Orqaga

801 marta koʻrilgan

1578–1657

Uilyam Garvey

Hozirgi kunda oddiy maktab oʻquvchisidan tortib, deyarli barcha savodli kishilar uchun kundek ravshan boʻlgan, juda sodda tushuntiriladigan shunday ilmiy haqiqatlar borki, ularni qachonlardir odamlar umuman bilmagani, baʼzi olimlar bu haqiqatni ochib, hattoki isbotlab berganida ham u haqida koʻpchilik doimiy shubhada boʻlganini tasavvur qilish mushkul. Shunday ilmiy isbotlardan biri — tirik organizmlardagi katta qon aylanish tizimi haqidagi haqiqat, ayniqsa, qiyinchilik paydo boʻlgan va odamlar tomonidan qabul qilinishi ham gʻoyat mushkul kechgan.

Deyarli 1 500 yil davomida Galen shaxsi va uning taʼlimoti butun tibbiyotda hukmronlik qildi. Unga koʻra, odamlar arterial va venoz qon mohiyatan umuman boshqa-boshqa suyuqlik boʻlib, ulardan birinchisi tanaga harakat, issiqlik, ikkinchisi esa ozuqaviy moddalar yetkazib berish uchun xizmat qiladi, degan yanglish tushunchada edi. Boshqacha qarash boʻlishi mumkin emas edi. Chunki bu fikrga qarshi fikrni ilgari surgan yoki unga nisbatan shubhali va yangicha gʻoyalarni oʻrtaga tashlagan har qanday kishi, xoh u olim, xoh oddiy tabib boʻlsin qattiq jazolanardi. Galen taʼlimoti ortida butun boshli nasroniy cherkovi turar, oʻrta asrlar sharoitida bu ilgʻor fikrli kishilar uchun hayot-mamot masalasiga aylanardi. Masalan, 1533-yilda ispaniyalik teolog — Migel Servet cherkov ruhoniylari tomonidan dahriy (ateist) deb eʼlon qilindi. Sababi u oʻzi yozgan tibbiyotga oid risolasida, oʻzi kashf etgan kichik qon aylanish tizimi haqida bir necha sahifali tafsilotni bayon qilgan edi. Oqibatda cherkov uni omma koʻz oʻngida “xudo yuz oʻgirgan dahriy” sifatida, oʻzining “bidʼatchi” kitobi bilan birgalikda gulxanda yondirildi. Faqat tasodif tufayligina Servet yozgan risolaning 3 nusxasi Jenevada saqlanib qolgan edi. Umuman olganda, qon aylanish tizimini tadqiq qilgan ilk olimlar xuddi Migel Servet singari tom maʼnoda cherkovning xurofot va johiliyat alangasida “qovurilish” ga majbur boʻlgan. Ular koʻp boʻlmagan. Migel Servetdan tashqari, bolonyalik Karlo Ruini, pizalik Andrea Chezalpino hamda angliyalik Uilyam Garveylar tirik organizmlarda qon aylanish tizimini ilmiy tekshirgan ilk olimlar hisoblanadi. Aynan Uilyam Garvey bu masalada oxirgi nuqtani qoʻygan boʻlib, uning xizmatlari tibbiyotning keyingi rivoji uchun katta ahamiyatga ega boʻldi.

Uilyam Garvey 1578-yilning 1-aprelida Kent grafligining Folkstoun shahrida savdogar oilasida tugʻilgan. Katta oʻgʻil va asosiy merosxoʻr boʻlishiga qaramay, u otasining savdo ishlariga uncha qiziqmagan. Uilyam ukalaridan farqli ravishda kemalar dengiz ortidan olib kelgan mollar shoyi narxidan koʻra oʻsha kemalarning kapitanlari bilan safar taassuroti haqida suhbatlashishni afzal koʻrgan. U avvaliga Kenterberi kollejida, keyinchalik esa Kembrijda taʼlim oldi. 20 yoshida Garvey oʻrta asrlar tushunchasida uncha-muncha “maʼlumotli” boʻlganiga qaramay, kollejda olgan bilimidan qoniqish hosil qilmaydi. U tabiiy fanlarni yanada chuqurroq oʻzlashtirish harakatiga tushadi. U oʻsha davr odatlariga koʻra, Yevropa boʻylab 5 yillik taʼlim sayohatiga chiqadi. Olim avvaliga Fransiya keyin Germaniyada bir muddat oʻqiydi. Bu safarda u oʻzining tibbiyot borasidagi ilmini boyitishni koʻzlagan edi.

U 1598-yilda Paduya universitetiga yoʻl oldi. Uilyam Garvey u yerda mashhur anatom olim — Fabritsio dʼAkvapendentening maʼruzalarini tinglaydi. Bu anatom olim, vena tomirida oʻziga xos klapanlar mavjudligini aniqlagan edi. Biroq u mazkur klapanlarning ahamiyatini toʻliq tushunmagan. Uning uchun klapan venalar tuzilishining tarkibiy detallaridan biri sifatida boʻlgan. Garvey bu klapanlarning ahamiyati haqida oʻylay boshladi. Biroq olim uchun oʻylashning oʻzi kamlik qilardi. Unga tajriba, amaliyot kerak. Garvey tajribani oʻz tanasida boshladi. Qoʻlini mato bilan qattiq siqib bogʻlab, qoʻlining bogʻlamdan pastdagi qismida venalar shishib, boʻrtib chiqib qolgani, teri esa qoramtir-qoʻngʻir tusga kirganini koʻrdi. Keyin Garvey tajribani itda takrorladi. U arqon bilan itning har ikkala oyoqlarini bogʻlab qoʻydi. Unda ham bogʻlamdan quyi qismdagi joy shishib, venalar boʻrtib chiqib qoldi. Itning bir oyogʻidagi boʻrtib chiqib turgan vena kesilganda kesilgan joydan quyuq, toʻq rangli qon oqib chiqa boshladi. Keyin u boshqa oyoqdagi venani ham kesib koʻrdi.

Kesilgan joydan bir tomchi ham qon chiqmadi. Demak, bogʻlamdan quyida vena qon bilan toʻlgan, undan yuqorida esa qon yoʻq. Garvey bu tadqiqotda shoshilmaslikni maʼqul koʻrdi. U ehtiyotkor izlanuvchi edi va oʻz amaliy tajriba hamda kuzatuvlarini qayta-qayta takrorlab, haqiqiy maʼnoda yetti oʻlchab, bir kesish orqali xulosa chiqarishga odatlangandi. 1602-yilda Uilyam Garvey fan doktori unvoni bilan Londonga qaytdi. 1607-yilda u Qirollik tibbiyot jamiyati (London) da oʻz kafedrasiga ega boʻldi. 1609-yilda esa avliyo Varfolomey shifoxonasida shifokor boʻlib ishlay boshladi. Garveyning davolashda erishgan natijalari tezda ovoza boʻlib ketdi. Angliyaning boy va amaldor zodagon oilalari, oʻz xastaligini aynan Garvey davolashini istaydigan boʻldi. Tarixchilar u uylangan vaqtda 2 ta universitet diplomiga ega ekani va ingliz kiborlari orasida katta hurmatga ega boʻlgani, xalq ichida ham obroʻ- eʼtibori juda yuqori doktor boʻlganini qayd etgan.

Garvey Fransis Bekon bilan ancha yaqin doʻst edi. Aynan Bekon tavsiyasiga koʻra, Garvey qirol Yakov Iʼning “favqulodda tabibi” lavozimiga tayinlandi. 1623-yilda esa Garvey qirol saroyining bosh tabibi boʻldi. Yakov Iʼning vafotidan keyin uning taxti vorisi boʻlgan Karl I ham Garveyga nisbatan iliq munosabatni saqlab qoladi. 1625-yilda Garvey qirol Karl I saroyining “faxriy tabibi” unvoni bilan taqdirlandi. Qirol tabibi past boʻyli, uzun va tim qora sochi bilan hamda qorachadan kelgan yuzli kishi, yaʼni Uilyam Garvey saroyda oʻz vazifasi yuzasidan ancha muvaffaqiyatli faoliyat yuritar edi. Lekin uni baribir ilm-fanga boʻlgan muhabbat tark etmagan. Garvey jonivorlarning, koʻpincha it va mushuk, buzoqlarning tanasini yorib koʻrish orqali oʻzining anatomik bilimini yanada chuqurlashtirishga harakat qilardi. Garvey davriga kelib, murdani yorishga boʻlgan taʼqiq deyarli yoʻq boʻlib, olim asta-sekinlik bilan odam murdalarini ham yorib koʻrishga kirishadi. Uni, ayniqsa, odam tanasida qon aylanish tizimi, tomirlarning tarmoqlanishi qonuniyatlari qiziqtirgan. U asosiy eʼtiborni yurak tuzilishi va ishlash jarayoni, qon tomirlarining tarmoqlanish yoʻnalishlarini jiddiy tahlil qilishga qaratdi. Uning uchun endilikda yurak va tomirlarning barcha sir-asrorlari ochilib borar edi.

1616-yili unga Qirollik tibbiyot jamiyatida “Anatomiya va xirurgiya” kafedrasini boshqarishni taklif qilishdi. Keyingi yili esa Garvey oʻzining odam tanasida qon aylanish tizimi haqidagi tushunchasi bayon qilingan maʼruzasini oʻtkazdi. Maʼruza davomida Garvey barcha tabiblar eʼtiborini oʻzining quyidagi taʼlimotiga qaratdi: odam organizmida qon betoʻxtov aylanib turadi — sirkulyatsiyalanadi, qon aylanishining markaziy harakatlantiruvchi nuqtasi esa yurak boʻladi. Shunday qilib, Garvey Galenning qon aylanish markaziy nuqtasi — jigar ekanligi haqidagi taʼlimotini ilmiy inkor etdi. Garvey hamkasblariga qon aylanish tizimining sxemasini chizib koʻrsatdi. Biroq maʼruzasining yakunida uning matnini nashr etish haqidagi taklifni rad etdi. Garvey yana oʻsha oʻzining ehtiyotkorligi tufayli oʻz ilmiy natijalarini keyinroq, yanada kuchli isbotlar orqali chop ettirish niyatida edi. U sinchkov va xotirjam. Shunisi qiziqki, uning natijalarini Angliyada emas, balki 1628-yilda Frankfurtda “Jonivorlarda qon va yurakning anatomik harakatlanishi” nomli yupqagina (72 sahifali) risolasi abadiylashtirdi. Bu kichik kitobchada Garveyning deyarli 30 yillik tadqiqoti, yorib koʻrish va tafakkur natijalari bayon qilingan edi. Uning mazmun mohiyati, nafaqat qadimgi vaqtdagi tabiblar, balki Garveyning oʻz zamondoshlari ham qattiq ishongan tushunchalarga mutlaqo zid edi.

Harveyning tajribalari, u oʻzining mashhur “Jonivorlarda qon va yurakning anatomik harakatlanishi” nomli kitobida takrorlangan / msk.mrtexpert.ru

Garvey, yurak bu — kuchli mushakdan tashkil topgan va bir necha kameralarga boʻlingan “qopcha” deb taʼlimot berdi. Uning fikriga koʻra, yurak xuddi nasos singari qonni tomirlarga (arteriyalarga) haydaydi. Yurak urishi esa oʻz boʻlmalarining navbatma-navbat qisqarishidir. Qon doira boʻylab harakatlanadi va har doim yurakka qaytib keladi. Bunday qon aylanish doiralari ikkita: katta qon aylanish doirasida qon yurakdan chiqib, bosh, tana yuza qismi va tananing boshqa barcha organlari tomon harakatlanadi. Kichik qon aylanish doirasida esa qon yurak va oʻpkalar oʻrtasida aylanadi. Tomirlarda havo yoʻq. Ular qon bilan toʻladi. Qonning umumiy yoʻnalishi yurakning oʻng qorinchasidan chiqib borib, oʻpkalar, undan qaytib esa chap boʻlmachaga keladi. Kichik qon aylanish doirasi shunday. Uni marhum Servet allaqachon kashf etgan edi. Lekin Garvey bu haqida bilmagan, Servetning kitoblari oʻzi bilan yoqib yuborilgandi.

Qon chap qorinchadan chiqib, katta doira boʻylab oqa boshlaydi. U avvaliga yirik tomirlardan, keyin esa borgan sari kichik arteriyalardan oqib, tananing butun aʼzolariga yetib boradi. Qaytishda esa qon yurakning oʻng boʻlmachasiga venalar orqali yoʻl oladi. Tomirlarda ham, yurakda ham qon faqat bitta yoʻnalishda oqadi. Yurakning maxsus klapanlari qonning orqaga oqishiga yoʻl qoʻymaydi. Venalardagi klapanlar ham qonni faqat bir tomonga oʻtkazadi. Qonning arteriyadan venaga qanday qilib oʻtishini Garvey bilmagan. Mikroskopsiz qonning kapillyarlar boʻylab harakatini aniqlab boʻlmaydi. Kapillyarlarni esa italyan olimi — Malpigi 1661-yil, yaʼni Garvey vafot etganidan 4 yil oʻtib aniqladi. Lekin Garvey qonning arteriyadan venaga oʻtish joyini ularning oʻta kichik tarmoqlanishga uchragan joylaridan qidirish kerakligini taʼkidlardi. Garvey, shuningdek, oʻpkalarning ahamiyati haqida ham bilmagan. Uning zamonida gaz almashinuvi haqida ham, atmosfera havosi tarkibi haqida ham hech kim bilmas edi. Garvey qon oʻpkalarga borib soviydi va tarkibini oʻzgartirib qaytadi degan mulohaza yuritardi.

Garveyning risolasida keltirilgan mulohaza va isbotlar oʻta mukammal boʻlgan. Biroq u nashr etilishi bilanoq, har tomondan olimga nisbatan tazyiq va kinoyalar avj oldi. Galen va boshqa qadimgi zamon tabiblari taʼlimoti Garveyning zamondosh doktor va faylasuflari orasida shu qadar mustahkam oʻrnashib qolgan ediki, ularga nisbatan shubhada boʻlgan har qanday kimsa ayovsiz tanqid qilinardi. Garveyga qarshi chiqqanlar orasida koʻplab koʻzga koʻringan olim, amaliyotchi, yetuk shifokorlar boʻlib, ular tomonidan Garvey qarashi dushmanlik kayfiyati bilan qarshi olindi. Unga hattoki “loʻttiboz” laqabi ham berildi. Garveyni birinchilardan boʻlib, tahqirlovchi raddiya bilan Mariya Medichining shaxsiy tabibi, oʻz davrida “Anatomiya qiroli” nomiga erishgan shifokor — Riolan boʻldi. Riolandan keyin Gyui Paten (aytgancha, Molyer “Soxta bemor” asaridagi hajviya orqali undan Garvey uchun oʻziga xos oʻch olgan), Patendan keyin Kanada—Amerika sotsiologi — Erving Goffman kabi dushmanlari risola sahifasidan ham koʻpayib ketdi. Ular “Garveyning haqiqatidan koʻra, Galenning xatolari afzal!”, degan shiorni oʻziga dasturulamal qilib olgan edi. Eng yomoni, baʼzilar bemorlarni Garveyga ishonmaslik, uning soxta muolajalariga koʻnmaslikka targʻib qila boshladi. Ayrim bemorlar bunga uchib, Garveyning davolashidan voz kechganlar ham boʻlgan. Ish shunga yetib bordiki, bir necha gʻoyaviy dushmanlar Garvey ustidan qirol Karl Iʼga shikoyat xatlarini yozdi. Olimning baxtiga qirol Karl I uning ilmiy salohiyatiga xayrixoh boʻlib, igʻvolarga eʼtibor qaratmagan. Qirol Garveyga embriologiya sohasida tajribalar oʻtkazish uchun Vindzordagi qirollik bogʻidan bugʻularni tutib foydalanishga ham ruxsat berdi.

Garvey oʻz taʼlimotining oyoqqa turgunicha, koʻplab noxushlikka bardosh berishga majbur boʻldi. Keyinchalik koʻplab ilgʻor fikrli kishilar uning gʻoyalari bilan borgan sari hisoblasha boshladi. Yangi avlod shifokor va fiziologlarining aksariyati Garvey taʼlimotiga ergashdi. Olimning umri oxirlab qolgan vaqtda baribir oʻz taʼlimotining umumiy tan olinishini koʻrishga muvaffaq boʻldi. Tibbiyot va fiziologiyada haqiqiy ilmiy tadqiqotga asoslangan yangicha ilmiy yoʻnalish ochildi. Garveyning kashfiyotlari tibbiyot fanlari rivojida tub burilish yasab berdi. Saroy ichki xizmatlari koʻpincha Garveyni professional mashgʻulotlardan chalgʻitar edi. Masalan, u 1630–1631-yillarda Levnoks gersogi (shahzodalardan biri) ning qitʼaga qilgan sayohatiga hamrohlik qildi. 1633-yilda u qirol Karl I bilan birgalikda Shotlandiyaga safar qildi. Olim 1636-yilda esa Germaniyaga elchilikka yuborilgan graf Arondelning mulozimlari safida boʻlishiga toʻgʻri keldi.

Inqilob boshlangach, qirol Londonni tashlab chiqib ketishga majbur boʻladi. Garvey ham unga ergashdi. Bu paytda London aholisi koʻplab qirollik binolari qatorida, Vaytxoll va Garveyning uyini ham oʻmarib, talon-toroj qilib ketdi. Garveyning taqqosiy va patologik anatomiya, embriologiya sohalarida olib borgan koʻp yillik izlanish va ilmiy mulohazalari qayd etilgan ishlari johil olomon tomonidan yoʻq qilib yuborildi. Garvey Ejgil jangida qirol huzurida edi. Keyinchalik u qirolning Oksforddagi vaqtinchalik qarorgohida yashadi. 1646-yilda Oksfordni ham parlament qoʻshini egallagach, u oʻz siyosiy va rahbarlik lavozimlaridan voz kechdi. Mazkur yildan boshlab, Garvey siyosatni butunlay tark etdi va Londonga qaytib kelib, u yerda londonlik tabiblar uchun maxsus uy qurdirdi. Bu uyda kattagina kutubxona boʻlib, shaharlik hamkasblarning ilmiy yigʻinlari aynan shu yerda oʻtar edi. Garvey bu muassasaga koʻplab tibbiy jihoz va asboblar, qoʻllanma, tabiiy preparatlarni tuhfa qildi.

Garvey umrining soʻnggi yillarini embriologiyaga bagʻishladi. 1651-yilda u oʻzining “Hayvonlarning tugʻilishi haqida izlanishlar” nomli ajoyib risolasini chop qildi. Unda Garvey homilaning paydo boʻlish jarayonini tekshiradi. Albatta, olimning bu boradagi izlanishini mukammal deb boʻlmaydi, chunki unda mikroskop yoʻq edi. Ammo Garvey muhim bir faktni isbotladi — barcha tirik organizmlar tuxumdan rivojlanadi. Nafaqat tuxum qoʻyish orqali koʻpayadigan jonzotlar, balki tirik tugʻish orqali koʻpayadiganlar ham avval boshda tuxumdan rivojlanib kelishini isbotladi. Garvey sutemizuvchilarning tuxum hujayrasini koʻrmagan. U faqat 1826-yildagina Karl Ber tomonidan kashf etilgan. Lekin baribir sutemizuvchilarning homilasi ham aynan tuxumdan rivojlanib kelishini qatʼiy taʼkidlagan. “Barcha tiriklik — tuxumdan!” degan yozuv Garveyning embriologiyaga oid kitobiga ishlangan rasmda markaziy oʻrinni egallagan. Bu xitob fandagi yangi yoʻnalishning oʻziga xos shioriga aylanib qoldi va hayot shaklining oʻz-oʻzidan paydo boʻlishi (qurbaqalarning balchiqdan paydo boʻlishi kabi) har xil eski tushunchalarga qattiq zarba berdi.

Hayotining soʻnggi yillarida Garvey oʻzi yolgʻiz yashay boshladi. Endilikda unga oʻzi ochgan ilmiy haqiqat uchun kurashish shart emas edi. Yangi avlod ingliz tabib va fiziologlari uning timsolida yangi zamon tabobati yoʻlboshchisini koʻrdi. Shoirlar (Dayren va Kouli) uning sharafiga sheʼr bitdi. Qirollik tibbiyot jamiyati uning sharafiga markaziy majlislar zalida haykal oʻrnatdi. 1654-yilda esa uni tashkilot prezidenti lavozimiga saylashdi. Lekin doimgidek kamtarin Uilyam Garvey bu lavozimni qabul qilmadi. “Bu lavozim men kabi qari cholga juda ogʻirlik qiladi. Men hamkasblarimning barcha muhokamalarini yuragimga juda yaqin olaman va bu narsa (yaʼni hamkasblarning ahilligi) mening raisligim vaqtida yoʻqqa chiqishini istamayman”, — degan edi oʻshanda Garvey.

Garvey olimlarga xos kamtarlik bilan har xil unvonlarni yoqtiravermagan va ularga erishishga intilmagan. Baʼzan gʻichirlaydigan, koʻp oʻrindiqli ulovda Richmond yaqinidagi qishloqda istiqomat qiluvchi ukasi Eliab oldiga mehmonga boradi. U bilan bolaligi, ota-onasini yodga oladi, qahva ichib suhbatlashadi. Olim qahvani juda yaxshi koʻrgan. Hatto yozgan vasiyatnomasida ham qahva damlovchi idishi haqida alohida toʻxtalib, uni ukasi Eliabga asrash uchun vasiyat qiladi: “Biz birgalikda oʻtkazgan baxtiyor lahzamizdan esdalik boʻlsin”. 1657-yilning 3-iyun kuni tongda Garvey uygʻonib, gapirolmay qolganligini his etdi. U darhol tushundi: bu hayotining intihosi edi. Qarindosh urugʻ, yaqinlari bilan vidolashdi, ularning har biri uchun kichik boʻlsa-da, sovgʻa ulashdi va jimgina abadiy uyquga ketdi.



Muqova suratlar: wikipedia.org / facebook.com