Orqaga

1036 marta koʻrilgan

1871–1945

Teodor Drayzer

Teodor Drayzer bankrot boʻlgan kichik ishbilarmon, Germaniyadan Oʻrta Gʻarbga koʻchib kelgan muhojir oilasida tugʻilgan boʻlib, onasining asli kelib chiqishi slavyan, moraviyalik (Chexiya) dehqonlardan boʻlgan. Oila qashshoq yashagani tufayli Teodor 16 yoshida pul topish uchun Chikagoga ketib, mustaqil hayotini erta boshlashga majbur boʻlgan. U Chikagoda katta qiyinchilik bilan Chikago gazetasining muxbiri lavozimiga erishadi. Uning birinchi hikoya va ocherklari 1897-yilda yozilgan.

1898-yilda Drayzer Indiana universitetiga oʻqishga kiradi, ammo mablagʻ taqchilligi sababli u yerda faqat 1 yilgina oʻqiy oladi. Pul topish tashvishi bilan gazetadan gazetaga oʻtib, Chikago, Sent-Luis, Goledo, Klivlend, Buffalo va Pitsburg kabi turli yirik sanoat markazlarida ishlashga muvaffaq boʻladi. Teodor 1894-yildan uzoq vaqt Nyu Yorkda qolgan. Drayzer ijodining asosiy mavzusi Amerika adabiyotida yangi sahifa ochgan “Baxtiqaro Kerri” (1900-yil) nomli birinchi romanida aks etadi. Roman oddiy amerikalik kambagʻal fermerning qizi Karolina Miber haqida jiddiy va shoshmasdan hikoya qilinadi. Asarga koʻra, Karolina Miber Chikagoga kelib, koʻplab sinovdan oʻtadi va mashhur aktrisaga aylanadi. Ammo uning muvaffaqiyati kamsitilish, vijdonini sotish evaziga qozonilgani sabab u oʻzini baxtsiz his qiladi. Ulkan kapitalistik shahar uning patriarxal axloqi, pokligini buzadi, xudbinlashtiradi. Karolinaning muvaffaqiyat qozonishga intilishi sevimli kishisi Gerstvudning oʻlimidan soʻng kuchayadi. Moddiy tomondan har qancha muvaffaqiyatga erishsa ham, oʻz baxtini topa olmaydi. Bundan tashqari, ommaning koʻnglini olish maqsadida oʻz isteʼdodini ham nobud qiladi. Drayzer bu asari bilan Amerikaning buyuk imkoniyatlari, moddiy muvaffaqiyat baxtning asosi ekanini rad etadi va “kichkina odam” xarakterini insonparvarlik bilan ochib beradi. Ammo roman axloqsizlikda ayblanib, tanqidchilarning gʻazabiga duchor boʻladi. Bunga sabab asarda “Amerika imkoniyatlari” ulugʻlanish oʻrniga “Amerika turmush tarzi” fosh qilingani edi.

Muvaffaqiyatning moʻrt, oʻtkinchiligi, shafqatsiz raqobat sharoitida odamlarga ishonchning yoʻqligi, yashash uchun ayovsiz kurash Gerstvudning qaygʻuli taqdirida mohirona ochib berilgan. Muallif asar ichiga Nyu Yorkda boshlangan va ishchilarni non uchun umidsiz kurashga qoʻzgʻatgan ommaviy ishsizlik muammosini ham kiritadi. Drayzer kompozitsiya, chuqur psixologik tahlil, atrof-muhit va personajlarni har tomonlama tahliliy tavsiflash ustasi hisoblanadi. Kitob biografik roman kabi tuzilgan boʻlsa-da, Amerikaning dahshatli ijtimoiy muammolarini oʻz ichiga olgan edi. Shuning uchun roman taqiqlanib, tiraj nashriyot yertoʻlalarida chang bosib yotishiga toʻgʻri keladi. Natijada Drayzer och qoladi va hatto oʻz joniga qasd qilish haqida ham oʻylay boshlaydi. Ammo u oʻz mamlakati haqida haqiqatni yozish uchun kurashga chidaydi va “Baxtiqaro Kerri” romani 1904-yilda Londonda, soʻng 1907-yilda AQShda nashr etiladi.

Drayzer oʻz tanlagan yoʻlidan ogʻmaganini yana bir bor koʻrsatish maqsadida 4 yil oʻtgach “Jenni Gerxardt” romanini yozadi. Millionerning xizmatkorga boʻlgan muhabbati haqidagi oddiy syujet materialidan foydalanib, u fojia va chuqur umumlashmalarga toʻla ijtimoiy-psixologik roman yaratgan edi. U mazkur asarida kambagʻal Gerxardt oilasini katta hamdardlik va mehr bilan tasvirlaydi. Asardagi kapitalist Archibald Keyn oilasida esa butunlay boshqacha axloqiy tamoyillar hukm surardi: u oʻgʻli Lesterni sevgan ayoli ishchining qizi boʻlgani uchun undan voz kechishga majbur qiladi. Oʻsha davrda bu “katta biznes” axloqi boʻlib, pul yoʻqotish yaqin odamni yoʻqotishdan koʻra kattaroq baxtsizlik deb hisoblanardi.

Oilasi va sevgan insoni uchun katta qurbonlik qilishga qodir Jenni obrazi mehr va nafislik bilan tasvirlangan. Ammo millionerning oʻgʻli qiyinchiliklarga dosh berolmaydi va otasining merosidan mahrum boʻlishdan qoʻrqib, boshqa millionerning beva xotiniga uylanadi va Jenni bilan 8 yillik baxtli hayotidan voz kechadi. Jenni barcha yaqinlari: otasi, onasi, qizi Vesta, Lesterni yoʻqotsa ham, irodasini yoʻqotmagan holda 2 ta yetim bolani asrab oladi va qolgan umrini ularga bagʻishlashga qaror qiladi. Aslida Drayzer qalban buyuklik va maʼnaviy kuchga ega boʻlgan Jenni qiyofasida xalqning ulkan salohiyatli kuchiga ishonch bildirgan edi. Agar dastlabki 2 romanda pulning kuchi amerikaliklarning shaxsiy hayotida namoyon boʻlgan boʻlsa, “Istak trilogiyasi” deb nomlangan ulkan epik trilogiyada esa yozuvchi Amerikada sodir boʻlayotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning muqarrarligini koʻrsatib beradi hamda “biznes oshxonasi” ga kirib, kapitalni “ishda” koʻrsatadi.

“Sarmoyador” (1912-yil), “Titan” (1914-yil), “Matonat” (1947-yilda vafotidan keyin nashr etilgan) romanlarida Drayzer amerikalik biznesmen, monopolist yirtqich xususiyatlarini oʻzida mujassam etgan Frenk Kaupervudning boylik va qudrat sari qadamini koʻrsatadi. Asarda yozuvchi Amerika kapitalining imperializmga aylanishi tarixiy jarayonini tadqiq qiladi. 1960–1970-yillarda fond bozorida chayqovchilik kuchaygan davrda, bank xodimining oʻgʻli moliyachiga aylanadi. 1980-yillarda trest va sindikatlar (bozorni monopollashtirish maqsadi bilan tuzilgan birlashma, uyushma shakli) tez rivojlanib, monopoliya kuchayib ketadi.Voqea eng yirik monopoliya shahri Chikagoda boʻlib oʻtadi, u yerda Kaupervud transport magnatiga aylanadi. “Matonat” asarida Kaupervud allaqachon Amerika kapitalini boshqa mamlakatlar sanoatiga joriy etish siyosatini tashkillashtirayotgan davr aks etadi. Drayzer Amerikaning yaqin oʻtmishiga oid materiallarga murojaat qilib, milliarderlar Morgan, Rokfeller, Vanderoiltlar sulolasi boyliklarining kelib chiqishini ochib beradi.

Bosh qahramon Kaupervud butun hayoti davomida bir narsaga — faqat shaxsiy boylikka intilib yashaydi. U hokimiyat va boylik dardida qayta-qayta magʻlubiyatga uchraydi, bankrot boʻladi va hatto qamoqqa tushadi. Turmadan chiqqach, “moliyaviy qaroqchi” Jey Kukning qulashidan foydalanib, firibgarlikka oʻtadi. Chikagoda u tezda hokimiyat iyerarxiyasi (pastki darajaning yuqoridagilarga boʻysunish tartibi) ni tushunib oladi va Chikagoning qudratli xoʻjayini Mak-Kenti bilan til biriktirib, shahar transportini mohirona nazorat qila boshlaydi. Drayzer Amerika siyosiy va iqtisodiy hayotini juda yaxshi tushunib, mohirona tarzda oʻz asarida qoʻllagan. Shu tarzda yozuvchi Mak-Kenti portreti, xarakteri va shaxsiy hayotidan tashqari, ushbu obrazning paydo boʻlishiga sababchi omillarni keltiradi: “Mak-Kenti yoshligidanoq oʻgʻrilik, firibgarlik, ovoz berish paytida ovozlarni sotib olish, siyosatchilarning qoʻpol hokimiyati, shafqatsiz ekspluatatsiya — Amerikadagi siyosatchilarning u yoki bu moliyaviy guruh foydasiga kurashini tashkil etgan va davom ettirayotgan barcha hodisotlarni koʻrib ulgʻaygandi”.

Kaupervud yoʻlidagi yanada kuchli dushman bu xalqning monopoliyaga qarshi harakati boʻlib, ular oʻrtasidagi toʻqnashuv “Titan” romanining kulminatsiya nuqtasini tashkil qiladi. Ushbu mojaroda munitsipalitet xalqdan qoʻrqib Kaupervud foydasiga ilgari surilgan qonun loyihasini rad etishi natijasida Kaupervud magʻlub boʻladi. “Istak trilogiyasi” jiddiy ijtimoiy roman boʻlishiga qaramay, Drayzer voqealar dramaturgiyasi va oʻz ilhomi bilan oʻquvchini oʻziga rom eta oladi, ayniqsa, ikkinchi kitobida uning uslubi yanada mukammallashgani bunga yaqqol dalildir. Kaupervudning oldingi qaroqchilardan oʻgʻirlagan boyligi sud hukmi natijasida yangi qaroqchilar qoʻliga oʻtib ketadi. Garchi u Nyu Yorkka sanʼat galereyasi va kambagʻallar uchun kasalxona vasiyat qilib qoldirgan boʻlsa-da, vafotidan keyin shahar uchun hech narsa qolmaydi. Daʼvogarlarga oʻz mulkini qaytarish uchun hamma narsa auksionda sotilib ketadi.

Shu tarzda Kaupervud oʻzidan keyin hech narsa qoldirmay olamdan oʻtadi. Yangi “Daho” romani (1915-yil) esa burjua jamiyatda isteʼdodlarning nobud boʻlishi mavzusini koʻtaradi. Ushbu asardan soʻng yozuvchiga nisbatan yangi taʼqiblar boshlanadi. Faqat 1923-yildagina Drayzer oʻz romanining nashr etilishiga erishadi. Yozuvchi ijodining birinchi davridagi qarashlariga Spenserning pessimistik falsafasi taʼsir koʻrsatganini sezish mumkin. Unga koʻra, inson hech qanday ijtimoiy tuzum sharoitida baxtli boʻla olmaydi, chunki tabiatda kuchsizlar kuchlilar tomonidan ezilishining abadiy qonuni mavjudligiga ishoniladi. Drayzer Rossiyadagi Oktabr inqilobi haqidagi xabarni ijobiy qabul qilib, sotsialistik qurilishning muvaffaqiyatini kuzatib borgan va 1945-yilda 74 yoshida Kommunistik partiya safiga qoʻshilgan. 1920-yilda Drayzerning dunyoqarashida optimistik tuygʻular kuchaya boshlaganini uning falsafiy va sotsiologik maqola-yu, qisqa hikoyalar toʻplamida koʻrish mumkin.

Uning fikricha, inson sudyaga qarshi chiqishni kuchaytirishi va baxt yoʻlidagi toʻsiqlarni yengib oʻtishi kerak. Yozuvchi endilikda hikoyalarga murojaat qilishining sababi dunyo haqida juda koʻp narsalarni zudlik bilan aytib berish edi. Shuning uchun hikoya va romanlarni imkon qadar ixchamlashtirib yozgan. Shunday boʻlsa-da, uni katta ijtimoiy masalalar oʻziga jalb etib, Dante singari u ham Amerika hayotining doʻzaxligi va “gunohlardan tozalanadigan joy” ekanini tasvirlashni xohlaydi. Bu gʻoya Amerika adabiyotining eng yaxshi asarlaridan biri “Amerika fojiasi” romanida oʻz ifodasini topgan. Unda koʻcha voizlari, kambagʻal oilaning oʻgʻli Klayd Griffits “hamma uchun teng imkoniyatlar” ni madh etuvchi yorqin reklama va gazetalar taʼsiri ostida xudbin va shafqatsiz yigitga aylanadi, hatto qiyin damlarda ham onasiga pul bermasdan oʻyin-kulgiga berilib ketadi.Boylik va qashshoqlikning qarama-qarshiligi aks etgan shahar Klaydda hashamat va boylikka boʻlgan ishtiyoqni uygʻotadi, buning natijasida u oʻz sevgan qizi Robertani va oʻzini nobud qiladi. Klayd bir boyning qiziga uylanish niyatida farzand kutayotgan Robertadan voz kechadi va oxir-oqibat elektr kursiga oʻtiradi. Roman yolgʻon ideallar bilan aldangan va ahmoq qilingan qahramonni bir tomondan qoralasa, boshqa tomondan unga rahmi keladi.

1927-yilda Drayzer Sovet Ittifoqiga tashrif buyuradi va “Drayzer Rossiyaga qaramoqda” kitobini yozadi. Keyin u ikki jildlik “Ayollar galereyasi” (1929-yil) toʻplamini yozadi. Ayollarning maʼyus taqdirlari fonida yozuvchi “Oliviya Brand” va “Ernita” qissalarida qahramonlarni Amerika mehnat va sotsialistik harakati yetakchilariga yaqinlashtiradi. 1931-yilda ish tashlagan konchilarning chaqirigʻi bilan Drayzer Kentukki shtatining Gorlan shahriga boradi va isyonkor konchilarga qarshi hukumat repressiyasining vahshiy manzaralarini oʻz koʻzi bilan koʻradi. Drayzer dastlab “Gorlan konchilar gapiradi” nomli gʻazabga toʻla hujjatli kitobni yozadi, keyin esa “Amerika fojiasi” (1931-yil) kitobini tugatadi. Koʻplab faktlar asosida u Amerikaning demokratiya va erkinlik mamlakati haqidagi afsonani rad etadi. Yozuvchi bemaʼnilikni mamlakat iqtisodiy tizimining oʻzida koʻradi.

1938-yilda u respublika xalqaro brigadalarining janglari ketayotgan Ispaniyaga safar qiladi va oʻz chiqishlarida Angliya va Amerikani fashizmning sheriklari, deya qoralaydi. Parijda boʻlib oʻtgan Ikkinchi jahon madaniyat xodimlari kongressida (1938-yil) Drayzer rais etib saylanib, yozuvchining haqiqat jarchisi, xalq manfaatlari himoyachisi missiyasi haqida maʼruza oʻqiydi. Ikkinchi jahon urushi yillarida T. Drayzer AQSh boʻylab barchani ikkinchi frontni ochishga chaqirgan.Soʻnggi yillarida u “Tayanch” va “Matonat” romanlarini tugatish ustida ishlagan.



Muqova suratlar: finkalendar.ru / agalibr.ru