3
Ulashish
905 marta koʻrilgan
1922–1980
Sovet Ittifoqida ta’lim
Sovet ittifoqida ta’lim davlat maktab va universitetlari uchun barchaga konstitutsiyaviy huquq sifatida kafolatlangan. 1922-yil Sovet ittifoqi o‘rnatilgandan so‘ng vujudga kelgan ta’lim tizimi savodsizlikni yo‘q qilish va oliy ma’lumotli aholini yetishtirishdagi muvaffaqiyati bilan xalqaro miqyosda shuhrat qozongan. Bu huquqdan barcha fuqarolarning foydalana olishi va ta’limdan keyin ishga joylashish imkoniyati afzalliklardan biri bo‘lgan. Sovet ittifoqidagi ta’lim tizimining asosi ziyoli aholiga, shuningdek, ta’lim bilan bir qatorda muhandislik, tabiiy va ijtimoiy fanlar hamda hayot haqidagi fanlarning keng tarmoqlari rivojlanishiga bog‘liq bo‘lganini tasdiqlagan. Rossiya imperiyasida 1897-yilgi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, savodli odamlar aholining 28,4 foizini tashkil etgan. Ayollarning esa atigi 13 foizi savodli bo‘lgan.
1917-yilgi bolsheviklar inqilobidan keyin 1917–1923-yillarda davom etgan fuqarolar urushi tufayli maktablar o‘z holiga tashlab qo‘yildi. Xalq maorif komissarligi asosiy eʼtiborini maktablarda siyosiy tashviqotni joriy etish va diniy taʼlimni taqiqlashga qaratdi. 1918-yil kuzda RSFSR (Rossiya Sovet Federativ Sotsialistik Respublikasi) uchun yagona mehnat maktabi nizomi ishlab chiqildi. 1918-yil 1-oktabrdan boshlab barcha turdagi maktablar Maorif komissarligi tasarrufiga o‘tdi va “Yagona mehnat maktabi” nomi bilan belgilandi. Maktablar ikki guruhga: 8 yoshdan 13 yoshgacha, ikkinchisi 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan bolalar darajalariga bo‘lindi. 1919-yil mart oyida bo‘lib o‘tgan VIII partiya qurultoyida sovet hukumatining asosiy maqsadi taʼlimning yangi sotsialistik tizimini yaratish, deb taʼkidlandi. Shundan so‘ng sovetcha maktab siyosati ko‘plab tub o‘zgarishlarni boshdan kechirdi.
Sovnarkomʼning 1919-yil 26-dekabrdagi farmoniga binoan, rais Vladimir Lenin imzolagan yangi likbez siyosati (savodsizlikni tugatish) joriy etildi. Bolalar uchun umumiy majburiy taʼlimning yangi tizimi o‘rnatildi. Bundan tashqari, butun mamlakat bo‘ylab millionlab savodsiz voyaga yetgan odamlar, shu jumladan, kichik shahar va qishloqlar aholisi maxsus savodxonlik maktablarida o‘qitildi. Dastlabki savodxonlik va taʼlim uyushmasining muhim jihati “mahalliylashtirish” (korenizatsiya) siyosati edi. 1920-yillarning o‘rtalaridan 1930-yillarning oxirigacha davom etgan mahalliylashtirish siyosati hukumat, ommaviy axborot vositalari va taʼlimi rus zabonida bo‘lmagan mahalliy va mintaqaviy tillarning rivojlanishi va qo‘llanishiga yordam berdi. Mazkur siyosat “ruslashtirish” ning tarixiy amaliyotiga qarshi turish uchun ona tilidagi taʼlim kelajak avlodning saviyasini oshirishning eng tezkor usuli sifatida taʼminlashni ko‘zda tutgan. 1930-yillarga kelib “milliy maktablar” deb ataladigan ulkan tarmoq tashkil etilgan bo‘lib, butun sovet davrida o‘quvchilarni qabul qilish o‘sishda davom etgan.
1923-yilda yangi maktab nizomi va o‘quv dasturlari qabul qilingan. Maktablar taʼlim yillari bo‘yicha 3 ta alohida turga bo‘lingan: 4 yillik, 7 yillik va 9 yillik maktablar. 7 va 9 yillik (o‘rta) maktablar 4 yillik (boshlang‘ich) maktablarga nisbatan kamligi esa o‘quvchilarning o‘rta taʼlimni tamomlashini qiyinlashtirdi. 7 yillik maktabni tugatganlar texnikumga kirish huquqiga ega bo‘ldi. Faqat 9 yillik taʼlim to‘g‘ridan to‘g‘ri universitetga olib kelgan. O‘quv rejasi tubdan o‘zgartirildi. O‘qish, yozish, arifmetika, ona tili, chet tillari, tarix, geografiya va adabiyot kabi mustaqil fanlarni o‘qitish bekor qilindi. Buning o‘rniga maktab dasturlari birinchi yil uchun “Qishloq va shahardagi oila hayoti va mehnati” yoki 7-sinf uchun “Mehnatni ilmiy tashkil etish” kabi “murakkab mavzular” ga bo‘lindi. Biroq bu tizim butunlay muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Yangi dastur 1928-yildan boshlab murakkab mavzulardan voz kechib, mustaqil fanlar bo‘yicha o‘qitish tizimini qoʻllab-quvvatlagan. Barcha o‘quvchilar bir xil standartlashtirilgan darslarni o‘zlashtirishi kerak edi. Bu jarayon 1970-yillargacha davom etgan. Katta yoshdagi o‘quvchilar standart kurslarga qo‘shimcha ravishda o‘zi tanlagan fanlarni o‘qishi uchun ham vaqt berilgan.
1918-yildan boshlab barcha sovet maktablari qo‘shma taʼlimga o‘tkazildi. 1943-yilda shahar maktablari o‘g‘il bolalar va qizlar maktabiga ajratildi. Biroq 1954-yilga kelib aralash taʼlim tizimi qayta tiklandi. 1960–1980-yillarda maxsus maktabda o‘qiyotgan o‘quvchilar soni 5 baravar ko‘paydi. Biroq maxsus maktablar bir respublikada mavjud bo‘lsa, ikkinchisida yo‘q edi. Aholi jon boshiga hisoblaganda, maxsus maktablarning eng ko‘pi Boltiqbo‘yi respublikalariga to‘g‘ri kelsa, eng kami esa O‘rta Osiyoda edi. Bu farq ikki mintaqadagi bolalar mehnatiga bo‘lgan ehtiyojdan emas, balki taʼlim uchun zarur resurslarning mavjudligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
1970–1980-yillarda sovet xalqining taxminan 99,7 foizi savodli edi. Sovet taʼlim tizimi 3 bosqichga bo‘lingan. Har bir bosqichning nomi kasb yoki maktab tomonidan qo‘llanadigan aniq terminologik farqlarga qaramay, shaxslar yoki alohida maktablarning taʼlim standartlarini baholash uchun ishlatilgan. Harbiy, militsiya, KGB (Davlat xavfsizlik qo‘mitasi) va partiya maktablari ham shu darajalar bo‘yicha baholangan. Bu sovet tizimini dunyoning qolgan qismidan ajratib turuvchi xususiyat bo‘lgan. Bu yerda maktablarning taʼlim darajalari nomi o‘xshashligiga qaramay, bir-biridan farq qilgan.
Boshlang‘ich maktablar dastlab boshlang‘ich bosqich, keyinroq esa 4 yo 3 yillik deb nomlangan. Oʻrta maktablar 7 va undan keyin 8 yillik (toʻliq boshlangʻich maktab talab qilinadi) boʻlib, “toʻliq boʻlmagan oʻrta taʼlim” deb nomlangan. Bu daraja barcha bolalar uchun majburiy (1958–1963-yildan) va savodsiz kattalar uchun (“kechki maktablar” deb ataladigan maktablarda o‘qish mumkin) ixtiyoriy edi. 1981-yildan boshlab toʻliq oʻrta taʼlim darajasi (baʼzi respublikalarda 11, baʼzilarida 10 yillik) majburiy boʻlgan. 10 yillik ta’lim (Boltiqbo‘yi respublikalarida 11-sinfgacha) — o‘rta ta’lim deb nomlangan.
Oʻrta-maxsus taʼlim
PTMlar (Professional texnik maktab), texnikumlar va ba’zi harbiy obyektlar o‘rta maxsus ta’lim deb atalgan tizimni tashkil etgan. PTMlar kasb-hunar maktablari bo‘lib, o‘quvchilarni mexaniklikdan sartaroshlikkacha bo‘lgan turli xil ko‘nikmalarga o‘rgatgan. Boshlang‘ich maktabdan keyin PTMni tugatish to‘liq o‘rta taʼlimni bitirganlik to‘g‘risida diplom bermagan, lekin unga yo‘l ochgan. Biroq texnikum yoki boshqa o‘rta maxsus o‘quv yurtiga kirish boshlang‘ich va o‘rta maktabda 8- yoki 10-sinflardan so‘ng boshlanishi mumkin bo‘lgan. Bu darajadagi bitiruv malakali ishchi, texnik xodim va quyi mansabdor shaxslar lavozimlari uchun talab qilingan.
Oliy maʼlumot
Oliy o‘quv yurtlari tizimiga universitet, institut va harbiy akademiyalar kirgan. Institut — maktab ma’nosida ixtisoslashgan mikrouniversitetni (asosan texnik) anglatgan va u odatda o‘z ta’lim sohasi bilan bog‘liq vazirlikka bo‘ysungan. Eng yirik institutlar tarmog‘iga tibbiyot, pedagogika (maktab o‘qituvchilarini tayyorlash uchun), qurilish va turli transport (avtomobil va yo‘l, temiryo‘l, fuqaro aviatsiyasi) institutlari kirgan. Ushbu institutlarning ba’zilari har bir viloyat markazida mavjud bo‘lsa, boshqalari yirik shaharlarda joylashgan (masalan, Adabiyot instituti va Moskva fizika-texnika instituti). Ommaviy tilda bu universitet va institutlarning barchasi VUZ qisqartmasi bilan atalgan.
VUZʼga kirishni istagan oʻquvchilar umumiy oʻrta taʼlim maktabini (10 yoki 11 yillik) yo oʻrta maxsus maktab yoki texnikumni tugatgan boʻlishi kerak edi. Faqat kasb-hunar maktabi (PTM) ni yoki to‘liq bo‘lmagan o‘rta maktabni tamomlaganlar o‘rta ma’lumotga egalik attestatsiyasidan o‘tkazilmagan (ularda аттестат зрелости — yetuklik shahodatnomasi yoki o‘rta maxsus o‘quv yurtining unga tenglashtirilgan diplomi yo‘q edi) va shuning uchun VUZʼga borish huquqiga ega bo‘lmagan.
Ko‘p sonli harbiy va militsiya maktablari bir xil darajada bo‘lgan. Akademiya deb nomlangan sovet harbiy va militsiya inshootlari darajali maktab emas (G‘arbiy daraja (West Point) kabi g‘arb harbiy akademiyalariga o‘xshash), balki tajribali ofitserlar uchun aspirantura edi. Bunday maktablar polkovnik unvoniga ariza topshirgan zobitlar uchun majburiy bo‘lgan.
KGB oliy o‘quv yurtlari — maktablar (masalan, KGB oliy maktabi) yoki institutlar (masalan, maxsus razvedkachilarni tayyorlaydigan KGB Qizil bayroq instituti) deb atalgan. KPSS (Sovet ittifoqi kommunistik partiyasi) oliy o‘quv yurtlari Oliy partiya maktablari boʻlgan. Sovet ta’limining yondashuvi va tuzilishi rasmiy o‘zgarishlar va ijtimoiy o‘tishlarga qaramay asosan ko‘plab postsovet mamlakatlariga meros bo‘lib qolgan.
Muqova surat: unsplash.com