Orqaga

1144 marta koʻrilgan

1864–1941

Valter Nernst

Valter Germann Nernst (nemischa Walther Hermann Nernst) — olmon kimyogari, kimyo boʻyicha 1920-yilgi Nobel mukofoti sohibi. Termodinamika fani va ayniqsa kimyoviy termodinamika sohasiga ulkan hissa qoʻshgan olim. Nobel mukofotini ham aynan termodinamika sohasida, aniqrogʻi, termodinamika borasidagi ishlarining eʼtirofi uchun berilgan. Valter Nernst 1864-yil 25-iyunda Sharqiy Prussiyaning (hozirda Polsha tarkibida) Pomeraniya oʻlkasi, Brizen sharida tugʻilgan. 1887-yilda Vyurtsburg universitetini tamomlagan.

1891–1902-yillar davomida Gettingen universiteti professori lavozimida ishlagan. 1902-yildan 1933-yilgacha Berlin universitetida professor unvoni bilan faoliyat yuritgan. Shuningdek, Nernst 1905–1933-yillar davomida Berlin kimyo Instituti direktori, 1924–1933-yillar ichida esa Berlin universiteti qoshidagi Fizika Instituti rahbarligi ishlarini ham qoʻshib olib borgan. Nernstning ilmiy ishlari asosan past haroratlar fizikasi, fizik-kimyo va, albatta, termodinamika sohalarida boʻlib, u 1886-yilda Nernst-Ettingsxauzen effekti, yaʼni jismda harorat gradiyenti mavjud boʻlgan holda unda tashqi magnit maydoniga perpendikulyar tarzda elektr maydoni yuzaga kelishi hodisasini kashf qilgan. Olim Uitston koʻprigi (oʻlchovchi koʻprik, elektrotexnika atamasi) yordamida oʻtkazgichlarning dielektrik singdiruvchanligini aniqlash uslubini ishlab chiqqan. Uning qayd etgan eng katta ilmiy natijalaridan biri sifatida 1906-yilda oʻzining mashhur teoremasini (Nernst teoremasi) shakllantirib, uni eʼlon qilgani taʼkidlanadi. Unga koʻra, kimyoviy jihatdan bir jinsli moddaning yoki suyuqlikning mutlaq nol haroratdagi entropiyasi nolga teng boʻladi.

Odatda Nernstning ushbu tasdiq teoremasi termodinamikaning uchinchi bosh qonuni tarzida eʼtirof etiladi. Shuningdek, Nernst 1906-yilda oʻsha gazlarning “tugʻilish” effektini oldindan ilmiy taxmin qilgan edi. 1911-yilda Valter Nernst Ferdinand fon Lindeman bilan birgalikda qattiq jism uchun issiqlik sigʻimi formulasini fanga taklif qilgan. Shuningdek, Nernstning ilmiy ishlari orasidan eritmalar konsentratsiyalarining lokal oʻzgarishlariga bogʻliq elektr yurituvchi kuchlar nazariyasini, metallarning elektrolitik erish nazariyasi, elektrod potensiallar nazariyasi, diffuzion potensiallar nazariyasi, geterogen kimyoviy reaksiyalardagi faza ajralish chegaralaridagi diffuzion kinetika nazariyasi kabilarni rivojlantirgani alohida eʼtiborga molikdir. Umuman olganda, Nernst elektrolitlar borasidagi keng qamrovli va chuqur mazmundorlikka ega ilmiy ishlari bilan tarixda qolgan. Olib borgan ilmiy ishlarining chuqur ahamiyatini munosib eʼtirof etilgan holda Valter Germann Nernst 1926-yilda sobiq ittifoq Fanlar akademiyasiga hamda 1932-yilda London qirollik jamiyatining xorijiy faxriy aʼzoligiga saylangan. Valter Germann Nernst 1941-yilning 18-noyabrida Germaniyaning Ober-Sibelle yerida olamdan koʻz yumgan.



Muqova suratlar: wikipedia.org / vk.com