Orqaga
Asrlar davomida tarixchi va arxeologlar Stounhenj yodgorligi bilan bog‘liq ko‘plab sir-sinoatlar ustida bosh qotirdi.

1112 marta koʻrilgan

m. a. 3000–2000

Stounhenj yodgorligi

Asrlar davomida tarixchi va arxeologlar Stounhenj yodgorligi bilan bog‘liq ko‘plab sir-sinoatlar ustida bosh qotirdi. Bu qadimiy yodgorlikni qurish uchun taxminan 1 500 yil kerak bo‘lgan. Mazkur inshoot Angliya janubidagi Solsberi tekisligida joylashgan bo‘lib, aylana shaklida o‘rnatilgan 100 ga yaqin katta toshlardan iborat.

Arxeologlarning fikricha, Angliyaning bizning tarixgacha boʻlgan eng mashhur xarobalari bir necha bosqichda qurilgan. Ulardan eng birinchisi 5 000 yoki undan ko‘proq yil oldingi vaqtga toʻgʻri keladi. Birinchidan, neolit davrida yashagan britaniyaliklar katta dumaloq xandaq va qirg‘oq (o‘zan) yoki aylana qazish uchun kiyik shoxlaridan yasalgani taxmin qilinayotgan ibtidoiy asboblardan foydalangan. Baʼzi olimlarning aytishicha, o‘sha davrga oid boʻlgan aylana ichida joylashgan chuqur o‘ralarda bir vaqtlar yog‘och ustunlar halqasi bor bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Bir necha yuz yillar o‘tgach, Stounhenj quruvchilari taxminan 80 ta ko‘k toshni arqon yoki boshqa uskunalar yordamida ko‘taradi. Taqasimon yoki aylana shaklda o‘rnatilgan toshlardan jami 43 tasi saqlanib qolgan va hozir ham ular tik holatda ekanini ko‘rishingiz mumkin. Yodgorliklar Stounhenjdan 300 kilometr uzoqlikda joylashgan Uelsdagi Preseli tepaliklarigacha bo‘lgan hudud oralig‘idan topilgan. Tarixdan avvalgi davrda yashagan odamlar og‘irligi to‘rt tonnagacha bo‘lgan toshlarni murakkab asbob-uskunalar yordamisiz qay tariqa bunday uzoq masofaga olib o‘tgan?

Arxeologlar orasida uzoq vaqtdan beri mavjud bo‘lgan nazariyaga ko‘ra, Stounhenj quruvchilari Preseli tepaliklaridan ko‘k toshlarni sudrab tashish uchun daraxt tanasidan chana va roliklar yasagan. Keyin ular xarsang toshlarni sollarga yuklab, avval Uels qirg‘og‘i bo‘ylab, so‘ngra Avon daryosidan Solsberi tekisligi tomon suzib olib ketgan. Muqobil ravishda ular har bir toshni katta kemalar floti yordamida tortib olgan bo‘lishi ham mumkin. So‘nggi arxeologik farazlarga ko‘ra, ular ko‘k toshlarni novdadan toʻqilgan katta oʻlchamdagi savatlarga solib, podshipniklar (soqqali xalqalar) bilan qotirilgan uzun oʻyilgan taxtalarga yuklangan holda hoʻkizlar yordamida tortib olib ketgan.

Geologlar 1970-yillardayoq Stounhenj qanday qilib vujudga kelgani haqidagi munozaralarga o‘z fikrini bildirib kelgan. Uzoq Uelsdan ulkan toshlarni itarib tushirgan, aravalarda tashigan, dumalatib yoki sudrab olib ketgan mehnatkash quruvchilarning klassik qiyofasini shubha ostiga olib, baʼzi olimlar ko‘k toshlarni Solsberi tekisligiga odamlar emas, balki muzliklar (doimiy siljib turuvchi muzlar toʻplami) olib kelgan, deb taxmin qildi. Aksariyat arxeologlar bu nazariyaga shubha bilan qaradi. Qanday qilib tabiat kuchlari aylanani tugallash uchun zarur bo‘lgan toshlarning aniq sonini bilishi va yetkazib berishi mumkinligiga hayron bo‘ldi.

Qurilishning uchinchi bosqichi miloddan avvalgi 2000-yilda sodir bo‘lgan. Ayni shu bosqichda qumtosh (qumning jipslashuvidan hosil boʻlgan togʻ jinsi) plitalari — “sarsens” deb nomlanuvchi — tashqi yarim oy yoki halqaga joylashtirilgan. Baʼzilari Stounhenj markazida baland bo‘yli trilitonlar (ikkita gorizontal qoʻyilgan tosh ustunlari tepasiga bitta vertikal tosh ustuni qoʻyish orqali yasaladigan tuzilma) deb ataladigan uch bo‘lakli mashhur tuzilmalarga yig‘ilgan. Hozir ham ulardan 50 ga yaqin toshlarni yodgorlik joylashgan yerda koʻrish mumkin. Bir vaqtlar ular yanada ko‘p bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Radiokarbonlar (taxminan 60 000 yillik tarixga ega boʻlgan organik materiallarning yoshini aniqlash) natijasi shuni ko‘rsatdiki, Stounhenjda qurilish ishlari miloddan avvalgi 1600-yilgacha davom etgan, ayniqsa, ko‘k toshlarning oʻrni bir necha marta o‘zgartirilgan.

Asrlar davomida tarixchi va arxeologlar Stounhenj yodgorligi bilan bog‘liq ko‘plab sir-sinoatlar ustida bosh qotirdi.

2004-yilda Stonehenge rejasi. Matndagi kursiv raqamlar ushbu rejadagi yorliqlarga ishora qiladi. Tosh boʻlmagan teshiklar ochiq doiralar sifatida koʻrsatilgan. Bugungi kunda koʻrinadigan toshlar rangli koʻrsatilgan / wikipedia.org

Ammo Stounhenjning quruvchilari kimlar edi? XVII asrda arxeolog Jon Obri Stounhenj keltlar jamiyatida muhim diniy, sud va siyosiy rollarga ega bo‘lgan druidlarning (druid — qadimgi keltlar ruhoniysi) ishi ekanini qattiq taʼkidladi. Ushbu nazariya oʻsha joyda ibtidoiy qabrlarni qazib olgan antiqa narsalar bilan shug‘ullanuvchi Uilyam Stukeley tomonidan keng ommalashtirilgan.

Hatto bugungi kunda ham zamonaviy druidlar hisoblanadigan odamlar yozgi kun to‘xtashi (yozning eng uzun kuni) uchun Stounhenjda to‘planishda davom etmoqda. Biroq XX asrning o‘rtalarida radiokarbonlarni aniqlash tizimi Stounhenj keltlarning mintaqada yashashidan 1 000 yil avval mavjud bo‘lganini ko‘rsatdi.

Asrlar davomida tarixchi va arxeologlar Stounhenj yodgorligi bilan bog‘liq ko‘plab sir-sinoatlar ustida bosh qotirdi.

Stounhenjni qurgan odamlarning ajdodlari Evropaga qishloq xoʻjaligini olib kelgan Anadoludan kelgan neolit dehqonlari edi / wikipedia.org

Bugungi kunda ko‘plab zamonaviy tarixchi va arxeologlar Stounhenjga bir nechta qabila odamlari hissa qo‘shgan va ularning har biri yodgorlik qurilishining turli bosqichini amalga oshirgan degan toʻxtamga keldi. Oʻsha joydan topilgan suyaklar, ish qurollari va boshqa artefaktlar (tarixiy buyum) bu farazni qo‘llab-quvvatlaydi. Birinchi bosqich qurilishiga Britaniya orollarining tub aholisi bo‘lgan neolit ​​davri agrarlari (qishloq xoʻjaligiga oid) erishdi. Keyinchalik ilg‘or vositalar va ko‘proq umumiy hayot tarziga ega bo‘lgan guruhlar yodgorlikda o‘z izini qoldirgan deb hisoblandi. Baʼzilar ularni Yevropa qitʼasidan kelgan muhojirlar deb hisoblasa, boshqalari mohir quruvchilarning avlodlari bo‘lgan asl britaniyaliklar deb taʼkidlaydi.

Agar meʼmorlar va Stounhenj qurilishi bilan bog‘liq faktlar mavhumligicha qolsa, hayratlanarli yodgorlikning maqsadi yanada sirlilashadi. Zamonaviy olimlarning ko‘pchiligi o‘rtasida Stounhenj bir vaqtlar qabriston vazifasini bajargani to‘g‘risida konsensus (murosa, kelishuv) mavjud bo‘lsa-da, yana qanday maqsadlarga ega ekanligi borasida boshqa maʼlumotlar aniqlay olmadi.

Astronom Jerald Xokins 1960-yillarda megalitik (ulkan) toshlar toʻplami yilning turli vaqtlarida sodir bo‘ladigan eng uzun kun va tunlar, tengkunlik hamda tutilishlar kabi astrologik hodisalarga mos keladigan turli nuqtalar bilan bogʻliq taqvim vazifasini bajargan, degan fikrni taklif qildi. Uning nazariyasi o‘nlab yillar davomida katta eʼtiborga sazovor bo‘lgan bo‘lsa-da, tanqidchilar Stounhenj quruvchilari bunday voqealarni bashorat qilish uchun zarur bo‘lgan bilimga ega emasligi yoki Angliyaning zich bulut qoplami ularning osmonga qarashlariga toʻsqinlik qilgan bo‘lishi mumkinligini taʼkidladi.

Yaqinda Stounhenjdan topilgan odam qoldiqlaridagi kasallik va jarohatlar belgilari bir guruh britaniyalik arxeologlarni bu yer shifo maskani boʻlgan deb hisoblashiga sabab bo‘ldi, ehtimol, ko‘k toshlar shifobaxsh kuchga ega deb ishonilgandir.

* Neolit ​​davri — 12 000 yil oldin boshlanib, miloddan avvalgi 3500-yillarda tugagan davr. Yangi tosh davri deb ham ataladi.

* Keltlar — temir davrida miloddan avvalgi 1600-yildan boshlab milodiy 43-yilgacha Britaniya va shimoli-gʻarbiy Yevropada yashagan ingliz xalqlari.



Muqova suratlar: unsplash.com / pixabay.com