Orqaga
Tiberiy haqida ma'lumotlar. Tiberiy o'tmishi va tarixi.

1263 marta koʻrilgan

m. a. 27 – m. 14-yil

Tiberiyning Rimga qaytishi

Tiberiy kelishgan yigit emasdi. Oʻsmirlik chogʻida u baland boʻyli va keng yelkali boʻlsa-da, rangi soʻlgʻin edi. Uning qiyshiq burni koʻzga yaqqol tashlanib turardi, lekin bu xususiyat ham rimliklarga xos edi. Uning xatti-harakatida bezovtalik sezilardi. Tiberiy sekin, uslubiy jihatdan ravon soʻzlardi. Ammo bunday uslub bilan u soʻzlar maʼnosini ochiq-oydin aytishdan koʻra, yashirishni maqsad qilgandek tuyulardi. Biroq tirishqoq yigit edi. Tiberiy kun kelib imperator boʻlishini bilmagan, lekin, hech boʻlmaganda, general boʻlishi va keyinchalik Rim hukumatida yuqori mansabga ega chiqishiga ishonardi.

Miloddan avvalgi 27-yilda, Tiberiy 15 yoshga toʻlganida Avgust uni va Marselni harbiy istehkomlarni nazoratdan oʻtkazish uchun Galliyaga olib boradi. Ular jangda qatnashmagan boʻlsa-da, harbiy yurishlarni boshqarish, istehkomlarni saqlash va harbiy qismlarni hushyor tutish haqida koʻp narsalarni oʻrgandi. Qaytib kelgach esa Avgust qizi Yuliyani Marselga nikohlab beradi. Keyin Tiberiy ham uylandi.

Rim imperiyasida muhabbat asosida turmush qurish juda kam uchraydigan hodisa boʻlgan, ammo Tiberiyning Vipsaniya Agrippina bilan nikohi mana shundaylardan biri edi. U Avgustning kuyovi, leytenant Mark Agrippaning qizi edi. Tiberiy rafiqasi va balogʻat yoshiga yetayotgan ukasi, Druzga boʻlgan muhabbatidan tashqari, muhim ishlar bilan band edi. Tiberiyning 22 yoshidagi birinchi harbiy qoʻmondonligi natijasida Parfiyada bir necha oʻn yillar oldin yoʻqolgan ayrim Rim legionlari darajasi qayta tiklanadi. Bu esa unga katta shuhrat keltiradi. Mukofot sifatida u yana bir boshqaruv berilishini soʻradi va unga Adriatika dengizidagi Pannoniya provinsiyasini tinchlantirish topshirigʻi berildi. Tiberiy nafaqat dushmanni magʻlub etdi, balki oʻz odamlariga gʻamxoʻrligi bilan nom chiqardi. Bu esa uni yanada mashhur va xalq koʻzida sevimli qildi. U Rimga qaytganida esa tantana bilan kutib olindi.

Biroq Tiberiyning baxtli onlari nihoyasiga yetayotgandi. Uning suyukli ukasi, Druz Germaniyaga uyushtirilgan yurish paytida otdan yiqilib, oyogʻini sindirib oladi. Bu paytda Tiberiy Po daryosi boʻyida, hozirgi Milandan 1.6 km uzoqlikda joylashgan Titsinda (Paviya) edi. U ukasi bilan birga boʻlish uchun kecha-yu kunduz yoʻl yurdi va Druz jon taslim qilayotgan vaqtda yetib keldi. Tiberiy jasadni Rimga qaytarib olib ketdi va butun yoʻl davomida uning oldida piyoda yurib bordi. Shuningdek, u yana bir sevgan insoni – rafiqasi Vipsaniyadan ham ayrilishiga toʻgʻri keldi. Avgustning qizi Yuliya ikkinchi marta beva qolgan edi. Uning birinchi eri Marsel vafot etgan va imperator uni Agrippaga turmushga bergandi (u Vipsaniyaning otasi boʻlib, Tiberiyning qaynotasi edi). Miloddan avvalgi 12-yilda Agrippa vafot etadi. Avgust qizini darhol turmushga chiqishini xohlaydi va Tiberiyni uning uchinchi eri sifatida tanlaydi. Avgust Liviyaga uylanishga qaror qilgani kabi Tiberiyda ham otasidan koʻra koʻproq tanlovi yoʻq edi. Tiberiy otasiga yangligʻ itoatkor edi. U Vipsaniya bilan ajrashdi va Yuliyaga uylandi.

Tiberiyning yangi rafiqasi tarixga yengiltakligi bilan nom qoldirdi. U qanchalik obroʻ-eʼtiborga loyiq boʻlgani nomaʼlum. Rim tarixchilari koʻpincha gʻiybat bilan band boʻlgan, janjal boʻlmagan holatda u oʻylab topilgan. Ammo Yuliya masalasida tarixchilar oʻz fikrlari uchun yaxshigina asosga ega edi. Yuliyaga uylanganida Tiberiy 30 yoshda edi. Yuliya esa 27 yoshda, ikki marta beva qolgan, besh farzandning onasi (hech qaysi biri tirik qolmagan) edi. U chiroyli va yengiltak boʻlib, erkaklar bilan muloqot qilishni yoqtirardi. U qaynonasi (bir vaqtning oʻzida oʻgay onasi ham) Liviya bilan til topisha olmadi va bir necha oydan keyin Tiberiydan ham zerikib qoldi. Shubhasiz, u xiyonatkor edi va bu Tiberiyga nafaqat shaxsiy, balki siyosiy jihatdan ham gʻoyat ulkan muammo tugʻdirardi. Avgustning qonuniga koʻra, er xiyonat qilgan xotinini qoralab, ommaga maʼlum qilishi kerak edi. Ammo Yuliya imperatorning suyukli farzandi sanalar, Avgust esa uning yomon xulqi haqida hech narsa bilmasdi. Shuning uchun uni qoralash impetorni yaralash bilan teng boʻlardi va bu xavfli edi.

Hech qanday chora yoʻqligi tufayli Tiberiy Rimdan uzoqda jang qilish uchun ruxsat oldi. Janglar orasida bir marta Rimga kelganida, u tasodifan Vipsaniyani doʻstining uyida koʻrib qoladi. Vipsaniya Avgustning buyrugʻi bilan senatorga turmushga chiqqan edi. Tiberiy shunchalik qaygʻuga choʻmdiki, u yigʻlagancha koʻchalarda Vipsaniya ortidan ergashardi. Avgust bu haqda eshitadi va Tiberiyga Vipsaniya bilan boshqa koʻrishmaslikni buyuradi. Avgust Tiberiyni shon-sharafga koʻmib yuborgan boʻlsa-da, bu Yuliyaning xatti-harakatlari oʻrnini toʻldirmadi. Miloddan avvalgi 6-yilda Tiberiyga tribuna vakolatlari beriladi va koʻp oʻtmay, Yuliyani Rimda qoldirib, oʻz xohishiga koʻra Rodos oroliga ketadi.

Oʻsha vaqtda Tiberiy 36 yosh boʻlib va oʻz qudratining choʻqqisida edi. U imperiyani boshqarishga, katta urushlar olib borishga yoki varvarlar provinsiyasini idora qilishga qodir edi. Rodosda u hech narsa bilan band emas edi va uning barcha qobiliyati hamda kuchi ichkariga, gʻalati va yoqimsiz xatti-harakatlarga aylanib ketganga oʻxshab tuyulardi. Tiberiyning hukmronlik davri tarixi uning eski urushda orttirgan doʻsti Velley Paterkul kabi xushomadgoʻylar yoki dushmanlar tomonidan yozilgan edi. Tarix toʻliq ishonchli boʻlmasa-da, bu vaqtda Tiberiyda oʻzgarishlar sodir boʻlganiga shubha yoʻq. U tobora oʻz manfaatlarini oʻylaydigan va bu uchun turli yoʻllarni izlaydigan odamga aylandi. Rodosda Tiberiy gʻirt odamovi boʻlib qoldi. Avvaliga u kamsuqum va xushmuomala edi, keyin esa xafa va jahldor xarakterli insonga oʻzgardi. Tiberiy imperatorning gʻazabini qoʻzitib boʻlsa-da, oʻz xohishi bilan Rimni tark etgandi. Endi Rimga qaytishi uchun Avgustning ruxsati talab qilinardi.

Avgust esa oʻn yil davomida bu ruxsatni bermadi. Nihoyat, Liviya Yuliyaning koʻp fahsh ishlarini isbotlab, ularni Avgustga koʻrsatadi. Bu esa impertorni juda gʻazablantiradi. Imperator oʻzi chiqargan qonunga koʻra, Yuliya qatl etilishi kerak edi. Lekin Avgustning bunday qilishga yuragi dov bermadi. Buning oʻrniga Yuliyani umrbod kichkina Pandateriya oroliga surgun qildi. Hattoki shu paytda ham Tiberiy Rimga qayta chaqirib olinmadi.

Imperator merosxoʻr sifatida koʻradigan uch nafar yigit bor edi, ularning barchasi Yuliyaning oʻgʻillari edi. Ulardan biri, Postum maʼlumotlarga koʻra, oʻta beodob bola edi. U Avgustning nazaridan qoladi va onasi bilan surgunga joʻnatiladi. Qolgan ikki yigit — Lutsiy va Gay taxtga oʻtirish uchun aniq nomzodlarga aylandi. Ammo miloddan avvalgi 2-yilda Lutsiy Massaliyada (Marsel) vafot etdi. Bu hodisa sababli imperatorning koʻngli yumshaydi. U Tiberiyni Rimga chaqirib oladi. Milodiy 4-yilga kelib, Tiberiy oʻzining barcha unvonlarini qayta egallaydi. Oʻsha yili Gay ham Likiyadagi urushda halok boʻladi. Tiberiy Rimdagi ikkinchi muhim shaxsga aylanadi. Avgust uni yoqtirmasdi, lekin uni oʻgʻli sifatida qabul qildi. Imperatorning boshqa iloji yoʻq edi, chunki qarib borardi. Tiberiy esa taxtga voris sifatida qolgan yagona nomzod edi.

Tiberiy magʻrur va qudratli shaxsga aylanadi. U Rodosda ekanligida uning haykallari parchalangan va olib tashlangan edi. Ular qayta tiklanadi. Milodiy 9-yilda Tevtoburg oʻrmonidagi jangda uchta Rim legionini yoʻq qilgan Arminiyni bostirish uchun unga qoʻshin qoʻmondonligi beriladi. U urushda toʻliq muvaffaqiyatga erishadi. U barcha narsada muvaffaqiyat qozonardi.



Manba: britannica.com
Muqova surat: unsplash.com