Orqaga
Velosipedlar tarixi.

876 marta koʻrilgan

1800-yil

Velosipedlar tarixi

Velosiped bir shaxs tomonidan yoki biron bir mamlakatda ixtiro qilingan transport vositasi emas. Zamonaviy velosipedning paydo bo‘lishi uchun qariyb 100 yil va ko‘plab odamlarning mehnati sarflandi. Sarflangan 100 yillikning oxiriga kelib, velosipedlar odamlarning bir joydan ikkinchi joyga sayohat qilish usulini keskin oʻzgartirdi.

Velosipedlar birinchi marta 1800-yillarning boshlarida Shotlandiyada paydo bo‘lgan va “velosipedlar” deb nomlangan. Dastlabki velosipedlarda ikkita g‘ildirak bor edi, lekin pedallari mavjud boʻlmagan. Haydovchi oʻrindiq (egar) ga o‘tirardi va velosipedni oldinga siljitish uchun oyoqlarini yer bo‘ylab yurgizishi kerak edi.

Velosipedlar tarixi.

Draisning 1817-yilgi dizayni oʻlchov uchun qilingan / wikipedia.org

Tez orada fransuz ixtirochisi old g‘ildirakka pedal biriktirdi. Haydovchilar oyogʻini yurish uchun ishlatish o‘rniga ulardan pedallarni yurgizish uchun foydalangan. Biroq pedallarni aylantirish qiyin edi, chunki velosipedlarning vazni juda og‘ir bo‘lgan. Uning ramkasi qattiq po‘lat quvurlardan yasalgan va yog‘och g‘ildiraklari esa po‘lat bilan qoplangandi. Shunday bo‘lsa-da, velosipedlar Parij bog‘larida ularda poyga oʻynagan boyvachcha yigitlar orasida mashhur edi. Velosipedlarni haydash juda qiyin bo‘lgani sababli hech kim ulardan transport vositasi sifatida foydalanish haqida o‘ylab ko‘rmagan. Odamlar velosipedni bozor yoki ish joyiga borish uchun minmadi. Buning o‘rniga ular velosipedlarni shunchaki o‘yinchoq deb bildi.

Taxminan 1870-yilda amerikalik ishlab chiqaruvchilar velosipedlarning xorijda juda mashhur ekanini ko‘rdi. Ular ham velosiped ishlab chiqarishni boshladi. Lekin bu velosipedlarda boshqalardan ajratib turuvchi bitta farq boʻlgan. Ular ichi bo‘sh po‘lat quvurlardan ramka yasadi. Ushbu o‘zgarish velosipedlarning vaznini ancha yengillashtirdi, ammo haydovchilar hali ham qisqa masofani bosib o‘tish uchun ko‘p mehnat sarf qilardi. Bundan tashqari, yo‘llar notekis bo‘lgani uchun rulni boshqarish qiyin edi. Darhaqiqat, ko‘pchilik haydovchilar kichik haq evaziga velosipedni ijaraga olishi va haydashni oʻrganishi mumkin bo‘lgan yopiq yo‘llarni afzal ko‘rdi.

Velosipedlar tarixi.

1866-yildagi serpantin ramkali original pedal-velosiped chizmasi / wikipedia.org

Britaniyalik muhandislarning keyingi erishgan yutuqlari pedallarni samaraliroq boshqarish uchun g‘ildiraklarni o‘zgartirish bo‘ldi. Ular haydovchi pedallarni bir marta aylantirganda, oldingi g‘ildirak bir marta aylanganini ko‘rdi. Agar old g‘ildirak kichik bo‘lsa, velosiped har bir burilishda faqat kichik masofani bosib o‘tdi. Ularning fikricha, oldingi g‘ildirak kattaroq bo‘lsa, velosiped ko‘proq masofani bosib o‘tadi. Shunday qilib, ular ulkan old g‘ildirakli velosipedni loyihalashtirdi. Orqa gʻildirak hajmi esa kichraytirildi. Uning asosiy maqsadi haydovchiga muvozanatni saqlashga yordam berish edi. Muvozanatni o‘rnatish esa qiyin edi, chunki haydovchi pedallarga yetib borish uchun ulkan old g‘ildirak ustida o‘tirishi kerak bo‘lgan. Bu esa haydovchi muvozanatni yo‘qotib qo‘ysa, velosipeddan yiqilib tushishi va jarohat olishi xavfi borligini anglatardi. Shu tariqa qutulish qiyin boʻlgan xavfga qaramay, “baland gʻildiraklar” Angliyada juda mashhur bo‘ldi.

Velosipedlar tarixi.

Chexiyadagi Škoda muzeyida suratga olingan penni-farting (baland gʻildirak) yoki oddiy velosiped / wikipedia.org

Amerikalik ishlab chiqaruvchilar yaxshi velosiped ishlab chiqishga yana bir bor harakat qildi. Maqsad xavfsizroq velosiped yasash edi. Ular gigant old g‘ildirakni kichigi bilan almashtirdi va harakat mexanizmini kattaroq boʻlgan orqa g‘ildirakka o‘rnatdi. Haydovchi orqa g‘ildirakni pedal orqali boshqarolmasdi, shuning uchun muhandislar oyoq tutqichlari tizimini ishlab chiqdi. Haydovchi avval o‘ng, so‘ng chapni bosib, uzun temir tayoqchani yuqoriga va pastga siljitadi. Temir tayoqcha (sterjen) orqa gʻildirak oʻqini teskariga aylantiradi. Bu o‘q orqa g‘ildirakni aylantiradi va velosiped haydashga xos bo‘lgan xavfni kamaytiradi, shunday qilib, tobora ko‘proq odamlar kundalik faoliyatida velosipeddan foydalanishni boshladi. Britaniyaliklar dizaynni oxirgi marta o‘zgartirdi. Ular ikkita g‘ildirakni o‘lchamlari bo‘yicha tenglashtirdi va orqa g‘ildirakni burish uchun zanjir ishlatadigan mexanizm yaratdi. Ushbu oxirgi o‘zgarish bilan zamonaviy velosiped yaratildi.

Velosipedlarni haydash qulayroq boʻlishi uchun tormoz, rezina shina va chiroqlar kabi keyingi oʻzgartirishlar qo‘shildi. Keyinchalik, 1900-yilga kelib, velosiped haydash barcha yoshdagi erkak va ayollar orasida juda mashhur bo‘ldi. Ushbu transport butun dunyo bo‘ylab odamlarning transport, zavqlanish, sport va jismoniy mashqlar uchun velosiped haydash usullariga inqilobiy oʻzgartirish kiritdi.



Infografika: Velosiped evolyutsiyasi
Muqova suratlar: unsplash.com / wikipedia.org