Orqaga
To'y torti tarixi haqida.

803 marta koʻrilgan

XVII asr

Toʻy toʻrtlari tarixi

Toʻy tortlari dastlab farovonlik va unumdorlik ramzi deb hisoblangan va oʻrta asrlar davridan boshlab nikoh marosimining ajralmas qismi boʻlgan. Rim imperiyasi davrida kuyov pishgan nonning bir qismini yeyishi, qolganini esa kelinning boshi ustida sindirishi kerak boʻlgan. Bu omad va baxtli turmushni taʼminlaydi deb ishonilgan.

Toʻy torti taraqqiyoti

Biroq vaqt oʻtishi bilan toʻy tortlari rivojlanib, tortni kelinning boshi ustida sindirish anʼanasi yoʻqoldi. Nonvoylar tortlarni imkoni boricha baland qilib taxlashni boshladi, urf-odatga koʻra kelin va kuyov uning eng ustki qismini oʻpishi kerak edi. Agar ular buni uddalasa, bu ularning nikohi uzoq va baxtli boʻlishi belgisi boʻlgan.

Birinchi koʻp qavatli tort XVII asr oʻrtalarida Karl II hukmronligi davrida tayyorlangan. Fransuz oshpazi Londonga tashrif buyuradi va tortlarni yigʻish odatini koʻradi. U bundan koʻra yaxshiroq usulni topadi. Oshpaz tortlarni bir butun qilib taqdim etishga qaror qiladi. Oʻsha vaqtda tort qavatlarini ajratib turish uchun kichik tutqichlar ishlatilgan.

Oq, koʻp qavatli toʻy tortlari

Oq, koʻp qavatli toʻy tortlari birinchi marta qirolicha Viktoriya davrida paydo boʻlgan. Oq rang poklik ramzi hisoblangan, toʻy torti koʻpincha kelin torti deb atalgan. Shuningdek, toʻy tortidagi oq krem qulayligi sababli mashhur edi, chunki rangli kremdan koʻra uning masalliqlarini topish oson boʻlgan.

Koʻp qavatli tortlar dastlab qirollik oila aʼzolari uchun moʻljallangan, biroq shunga qaramay u asosan koʻrgazma uchun edi. Haqiqiy tort bitta asosiy qatlamdan iborat boʻlgan. Toʻy tortiga hashamatli koʻrinish berish maqsadida qolgan qatlamlarga shakardan tayyorlangan ipli bezak ishlatilgan.

Toʻy tortini kesish va boshqa urf-odatlar

Toʻy tortini kesish — har qanday toʻyning eng ramziy anʼanalaridan biri. Bu azaldan kelin va kuyovning er-xotin sifatida birgalikda bajaradigan birinchi vazifasidir. Kelin kuyovning yordami bilan tortning birinchi boʻlagini kesadi. Keyin ular gʻamxoʻrlik oʻzaro majburiyat ramzi sifatida bir-biriga tort yediradi.

Bir vaqtlar toʻy torti ichiga kumush tumorlar solib pishirish odat boʻlgan. The Spruce kompaniyasi vakili Maykl Anderson ushbu noodatiy anʼanani quyidagicha tushuntiradi:

“Toʻy tortlari orasiga tumor solib pishirish eskirgan odat boʻlib, hozirda yoʻqolgan. Bu juda zavqli urf-odat, siz mehmonlarni tortni yeyishdan oldin tumorlarini olib tashlashi haqida ogohlantirsangiz boʻldi. Yana bir shunga oʻxshash namuna — tumorlarni lentaga bogʻlagan holda tort ichiga solish mumkin. Mehmonlar shunchaki tumorni tortib oladi”. Oʻziga xos maʼnoga ega boʻlgan bir qancha tumorlar mavjud:

  • Yurak: haqiqiy sevgi
  • Uzuk: yaqinlashib kelayotgan unashtiruv
  • Orzular qudugʻi: niyatlar amalga oshishi
  • Bolalar stulchasi: farzandli boʻlish
  • Taqa: omad
  • Tebranma kursi: uzoq umr
  • Langar: sarguzasht
  • Gul: yangi sevgi
  • Hamyon: omad
  • Toʻy qoʻngʻiroqlari: nikoh

 



Manba: countryhouseweddings.co.uk
Muqova suratlar: unsplash.com / freepik.com