Orqaga
M. a. 2800-yil Sovun ixtirosi va kelib chiqishi haqida ma'umot.

1039 marta koʻrilgan

m. a. 2800-yil

Sovun ixtirosi

Sovun tayyorlashning eng qadimgi retseptlari, ayniqsa, usullari Mesopotamiyada, Bobil deb nomlangan shaharni qazish ishlari paytida topilgan. Buni hisobga olsak, ehtimol, sovun ixtirosi bilan bogʻliq boʻlgan boshqa barcha topilmalarning eng qadimgilari miloddan avvalgi 2800-yilga toʻgʻri keladi. Oʻshandan buyon baʼzi diniy matnlar va tarixiy maʼlumotlarda shaxsiy tozalanish va gigiyenik ehtiyojlar uchun sovun yoki tozalash moddasi ishlatilishi haqida alohida eslatib oʻtiladi. Lekin sovun dastlabki vaqtlarda shaxsiy gigiyena uchun umuman ishlatilmagan. Garchi bugungi kunda sovunning umumiy vazifasi tozalash vositasi sifatida xizmat qilish boʻlib, turli xil tozalash maqsadlariga koʻra uning koʻplab turlari mavjud boʻlsa ham qadimda bunday boʻlmagan.

Aslida sovun tozalash va shaxsiy gigiyena uchun emas edi. Aksincha, u jun va paxta tolalaridan mato toʻqishdan avval, ularni tozalashga xizmat qiluvchi modda sifatida ishlatilgan. Boshqa bir hali oʻz isbotini topmagan Rim afsonasiga koʻra, kiyimlarning toza boʻlishida sovunning ahamiyati muhim sanalgan. Shunday qilib, qadimgi davrlarda sovun shaxsiy gigiyena va badanni tozalash uchun ishlatilish oʻrniga, undan kir yuvish uchun tozalovchi moddalar sifatida foydalanilgani tasdiqlangan.

Hattoki suv kanalizatsiyasi va jamoat hammomlarini birinchilardan boʻlib joriy qilgan Rim va Yunon sivilizatsiyalari ham tanani tozalash uchun sovundan foydalanmagan. Har ikkala sivilizatsiya odamlari choʻmilish paytida tanasini tozalash uchun avvalo suvdan foydalangan, keyin esa yoqimli hid uchun xushboʻy zaytun moylarini qoʻllagan. Eng boshidan to bugungi davrgacha sovun tarkibidagi 3 ta ingrediyent oʻzgarmasdan saqlanib qoldi. Bular — kul yoki undan olingan ishqor, turli hayvon yogʻi, quyuq moy yoki yogʻ.

Hayvon yogʻi va quyuq moylar dastlabki davrlarda soʻyilgan hayvonlardan olinardi. Bugungi kunda esa natriy gidroksidi yoki ishqor ishlatiladi, yogʻlar endi hayvonlardan olinmaydi. Sovunning tijorat maqsadida ishlab chiqarila boshlanishi 1807 va 1837-yillarda Nyu York shahrida joylashgan Colgate va Sinsinnatida (Ogayo shtati tarkibidagi shahar) joylashgan Procter & Gamble sovun ishlab chiqaruvchi zavodlari tashkil etilgan paytdan boshlanadi. Ushbu kompaniyalar sovun ishlab chiqarish hajmini oshirgan boʻlsa-da, oʻsha paytda sovun hali-hanuz kir yuvish maqsadida ishlatilardi xolos.

M. a. 2800-yil Sovun ixtirosi va kelib chiqishi haqida ma'umot.

Taxminan 1870-yillarda fransuz fabrikasida katta idishda sovun ishlab chiqarish jarayoni / theconversation.com

Ammo Amerika fuqarolar urushi davrida koʻplab islohotchilar sanitariya va shaxsiy gigiyena ehtiyojlari uchun sovun hamda suvdan foydalanish muhimligini taʼkidladi. Bu harakat arzon narxdagi yuvinish sovunlariga talabning oshishiga sabab boʻldi. Keyinchalik koʻplab kompaniyalar sovun ishlab chiqarish sanoatiga kirib kelib, yangi va yaxshiroq mahsulotlarni taqdim eta boshladi. Koʻpgina kompaniyalar tadqiqot oʻtkazishga kirishdi va sezilarli darajada rivojlangan va yaxshilangan laboratoriya-muhandislik mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyatlarini oʻrgandi.

Sovun ishlab chiqarishning dastlabki bosqichlarida bu — sovun ishlab chiqaruvchilarning kichik guruhlari tomonidan qoʻllanadigan ajoyib usul edi. Sovunga boʻlgan talab katta, narxlar esa juda ham qimmat va koʻp hududlarda sovun ishlab chiqarish sanoatida monopoliya (iqtisodiyotning bir sohasida bir kompaniyaning tanho hukmronlik qilishi) vujudga kelgan edi. Vaqt oʻtishi bilan sovun tayyorlash retseptlari koʻpchilikka maʼlum boʻldi, ammo mahsulot narxlari hamon qimmat edi. Oʻsha paytlarda sovunning asosiy tarkibiy qismlari oʻsimlik mahsulotlari, hayvon va oʻsimlik moyi boʻlgan. Sovun narxi 1791-yilda fransuz jarrohi va kimyogari Nikolas Leblan sovunni ancha arzonroq narxda sotishga imkon beruvchi kimyoviy jarayonni aniqlaganda sezilarli darajada pasaygan.

M. a. 2800-yil Sovun ixtirosi va kelib chiqishi haqida ma'umot.

Sovun reklamasi / theconversation.com

Kimyo fani rivojlanishi bilan bu sohada koʻplab yutuqlarga erishildi, chunki ingrediyentlar haqida koʻp maʼlumotlar aniqlangan edi. Oʻn toʻqqizinchi asrning oʻrtalarida choʻmilish uchun ishlatiladigan sovun kir sovunidan alohida tovarga aylandi, yumshoqroq sovunlar qadoqlanib sotildi va foydalanuvchilar uchun taqdim etildi. Suyuq qoʻl sovunlari esa 1970-yillarda ixtiro qilingan va bu ixtiro bilan sovunlar omma nazariga tushdi.

Bugungi kunda tijorat uchun sovun ishlab chiqarish ixtisoslashgan tadqiqot bilan juda yaxshi tashkillashtirilgan va ishlab chiqarish qulayliklariga ega sanoat boʻlib, turli xil maqsadlarda ishlab chiqarilgan koʻplab xilma-xil sovunlar mavjud. Sovundan shaxsiy, tijoriy va sanoat maqsadlarida foydalanish mumkin. Sovunlarning uy sharoitida qoʻlda tayyorlanganidan tortib to tijorat uchun, kiyim-kechak, idish-tovoq, mashina, uy hayvonlari, gilamlar yuvish va bolalarni choʻmiltirish uchun ishlab chiqariladigan koʻplab turlari mavjud.



Manba: artofsoaps.com
Muqova suratlar: nytimes.com / pexels.com