saqlanib qolgan. Boshqa odamlar esa vulqondan qochib ketayotgan vaqtidayoq dafn etilgandek yotibdi. Nonvoyxonalardagi nonlar haligacha pechlarda turgan holda topildi. Binolar va ularning ichida joylashgan buyumlar qadimgi dunyoda kundalik hayot qanday kechganini ochib berdi va XVIII asrda barcha klassik hodisalarga qiziqish uygʻotdi.

Pompey shahri Sarnus (zamonaviy Sarno) daryosi ogʻzidan shimolda joylashgan qadimiy lava oqimidan hosil boʻlgan qayrilishda qurilgan edi.  Gerkulanum, Stabi, Torre Annunsiata va boshqa aholi yashash joylari Pompey bilan birga vayron boʻlgan. Pompey, Gerkulanum va Torre Annunsiatalarning barchasi 1997-yilda birgalikda YUNESKOning jahon meʼrosi roʻyxatiga kiritilgan.

Pompey vulqon otilishi natijasida vayron boʻlgan paytda u yerda 10 000 dan 20 000 nafargacha aholi yashagan. Zamonaviy Pompey shahri (kommuna) (2011-yil maʼlumotlariga koʻra 25,440 kishi istiqomat qiladi) sharqda joylashgan va u yerda Santa Mariya del Rozario Bazilikasi — ziyorat markazi joylashgan.

Pompey shahri

Tarixiy manbalarda yozilishicha, Pompey, Gerkulanum va ularga yaqin atrofda joylashgan shaharlarga birinchi boʻlib Kampaniyaning neolit davriga oid oskan tilida (Fransiya, Ispaniya, Italiya va Monakoda tarqalgan boʻlib, yevrosiyo tillar turkumining roman tillari oilasiga mansub boʻlgan til) soʻzlashuvchi aholisi kelib joylashgan. Arxeologik topilmalar shuni koʻrsatadiki, strategik jihatdan Sarnus daryosining toʻgʻrisida joylashgan Pompey shahridagi oskan tilida soʻzlashuvchi aholiga tez orada miloddan avvalgi VIII asrda daryoning narigi tarafiga kelib joylashgan yunonlar madaniyati oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Biroq etrusklar miloddan avvalgi VII asrda Kampaniyaga kelib joylashganlaridan keyin yunonlarning mahalliy aholiga taʼsirini kamaytirishga erishdi.

Miloddan avvalgi 474-yilda Kuma yaqinidagi dengiz jangida Sirakuza qiroli Giyeron I tomonidan etrusk (qadimgi Italiya svilizatsiyasi) harbiy dengiz kuchlari yoʻq qilinmaguncha ularning Pompey aholisiga taʼsiri kuchliligicha qolavergan. Shundan keyin yunonlar yetakchiligining ikkinchi davri boshlangan. Nihoyat, miloddan avvalgi V asrning oxirlariga kelib, italiyalik qabilalardan boʻlgan jangovor Samnit qabilasi Kampaniyani bosib oldi. Oqibatda Pompey, Gerkulanum va Stabi shaharlari Samnit qabilasi qoʻl ostiga oʻtgan.

Tarixiy manbalarda Pompey shahri haqidagi birinchi maʼlumotlar miloddan avvalgi 310-yilda, Ikkinchi Samnit urushi paytida Rim floti Pompey yaqinidagi Sarnus portiga yetib kelib, qoʻshni Nukeriya shahriga muvaffaqiyatsiz ravishda hujum qilgan vaqtlarda qayd etilgan. Samnit urushlarining oxiriga kelib Kampaniya Rim konfederatsiyasining bir qismiga aylandi va shaharlar rasman Rimning “ittifoqchilari” boʻldi. Ammo ular Ijtimoiy urush davrigacha toʻliq boʻysundirilmagan va rimlashtirilmagan edi. Pompey bu urushda Rimga qarshi qoʻzgʻolon koʻtargan italiyaliklar safiga qoʻshildi va miloddan avvalgi 89-yilda Rim generali Lutsiy Korneliy Sulla tomonidan qamal qilindi. Urushdan keyin Pompey shahri aholisi va Po daryosining janubida joylashgan Italiyaning qolgan qismiga Rim imperiyasi fuqaroligi berildi.

Biroq Pompey shahriga urushdagi ishtiroki uchun jazo berish maqsadida shaharda Rim generalining jiyani Publiy Sulla boshchiligida armiyaning faxriy jangchilaridan iborat koloniya tashkil etildi. Shu tariqa lotin tili rasmiy til sifatida oskan tilining oʻrnini egalladi va tez orada shahardagi barcha tashkilot, qurilish va madaniy binolar rimlashtirildi. Rim tarixchisi Tatsit milodiy 59-yilda Pompeyda joylashgan amfiteatrda boʻlib oʻtgan pompeylik va nukeriyaliklar oʻrtasidagi gʻalayon haqida qaydlar qoldirgan.  Milodiy 62-yilda yuz bergan zilzila Pompey va Gerkulanumga katta zarar yetkazgan. Zilziladan 17 yil oʻtgach, shaharlar hali bu falokatning oqibatlarini bartaraf etmasidan turib, Pompey hamda uning atrofidagi shaharlar vulqon otilishi natijasida umrbod vayron boʻldi.  Milodiy 79-yilda otilgan Vezuviy vulqonidan zarar koʻrgan Italiya hududlari Vezuviy vulqoni milodiy 79-yil 24-avgustda otilgan.

Yuz bergan falokatga guvoh boʻlganlarga yorqin bir misol Kichik Pliniyning tarixchi Tatsitga yozgan ikkita maktubida saqlanib qolgan. U Mizendagi Rim floti qoʻmondoni Katta Pliniyning oʻlimi haqida xabar berish uchun maktub yozgan edi. Katta Pliniy Mizenda vulqon otilishidan jabr koʻrgan odamlarga yordam berish uchun va yuz bergan hodisalarni yaqindan koʻrish uchun shoshib yoʻlga chiqqan va Stabi shahrida vafot etgan. XX asr oxirida joylarda olib borilgan qazilma ishlari va vulqonlar boʻyicha olib borilgan tadqiqotlar Vezuviy boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlarning ochilishiga sabab boʻldi. 24-avgust kuni tushdan soʻng vulqon kuli, toshi va boshqa qoldiqlari Pompey shahri ustiga yogʻila boshladi va tez orada shaharni 9 futdan (3metr) oshiq qalinlikda qoplab oldi. Ogʻirlikni koʻtara olmagan koʻplab uylarning tomi qulab tushdi.

25-avgust kuni ertalab “nuées ardentes” deb nomlanuvchi piroklastik qoldiqlar (kul bulutlari, havoda suzib yurgan lava parchalari va bugʻning umumiy nomi) va qizigan gaz toʻlqini shahar devorlarigacha yetib bordi va oradan koʻp vaqt oʻtmay qulab tushgan parchalar ostida tirik qolgan aholini boʻgʻib oʻldirdi.  Piroklastik qoldiqlarning qolgan qismi va kul yomgʻirlari vulqondan qochib uylarida poshpana topgan yoki qirgʻoqqa yohud Stabi va Nukeriyaga olib boruvchi yoʻllar tomon qochishga uringan. Lekin halok boʻlgan odamlarning jasadlar ustini yana kamida 9 fut qalinlikda qoplab oldi. Shu tariqa, Pompey shahri qalinligi 19–23 fut (6–7 metr) boʻlgan vulqon toshlari va kul qatlami ostida koʻmilgan holda qolib ketdi. Shaharning vulqon qoldiqlari ostiga “dafn etilishi” uni kelasi 17 asr davomida vandalizm, talonchilik, iqlim va ob-havoning halokatli taʼsirlaridan himoya qilishga xizmat qildi.



Manba: britannica.com
Muqova surat: antiquitynow.org