4
Ulashish
945 marta koʻrilgan
I asr
Tevtoburg oʻrmonidagi jang
Tevtoburg oʻrmonidagi jang (milodiy 9-yilning kuz fasli) Rim imperiyasi va german qoʻzgʻolonchilari oʻrtasidagi toʻqnashuv hisoblanadi. German qabilasining rahnamosi Arminiy Pabliy Kvinktiliy Var boshchiligidagi uchta Rim legioni kolonnasiga bir qator pistirma uyushtirdi. Rim manbalari shuni koʻrsatadiki, toʻrt kun davomida Arminiy barcha uchta legionni yer tishlatgan va Rimning Reyn daryosidan sharqqa tomon Germaniyani bo‘ysundirishiga toʻsqinlik qilgan.
Miloddan avvalgi I asr oʻrtalarida Yuliy Sezarning Galliyani zabt etishi, kelt qabilalarini rimlashgan provinsiyalarga va erkin german boshliqlarga boʻysunadigan hududlarga boʻlib yuborgan. Reyn daryosi tabiiy chegara vazifasini oʻtagan. Miloddan avvalgi 17/16-yilning qish faslida Alauda V legioni Sikambri qabilasiga akvila (burgut) standartini boy berdi. Har bir legion Rim “ruhi”ning timsoli sifatida akvila olib yurardi. Uni yoʻqotish esa eng katta sharmandalik hisoblanardi. Akvilani Sikambri qabilasi qoʻlga kiritganidan soʻng imperator Avgust Sezar Germaniya mintaqasini boʻysundirish zarurligini tushunib yetdi. U keyingi toʻrt yil davomida Rimning chegaradagi safarbar qilingan askarlari sonini oshirdi. Asrab olgan oʻgʻli Druzni esa oʻzining oʻrniga hududni tinchlantirish uchun yubordi. Druz pastki va oʻrta Reyn hududlarida ikkita qoʻshin yaratdi. Rimliklar hududlarni mos ravishda Quyi Germaniya va Yuqori Germaniya deb atagan.
Miloddan avvalgi 12-yilda Druz Yuqori Germaniya armiyasini olib, shimolda Sikambri, Frizi va Chausi qabilalarini tor-mor qilish uchun yoʻlga otlandi. U yil oxirigacha qabilalarni taslim boʻlishga majbur qila oldi. Baʼzi manbalarda u yoʻqolgan akvilni qaytarib olgani aytiladi. Soʻngra Druz oʻz legionlarini Reynning sharqidagi zich oʻrmonli hududlarga yoʻnaltirdi. U Lippe vodiysida katta qalʼa qurdi va mintaqani tinchlantirishdan oldin u yerda qishni oʻtkazdi. Keyingi yillarda u hozirgi Germaniya sharqidagi Elba daryosi qirgʻoqlarigacha yetib borgan. Miloddan avvalgi 9-yilda, vafot etishidan oldin Druz rimliklar umumiy qilib Germaniya deb atagan ulkan hudud va qabilalarni oʻziga boʻysundirgan edi.
Rim imperiyasi
Druzning ukasi Tiberiy Druz vafotidan soʻng Yuqori Germaniya armiyasiga qoʻmondonlikni oʻz zimmasiga oldi. U oʻz legionlarini mintaqa boʻylab harakatlantirish orqali qabilalar oʻrtasida tinchlikni saqlab qoldi va Lutsiy Domitsiy Agenobarb tomonidan bostirilgan qoʻzgʻolonni hisobga olmaganda, mintaqa tinchligicha saqlanib turdi. Biroq, milodiy 4-yilda Avgust Tiberiyga Druz boshlagan urushni yakunlashni va butun Germaniyani toʻliq soliqqa tortishni buyurdi. Milodiy 5–6-yillarning qishida Yuqori Germaniya qoʻshini shimol va sharqda Dunay boʻyidagi markomannilar hududiga yurish qildi. Tiberiy oʻsha paytda Pannoniyadagi lagerini tark etmoqchi edi, ammo uning viloyatidagi qoʻzgʻolon legionlarni shu yerda yana uch yil davomida qolishga majbur qildi.
Arminiy haykali; Kapitoliy muzeyida, Rim
Bu orada Publiy Kvintiliy Var Germaniya proto-provinsiyasi gubernatori vazifasini bajargan. U Quyi Germaniya armiyasini tashkil etuvchi uchta legionga qoʻmondonlik qilgan. Ular XVII Legion, XVIII Legion va XIX Legiondan iborat edi. U Avgustning buyrug`i bilan soliq yigʻdi, ammo viloyatni rimlashtirishga boʻlgan urinishlar qabilalar gʻazabini qoʻzgʻatdi. Milodiy 9-yil yozida cheruskilik Arminiy qoʻzgʻolon uyushtirishni boshladi. U oʻtgan yillarda rimliklarning ittifoqchisi boʻlgan, Rimda zodagon asir sifatida voyaga yetgan, Rim fuqaroligini olgan va hattoki sharafli ekvit (chavandoz, Rim ritsari) unvoniga ega boʻlgan. Arminiy koʻpincha rimliklar va german qabilalari oʻrtasida elchi vazifasini bajargan va aynan shu vazifada u qoʻzgʻolon ko’tarishda qabila boshliqlarining xayrixohligiga erisha olgan. U Varusga Germaniyaning shimoli-gʻarbiy qismidagi Brukteri yerlarida qoʻzgʻolon bo’lganligi haqida xabar berishga qaror qildi. Dushman qabila sardori Segestning Arminiyning xiyonatkor ekanligi haqidagi ogohlantirishlariga qaramay, Varus bu xabarga ishondi va u oʻz legionlarini mudofaa istehkomlaridan chiqib, chegaraga yurish qilish uchun chaqira boshladi.
Varus hozirgi Germaniyaning Minden shahri yaqinidagi Vezer daryosi boʻyidagi harbiy lageridan tezda gʻarbga qarab yoʻl oldi va safar davomida yoʻllar qurib ketdi. Yurishning birinchi kunida Arminiy va uning sheriklari Rimning german ittifoqchilarini yigʻish uchun qoʻshinning chiqib ketishini soʻrashdi. Varus bu iltimosni qondirdi. Arminiyning qoʻzgʻolonchilari hujumga tayyorlanayotgan paytda rimliklar oʻsha kunning oxiriga yaqin lager qurdi.
Jang
Hozirgi olimlar jangning muddati boʻyicha turli fikrlarni ilgari surgan boʻlsa-da, Rim manbalarining eng batafsili hisoblangan Kassiy Dioning qayd etishicha, jang toʻrt kun davom etgan. Dio va boshqa manbalarga koʻra, ikkinchi kun yurish paytida Varusning askarlari Kalkriz tepaligi va katta botqoq oʻrtasidagi dovonga yetib bordi. Umuman olganda, qoʻshin taxminan 20 000 kishidan iborat boʻlib, uzunligi 7—8 milya (11,3—12,9 km) boʻlgan. Xabarlarga koʻra, ular kesib oʻtayotgan dovon qalin oʻrmon bilan qoplangan va kuchli yomgʻir natijasida botqoqqa aylanib qolgan. Qoʻzgʻolonchi german qabilalari bir qator istehkomlar ortidagi tepaliklar boʻylab joylashib olgan edi.
Balandlikda joylashgan oʻrinlardan turib qabila jangchilari Rim askarlari ustiga nayza va oʻq yogʻdirishni boshladi. Qoʻzgʻolonchilarning baʼzilari tepalikdan pastga tushib, legionerlar bilan yuzma-yuz jang qildi. Noqulay joyga kirib qolgan va pistirmaga tushgan Varus legionlari mudofaa tuzilmalarini shakllantira olmadi va qoʻshin ikkiga boʻlinib ketdi. Qoʻshinning baʼzi qismi Kalkriz yonbagʻirida german qoʻzgʻolonchilariga qarshi kurashni davom ettirdi, ammo katta qum devor qabila aʼzolariga legionerlarga qayta-qayta hujum qilib, istehkomlar orqasiga chekinish imkonini berdi. Shu kuni Rim askarlarining katta qismi tor-mor keltirildi.
Varus legionining qoldiqlari gʻarbga, ehtimol, zamonaviy Osnabryuk yoʻnalishi boʻyicha chekinib, yaqin atrofdagi tepalikda tunash uchun qarorgoh qurdi. Uchinchi kuni ular ochiq joylardan oʻtib, boshqa oʻrmonli maydon boʻylab yurishni boshladi. Bu yerda ular yana pistirmaga tushib, qisman katta yoʻqotishlarga uchradi. Chunki otliq va piyodalar hujumlarni muvofiqlashtirishda bir-biri bilan toʻqnashib ketgandi. Dastlab Arminiyga qoʻshilmagan qabilalarning baʼzi aʼzolari uning qoʻshinini qoʻllab-quvvatlashga kirishdi. Buning natijasida german ittifoqining armiyasi koʻpaydi.
Toʻrtinchi kuni Varus qoʻshinning omon qolgan qismini Ems vodiysidagi tanish yoʻl boʻylab harakatlantirdi. Ammo yomgʻirning kuchayishi va shiddatli shamol allaqachon holdan toygan askarlarning jangovar qobiliyatiga taʼsir qilgan. German qabilalari ularni shu yerga qadar taʼqib qilib keldi. Legionning mutlaq magʻlubiyati muqarrar ekanligini tushungan Varus va uning zobitlari Arminiyning odamlariga asir tushmaslik uchun oʻz joniga qasd qildi. Koʻplab rimliklar oʻz joniga qasd qildi, boshqalari taslim boʻldi, ayrimlari esa qochishga harakat qildi. Faqat bir nechtagina askarlar xavfsiz provinsiyalarga qochib bora oldi. Asirga olinganlar, ehtimol, qul qilingan yoki maʼbudlarga qurbon qilingan, legionlarning akvilalari (burgutlari) esa tahqirlangan. Jangda jami 20 000 nafarga yaqin rimlik halok boʻlgan, german qabilalari yoʻqotishi esa arzimas edi.
Manba: britannica.com Muqova suratlar: worldhistory.org / directart.co.uk