12
Ulashish
1296 marta koʻrilgan
m. a. 1500
Vaqtni oʻlchash tarixi
Arxeologik dalillarga koʻra, kamida 5 000 yil muqaddam va Rim imperiyasi paydo boʻlishidan ancha oldin, bobilliklar vaqtni oʻlchashni boshladi. Jamoaviy faoliyatni muvofiqlashtirish, tovarlarni tashishni rejalashtirish va ayniqsa, ekin ekish va hosillarni yigʻish ishlarini tartibga solish uchun kalendarni joriy etdi. Ular oʻz taqvimini 3 ta tabiiy siklga: Yer oʻz oʻqi atrofida aylanayotganda yorugʻlik va zulmatning ketma-ket davrlari bilan belgilanadigan quyosh kuni; Oyning yer atrofida aylanib yurgan fazalarini kuzatib boradigan qamariy oy; sayyoramizning Quyosh atrofida aylanishiga hamroh boʻlgan fasllarning oʻzgarishi bilan belgilanadigan quyosh yiliga asosladi.
Sunʼiy yorugʻlik ixtiro qilinishidan oldin oy koʻproq ijtimoiy taʼsirga ega edi. Ayniqsa, ekvator yaqinida yashovchilar uchun uning toʻlishi va kamayishi fasllarning oʻtishidan koʻra koʻproq sezilardi. Demak, quyi kengliklarda ishlab chiqilgan kalendarlarga quyosh yilidan koʻra koʻproq oy sikli taʼsir koʻrsatdi. Mavsumiy dehqonchilik bilan shugʻullanadigan shimoliy iqlimda esa quyosh yili muhimroq boʻldi. Rim imperiyasi shimolga qarab kengayib borar ekan, u quyosh yilining koʻp qismi uchun oʻz faoliyat jadvalini tashkil qildi.
Rim imperiyasidan bir necha asrlar ilgari misrliklar 30 kunlik 12 ta oydan iborat boʻlgan shahar kalendarini ishlab chiqqan va quyosh yiliga besh kun qoʻshilgan. Har bir oʻn kunlik davr dekanlar deb nomlanuvchi yulduzlarning maxsus guruhlari paydo boʻlishi bilan ajralib turardi. Sirius yulduzi quyosh chiqishidan oldin koʻtarilganda, Nilning har yili sodir boʻladigan eng muhim suv toshqini yuz berardi, oʻsha paytda osmon boʻylab 12 dekanni koʻrish mumkin edi. Misrliklarning 12 dekanga joylashtirgan kosmik ahamiyati ularni har bir zulmat oraligʻi (va keyinroq har bir kunduz oraligʻi) oʻnlab teng qismlarga boʻlingan tizimni ishlab chiqishiga olib keldi. Bu davrlar vaqtinchalik soatlar deb nomlandi, chunki uning davomiyligi fasllar oʻtishi bilan kun va tunlarning oʻzgarib turishiga qarab oʻzgarib turardi. Yoz soatlari uzoq, qishki soatlar qisqa edi. Faqat bahor va kuzgi tengkunlik kunlarida kunduzi yorugʻlik va qorongʻilik soatlari teng boʻlar edi. Dastlab yunonlar ishlatgan, keyin esa Yevropa orqali tarqalgan, rimliklar tomonidan qabul qilingan vaqtinchalik soatlardan 2 500 yildan ortiq vaqt davomida foydalanilgan.
Kun davomida vaqtinchalik soatlarni kuzatish uchun ixtirochilar Quyosh soyasining uzunligi yoki yoʻnalishi boʻyicha vaqtni koʻrsatadigan quyosh soatlarini yaratdi. Quyosh soatining oʻxshash varianti (ekvivalenti) — suv soati tungi vaqtni oʻlchash uchun moʻljallangandi. Birinchi suv soatlaridan biri pastki qismida kichik teshikka ega boʻlgan havza boʻlib, u orqali suv tomiziladi. Suv sathining pasayishi ichki yuzada yozilgan soat chizigʻidan pastga tushganda oʻtgan soatni bildiradi. Garchi bu qurilmalar Oʻrta dengiz atrofida qoniqarli ishlagan boʻlsa-da, ular shimoliy Yevropaning bulutli va tez-tez sovuq ob-havoli sharoitida ishlay olmas edi.
Mexanik soatning paydo boʻlishi shuni anglatardiki, uni vaqtinchalik soatlarni hisoblash uchun sozlash mumkin boʻlishiga qaramay, tabiiy ravishda teng vaqtni saqlashga mos kelar edi. Shu bilan birga, hisoblashni qachon boshlash kerakligi haqidagi savol tugʻildi va shuning uchun XIV asr boshlarida bir qator tizimlar rivojlandi. Kunni 24 ta teng qismga boʻlgan sxemalar sanash boshlanishiga koʻra oʻzgarib turardi. Italiya soatlari quyosh botganda, Bobilda quyosh chiqishida, astronomik soatlar peshin vaqtida va Germaniyada baʼzi yirik jamoat soatlarida ishlatiladigan “buyuk soat” soatlari esa yarim tunda hisoblash boshlanardi. Oxir-oqibat, bu soatlar “kichik soat” yoki fransuzcha soatlar bilan almashtirildi, kunni yarim tunda boshlanadigan ikkita 12 soatlik davrga boʻlishdi.
Qayd etilishicha, ogʻirlik bilan boshqariladigan eng qadimgi mexanik soat 1283-yilda Angliyaning Bedfordshir shahrida qurilgan. Ushbu yangi vaqt hisoblagichining inqilobiy jihati na uning harakatlantiruvchi kuchini taʼminlovchi pasayish ogʻirligi, na quvvatni uzatuvchi tishli gʻildiraklari (kamida 1 300 yil davomida mavjud boʻlgan) boʻlgan. Inqilobiy jihat — soatning tishli qismi edi. 1400-yillarning boshlariga kelib asosiy qismning oʻzgaruvchan kuchlanishiga qaramay, vaqt oʻlchagichning tishli gʻildiraklariga doimiy quvvatni saqlab turuvchi oʻralgan prujina yoki gʻildirak paydo boʻldi. XVI asrga kelib borib esa mayatnikli (soatni yurgizadigan tebratgich) soat ishlab chiqilgan, ammo mayatnik katta yoysimon aylana boʻylab tebranib turardi va shuning uchun ham unchalik samarali emas edi.
Bu muammoni hal qilish uchun 670-yili Angliyada mazkur soatning yangilangan koʻrinishi ishlab chiqildi. Soat kema langariga oʻxshash dastakka asoslangan qurilma boʻlib, langar (ishga tushiruvchi) mexanizmi deb ataldi. Mayatnikning harakati bu qurilmani shunday silkitadiki, u harakatga tushiruvchi gʻildirakning har bir tishini ushlab, keyin qoʻyib yuboradi, bu esa oʻz navbatida aniq miqdorni aylantirish imkonini beradi. Dastlabki mayatnikli soatlarda qoʻllangan asl nusxasidan farqli oʻlaroq, langar mexanizmlari mayatnikning juda kichik yoy boʻylab harakatlanishiga imkon berdi. Bundan tashqari, ushbu ixtiro soniyada bir marta bong urishi mumkin boʻlgan uzun mayatnikdan foydalanishga imkon berdi va shu tariqa, “bobo soati” sifatida tanilgan polga oʻrnatiladigan yangi korpus dizayni yaratildi.
Bugungi kunda yuqori aniqlikdagi vaqtni oʻlchash xususiyatiga ega instrumentlar koʻpchilik elektron qurilmalar uchun zarba boʻldi. Deyarli barcha kompyuterlarda ularning ishlashini tartibga solish uchun kvars-kristalli soat mavjud. Bundan tashqari, Global joylashuv tizimi (GPS — Global Positioning System) sunʼiy yoʻldoshlaridan uzatiladigan vaqt signallari nafaqat aniq navigatsiya uskunalari funksiyalarini sozlaydi, balki mobil telefonlar, tezkor birja savdo tizimlari va butun mamlakat boʻylab elektr energiyasini taqsimlash tarmoqlari uchun ham shu vazifani bajaradi. Ushbu vaqtga asoslangan texnologiyalar kundalik hayotning shunchalik ajralmas qismiga aylandiki, ularga qanchalik bogʻliqligimiz faqat ular ishlamay qolganda tan olinadi.
Muqova surat: freepik.com