Bu rejissyorning ismini butun dunyo biladi. Katta avlod uning “Bembi”, “Maugli” kabi ajoyib multfilmlarini mamnuniyat bilan tomosha qilgan. Kichik avlod ham xuddi shunday mamnunlik bilan sichqoncha Mikki Mausning, “Guffi va uning jamoasi” filmlari, “Qora plash” kabilarning ekranlarda paydo boʻlishini kutadi. Shu va boshqa koʻplab multfilmlarni aynan Uolt Disney suratga olgan.
U irlandiyalik kambagʻal oilada tugʻilgan. Uolterning otasi oʻzi uchun yangi muhitga moslashish va yashab qolishga harakat qilgan. Ammo omadsizlik unga izma-iz yurgan. U duradgor ham, fermer ham, gazeta noshiri ham, qandolatchi ham boʻlib koʻrgan. Uning barcha farzandlari erta yoshdan mehnat qilishni boshlagan. Uolter akasi bilan birgalikda gazeta tarqatuvchi, jele ishlab chiqarishda turli vazifalardagi ishchi boʻlgan. Birinchi jahon urushi boshlanganda Uolt hali oʻsmir edi va qisqa vaqt davomida sanitar mashinaning haydovchisi boʻlib ishlagan.
Urushdan keyin ishga joylashish yanada qiyinlashgan, bundan tashqari Uolt rassom boʻlishni orzu qilgan. Afsuski, u juda kam taʼlim olgan. Bir qancha vaqt Kanzas sitidagi rassomchilik institutiga borib yurib, gips haykallarga qarab chizishni oʻrganadi. Keyin Chikagodagi nafis sanʼat akademiyasida Chikagoning mashhur “Tribyun” va “Rekord” gazetalaridagi rassomlar ustozligida gazeta karikaturachiligi kurslarini oʻqiydi.
"Uolt oʻzining ilk gonorarini sakkiz yoshida mahalliy shifokorning toychogʻini chizgan vaqtida olgan edi. Aynan oʻshanda unda hayvonlarni chizishga boʻlgan qiziqish uygʻongan deb aytish mumkin. Qarindoshlari qanday qilib rassomchilik bilan pul topish mumkinligini tushunmaydi, lekin Uolt oʻz maqsadiga erishish uchun tirishadi. Chikagoda oʻqigach, u oʻz ona shahriga qaytishga qaror qiladi. Chunki u yerda rassomlar kam edi, bu esa raqobatchilari kamligini bildirardi. Avvaliga u tasodifiy maoshlar uchun ishlab yuradi, keyin esa doʻsti bilan “Disney-Ayverks, tijoriy rassomlar” firmasiga asos soladi. Ish yaxshi ketadi va firma tez orada gullab-yashnaydi.
Lekin 1920-yilda Uolt hammasini tashlab Kanzas sitiga ketadi, u yerda Uolt kinoreklama kompaniyasiga rassom sifatida taklif qilingandi. Bu u uchun haqiqiy yangilik boʻladi, avval reklama bilan shugʻullanmagani bois koʻp narsani boshidan oʻrganishiga toʻgʻri keladi, baʼzi hollarda oʻzi ixtiro qiladi. Ularning hech biri oʻshanda ilk chizilgan filmlar yaratayotganini taxmin ham qilmagan, chunki badiiy filmlarning oʻzi kam edi. Uolt va rassom doʻstlari tayyorlagan ilk rolik “Kulgigrammalar” boʻlgan. Oʻshanda Disney oʻzining shaxsiy “Kulgigramm korporatsiyasi”ni tashkil qilishga qaror qiladi. Lekin biznes sohasida tajribasi yoʻqligi uchun tezda yopiladi. 1922-yilda qolgan puli bilan Gollivudga yoʻl oladi. Bir yildan keyin oʻz kompaniyasini tashkil qiladi va Kanzas sitida yaratilgan “Alisa chizilgan mamlakatda” degan multfilmini sotishga harakat qiladi. Har doimgidek kutilmagan vaqtda moʻjiza roʻy beradi: Disney nafaqat rolikni sotadi, balki Alisaning boshqa sarguzashtlari haqida yana bir qancha roliklarga buyurtma ham oladi. Bu filmning syujetini Disney oʻzi tuzgan edi. Alisa oʻzi va doʻstlari bilan boʻlgan gʻaroyib voqealarni aytib berardi. Shu voqealarning hammasini Disney chizardi va shu tariqa chizilgan film hosil boʻlardi.