1
Ulashish
797 marta koʻrilgan
1493–1541
Teofast Paratsels
XVI asrda gʻarb tibbiyot va alkimyo fanlari uchrashgan nuqtada yangi arbob Teofast Paratsels — jarroh, hakim (tabib) va alkimyogar, feʼliga koʻra tajang, qoʻrs kishi, jarrohlik tigʻi hamda jang xanjarini bir xilda mahorat bilan ishlata oladigan koʻp qirrali shaxs paydo boʻldi. “Haqiqiy kimyo oltin qidirishda emas, odamlar uchun dori — malhamlar tayyorlashda namoyon boʻladi!”, — deb eʼtirof etgan edi Paratsels va bu soʻzlar uning hayotiy shiori boʻlib qoldi. Filipp Aureol Teofast Bombast fon Gogengeym, taxallusi — Paratsels, 1493-yilning 10-noyabr kuni Shveytsariyaning Shvits kantoni, Eynzideln shaharchasida tugʻilgan. Erta yoshlaridanoq tibbiyot fanlarini qiziqish bilan oʻqishga kirishib, Germaniya, Fransiya va Italiyadagi koʻzga koʻringan hakimlardan tahsil oldi. Oʻqish yillaridayoq Paratsels kimyo bilan jiddiy shugʻullana boshlagan. U faqatgina tajriba oʻtkazish bilan cheklanib qolmay, kon, shaxta va togʻ-kon sanoati zavodlarida ishlab, amaliy ish tajribasini ham orttirib borgan. Paratsels oʻz faoliyatida eng katta eʼtiborni kimyo yutuqlarini tibbiyotga tatbiq etishga qaratdi. Uning bu saʼy-harakatlari natijasida yangi fan yoʻnalishi yatrokimyo (kimyoning alohida yoʻnalishi boʻlib, uning namoyandalari organizmda sodir boʻladigan jarayonlar kimyoviy hodisalardan iborat, kasallik esa kimyoviy muvozanatning buzilishidan kelib chiqadi deb tushuntirgan va bemorlarni davolashda kimyoviy moddalarni ishlatishni buyurgan) paydo boʻldi.
Paratselsning talabalik yillarida universitetlarda kimyo fani alohida fan sifatida oʻqitilmas edi. Kimyoviy hodisa va tushunchalar asosan falsafa fanida, moddaning paydo boʻlishi va yoʻqolishi haqida umumiy tasavvurdagi tushunchalar asosida izohlanib oʻtilar edi. Kimyoviy tajriba bilan esa koʻp sonli dorixonachi va alkimyogarlar shugʻullangan. Alkimyogarlar metallni bir turdan boshqasiga aylantirish (asosan oltin hosil qilish maqsadida boʻlgan) jarayonida yangidan yangi moddalarni ham kashf qilib yoki baʼzi moddalarning olinish usullarini ochib borar edi. Bir vaqtning oʻzida qadimgi yunon olimlari Empedokl, Aristotel, Levkippning tabiat falsafasi haqidagi taʼlimotini ham rivojlantirib borgan. Bu taʼlimotga koʻra, tabiatdagi moddalar ancha sodda qismga boʻlinib, ular element deb atalar edi. Bunday elementlar Levkipp va Demokrit tushunchasiga koʻra mayda zarra — atomlar boʻlib, ular modda sifatiga ega boʻlmay, balki biri-biridan faqat oʻlchamiga koʻra farq qiladigan elementlar deb uqtirilgan. Dastavval Paratsels ham oʻz ishlarida ana shu tamoyilga suyangan.
1515-yili Paratsels Florensiyada (Italiya) tibbiyot doktori darajasini qoʻlga kiritdi. Lekin u Florensiyada olgan bilimi bilan qanoatlanib qolmadi. Toʻshakda yotgan ogʻir bemorga yordam koʻrsatishda zamona hakimlari qanchalik noʻnoq ekanligini kuzatib, Paratsels bu sohadagi bilimlar qadimgi davrdan beri nihoyatda kam takomillashganini eʼtirof etdi va mazkur sohani yangi bosqichga koʻtarish uchun boshqacha davolash usul hamda yoʻnalishlarini joriy qilish kerak ekanini taʼkidladi. Yangicha tibbiyot tizimini tashkil etish uchun Paratsels koʻplab mamlakatlarda koʻrgan va oʻrgangan tajribasining eng yaxshi namunalarini birlashtirishga kirishdi.
Paratsels oʻzi qoldirgan maʼlumotlarga koʻra, turli yillarda oʻz zamonasining eng yetuk tibbiyot allomalaridan taʼlim olish uchun Parij, Monpelye shaharlarida qisqa vaqt yashagan. Italiya va Ispaniyada boʻlgan. Lissabonda (Portugaliya) maʼruzalar tinglagan. Keyin Angliyaga yoʻl oldi. Soʻngra Prussiya, Polsha, Vengriya, Valaxiya va Xorvatiya mamlakatlarini kezib chiqdi. Oʻzi boʻlgan barcha shahar va mamlakatlardagi eng yetuk hakimlardan davolash sanʼatining nozik qirralarini oʻzlashtirdi. U faqat hakimlardan ish oʻrganish bilan cheklanmasdan, sartarosh, hammomchi va ruhoniy — duo va muqaddas yozuv, suv bilan davolaydigan odamlardan ham davolash sirlarini oʻzlashtirishga harakat qildi. Paratsels sayohat davomida oʻzlashtirgan va oʻrgangan barcha bilimlarini amalda qoʻllash uchun oʻz shaxsiy faoliyatini boshlab yubordi. Dastavval Daniya qiroli Krsitian armiyasining harakatdagi qismlarida harbiy hakim sifatida ishlab, bir necha yurishlarda qatnashdi. Keyinroq Niderlandiya armiyasida ham feldsher boʻlib xizmat qildi. Harbiy hakimlik amaliyoti unga katta tajriba toʻplash maydoni boʻlib, ulkan amaliy koʻnikma hosil qilishiga sababchi boʻldi.
1524-yilga kelib, Paratsels yurt kezib darbadar yurishni toʻxtatib, Zaltsburgda (Avstriya) qoʻnim topdi, lekin bu shaharda ham u atigi bir yil yashadi xolos. Chunki u tomonidan qoʻllab-quvvatlangan oddiy dehqonlarning shahar feodallariga qarshi harakati, mahalliy hokimiyat vakillarining gʻazabini qoʻzgʻatdi va u tezkorlik bilan Zaltsburgni tark etishga majbur boʻldi. 1526-yilni Paratsels Strasburgda oʻtkazdi. Bu paytda, uning hakimlik mahorati haqida Yevropaning koʻp davlatlari aholisi xabardor boʻlib ulgurgan edi. Uni 1527-yilda Shveytsariyaning eng boy va rivojlangan shaharlaridan biri — Bazelga bosh hakim sifatida ishga taklif qilishdi. Bazelga kelgan paytidayoq, u mahalliy boy savdogarlardan birini anchadan beri qiynab kelayotgan va shahar hakimlarining amaliyoti kor qilmayotgan oʻtkir xastalikdan davolab, katta shuhrat qozondi. Bu voqea sabab boʻlib, Bazel universiteti tibbiyot kafedrasini boshqarishni unga ishonib topshirishdi.
Biz yuqorida Paratselsning shaxsiy xulq-atvori haqida yozgan edik. U qiziqqon, tajang va qoʻrs kimsa boʻlib, oʻzi yoqtirmagan narsalar ustidan tez janjallashib ketar edi. Shuningdek, uning tarixiy ilmiy manbalarga munosabati ham hurmat yuzasidan boʻlmagan. Bazel universitetida qilgan birinchi maʼruzasini Paratsels hammani hayron qoldirib, Galen va Ibn Sinoning asarlarini talabalarning koʻz oʻngida yoqib yuborish bilan boshladi. U: “mening boshmogʻim ham bu ikki eski va siyqasi chiqqan narsadan koʻproq biladi”, — deb qichqirgan ekan. Bazel universitetida Paratsels kiritgan yangi pedagogik usul shu boʻldiki, talabalarga maʼruzalar ularning ona tilida oʻqilishi joriy etildi. Odatda Yevropaning barcha universitetlarida dars anʼanaviy ravishda lotin tilida olib borilar edi. Paratsels maʼruzalarni olmon tilida oʻqiy boshladi. Bu narsani yangi professor — Paratsels oʻrta asrlarning aqidaparastlikka asoslangan va real voqelikdan yiroq tibbiy tushunchasiga qarshi kurash deb izohladi.
Paratselsning falsafiy qarashi uning koʻplab asarlarida quyidagi shaklda namoyon boʻladi: tabiat va inson oʻrtasida muvozanat saqlanishi kerak. Oqilona jamiyat tartibi yuzaga kelishi uchun undagi kishilarning oʻzaro hamjihatlikdagi mehnat faoliyati va moddiy boylikdan foydalanishdagi teng huquqlilik tamoyillari zarur. Paratselsning falsafaga oid ishlarida oʻrta asrga xos boʻlgan diniy taʼlimotga qarshi fikrlar ham mavjud boʻlib, u xudojoʻylikka asoslangan va jamiyatdagi har bir ikir-chikirga taʼsir oʻtkazishga intiladigan cherkov siyosatini qattiq qoralar edi. Jamiyatda oʻrnashib qolgan aqidaparastlik va barcha narsani din prizmasi orqali talqin qilishga asoslangan tushunchalarni, feodal jamiyatning oddiy fuqaroga nisbatan adolatsizlikka indamay qarab turishini keskin jumlalar bilan tanqid qilgan. Xususan, u shahar maʼmuriyati amaldorlarini ham, cherkov ruhoniylarini ham “qoloq” deb atagan edi.
Bu kabi erkin fikrlilik va oʻz mulohazalarini ochiq bayon qilish tufayli Paratsels Bazeldagi mahalliy amaldor va ruhoniylarning taʼqibiga uchray boshladi. U 1528-yilda shaharni yashirincha tark etishga majbur boʻldi. Chunki unga nisbatan “shakkok” aybi qoʻyildi, sudda jinoyatchi sifatida soʻroqqa tutilishi kerak edi. U Shveytsariyaning Ashentsell togʻli hududida qishloqma-qishloq koʻchib, berkinib yurib, baʼzan yerlik aholini davolash bilan tirikchilik qildi. Keyinroq u Kolmar (Fransiya) shaharchasida bir muddat (taxminan 6 oy) toʻxtab, hakimlik bilan shugʻullandi. Lekin u yerda ham mahalliy davolovchilar bilan kelisha olmay, uzoq yashamadi. Kolmarda uning shuhrati tez ortib ketgan edi. U boshqalar umidsiz degan bemorlarni oyoqqa turgʻazar edi. Uning raqobatchi — dushmanlari paydo boʻldi. Uning hurfikrli, bilganidan qolmasligi hamkasblari gʻazabini qoʻzgʻatar edi. Bundan tashqari, Paratsels alkimyogarlikni ham kasb qilgan boʻlib, doimo har xil tajribalar olib borar edi. Kolmardaligida ham turli sinov, tajribalarini deyarli har kuni olib borar edi. U koʻzlagan maqsadiga erishmaguncha bir tajribani qayta-qayta davom ettiraverar edi. Uning ishlari natijasida paydo boʻlayotgan turli kimyoviy hodisa (reaksiya koʻrinishlari, masalan, yonish, portlash yoki suyuqlik ajralib chiqishi va hokazo) ilmiy tushunchasi yoʻq odamlar tomonidan boshqacha koʻz bilan talqin qilinar edi.
Paratselsni ichiga shayton kirib olgan deb, dahriylikda gumonsiray boshlashdi. Kolmarda katolik cherkovi aqidalari hukmronlik qilar edi. Unga qarshi chiqishning har qanday koʻrinishi shirk deb eʼlon qilingan, bunday fikr va daʼvolar egasi kofir boʻlib, cherkov qoidasiga koʻra qatl qilingan. Bu narsa vaqti kelib bizning qahramonimizga ham tahdid sola boshladi. Kolmar katolik cherkovi ruhoniylari Paratselsning payini qirqish harakatiga tushib qoldi. Shu tufayli Paratsels bu shaharni ham tark etishga majbur boʻldi. Darbadar hakimning navbatdagi manzili Eslingen (Germaniya), keyin esa Nyurnberg (Germaniya) shaharlari boʻldi. U Nyurnbergda oʻz ilmiy xulosalarini bayon qilgan risolasini chop ettirmoqchi edi. Bu vaqtga kelib u anchagina qoʻlyozmalar tayyorlab qoʻygan, doimiy yukxonasida yuzlab sahifadagi asarlari ham doimiy shaharma-shahar kezar edi. U oʻz kuzatishlari, olgan natija, xulosalarini muttasil qayd qilib borgan. Aytishlaricha, u favqulodda ishchanlik bilan yozuv stolida kunlab oʻtirishi va uxlamasdan yozuv-chizuv ishlarini olib borishi mumkin ekan.
Vanihoyat unga omad kulib boqdi. U ketma-ket toʻrtta kitobini nashr ettirdi. Lekin xursandchilik uzoqqa choʻzilmadi. Nyurnberg shahar hokimining farmoyishi bilan Paratsels ishlarini chop etish taʼqiqlandi. Bunga Leyptsig (Germaniya) universiteti tibbiyot fakulteti professori va boshqa ilmiy xodimlarining eʼtirozi sabab boʻlib, ular Paratselsning tibbiyotga oid yangi gʻoyalarini qabul qila olmadi. Aksincha, uni oʻzining toʻgʻri deb hisoblagan tibbiy tushunchasiga zid deb baholab, Paratselsni bilimsizlikda aybladi. Shunda Paratsels achchiqlangancha, Nyurnberg va uning hokimiyatini haqoratlab, u yerdan chiqib Insburk (Avstriya) shahriga yoʻl oldi. Insburkda Paratsels hakimlik amaliyoti bilan shugʻullanishni maqsad qilgan edi. Insburk burgomisteri Paratselsning ahvoliga diqqat bilan uzoq razm soldi. U bunday yirtiq-yamoq ust-boshli va qoʻpol muomalali kimsaning tibbiy mutaxassis ekaniga ishona olmadi. Qoʻlini tibbiyot ishi uchun oʻta dagʻal ekaniga ishora qildi va uni qallob deb atab, shaharni tark etishni buyurdi. Bu orada Paratsels Shtertsingda (Italiya) oʻlat epidemiyasi tarqalganini eshitib, oʻsha yerga yoʻl oldi. Manzilga yetib borgach, bemorlarning uyini koʻzdan kechirib, ularni oʻz usuli bilan davolashga kirishdi va kasallik oʻchogʻini topishga qattiq harakat qildi.
Lekin epidemiya yoʻq boʻlib, oʻlat chekingach, Paratsels endi Shtertsingdan ham ketishga majbur boʻldi va yana darbadarlik hayoti boshlandi. U joylashmoqchi boʻlgan barcha shaharda mahalliy hokimiyat vakillari uni sovuq kutib olar edi. Paratsels hokimiyat amaldorlari bilan til topishgan taqdirda ham, katolik cherkovi taʼsiri ostida tazyiqlarga duch kelaverar edi. Uni protestantlar ham “yoqimsiz kimsa” deb hisoblagan. Lekin unga kutilmagan tarafdan omad kelib qoldi. Paratselsning “Katta jarrohlik” deb nomlangan ilmiy ishi avval Ulm (Germaniya) shahrida, keyin esa Augsburgda (Germaniya) nashrdan chiqdi. Bu kitob Paratselsning uzoq yillik mashaqqatli mehnati samarasi sifatida katta mashhurlik keltirdi. Alkimyogarlarga xos mantiqqa asosan, Paratsels tabiatdagi hamma moddalar bir-biri bilan birika oladigan mayda zarra — elementlardan tarkib topgan degan fikrda edi. Agar modda parchalansa, bu elementlar bir-biridan ajralib ketadi. Boshqa alkimyogarlardan farqli ravishda, Paratsels barcha elementlarning boshlangʻich negizi uchta narsa — oltingugurt (yonish uchun negiz), simob (bugʻlanish uchun negiz) va tuzlardan (oʻtga chidamlilik negizi) tashkil topadi deb hisoblagan.
Paratsels taʼlimotidagi eng katta yangilik esa u barcha jismlarga, xususan, odam organizmiga ham xuddi shunday xususiyat bilan sifat bergan. Uning taʼkidlashicha, odam tanasi ruh, qalb va jasaddan iborat boʻlib, bu uch element muvozanatining buzilishi xastalik keltirib chiqaradi. Agar organizmda oltingugurt miqdori ortib ketsa, odam oʻlat yoki tutqanoq bilan kasallanadi; simob ortib ketsa, qoqshol kelib chiqadi; tuzlar miqdorida oʻzgarish paydo boʻlsa, oshqozon ichak kasalliklarini keltirib chiqaradi. Hakimning vazifasi esa bemor tanasidagi ushbu elementlar munosabatini aniqlash va ularni tartibga keltirish. Ularni tartibga solish uchun esa maʼlum kimyoviy preparat taʼsiri bilan harakat qilish mumkin. Shu tufayli kimyoning birinchi navbatdagi vazifasi, davolash uchun foydalanish mumkin boʻlgan moddalarni qidirib topish boʻlishi kerak. Bu maqsadda Paratsels oʻz bemorlarida mishyak, mis, qoʻrgʻoshin, simob va surmaning turli birikmalari taʼsirini qoʻllab koʻrdi hamda sinov olib bordi. Unga alohida mashhurlik keltirgan natijalardan biri — simob yordamida erkaklar jinsiy aʼzolari xastaligini davolash usulini ishlab chiqqani boʻldi. Kimyoviy tajribalar Paratselsning koʻp vaqtini band qilar edi. U tajribani olib borar ekan, natija va jarayonni muttasil aytib, izohlab turar edi. Uning ogʻzidan chiqqan barcha soʻzlarini kotib yozib olar va keyinroq lotin tiliga oʻgirib chiqar edi. Tarixchilarning aytishicha, Paratselsning koʻplab fikrlari tarjima davomida notoʻgʻri talqin qilingan va maʼnosi buzib yuborilgan. Koʻp mulohazalarini esa Paratselsning dushmanlari yoʻq qilib tashlagan.
Paratselsga doimiy taʼqiblar xalal berar edi. Unga odam tanasini kimyoviy tajribaxonaga aylantirib yuborganlik aybi bilan doimiy tahdid qilishar edi. Albatta, bu borada cherkov namoyandalari faollik koʻrsatar edi. Aytganimizdek, kitob nashrdan chiqqach, Paratselsning ham moddiy ham ijtimoiy mavqei yaxshilana boshladi. Endi uni boyvachchalar ham koʻrikka taklif qilar, unga amaldor va mashhur shaxslar davo istab murojaat qilar edi. U Bogemiya qiroli Iogann fon Leypnikni davoladi. Venada esa qirol Ferdinand uni yaxshi kutib olib, oʻzining tansihatlik darajasini tekshirtirdi. Uni tan ola boshlagan vaqtlarda ham darbadar olim kechalari bilan ilmiy ishini yozib chiqar edi. Bunga sabab qilib, u kunduzi bemorlarni davolashga vaqt ajratolmay qolishdan qoʻrqib, kechasi bu ishga ham ulgurishi kerak ekanini aytgan ekan. U oʻzi egallagan bilim va ochgan yangi kashfiyot, topgan davo choralarini boshqalarga ham maʼlum qilishni, jarrohlik amaliyoti uslubiyatini, davolash taktikasini, dorilarning taʼsir mexanizmini batafsil tushuntiradigan ilmiy qoʻllanma tayyorlashni maqsad qilgan edi. Paratsels oʻzi erishgan natijaga butun jamiyat egalik qilishini va undan keyin ham odamlarga nafi tegishini istar edi.
Uning soʻnggi manzili Zaltsburg (Avstriya) boʻldi. U shahar chetidagi kichik kulbasini ham tibbiyot amaliyoti, ham kimyoviy tadqiqotlar bilan shugʻullanishga yetarli sharoit bilan jihozladi. Umrining soʻnggi kunigacha odamlarni, ayniqsa, jamiyatning kambagʻal va qashshoq qatlamini davolash bilan shugʻullandi. 1541-yil 24-sentabrda kasallik tufayli vafot etdi. Zaltsburgdagi Paratsels qabrida katta lavha oʻrnatilgan. Unda shunday satrlar bilan marhum yodga olinadi: “Bu joyda ogʻir yarador, moxov va boshqa davosiz kasalliklarni sanʼat darajasida davolagan va oʻz mol-mulkini kambagʻallarga taqsimlab berishni vasiyat qilgan ajoyib tibbiyot hakimi, Filipp Teofast dafn etilgan. 1541-yil 24-sentabr kuni u hayotni oʻlimga almashtirdi”.
Muqova suratlar: wikipedia.org / facebook.com