Orqaga

834 marta koʻrilgan

1922-2018

Sten Li

Stenli Martin Liber 1922-yil 28-dekabr kuni Nyu York shahrida tugʻilgan. Uning ota-onasi Amerikaga immigratsiya qilishga majbur boʻlgan ruminiyalik yahudiylar edi. Onasi Seliya Solomon doʻkonda hisobchi boʻlgan, AQShga kelgach “amerikancha” Jeykob Aaron ismini olgan otasi Ianku Liber esa kesuvchi boʻlib ishlagan. Uning bolaligi Amerika buyuk depressiyaga uchragan paytga toʻgʻri keladi. Oilada pulga ehtiyoj juda sezilardi, shu sababli Stenlining onasi oʻgʻli tezroq maktabni bitirib, pul topishini xohlardi. Stenli koʻp oʻqir va yaxshi baho olishga qattiq harakat qilardi. Buning natijasida u bir necha sinfdan “sakrab” oʻtishga erishadi. Ammo endi yangi muammo paydo boʻldi: Stenli sinfda eng kichigi boʻlgani tufayli sinfdoshlari doim uni masxara qilardi. Shunday boʻlsada, u maktab hayotida faol qatnashardi va turli xil toʻgaraklarga aʼzo edi: boʻlajak advokatlar toʻgaragidan tortib oʻzi yetakchi boʻlgan maktab gazetasini chiqaruvchi tahririyatgacha.

1939-yilda maktabni bitirgach, bir qizni sevib qoladi va uning yonida boʻlish uchun qiz oʻqigan kollejning kechki boʻlimiga oʻqishga kiradi. Ammo yarim yildan soʻng ular ajraladi, Stenli hujjatlarini kollejdan oladi, u oʻquv muassasalarida bekorchilik qilgandan koʻra ishlash koʻproq foyda keltiradi degan qarorga keladi. Ammo kelajagini nima bilan bogʻlashni bilmagani tufayli daydi mushukdek bir ishdan ikkinchisiga oʻtib yuraveradi. Bu vaqtda komikslar paydo boʻlganiga oʻn yil ham boʻlmagan edi. Ular muvaffaqiyatli sotila boshlaganiga qaramay, komikslarga hech kim sanʼatga aloqador narsa sifatida qaramasdi. Hamma komikslar bolalarning vaqtinchalik qiziqishi va bu qiziqish bir necha oy yoki bir necha yilda aniq yoʻqoladi deb hisoblardi. Lekin koʻpchilik nashriyotlar yaxshi daromad manbai topilganini sezgach, komikslarni tez-tez bosib chiqara boshlaydi.

“Taymli” nomli shunday nashriyotlardan birida qahramonimizning togʻasi Robbi Solomon ishlardi, uning kuyovi Martin Gudman esa bu nashriyotning boshligʻi edi. Singlisining iltimosiga koʻra, togʻasi osongina Stenlini oʻz ofisiga ishga joylashtirgani ajablanarli emas. Bolaga aniq bir lavozim berilmaydi, sodda qilib aytganda u shunchaki yugurdak edi. Koʻpincha Stenli boʻyab tugatilgan rasmlardan qalam chiziqlarini oʻchirish yoki kofe keltirish kabi vazifalarni bajarardi. 1941-yilning boshida endi 18 yoshga toʻlgan Stenliga ilk ijodiy topshiriq beriladi: u Kapitan Amerika haqidagi komiksning 3-soniga matnli sahifani yozishi kerak edi. Matnning qisqa boʻlagi “Kapitan Amerika xoinning qasosini bostiradi” nomi ostida chop ettiriladi. Umuman olganda, Stenli bu sohada hech qanday tajribaga ega boʻlmaganini hisobga olsa, bu anchagina yaxshi matn edi. Bundan tashqari, matnda bir qancha yaxshigina topilma boʻlib, ulardan biri bu — Kapitan oʻzining mustahkam qalqonidan dushmanga zarba berib egasiga qaytadigan bumerang sifatida foydalanishi edi.

Sten Li komikslari / pngwing.com

Yigit imzoda oʻzining haqiqiy ism-familiyasidan foydalanishni istamaydi va shunchaki ismini ikkiga boʻlib qoʻyadi. Shunday qilib Sten Li paydo boʻldi. Sten yaxshi yoza olishini isbotladi va unga koʻproq ijodiy topshiriqlar bera boshlashdi. 41-yilning oxiriga keliboq, hammani hayron qoldirgan yangilik sifatida Sten Timelyʼning muharriri etib tayinlandi. Hayratlanarli jihati shundaki, lavozim hech bir kasbda tajribaga ega boʻlmaganidan tashqari, komikslar olami haqida ham hech qanday aniq bilimga ega boʻlmagan yigitga berilgandi. 42-yilning noyabrida, Ikkinchi jahon urushi avjiga chiqib turgan bir paytda, Sten uni Yevropaga yuborishlariga tayyor holda xizmatga ketadi. Ammo u AQSh chegaralaridan tashqariga chiqish uyoqda tursin, yozuv mashinkasidan ham nariga oʻtmadi. Sten harbiy tarkibning taʼlim olishi va koʻngil ochishi uchun turli materiallar yaratish bilan shugʻullanishi kerak boʻlgan ssenariy mualliflari deb atalgan boʻlimga tushgan toʻqqiz erkakdan biri edi. Ishdan boʻsh vaqtida Sten Timely uchun syujetlar yozishga ham ulgurardi, “Zobit Sten Li, mustaqil muharrir” imzosi esa vaqti-vaqti bilan son ustida ishlagan odamlar roʻyxatida chiqib qolardi.

1945-yili 29-sentabrda Stenni zahiraga yuborishganida, u ijodiy frontda koʻp narsaga erishib ulgurgandi. Ammo bu paytga kelib, Sten komikslardan charchay boshladi. U komisklarni oʻqishga qiziqmasdi va shu tufayli ham bu sanʼat turiga borini berishga oʻzini majburlay olmasdi. 1947-yilning boshida Sten Joan Kleyton Bukok ismli qiz bilan tanishadi. Ular orasida qisqa muddatda oʻzaro bogʻliqlik hosil boʻladi va bir yil ham oʻtmay juftlik turmush quradi. Uch yil oʻtgach, ular Joan Seliya Li ismli qiz farzand koʻradi. Qizaloqni nasroniy cherkovida choʻqintirishadi, bundan Stenning otasi gʻazablanadi. Sten yahudiy boʻlmagan qizga uylangani yetmagandek, bolasini ham nasroniy odatlarga koʻra choʻqintirishgandi. Bundan soʻng otasi Stenga bir necha bor u yahudiy xalqiga xoinlik qilganini aytadi. Biroz vaqt oʻtgach, “Taymli” xodimlari bir xil va takrorlanuvchi qahramonlardan charchagach oʻziga ham yoqadigan biror narsa qilishga qaror qiladi. Shunday qilib, 1961-yilda Sten Li va rassom Jek Kirbi tomonidan oʻylab topilgan “Fantastik toʻrtlik” haqidagi komikslarning birinchi soni nashr etiladi. Oʻquvchilar uchun bu haqiqiy “toza havo” edi va komiks darhol savdoda birinchi oʻrinni egalladi. “Fantastik toʻrtlik”dan soʻng Xalk, Chumoli odam va Tor qahramonlari yaratildi.

1962-yilning oʻrtasida “Ajoyib fantaziya” komiksining oʻn beshinchi sonida birinchi bor Oʻrgimchak odam paydo boʻladi va koʻp oʻtmay “Taymli” oʻzining komiks nashriyoti boʻlimining nomini Marvel Comicsʼga oʻzgartirishga qaror qiladi. Bir yildan soʻng “Gʻaroyib odamlar” va “Qasoskorlar” guruhining debyuti boʻlib oʻtdi, unda komiks qahramonlari yovuzlikka qarshi kurashish uchun birlashgandi. Aynan shunda mashhur “Marvel multi olami” gʻoyasi paydo boʻldi, unda barcha qahramonlar toʻsatdan uchrashib qolishi mumkin edi va komikslarning oldingi sonlarida boʻlgan voqealar keyingi voqealarga taʼsir koʻrsatardi. Avvalo sotilgan jurnallar sonini koʻpaytirishga qaratilgan bunday strategiya oʻquvchini nima boʻlayotganini tushunish uchun faqat bitta komiks emas undan oldingi sonlarni ham sotib olishga majbur qilardi. 66-yilning boshida Marvel koʻpchilik Jek Kirbi va Sten Lining qoʻshma ijodi choʻqqisi deb hisoblaydigan, syujeti “Fantastik toʻrtlik”ning 48-dan 50-sonigacha nashr etilgan “Galaktus trilogiyasi”ni bosib chiqarishga qaror qildi. Aynan shu davrda Sten Li ismi ommaviy axborot vositalarida faol muhokama qilina boshlanadi.

Sten Li uning kompaniyasi juda muhim oʻquvchilar auditoriyasidan biri — talabalarni jalb eta olganidan juda xursand edi. Sten universitetlarga chiqishlar bilan tashrif buyuradigan boʻldi va bu chiqishlar katta mashhurlikka erishdi. Masalan, Chikago universitetida uning maʼruzalarini “Sten Li – tirik afsona” deb yozilgan plakatlar yordamida reklama qilishdi. 1971-yilga kelib Stenning mashhurligi misli koʻrilmagan choʻqqiga yetadi. Uning oʻzi haqida ham, Marvel haqida ham gazetalarda yozishar, radio va televideniyeda gapirishardi. Sten doim Marvel olamida oxirgi oʻn yil ichida yaratilgan qahramonlarning muallifi aynan u ekanini taʼkidlardi, ammo aslida ularning ortida bir nechta rassom ham bor edi. Shunday boʻlsada, Stenning mashhurligi ortishi va gonorarlari qancha oshishiga qaramay, u ofisga kam kelardi. Yaqin odamlari doirasida esa ochiqchasiga komikslarni yoqtirmasligini, odamlar nega ularni oʻqishini tushunmasligini aytgandi. Shu yili u ism-familiyasini rasman oʻzgartiradi va “Sten Li” nomi koʻrsatilgan yangi hujjatlarini oladi. Bir yil oʻtgach, ellikka toʻlgan Sten Marvel kompaniyasining prezidenti va nashriyotchisi lavozimini egalladi. Lekin statistika va grafiklar tufayli siqilishni istamagani uchun prezidentlikdan darrov voz kechadi. Olamshumul muvaffaqiyatlariga qaramay, Stenga uning karyerasi befoydadek koʻrinaverdi.

78-yilgi intervyuda Sten shunday deydi: “Men Marvelʼdan yigirma yil oldin ketishim kerak edi, shunda boshqa biror ish bilan shugʻullana olardim. Men axmoq boʻlganman, birinchi yigirma yil faqat nashriyotchi istaganini qilganman. Men bu biznesdan yigirma yil oldin ketishim kerak edi. Kino bilan shugʻullanardim, rejissyor yoki ssenarist boʻlardim. Men shu yerda qilayotgan ishimni katta masshtabda qilishni istagandim”. Natijada kinoloyihada qatnashish bahonasida u hammani Los-Anjelesga koʻchishi kerakligiga ishontiradi. Qogʻozda u nashriyotchi lavozimini saqlab qolgan boʻlsada, hamma komiks va jurnallar bilan boshqalar shugʻullanishini bilardi. Aytish mumkinki, Sten nihoyat orzusiga va Ikkinchi jahon urushi tugagandan buyon ichida saqlab kelgan maqsadiga erishdi, yaʼni komikslarni tark etdi. Oʻzini shou-biznesda sinab koʻrish vaqti kelgandi. Deyarli ikki oʻn yillikning katta qismida Stenni u bir necha yil oldingi komikslar tufayli erishgan mashhurlik quvdi, lekin uni koʻchalarda tanishlariga qaramay, kinostudiya boshqaruvchilari uchun u hech kim edi. Sten qayerda Marvelʼga bogʻliq loyihalarini taklif qilmasin, hamkorlikni rad etishardi. Oxir-oqibat, 80-yilning iyun oyida Sten oʻzining Marvel Productions kompaniyasiga asos soladi. Bu kompaniyada Sten ijodiy direktor lavozimida edi, ish va ijodiy jarayonlarning tafsilotlarini tushunmasdi, balki loyihalarning umumiy boshqaruvi va savdosi bilan shugʻullanardi.

Kompaniya tomonidan “Mitti mappetlar”, “Askar Jo: haqiqiy amerikalik qahramon”, “Transformerlar” va “Mening kichik poniyim va doʻstlar” kabi multseriallar chiqariladi. Superqahramonlar haqidagi seriallar emas, balki aynan shu multseriallar Marvel Productionsʼning oʻn yillikdagi eng katta xitlariga aylandi. Bunga qaramay, 1980-yillarning boshlarida superqahramonlar haqida “Oʻrgimchak odam”, “Oʻrgimchak odam va uning ajoyib doʻstlari” va “Gʻaroyib Xalk” deb nomlangan uchta serial ishlab chiqiladi. “Xalk” unchalik ham muvaffaqiyatli boʻlmadi va faqat bir fasl davomida tomosha qilindi, avvalgi ikkita serial esa keyinchalik birlashtirildi. Komikslar tarixida ularning ikkalasi ham bir nom — “Oʻrgimchak odam va uning ajoyib doʻstlari” nomi ostida olib borildi. Aytgandek, bu multserialda Stenga kadrorti ovozi roli berilgandi.

Sten Li komikslari / pngwing.com

89-yilning may oyida oltmish yoshga toʻlgan Sten birinchi bor “Gʻaroyib Xalkning sudi” telefilmida sudya rolida ekranlarda paydo boʻladi. Sten bu sahnada hech narsa demagan, ammo ekranga chiqqanining oʻzi uni juda xursand qildi. Bir necha oydan soʻng Sten Li shaxsiy obrazida “Mitti mappetlar” multiserialida, 1990-yilda esa Larri Koenning “Tez yordam” komediya trillerida chiqadi. Sten epizodik rollaridan zavqlansada, Marvel Productionsʼning kinoindustriyadagi yutuqlari minimal edi. U yana “Jazolovchi” filmida Dolf Lundgren bilan birga asosiy rolda chiqadi. Filmning syujeti komikslardan juda uzoq boʻlgani tufayli AQShda film premyerasidan keyin deyarli darhol ijaradan olib, kassetalarda chiqarib yuborishadi. Asosiy rolni yozuvchi Jerom Devid Selindjerning oʻgʻli Mett oʻynagan Kapitan Amerika haqidagi filmni ham xuddi shu taqdir kutib oldi. Sten Gollivudga koʻchib oʻtgandan buyon Marvelʼning obroʻsi faqat pasayib boradi.

1998-yilda saksonlarga yetib qolgan Sten oʻrtogʻi Piter Polning taklifiga binoan u bilan yangi qahramonlarning yaratilishi va tarqatilishi hamda ular haqidagi animatsion, televizion filmlar bilan shugʻullanishi kerak boʻlgan “Sten Li Media” internet kompaniyasini ochadi. Lekin 2000-yilda sodir boʻlgan Dotkom halokati ularni ham olib ketadi. Kompaniya aksiyalarining qulashi natijasida “Sten Li Media” oʻzini bankrot deb eʼlon qiladi. “Sten Li Media” qulagandan soʻng Sten xuddi oldingi kompaniya bilan bir xil maqsadni koʻzlagan POW! Entertainment kompaniyasiga asos soladi. Nomdagi POW — “Moʻjiza yetkazuvchilari” maʼnosini anglatadi. Kompaniya taqdirini oldindan bilgan holda aytishimiz mumkinki, to Xitoyning Camsing firmasi tomonidan 2017-yilda oʻzlashtirib olinmagunicha hayoti davomida POW! Entertainment koʻplab realiti-shoular, animatsion va kinofilmlar chiqardi. Ular omma tomonidan ortiqcha shov-shuvlarsiz kutib olindi.

1998-yildan boshlab Stenni Marvel kino olamidagi filmlarning syomkalariga chaqira boshlashdi, ularda u qisqa epizodlarda chiqardi. Asta-sekinlik bilan komikslar boʻyicha koʻproq kinokartinalar olina boshlandi, kinematogroflar anʼanaga amal qilgan holda, albatta, Stenni ham olishardi. Bu Marvel komikslari bilimdonlari uni tanishi va undan xabardor boʻlmagan doʻstlariga ekranda koʻrsatilayotgan odamga eʼtibor qaratishni soʻrash uchun edi. Stenning shaxsiy brendida bu rollarning taʼsiri katta edi. Marvel komikslariga asoslangan filmlar kompaniya taʼrixidagi eng muvaffaqiyatli va daromadli mahsulotga aylandi.Stenning ularda chiqishi uning ramziy obroʻsini millardlab odamlar koʻz oldida yanada mustahkamladi. Hayotining oxirigacha Sten Marvel komikslariga asoslangan qirqdan oshiq filmda suratga tushadi. U kutubxonachi, ruhiy kasalxona beʼmori, goʻzallik tanlovida hakam, Ikkinchi jahon urushi davridagi general, Xyu Xefner va Larri Kingning qiyofadoshlari, FedEx yetkazib beruvchisi, oʻzga sayyoralik sartarosh va hatto tungi-klubdagi didjey rollarini oʻynadi.

Sten yulduzlar bilan rasmga tushish va undan Marvel afsonasini boshlab bergan odam sifatida intervyu olishlari uchun deyarli har doim bu filmlarning premyeralariga borardi. U filmdan oldingi PR spektaklning hammasida ishtirok etar, ammo filmlarning oʻzi unga umuman yoqmasdi. Muallifning yaqinlari Sten oʻz superqahramonlari haqidagi filmlarni xushlamasligini va faqatgina ikki yoki uchtasini oxirigacha tomosha qilganini aytadi. Shuning uchun u qizil gilamli yoʻlakning oxiriga yetishi bilan darhol mashinaga oʻtirib maydonchani tark etardi. 2017-yil 6-iyulda 96 yoshida Stenning xotini Joan vafot etadi. Juftlik birga 69 yil yashadi va bunday yoʻqotishdan soʻng Sten depressiyaga tushib qoldi, oʻzini yoʻqota boshladi. Ammo u oʻzida ommaning oldiga chiqish va avtograflar tarqatish uchun kuch topardi. 2018-yili 12-noyabrda toʻqson besh yoshli Stenning ahvoli ogʻirlashadi. Oʻsha paytda uyda qoʻriqchi va hamshira boʻlgan, ular tez yordam chaqirgan. Sten klinikaga olib ketilgan, u yerda yurak zaifligi va nafas olish muammolari tufayli yurak toʻxtashidan vafot etgani maʼlum qilingan. Uning qizi autopsiyaga ruxsat bermagan va yahudiylarning barcha urf-odatlariga qarshi Stenni krematsiya qilishdi, bu esa uning otasiga aniq yoqmagan boʻlardi.

Sten Lining hayoti koʻplab sir va noaniqliklarga toʻla. Hozirgacha Sten unga ishlagan boshqa rassomlarning gʻoyalari, mehnatini oʻzlashtirib olgan buyuk firibgarmi yoki oʻnlab buyuk qahramonlarni yaratgan va komikslarni alohida sanʼat turiga aylantirgan daho boʻlganmi — aytish qiyin. Ammo bir narsani aniq aytish mumkin — Sten Li yigirmanchi asr komikslarining ramzi va obraziga aylandi hamda unga “Janob Marvel” nomi bekorga berilmagan. Sten Lining biografiyasiga chuqurroq kirib borilsa, oʻzi bilmagan holda kishining ongiga “hech bir katta imperiya, hech bir mashhur brendni yuz foiz haqiqat va faqat yaxshi amallar bilan qurib boʻlmaydi” degan fikrni anglab yetish mumkin. Ammo, bilganimizdek, odamlarga afsonalar kerak. Bu afsona qanchalik yorqinroq boʻlsa, unda tafsilot va ziddiyatlar qancha koʻp boʻlsa, u shuncha yaxshiroq tanilib boradi. Shu oʻrinda xulosa qilsa boʻladiki, yana bir fosh qiluvchi maqola yoki kitobni oʻqiganda u qismangina haqiqat ekanini anglashimiz mumkin. Aslida qanday boʻlganini esa oxirigacha hech kim bilolmaydi.



Muqova suratlar: wikicomics.ru / kinopoisk.ru