1
Ulashish
796 marta koʻrilgan
m. a. 1380-550
Uffington oq oti
Angliya togʻ yonbagʻridagi ushbu ulkan shakllar, yaʼni “geoglif” larni kesish 3 000 yildan ortiq vaqt davomida amalga oshirilgan. Angliya boʻylab naq 56 ta shakl mavjud boʻlib, ularning asosiy qismi mamlakatning janubiy grafliklaridagi boʻrli pasttekisliklarda joylashgan. Shakllar dev, ot, xoch va polk unvonlari koʻrinishida uchraydi. Geogliflarning aksari soʻnggi 300 yilda yasalgan boʻlsa-da, bir-ikkita “qariya” geogliflar ham uchrab turadi.
Bu figuralar ichida eng mashhuri hamda eng sirlisi Angliyaning Oksfordshir grafligidagi Affington qishlogʻida joylashgan Affington oq oti boʻlsa ajab emas. U Qadimgi Rimdan avvalgi temir davrida yaratilgan deb hisoblanar edi. Yaqinda olimlar Oq otning yoshini qaytadan hisoblab chiqdi va u bundan ham qadimiyroq ekani aniqlandi. Ammo Affington oq oti dunyodagi eng bahsga sabab boʻluvchi figura emas. Angliyaning Sasseks grafligidagi Vilmington yaylovlarida joylashgan Vilmington “Uzun odami” baʼzi tarixchilarning fikriga koʻra, ibtidoiy davrga aloqador boʻlsa, boshqa birlari XI–XV asr oraligʻida yaqin-atrofdagi kichikroq monastirning ijodkor ruhoniysi yaratgan degan fikrda.
Bu ulkan figuralarni yasash uchun yarqirayotgan boʻr ustida oʻsib turgan maysalarni yulish kerak boʻlgan xolos. Biroq katta bir jamoa geogliflarni oʻtlardan muntazam tozalab turmasa, tez orada ular yana boʻr ustini qoplab olardi. Tepalik shakllarining aksar qismi yoʻqolib ketganining sababi ham figuralar bilan bogʻliq anʼanalarning vaqt oʻtib yoʻqolib ketganida edi. Vaqt oʻtgani sayin odamlar boʻrli konturni tozalash haqida tashvishlanmay qoʻydi. Bundan tashqari, maysa har safar bir joydan yulinmagani uchun geogliflarning shakli yuz yillar davomida oʻzgarib ketgan. Bugungi kunda Angliyadagi qadimiy tepalik shakllarining saqlanib qolgani ham mahalliy urf-odatlarning kuchi va uzluksizligidan dalolat beradi. Bu holatda anʼanalar kamida ming yilllar avvalga borib taqaladi.
Affington oq oti uzun, yelkasi silliq, oyogʻi ozgʻin va tanaga qoʻshilmagan, dumi esa uchib turibdi. Otning bosh qismida qushnikiga oʻxshash tumshuq chizilgan. Noyob koʻrinishda yaratilgan ushbu nafis mavjudot goʻyoki yerda erib ketmoqda. Ot Affington qishlogʻidan 2,5 km uzoqdagi tepalikda, soʻnggi bronza davri (miloddan avvalgi taxminan VII asr) ga tegishli Affington qalʼasi qurilgan tepalik atrofida joylashgan. Qalʼadan tashqarida geoglifdan sal teparoqda neolit davriga oid Ridjvey soʻqmogʻi oʻtgan.
Affington oti hududi atrofida, shuningdek, bronza davriga oid bir qancha qabr ham mavjud. Lamborndagi Sevenbarrovs qabristoni ham Affington otidan uzoqda emas. Qabristonda bronza davriga tegishli yaxshi saqlangan 30 ta qabr bor. Figuraning oʻzi yaqindan koʻrishga oʻta qiyin qilib joylashtirilgan. U ham boshqa geogliflar singari osmondan yaxshi koʻrinadi. Shunday boʻlsa-da, Oq ot vodiysining (vodiy, sezganingizdek, oʻsha ulkan figura sharafiga nomlangan) maʼlum hududlaridan yetarlicha ajoyib manzarani tomosha qilish mumkin. Chindan ham ochiq havoda bu oʻymakorlik namunasi 30 km uzoqlikdan ham koʻrinadi.
Affington oti toʻgʻrisidagi eng qadimiy dalillar eramizning 1070-yillariga toʻgʻri keladi — Angliyaning Berkshir grafligidagi Abingdon qishlogʻida joylashgan Abingdon abbatligi hujjatlarida “Oq ot tepaligi” eslab oʻtilgan. Otning oʻziga havola esa biroz keyinroq, 1190-yilda keltirilgan. Ammo figurani oʻyish bundan ancha ilgariga borib taqaladi. Affington oq oti hamda miloddan avvalgi I asrga tegishli tangalarga chizilgan ot oʻrtasida oʻxshashlik boʻlgani uchun ulkan figura ham shu davrga tegishli boʻlsa kerak, degan fikrlar bor.
Biroq 1995-yili Oksforddagi arxeologiya boʻlimi otning tanasi va asos qismidagi tuproqning eng pastki 2 qatlamida optik stimullashtirilgan lyuminesans sinovini oʻtkazadi. Natijalar shuni koʻrsatdiki, Affington oq otini yasash ishlari miloddan avvalgi 1400–600-yillar oraligʻida boshlangan. Bu yillar so‘nggi bronza yoki ilk temir davriga toʻgʻri keladi. Agar figura taxmin qilingan muddatning soʻnggi qismida yaratilgan boʻlsa, uni oʻsha vaqti Affington tepaligidagi qalʼada yashovchi aholi yasagan boʻlishi kerak. Ular otni qabilaning timsoli sifatida koʻrgani uchun shaklini yaratish orqali hudud qabilaga tegishli ekanini bildirmoqchi boʻlgan boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, bu oʻymakorlik ishi bronza yoki temir davridagi marosimlarning bir qismi boʻlgan degan mulohaza ham mavjud. Baʼzi tadqiqotchilarning fikricha, Affington oti kelt qabilalarining ilohasi Eponani gavdalantirgan boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Keltlar Eponani otlar himoyachisi va unumdorlik homiysi sifatida koʻrib, unga ibodat qilar edi. Biroq Eponaga sigʻinish Galliya (Fransiya) dan keltlarga miloddan avvalgi I asrdagina kirib keladi. Bu vaqtga kelib esa Affington oti kamida 6 asr ilgari yaratib boʻlingandi. Shunday boʻlsa-da, ot bronza va temir davrining urf-odatlari hamda iqtisodida katta ahamiyatga ega boʻlgan. Zargarlik va boshqa metall buyumlardagi otning tasviri bu fikrni tasdiqlaydi. Ot mahalliy mifologiya ilohalaridan biri Riannon sharafiga chizilgan boʻlishi ham mumkin. Riannon soʻnggi Uels mifologiyasidagi obraz boʻlib, oq otdagi oltin koʻylakli goʻzal ayol sifatida tasvirlanadi.
Geogliflar osonlikcha yoʻqolib ketgani tufayli ular bilan bogʻliq marosim va maʼnolar ham xalq yodidan oʻchdi. Go‘yoki bu suratlar vaqtinchalik ramzlardan boshqa narsa emasdek. Biroq ularning ahamiyati sira kamaymadi. Bu ulkan oʻymakorlik sanʼati orqali uni yaratuvchilar ongiga nazar solishimiz hamda ular yashagan dunyo qay tarzda koʻrinishini tasavvur etishimiz mumkin.
Muqova suratlar: ancient-origins.net / worldhistory.org