4
Ulashish
845 marta koʻrilgan
m. a. 103-71
Spartak
Spartak nomi uning hayot ekanligidayoq afsonaga aylangan. Baxtiqaro qullar unga umid bilan, Rim aristokratlari esa nafrat bilan qarardi. Baʼzi tarixchilar Spartak qoʻzgʻolonini qadimgi Rim tarixidagi kichik va ahamiyatsiz voqea, uning oʻzini esa qaroqchilar toʻdasi rahbari deb biladi. Spartak haqida haqiqatan ham maʼlumot kam. Uning qayerda tugʻilgani, qaysi oilada va miloddan avvalgi 71-yilda, necha yoshda vafot etganini hech kim aniq bilmaydi. Shuningdek, uning qanday jangda oʻlgani yoki qatl etilgani nomaʼlum.
Ayrim olimlar Spartakni Spartokidlar qirollik oilasidan chiqqan deb hisoblaydi. Ammo bu fikr tasdiqlanmagan, aftidan, jiddiy asosga ega emas. Qadimgi tarixchi va yozuvchilar ham u toʻgʻrisida qarama-qarshi maʼlumot beradi, shunday boʻlsa-da, Spartak haqida ozmi-koʻpmi tasavvur hosil qilish mumkin. U Frakiya (hozirgi Gretsiya va Bolgariyaning shimoli-gʻarbiy qismi)da tugʻilgan va Frakiya qabilasining tajribali hamda mohir boshliqlaridan biri boʻlgan. Ehtimol, u Rim armiyasida xizmat qilgan, lekin keyin qochib ketib, frakiyaliklarning rimliklarga qarshi ozodlik kurashiga rahbarlik qilgan. Keyin Spartak rimliklar tomonidan qoʻlga olinadi va jazolash maqsadida uni gladiatorga aylantirishadi. Arenada jang qilgan professional jangchilar gladiatorlar (lotincha gladius — qilich) deb atalgan. Ilk marta gladiatorlar jangi mil. av. 264-yilda Rimda tashkil etilgan. Ular dafn marosimlarida bunday janglarni olib borgan etrusklar (qadimgi xalq) ga taqlid sifatida tashkillashtirilgan.
Qadimgi Rimda ham gladiatorlar jangi 1-marta aslzoda rimliklarning dafn marosimlarida oʻtkazilgan, ammo keyinchalik bu odat Rim xalqining eng sevimli tomosha va oʻyin-kulgilaridan biriga aylandi. Hatto boʻlajak gladiatorlarga turli xil qurollar qoʻllashni oʻrgatadigan maxsus maktablar tashkil etilgan. Harbiy asir, dezertir (harbiy xizmatdan boʻyin tovlovchi), jinoyatchi, qullar gladiatorga aylantirilgan. Spartak ham shu maktablardan biriga tushib qolgan. Gladiatorlar hayoti hatto boshqa qullarnikidan ham ogʻir edi. Ular yo arenada gʻalaba qozonib, ozodlikka erishar yoki halok boʻlardi. Gʻalaba qozonish oson emas edi, chunki jangdagi raqiblar ham gʻalaba qozonish va omon qolishni xohlardi. Ular hatto yovvoyi hayvonlar bilan kurashishga majbur boʻlgan, bu esa tomoshabinlarga taʼriflab boʻlmas zavq bergan. Spartak ham arenada jang qilar va garchi bu uni ranjitsa ham, har doim gʻalaba qozonardi. U boshqa koʻplab gladiatorlardan nafaqat jismoniy kuchi, balki aqli bilan ham ajralib turgan. Qadimgi yunon yozuvchisi Plutarx: “Spartak oʻz qabilasining odamiga qaraganda koʻproq oʻqimishli ellin (qadimgi yunon xalqi) ga oʻxshardi”, — deb yozgan. Rim tarixchisi Sallyustiy ham xuddi shunday fikr bildirgan, u Spartakni jismoniy kuch va ruhiy jihatdan buyuk shaxs deb taʼriflagan.
Spartakning qobiliyati yuzaga chiqqach, u gladiatorlik maktabida qilichbozlikdan mashgʻulotlar olib borgan. Oʻz holatini qabul qilishni istamagan Spartak 200 ga yaqin gladiator-qullar ishtirokida fitna uyushtirdi. Fitna fosh boʻldi, biroq Spartak boshqa bir qancha fitnachilar bilan birga qochishga muvaffaq boʻldi va ular Vezuviy togʻida panoh topdi. Ularning soni atigi 70 kishi edi, lekin tez orada uzoq va yaqin joylardan qullar ularga qoʻshila boshladi. Qoʻzgʻolonni bostirish uchun Rimdan qoʻshin yuborildi. Rim legionlari isyonkor qullar joylashgan Vezuviyni qamal qilib, ularni ochlikdan oʻldirishga qaror qilgan. Spartak rimliklarni aldashga muvaffaq boʻldi: u oʻz qoʻshinlari bilan togʻdan tushib, Rim qoʻshinlarining orqa tomonidan zarba berdi. Gladiatorlar rimliklarni magʻlub etib, qurollarni qoʻlga kiritib, shimolga, Alp togʻlari tomonga yoʻl olgan. Spartakning shon-shuhrati butun Italiyaga tarqaldi va unga har tomondan qullar oqib kelishda davom etdi.
Dastlab qoʻzgʻolonchilar faqat pichoq va oʻtkir qoziqlar bilan qurollangan, uyushmagan olomon boʻlsa ham tez orada haqiqiy armiyaga aylangan. Spartak oʻz sheriklari bilan qullarga jangovar sanʼatni oʻrgatdi. Ular asta-sekin yaxshi qurollarga ega boʻlib, Rim legionlari bilan teppa-teng jang qila olgan. Qoʻzgʻolonchilarning soni ham koʻpayib borgan, ayniqsa, rimliklar ustidan muvaffaqiyatli janglardan soʻng ularning soni 60 000 kishiga yetdi. Qoʻzgʻolon misli koʻrilmagan miqyosga ega boʻldi, ammo bundan keyin nima qilish kerakligi haqida isyonchilar oʻrtasida tortishuvlar boshlandi. Kriks boshchiligidagi 10 000 kishilik otryad asosiy armiyadan ajralib chiqdi va u Gargano togʻi hududida rimliklar tomonidan magʻlubiyatga uchradi.
Spartak qoʻshinning qolgan qismini shimolga boshlab ketdi. Taxminlarga koʻra, u qoʻzgʻolonchilarni Italiyadan olib chiqib, uyiga qaytishga yordam bermoqchi boʻlgan. Ammo koʻp qullar buni rad etdi va u orqaga qaytishga majbur boʻldi.U oʻz qoʻshinini qutqarish uchun yana bir urinib koʻrdi: ularni Sitsiliya oroliga olib borish uchun qaroqchilar bilan muzokara olib bordi.Biroq qaroqchilar uni aldab, hech qanday kema bermadi. Bu orada Spartakka Krass boshchiligida koʻplab janglarda chiniqqan, yaxshi tayyorlangan, katta otryad qarshi chiqdi. Unga Ispaniya va Bolqon yarimorolidan senat tomonidan chaqirilgan legionlar qoʻshildi. Spartak oʻz qoʻshinini Italiyaning janubi-gʻarbiy qismiga olib bordi va u yerda Krass tuzogʻiga tushdi. Krass Spartakka hujum qilishga jurʼat eta olmay, mamlakatning ichki qismiga olib boruvchi yagona yoʻlni egalladi. Bu yerda rimliklar chuqur xandaq qazib, ustiga tuproq sepdi. Ular qoʻzgʻolonchilarning bu tuzoqdan qochib qutula olmasligiga amin edi, lekin qishki kechada Spartak bu istehkomga bostirib kirib, oʻz qoʻshinini olib chiqib ketdi.
Bu vaqtda Italiyaga Karfagen qahramoni — Pompey boshchiligida legion yetib keldi. Spartak uning Krass bilan birlashmasligi uchun barcha qoʻshinlarini unga qarshi harakatga keltirishi kerak edi. Mil. av. 71-yili ular orasida Silarius daryosida jang boʻldi. Spartak qoʻshinlari magʻlubiyatga uchradi, sarkardaning oʻzi esa baʼzi maʼlumotlarga koʻra, jangda halok boʻldi. Rimliklar qoʻzgʻolonchilarni shafqatsizlarcha jazoladi. Appian yoʻli boʻylab 6 000 nafar sobiq qul va gladiator xochga mixlandi. Shu tariqa Spartak boshchiligidagi tarixdagi eng yirik qullar qoʻzgʻoloni tugadi. Magʻlubiyatga qaramay, Spartak qadimgi davrning eng mashhur va afsonaviy qahramonlaridan biri boʻlib qolgan. Italiyalik yozuvchi Raffaello Jovanoli ham unga bagʻishlab “Spartak” romanini yozgan.
Muqova suratlar: britannica.com / warfarehistorynetwork.com