1
Ulashish
1200 marta koʻrilgan
m. a. 3000–1000
Tinch okeani navigatsiyasi va sayohati
Tinch okeanidagi ko‘plab mayda orollarga hozirgi orol aholisining ajdodlari taxminan 2 000 yil oldin Janubi-Sharqiy Osiyodan okean kanoelari (qayiq) da suzib kelguniga qadar inson qadami yetmagan edi. Ayni paytda ular okean bo‘ylab bunday ulkan masofani hech qanday zamonaviy texnologiyalarsiz qanday qilib bosib o‘tgani haqida munozaralar davom etmoqda.
XX asrning boshlarida bir vaqtning o‘zida suzib yurgan qahramon navigatorlar (dengizchilar) floti mualliflarining xayoliy qarashi keyingi tadqiqotchilar tomonidan bo‘rttirilgan deb hisoblangan bo‘lsa-da, 1956-yilgacha, amerikalik tarixchi Endryu Sharp o‘z tadqiqotini nashr etgunga qadar, Tinch okeanidagi sayohatga hech qanday baho berilmagan. Sharp navigatorlarning tajribasi cheklangani va orollarning joylashishi tizimli emasligi, qayiqlar orqali suzish esa ko‘proq omadga bog‘liqligini taʼkidlab, “qahramonona faraz” ga qarshi chiqdi. Sharpning nazariyasi katta eʼtirozlarga sabab boʻldi va u bunga arzir edi. Biroq nazariya bu mavzuga nisbatan odamlarda yangi qiziqish uyg‘otdi va koʻplab qimmatli yangi tadqiqotlarni keltirib chiqardi.
Bu sohada 1960-yillardan beri ko‘plab tadqiqotlar olib borildi va ularning aksariyati, xayriyatki, amaliy jihatdan xilma-xildir. Nashr etilgan mavjud materiallarni o‘rganishga asoslangan barcha nazariy tadqiqotlarini qoralash noto‘g‘ri bo‘lsa-da, Tinch okeaniga sayohat qilish sohasida juda kam muvaffaqiyatga erishilganligi maʼlum bo‘ldi. Chunki ko‘p yozuvchilar bir xil eski manbalar — sayohatchilar jurnallari yoki malakasiz kuzatuvchilar tomonidan tuzilgan missionerlik hikoyalariga tayangan. Sharp tadqiqotlaridan keyin bu usul o‘zgara boshladi va tadqiqotchilar endi aksariyat kuzatish ishlarini kutubxonalarda emas, balki soha maydonida (okeanda) o‘tkaza boshladi.
Shifokor va tajribali yaxtachi Devid Lyuis 1965-yilda o‘zining noyob falsafasidan foydalangan holda ishga kirishdi. U ko‘p yillar davomida foydalanayotgan yaxtasini olib, dengizda haligacha anʼanaviy usullar yordamida yo‘l topayotgan odamlar bilan bog‘lanish uchun orollar bo‘ylab sayohat qildi. Keyin esa u bu odamlarga anʼanaviy kanoeda sinov safarlarida hamrohlik qildi, barcha zamonaviy asboblar ko‘zdan chetlashtirildi, shunga qaramay Lyuis ulardan yashirincha navigator hisob-kitobini tasdiqlash uchun foydalangan. Uning bunday sayohatlaridan eng mashhuri o‘rta okeandagi ikki orol o‘rtasida 1 000 dengiz miliga (1852 metrga teng boʻlgan, dengizdagi masofa oʻlchov birligi) teng ortga qaytish sayohati edi. Sharp taklif qilganidek, suzishdan uzoqda bo‘lgan Lyuis qadimgi dengizchilar qaysi yulduzlar ko‘tarilib, ufq bo‘ylab maʼlum pozitsiyaga joylashishini yodlab, qaysi yo‘nalishni boshqarishni bilgani va bu ularga qayiqlarini boshqarish uchun aniq yo‘nalish berganini aniqladi.
Polineziya uchburchagi — Tinch okeanining mintaqasi boʻlib, uning burchaklarida uchta orol guruhi mavjud: Gavayi, Pasxa oroli (Rapa Nui) va Yangi Zelandiya. Koʻpincha Polineziyani aniqlashning oddiy usuli sifatida ishlatiladi / wikipedia.org
Geograf Edvin Doran butunlay boshqacha yondashuvni qoʻlladi. U kanoeda suzish bo‘yicha aniq maʼlumotlarni olishga qiziqdi va shu maqsadda eng yangi elektron asboblardan foydalandi. Doran anʼanaviy yelkanli kanoelarda Tinch okeanining baʼzi chekka qismlariga sayohat qildi, shu bilan birga, turli shamol kuchlarida kanoe tezligi qay darajada boʻlishini qayd etish uchun asboblardan foydalangan holda shamoldan to tinch holatgacha — burchakli kanoelar shamolga mos ravishda suzib yurishi mumkinligini aniqladi. Bu jarayonda u anʼanaviy yelkanli kanoelarning haqiqatan ham aniq atributlarini (xususiyatlarini) taqdim etdi.
Bu sohaga hissa qoʻshganlardan yana biri Stiven Horvat boʻldi. Fiziolog sifatida Horvatning qiziqishi navigatsiya texnikasi yoki kanoeda emas, balki erkaklarning jismoniy imkoniyatlari borasida edi. Standart fiziologik usullarni moslashtirgan holda, Horvat yelkanlarni to‘ldirish uchun shamol bo‘lmagan yoki shamol qarama-qarshi bo‘lgan paytda bu turdagi kanoeda eshkak eshish uchun zarur bo‘lgan energiya sarfini hisoblab chiqdi. Uning xulosasiga ko‘ra, eshkaklar yoki ehtimol uzun eshkaklar, birinchi navbatda, yelkanli kemalarni uzoq masofalarga harakatlantirishi mumkin edi.
Koʼp korpusli Kanoe (ispancha canoa — qayiq) suzib yurgan Gavayi navigatorlari, 1781-yil / wikipedia.org
Nihoyat, Uol Garrard boshchiligidagi guruh laboratoriyada xavfsiz holda muhim tekshiruvlar o‘tkazdi. Uol Garrardning g‘ayrioddiy usuli Tinch okeani orollari tillarini o‘rgangan tilshunoslarning topilmalaridan foydalanish edi. Ularning aksariyati bir-biriga juda o‘xshash bo‘lsa-da, ular aytib oʻtgan orollar baʼzan biri ikkinchisidan minglab kilometr uzoqlikda joylashgan. Boshqa fanlarda kashshof (yangilik yaratuvchi) bo‘lgan kompyuter simulyatsiyasi texnikasini oqilona moslashtirish unga migratsiya haqiqatan ham tizimli, ammo bir vaqtning o‘zida sodir boʻlmaganini ko‘rsatuvchi ishonchli modellarni ishlab chiqarishga imkon berdi. Uol Garrard migratsiyani keng ko‘lamli kanoe floti tomonidan amalga oshirilgan yagona sayohat sifatida emas, balki har birini nomaʼlum okeanga boradigan yanada ulug‘vor sayohatlar qatori sifatida ko‘rishni taklif qildi.
Xoʻsh, ushbu tadqiqotlardan Tinch okeanidagi navigatsiya va sayohat haqida nimalarni bilib oldik? To‘g‘ri, tadqiqotchilarning hech biri o‘z xulosalaridan u yoki bu nazariyani isbotlash uchun foydalanishga harakat qilmagan. Bu kabi tajribalar gipoteza (ilmiy faraz) ni na tasdiqlay oladi, na inkor etadi. Tadqiqotning kuchi qo‘llanadigan metodologiyalar oraligʻida yotardi. Topilmalarni birlashtirganda, anʼanaviy navigatorlar turli xil kanoe turlari, suv manbalari va navigatsiya texnikasidan foydalanganini aytib oʻtishimiz joiz va aynan shu moslashtirish ularning eng katta yutug‘i boʻlgan. Navigatorlar sayohat paytida dengizdagi sharoitni kuzatdi va shunga mos ravishda o‘z texnikasini o‘zgartirdi. Bundan tashqari, navigatorlarning kanoelari dengizda ilojsizlikdan suzmagan, balki muntazam ko‘chishning bir qismi sifatida sodir bo‘lgan. Shunday qilib, Tinch okeani xalqlari okeanni yerdagi boshqa irqlardan oldingi davrlarda muloqot qilish uchun to‘siq emas, balki xiyobon sifatida ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi. Va nihoyat, ushbu tadqiqotning kutilmagan, ammo eng yoqimli natijasi — anʼanaviy sayohat amaliyotda Uygʻonish davrini boshlab berdi. Tinch okeanidagi baʼzi orollar guruhlarida bugungi kunda yoshlar o‘z ajdodlarining bir necha o‘n yillar oldin abadiy yo‘qolgandek tuyulgan mahoratini qayta “tiriltirmoqda”.
Muqova suratlar: freepik.com / bbc.com