Orqaga
Buyuk Alfred (846–899-yillarda yashab oʻtgan) — Angliya janubi-gʻarbidagi saks qirolligi — Uesseks qiroli (871–899-yillar).

915 marta koʻrilgan

846–899

Uessekslik Buyuk Alfred, birinchi ingliz qiroli vafot etadi

Buyuk Alfred (846–899-yillarda yashab oʻtgan) — Angliya janubi-gʻarbidagi saks qirolligi — Uesseks qiroli (871–899-yillar). U Angliyani daniyaliklar qoʻliga oʻtib ketishdan saqlab qoladi, oʻqish va savodxonlikni targʻib qiladi. Uning hukmronligi davrida, yaʼni 890-yillar atrofida anglo-sakson yilnomasini tuzish boshlanadi.

Alfred tugʻilganida uning kelajakda qirol boʻlishi ehtimoldan yiroq boʻlib koʻringan boʻlsa ajab emas, chunki uning 4 akasi bor edi. Oʻzining aytishicha, Alfred hech qachon qirollik hokimiyatini xohlamagan. Ehtimol, olimlik hayoti uni qanoatlantirgan boʻlishi mumkin. Alfredning onasi yoshligidanoq uni sheʼriyatga qiziqtiradi, 853–855-yillarda Rimga qilgan sayohati esa lotin tilini oʻrganishga turtki beradi. Bundan tashqari, u asr boshida oʻz davlatida taʼlimni tiklagan Franklar qiroli Karlni ham tanib, hurmat qilgan. Alfred ilm egallashi uchun hech qanday imkoniyat yoʻq edi, u umrining oxirlariga kelibgina bu niyatiga erishadi.

Martabali yosh yigit sifatida Alfred harbiy sanʼat boʻyicha taʼlim olgan boʻlishi kerak. U birinchi marta 868-yilda akasi qirol Eterled I bilan Mersiya (Temza va Hamber daryolari orasida joylashgan qirollik) hukmdori — Burgredga 865-yilda Sharqiy Angliya hududida oʻrnashgan va 867-yilda Nortumbriyani egallab olgan danlar armiyasiga qarshi kurashda yordam berish asnosida faol maydonda koʻzga koʻrinadi. Danlar jangdan voz kechib, tinchlik oʻrnatiladi. Oʻsha yili Alfred onasi Mersiya qirollaridan boʻlgan Elsvita bilan turmush quradi. Keyinchalik, 871-yilda daniyaliklar Uesseksga bostirib kiradi, Etelred va Alfred bir qancha janglarda birga ishtirok etadi. Etelred 871-yilda vafot etganidan soʻng Alfred uning taxtini egallaydi. Vilton shahrida boʻlib oʻtgan muvaffaqiyatsiz jangdan soʻng tinchlik oʻrnatiladi. Bu tinchlik, ehtimol, Gʻarbiy Saksda danlar hujumini 5 yil davomida toʻxtatib kelgani natijasi edi.

876-yilda danlar yana Uesseksga yurish boshlaydi. Ular 877-yilda hujumlarni toʻxtatgan boʻlsa-da, 878-yil yanvarida kichik, ammo kutilmagan hujum uyushtirib, muvaffaqiyatga yaqin keladi. Dan xalqi Chippenxem shahriga joylashadi, gʻarbiy saksonliklar qirol Alfreddan boshqaga boʻysunmaydi. Alfred Somerset botqoqligidagi qalʼada daniyaliklarning tinkasini quritadi, Pasxa bayramidan keyingi 7 hafta ichida esa maxfiy tarzda qoʻshin yigʻadi, ular Edington jangida danlarni magʻlub etadi. Danlar taslim boʻladi, ularning qiroli Gutrumni esa nasroniylik diniga oʻtkazishadi, Alfred uning choʻqintirgan otasi sifatida turadi. Danlar kelasi yili Sharqiy Angliyaga joylashadi.

Uesseks bundan keyin hech qachon bunchalik xavf ostida qolmaydi. Alfred 885-yilgacha janglarda qatnashmaydi, oʻsha yili u Sharqiy Angliyadagi danlar qoʻllab-quvvatlagan daniyaliklar armiyasini Kent bosqinidan qaytaradi. 886-yilda hujumga oʻtib, Londonni egallaydi, bu muvaffaqiyat Daniya hukmronligi ostida boʻlmagan butun ingliz xalqi tomonidan Alfredning qirol deb tan olinishiga olib keladi. Londonning egallanishi, shuningdek, oʻgʻlining hukmronligi davrida Daniya hududlarini qayta bosib olishga imkon berdi. Alfredning oʻzi ham bunga tayyorgarlik koʻrayotgan edi, ammo boshqa yurishlar amalga oshira olmaydi. U 892-yilda Yevropa qitʼasidan ulkan Daniya qoʻshinining jiddiy hujumi bilan toʻqnash keladi, Daniya qoʻshini 896-yildagina kurashdan voz kechadi.

Buyuk Alfred (846–899-yillarda yashab oʻtgan) — Angliya janubi-gʻarbidagi saks qirolligi — Uesseks qiroli (871–899-yillar).

Buyuk Alfred haykali, Oksfordshir, Angliya / wikipedia.org

Alfredning jang paytida koʻrgan mudofaa choralari sabab danlar unga qarshi yurish qilolmaydi. Eski qalʼalar mustahkamlanadi, strategik hududlarda yangilari quriladi, bundan tashqari, ularni doimiy boshqarish boʻyicha choralar koʻriladi. Alfred qoʻshinini qayta tashkil etadi, 875-yildayoq bosqinchilarga qarshi kemalardan foydalana boshlagan edi. Keyinchalik oʻzining loyihasi ostida 896-yildan keyin ham davom etgan qirgʻoq hujumlariga qarshi kattaroq kemalar qurdiradi. Oqilona diplomatiya ham Alfredning mudofaasiga yordam beradi. U Mersiya va Uels bilan doʻstona munosabatlarni saqlab qoladi. Uels hukmdorlari uni qoʻllab-quvvatlab, 893-yilda Alfred qoʻshinini askar bilan taʼminlaydi.

Alfred janglarda ham, hokimiyatda ham muvaffaqiyat qozonadi. U oʻz mablagʻ va tanlari (oliyjanob izdoshlar) dan keluvchi xizmat haqini tashkillashtira olgan dono boshqaruvchi edi. Alfred odil sudlovni sinchiklab tekshirib, zaiflarni johil va axloqsiz sudyalardan himoya qilish choralarini koʻradi. U “Chiqish kitobi” dagi qonunchilik tamoyillarini hamda Kent qiroli Etelbert, Uesseks qiroli Ine (688–694-yillar) va Mersiya qiroli Offaning (757– 796-yillar) kodekslarini oʻrganib chiqib, zaif va qaramlar himoyasiga alohida eʼtibor berilgan muhim qonunlar toʻplamini eʼlon qiladi. Odatdagi ahamiyatsiz oʻzgarishlarga yoʻl qoʻymaslik bilan birga qonli adovat amaliyotini cheklaydi, qasam yoki garov buzilishi uchun ogʻir jazolar tayinlaydi.

Biroq Alfred oʻzining harbiy sanʼati yoki boshqaruvdagi muvaffaqiyati uchun emas, aksincha ilmga boʻlgan munosabati bilan ajralib turadi. U Viking bosqinlarini aholining gunohlari uchun ilohiy jazo, degan oʻsha zamon fikriga qoʻshiladi va buning sababini taʼlimning pasayishi bilan bogʻlaydi. Odamlar faqatgina ilm orqali donolikka erishishi va Xudoning irodasiga muvofiq yashashi kerak, degan fikrni ilgari suradi. Shuning uchun 878–885-yillar oraligʻidagi tanaffusda Mersiya, Uels hamda Yevropa qitʼasidan boʻlgan olimlarni oʻz saroyiga taklif qiladi. U lotin tilini oʻzi oʻrganadi va 887-yilda shu tilda yozilgan kitoblarni ingliz tiliga tarjima qilishni boshlaydi. Alfred yetarli vositalarga ega barcha ozod yoshlarning ingliz tilida oʻqishni oʻrganishini nazorat qiladi va oʻzi hamda koʻmakchilari qilgan tarjimalar yordamida donolik hamda ezgulikka yetaklovchi “barcha odamlar bilishi kerak boʻlgan eng muhim kitoblar” ning inglizcha versiyalarini taqdim etadi. Ingliz tarixchisi Bede tomonidan yozilgan “Ingliz xalqining diniy tarixi” kitobi hamda V asr dinshunos olimi Pavel Orosiyning “Butparastlarga qarshi tarixning 7 kitobi” tarixdagi ilohiy maqsadni ochib bergan. Garchi shunday hisoblansa-da, Alfred bu ikki kitobning hech birini tarjima qilmagan.

Alfredning VI asrning buyuk papasi Avliyo Gregoriy I yozgan “Pastoral parvarish” kitobi tarjimasi ruhoniylar uchun oʻz guruhlariga koʻrsatmalar taqdim etadi, yepiskop Verfert tarjima qilgan Gregoriy dialoglari esa muqaddas insonlar toʻgʻrisidagi tarbiyaviy vosita hisoblandi. V asr ilohiyotchisi Gippon shahrilik Avliyo Avgustinning Alfred oʻgirgan monologlari (Alfred unga Cherkov otalarining boshqa ishlarini ham qoʻshadi) eʼtiqod, zehn hamda abadiy hayot xususiyatlari bilan bogʻliq muammolar toʻgʻrisida muhokama yuritadi. Bu tarjima, xuddiki u tarjima qilgan Boetsiyning “Falsafa tasallisi” kitobi kabi oʻrganishga munosibdir. Haqiqiy baxt nima ekani hamda eʼtiqod va taqdirning iroda erki oʻrtasidagi munosabatni koʻrib chiqayotganida Alfred Boetsiyning fikrlarini toʻliq qabul qilmaydi va koʻproq qadimgi (Cherkov) “otalari” ga tayanadi. Bu ikkala asardan ham oʻsha zamon holatiga mos qoʻshimcha fikrlar mavjud boʻlib, bu fikrlar baʼzan ijtimoiy tuzum hamda qirollik majburiyatlari boʻyicha qarashlarini ochib beradi. Alfred xalqining manfaati uchun yozgan boʻlsa-da, oʻzi ham ilohiyot muammolariga chuqur qiziqish bildirgan. Shuningdek, u dastlabki 50 sanoni ham tarjima qilgan boʻlishi mumkin. Garchi taxminan 890-yilda yozish boshlangan Saks Angliyasi toʻgʻrisidagi eng yirik manba — “Anglo-Sakson yilnomasi” unga tegishli boʻlmasa-da, uning davrida tiklangan taʼlim bu boradagi intellektual manfaatlarni uygʻotgan boʻlishi mumkin. Uning hukmronligida qurilish va sanʼat ham faol boʻlgan va saroyga xorij hunarmandlari taklif qilingan.

Biroq Alfredning urinishlaridan biri muvaffaqiyatsizlikka uchradi. U monastir va rohibaxonalar tashkil qilib, monastirlikni qaytarmoqchi edi. Ammo Angliyada keyingi asrda Yevropa qitʼasidagi Uygʻonish davriga qadar monastirlik hayotiga qiziqish boʻlmaydi. Anglo-sakson qirollaridan birgina Alfred uelslik olim Asserni 893-yilda toʻliq biografiya yozishga ilhomlantirgan. Ushbu ish oʻta qimmatli maʼlumotlar bilan boy boʻlib, Alfredning surunkali ogʻir kasallik yuki ostida xizmat qilganini oshkor etadi. Asserning ritorikasi tufayli Alfred jozibali xarakterga ega, mehr-shafqatga toʻla, sevuvchi va qirollik masʼuliyatini toʻliq anglaydigan shaxs sifatida namoyon boʻladi. Alfredning qonun va yozuvlari esa bu tasavvurning haqiqiyligini tasdiqlaydi.

Buyuk Alfred (846–899-yillarda yashab oʻtgan) — Angliya janubi-gʻarbidagi saks qirolligi — Uesseks qiroli (871–899-yillar).

Alfred monastirlar maktabiga tashrif buyurmoqda / britannica.com

Xalq Alfredni hech qachon unutmaydi, oʻrta asrlarda, shuningdek, turli afsonalarda uning xotirasi umidsiz vaziyatlarda ham gʻolib boʻlgan qirol hamda oqil qonun chiqaruvchi sifatida yashab kelgan. Uning ishlaridan baʼzilari XII asrlarda ham koʻchirilgan. Zamonaviy tadqiqotlar Alfred haqidagi maʼlumotlar sonini oshirsa-da, uning buyuk qirol ekani toʻgʻrisidagi oʻrta asrlar tushunchasi oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydi.



Manba: britannica.com
Muqova surat: britannica.com