Orqaga
Sovet Ittifoqida 1930–1933-yillardagi ocharchilik.

1126 marta koʻrilgan

1930–1933

Sovet Ittifoqida 1930–1933-yillardagi ocharchilik

Sovet Ittifoqining asosiy don yetishtiruvchi hududlarida, shu jumladan, Ukraina va Rossiyaning turli qismlarida, Shimoliy Kavkaz, Kuban, Volga, Qozog‘iston, Janubiy Ural va G‘arbiy Sibirda 1930–1933-yillar mobaynida ocharchilik yuz bergan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, Sovet Ittifoqi bo‘ylab ocharchilikdan 5,7 mlndan 8,7 mlngacha odam vafot etgan. Ocharchilikka sabab bo‘lgan asosiy omillarga quyidagilar kiradi: birinchi besh yillik reja doirasida qishloq xo‘jaligini majburiy kollektivlashtirish, jadal sanoatlashtirish va qishloq xo‘jaligida ishchi kuchining qisqarishi bilan birga g‘allani majburiy xarid qilish. Manbalarda qurg‘oqchilikning ahamiyati to‘g‘risida kelishmovchiliklar ham mavjud. Bu davrda Sovet hukumati “quloq”larga qarshi ta’qibni kuchaytirgan. Sovet rahbari Iosif Stalin quloqlarni “sinf sifatida yo‘q qilishni” buyurgan, shuning uchun ular davlatning nishoniga aylangan. Quloqlarga qarshi ta’qiblar Rossiya fuqarolar urushidan beri davom etib kelgan va hech qachon to‘liq shaklda to‘xtamagan.

Sovet Ittifoqida 1930–1933-yillardagi ocharchilik.

Xarkov koʻchasida och qolgan dehqonlar, 1933-yil / wikipedia.org

Kollektivlashtirish keng miqyosda amalga oshirilgach, quloqlarga qarshi ta’qiblar kuchaygan. 1929–1932-yillar sovet siyosiy qatag‘on kampaniyasi, jumladan, ko‘p sonli quloqlarning hibsga olinishi, surgun qilinishi va qatl etilishi bilan yakunlangan. Ba’zi quloqlar bunga javoban, chorva mollarini o‘ldirish va zavod ishchilarining iste’mol qilishi uchun mo‘ljallangan ekinlarni yo‘q qilish kabi sabotaj (ishdan bosh tortish) harakatlarini amalga oshirgan. Halok bo‘lganlar soni ortib borayotganiga qaramay, Stalin besh yillik rejani va kollektivlashtirishni davom ettirishni tanlagan. 1934-yilga kelib Sovet Ittifoqi sanoat bazasini yaratgan, ammo bu millionlab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan edi. Ba’zi olimlar Ukraina va Qozog‘istondagi ocharchilikni Stalin hukumati tomonidan ukrain va qozoqlarga qarshi sodir etilgan genotsid deb tavsiflagan. Boshqalar esa bu atama orqali har qanday etnik motivning dolzarbligi to‘g‘risida bahslashadi va xususiy mulkka hamda kuchli siyosiy manfaatlarga ega bo‘lgan yer egasi dehqonlar (quloqlar) o‘rtasida mavjud bo‘lgan sinfiy dinamikaga va manfaatlarga mutlaqo zid bo‘lgan hukmron Sovet kommunistik partiyasining asosiy tamoyillariga e’tibor beradi. Garet Jons vayronagarchilik haqida xabar bergan birinchi g‘arb jurnalisti edi.

Sabablar

Davlatda vaqti-vaqti bilan sodir bo‘ladigan qurg‘oqchiliklar 1921–1922-yillardagi Rossiya ocharligidan farqli o‘laroq, bu vaqtda zarar ko‘rgan hududlarda kuchli emas edi. 1930–1933-yillardagi qozoq xalqida sodir bo‘lgan ocharchilikning eng muhim tabiiy omili, 1927–1928-yillarda bo‘lib o‘tgan qattiq sovuq boʻlib, bu davrda qoramollar och qolgan edi.

Ocharchilik qochqinlari

Ochlik tufayli 665 mingdan 1,1 mlngacha bo‘lgan qozoq xalqi Qozog‘istondan tashqarida Xitoy, Mo‘g‘uliston, Afg‘oniston, Eron, Turkiya hamda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Rossiya Sovet Respublikalari, Gʻarbiy Sibirning yangi sanoatlashgan joylariga oziq-ovqat va ish izlab qochib ketgan. Bu qochqinlar o‘zi bilan taxminan 900 ming bosh qoramol olib ketgan.

Oziq-ovqat yordami

Mavjud mahalliy resurslardan foydalangan holda ishlarni mahalliylashtirish choralari ko‘rilgan. 1933-yil 20-fevralda Dnepropetrovsk viloyatiga 1,2 mln pud (1 kg = 16,3807 pud), Odessaga 800 ming, Xarkovga 300 ming pud oziq-ovqat yordami berilgan. Kiyev viloyatiga 18-martgacha 6 mln pud oziq-ovqat ajratilgan. Ukraina rasmiylari ham mavjud resurslar bilan cheklangan bo‘lsa-da, iloji boricha yordam ko‘rsatgan. Fevral va mart oylaridagi ocharchilikning birinchi to‘lqinidan so‘ng Ukraina hukumati aprel va may oylarida, xususan, Kiyev va Xarkov viloyatlarida ikkinchi to‘lqinga duch kelgan. Uzoq davom etgan qish tufayli vaziyat yanada og‘irlashgan. 1933-yil fevral—iyun oylari o‘rtasida siyosiy byuroning 35 ta qarori va Sovnarkom farmoni bilan jami 35,19 mln pud (576,4 ming tonna) yoki butun Sovet qishloq xo‘jaligiga umumiy yordamning yarmidan ko‘pini berishga ruxsat berilgan. 1933-yil qish va bahorda Markaziy sovet hokimiyati tomonidan 1,1 mln tonna, shu jumladan, Ukraina SSR dehqonlari, kolxoz va sovxozlari uchun g‘alla, urug‘lik yetkazib berilgan.

Hayotiy talofatlarni baholash

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Ukrainada 3,3 mlndan 3,9 mlngacha, Rossiyada 2 mlndan 3 mlngacha, Qozog‘istonda esa 1,5—2 mln (shundan 1,3 mln etnik qozoqlar) inson halok bo‘lgan. Qozog‘iston 1919–1922-yillardagi ocharchilikdan tashqari, 15 yil ichida o‘z aholisining yarmidan ko‘pini yo‘qotgan. Ochlik sababli qozoqlarning soni o‘z respublikasida boshqa millatlardan pasaygan. Ochlikdan oldin respublika aholisining qariyb 60 foizini qozoqlar tashkil etgan bo‘lsa, ocharchilikdan keyin bu raqamlar 38 foizga tushgan. O‘limlar soni qayd etilmagani sababli bu borada aniq raqamlarni keltirish qiyin. Biroq Rossiyaning ukrainaliklar ko‘p bo‘lgan Kuban viloyatidagi o‘limlar hisobga olinsa, ularning soni sezilarli darajada oshadi.



Muqova surat: report.as