3
Ulashish
1235 marta koʻrilgan
m. a. 16–; m. 9-yil
Vezer daryosi yoqasidagi jang
Vezer daryosidagi jang tarixda birinchi Minden jangi sifatida tanilgan va odatda Idistavizo jangi deb ataladi. Ushbu urush milodiy 16-yilda imperator Tiberiy merosxoʻri va asrandi oʻgʻli Germanik boshchiligidagi Rim legioni va Arminiy qoʻmondonligidagi german qabilalari ittifoqi oʻrtasida boʻlib oʻtgan. Jang Germanikning Germaniyadagi 3 yillik yurishini yakunlab bergan.
German qabilalari boshligʻi Arminiy Tevtoburg oʻrmonidagi jangni uyushtirishda muhim rol oʻynagan. Bu jangda gʻarb tomon qishki istehkomlarga koʻchib oʻtayotgan 3 ta Rim legioni ittifoqchi german qabilalari qoʻshini tomonidan pistirmaga tushirilgan va Gʻarbiy Germaniyaning qalin oʻrmonlarida yoʻq qilingan. Bunday ulkan yoʻqotish Rim imperiyasi ruhiyatida katta iz qoldirgan. Magʻlubiyat uchun qasos olish, shuningdek, Arminiy vujudga keltirgan tahdidni zararsizlantirishga boʻlgan ehtiyoj Germanikning yurishiga turtki boʻldi.
Milodiy 15-yildagi jangdan 1 yil avval Germanik xatt qabilasiga, keyin esa Arminiy boshchiligidagi xerusklarga qarshi urush ochadi. Bu yurish davomida rimliklar Tevtoburg oʻrmoni boʻylab yurib, legion qirgʻin qilingan va u yerda hali ham suyaklari yotgan Rim askarlari qoldiqlarini dafn etadi. Jangda boy berilgan legionlar shtandarti ham qayta tiklandi. German qabilalari bilan toʻqnashuv doimiy ravishda yuz berib turishiga qaramay, rimliklar ularni ochiq jangga kirishga jalb qila olmasdi.
Manzil
Qadimiy manbada keltirilishicha, jang boʻlgan joy Idistavizo sifatida taxmin qilinadi. Lekin aniq joylashuv oʻrni maʼlum emas. Taxmin qilinishicha, bu yer Vezer daryosi oʻng tomonida, hozirgi Germaniyaning Minden va Hameln shaharlari oʻrtasida joylashgan.
Jang
German qabilalari keng koʻlamli ochiq jangdan qochgan. Biroq germanlar hududiga bir necha marta Rimning bostirib kirishi tufayli Germanik Arminiyni, katta, ammo zaif birlashgan qoʻshin bilan uyushtirilayotgan hujumga javob berishga majbur qila oldi. Rimliklar Rim tomonida yordamchi kuch sifatida jang qilgan chauki qabilasi jagchilari bilan birgalikda ittifoqchi german qabilalari qoʻshinini soʻzsiz magʻlub etib, ularga katta talafot yetkazadi. Arminiy va amakisi Inviomer asirga olinishdan qoʻrqib, qolgan qoʻshini bilan oʻrmonga qochib ketadi. Jangda qancha german va rimliklar halok boʻlgani nomaʼlum. Tatsitning so‘zlariga ko‘ra, germanlarda qurbon va yarador boʻlganlar soni 10 000–20 000 nafardan iborat boʻlgan boʻlsa, vafot etgan rimliklar soni 10 000 nafardan kam emasdi.
Oqibat
Jangdan keyin Germanik qishlash uchun Reyn daryosi ortiga chekindi. Rim sharafi uchun qasos olgan Tiberiy Germaniya shimolidagi “qimmat” harbiy yurishni toʻxtatadi va Germanikga Rimga qaytishni buyuradi. U Rimda milodiy 17-yil 26-may kuni Tiberiy tomonidan uyushtirilgan tantanali triumf marosimi bilan kutib olinadi. Arminiy keyinchalik raqib german qabilalari boshlig‘i buyrugʻi bilan oʻldiriladi.
Muqova surat: midjourney.com