2
Ulashish
1052 marta koʻrilgan
868–905
Tuluniylar sulolasi
Ahmad Misrga qadam qo‘yishi bilan birinchi ishni ehtimoliy raqiblarni yoʻq qilishdan boshlagan. Uzoq vaqtlardan beri Misr boshqaruvi xalifa tomonidan tayinlangan amirlar (harbiy gubernator), baʼzan xalifa, baʼzan esa gubernator tomonidan tayinlangan amillar (moliyaviy amaldor) oʻrtasida boʻlingan tarzda yuritilgan. 868-yil Ahmad Misrga kirib kelganida Ibn al-Mudabbir amil lavozimini egallagan edi. U koʻp vaqtdan buyon Misr moliyasi ustidan nazorat oʻrnatgan bo‘lib, shu orqali boyib ketgan edi. Shuning uchun ham Mudabbir Ahmadning hokimiyatini tan olishni istamas edi. Tez orada bu ikki hokim oʻrtasida hokimiyat uchun kurash boshlanadi. Kurash 4 yildan soʻng Ibn al-Mudabbirning Suriyaga surgun qilinishi bilan yakunlanadi. Uning vazifa va vakolatlari esa Ahmadga yuklatiladi. Ahmadning eng asosiy yutug‘i, xalifalikdan mustaqil hamda sadoqatli qoʻshinni qoʻlga kiritishi edi. Ahmad bunday qoʻshinni barpo etish uchun xalifalarning oʻzi qoʻllagan usulga murojaat qildi, yaʼni egasiga sodiq harbiy qismlar etib tayyorlanishi mumkin boʻlgan mamluklarni sotib oldi.
Xalifaning akasi al-Muvaffaq boshqaruvidagi xalifalik hukumati Misrning markaziy hukumat nazoratidan chiqib ketayotganini aniqladi. Bu hodisa 877-yilda Ahmad Iroqdagi Zanj qoʻzgʻolonida Abbosiylar yurishida Misrning hissasini to‘liq taʼminlay olmagan vaqti sodir bo‘ldi. Vaziyatni anglab yetgan Al-Muvaffaq Ahmadni hokimlikdan olib tashlash uchun yuborgan ekspeditsiya esa muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Xalifalikning qoʻzgʻolon bilan bandligidan foydalangan Ahmad 878-yilda Falastin va Suriyani bosib oldi. U yerdagi bosh shaharlarni egallab, oʻz qoʻshini bilan hududni qoʻriqlaydi. Shundan soʻng xalifa bilan bir qatorda o‘z nomi tushirilgan tangalar zarb qilib, davlat muxtoriyatini ifoda etadi. Garchi vaqtinchalik hukmdor al-Muvaffaq Ahmadni jangga chorlash uchun mablagʻi yetmasa-da, qasos olish niyatida uni imperiya masjidlarida omma oldida laʼnatlaydi.
Ahmad Misr qishloq xoʻjaligi mahsuldorligini oshirish va shu orqali soliq tushumlarini koʻpaytirish maqsadida faol tadbirlar qo‘lladi. 884-yil vafot etganidan soʻng davlat xazinasida qoldirgan katta miqdordagi boyligi qo‘lga kiritgan muvaffaqiyati belgisidir. Ahmad ibn Tulunning Misrdagi yutugʻining yana bir yorqin dalili sifatida Fustat, hozirgi Qohira shahrining chekkasida barpo etilgan ulkan masjid – Ahmad ibn Tulun masjidini koʻrsatish mumkin. Taqqoslaydigan bo‘lsak, undan avvalgi hech bir hukmdor ulugʻvorlikda ushbu masjidga teng keladigan bino qurishni hatto xayoliga ham keltirmagan.
Ahmadning mamlakat boyliklarini saqlab qolish orqali Misrga keltirgan ulkan xizmatlari oʻgʻli hamda vorisi Xumorviya tomonidan oʻrinsiz ravishda sovurildi. Xumorviya oʻz qarorgohining hashamatli jihozlari uchun katta pul mablagʻini sarfladi, 895-yilda xalifa al-Muʼtazidning (892—902-yillarda hukmronlik qilgan) qizi bilan turmush qurgani uchun mahr sifatida koʻp pul toʻladi. Shunga qaramay, Xumorviya Misr qoʻshinlarini jang maydonlarida ushlab turishga muvaffaq boʻlib, Suriya va Mesopotamiya ustidan gʻalaba qozondi. U qoʻshinning qudrati va diplomatik munosabatlar orqali otasining xalifalik bilan boʻlgan mojarolariga yechim topdi. Shu tariqa Xumorviyaning Misr, Suriya va Mesopotamiya ustidan hukmronligi xalifalik tomonidan rasman tan olindi. Davlatning barcha erishgan yutuq va qudrati 896-yilda Xumorviyani oʻldirib ketishganidan soʻng gʻoyib boʻldi. Uning 14 yoshli merosxoʻriga qoʻshin uchun toʻlashi mumkin boʻlgan hech qanday mablagʻ qolmagan edi. Butun mamlakat anarxiyaga uchradi. Shundan so‘ng 905-yilda xalifa qoʻshini Misrni bosib olib, bir zumda Bagʻdoddan yuboriluvchi gubernator boshqaradigan viloyatga aylantirildi.
Manba: britannica.com
Muqova surat: wikipedia.org