Orqaga
Shota Rustaveli biografiyasi, bolaligi, ta'lim, hayoti, karyerasi, yutuqlari, o'limi va oilasi haqida.

541 marta koʻrilgan

XII–XII

Shota Rustaveli

Hozirgi kunda XVIII asr oxirigacha Gruziya chegaralaridan tashqarida juda kamchilik mashhur “Vepxistkaosani” (“Yoʻlbars terisini yopingan pahlavon”) dostoni borligidan xabardor boʻlganiga ishonish qiyin. Lekin chindan ham shunday boʻlgan. Dostonni mutolaa qilgan ilk gruzin — rus tarixchisi va bibliografi, mitropolit Yevgeniy (Bolxovitinov) boʻlgan. U dostondan shu darajada hayratga tushganki, darhol Rustavelini Osseyn, Roland va “Igor jangnomasi” muallifi bilan bir qatorga qoʻygan.

Shu bilan birga, u oʻqigan mazkur matn hech ham zamonaviy nashr va tarjimalarga oʻxshamagan. U uslub jihatidan murakkab va qatorma-qator tarjimaga yaqin matn edi. Rustaveli gruzin madaniyatining haqli ravishda “oltin asr” deyiladigan davrida yashab, ijod qilgan. Oʻsha davrda mamlakatga chetdan hech qanday bosqin boʻlmagan va butun asr davomida hech qanday tahlika uning rivojlanishiga soya solmagan. Gruziyada cherkov va shaharlar qurilgan, yozuvchi va shoirlar erkin ijod bilan shugʻullangan, Kolxida viloyatida Gelati va Iveriya shahrida esa Ikalto falsafa akademiyalari ochilgan.

Rustaveli — mesxetinlarning Rustavi qishlogʻi oqsoqollari naslidan. Oʻsha paytda boshqaruvchisining nomi bilan atalgan Rustavi shahri katta va mustahkam hudud boʻlgan. Zodagon oilalardagi koʻplab farzandlar kabi Shota ham taʼlimni chet elda olgan. Shu tufayli u avval Konstantinopolga, keyin esa Falastin cherkovlaridan biriga yoʻl olgan. Hozirgi kunda Rustaveli bir necha marta Falastinga borgani va u yerda yunon qoʻlyozmalari ustida ish olib borgani maʼlum. U hayotining katta qismini qirolicha Tamar saroyida oʻtkazgan va unga poemasini ham bagʻishlagan.

Rustaveli zamonida Gruziya poytaxti Sharq olamining isteʼdodli xristianlari oqib keladigan madaniyat markazi boʻlgan. Rustaveli muhim boshqaruv lavozimini egallagan va koʻp yillar davomida Gruziya boʻylab safarlarda qirolichaga hamrohlik qilgan. Baʼzi olimlar taxminicha, u qirolichaga oshiq boʻlib, ular oʻzaro munosabatda boʻlgan. Ehtimol, aynan shu munosabat oqibatida Rustaveli saroy doirasidan uzoqlashtirilgan va oʻz qoʻrgʻoniga koʻchib borgan, keyinchalik esa Gruziyani ham butunlay tark etib, Falastinga borgan boʻlishi mumkin. Rustaveli V asrda gruziyalik koʻchmanchilar tomonidan asos solingan Jvari (Xoch) monastiriga joylashadi. Shota Rustaveli monastirda koʻp vaqt oʻtkazadi. U salibchilar bosqinidan keyin monastirni tiklash uchun katta xayr-ehson qilgani maʼlum.

Rustaveli vafot etgach, monaxlar uning obrazini monastir cherkovining koloniyalaridagi freskaga muhrlagan. Bizning davrimizda gruzin olimlari ekspeditsiyasi mazkur freska va unga yozilgan batafsil izohni topgan. Ular freskani nusxalab, Gruziyaga olib borgan va shundan keyingina Rustavelining qiyofasi ommaga oshkor boʻlgan. U baland boʻyli, yorqin va ochiq nigohli, kelishgan kishi boʻlgan ekan. Rustaveli poemasining asosida ritsar Tarielning qahramonlik va sarguzashtlari haqidagi qadimgi gruzin afsonasi yotadi. U goʻzal malika Nestan Daredjanga erishish uchun kurashadi.

Rustaveli gruzin folklorini yaxshi bilgan, shu tufayli poema gruzin, yunon va sharq motivlari mozaikasini aks ettiradi. Noodatiy romantik sahnalar janglarning buyuk tasvirlari bilan, qahramonlarning jasorati esa kundalik hayotning realistik surati bilan ketma-ket keladi. Rustaveli kitobxon diqqatini poemaning oxiriga qadar saqlab turadigan, dinamik, romantik syujet yaratadi. Uning asarida oʻrta asr kishisining butun hayoti namoyish qilinadi. Qahramonlar bilan birgalikda hashamatli qirollik saroyidan dengizoldi shaharchasiga, qoʻrgʻon yertoʻlalaridan hushtak va qichqiriq bilan ov qilayotgan ovchilar oldiga, keng dalalarga chiqamiz.

Shoir oʻz davridan ancha ilgarilab ketgan edi. Rustaveli xristian ideologiyasiga sovuqqonlik bilan qarab, hatto uni tanqid qilishga ham jurʼat topadi. Uning qahramonlari sayyoralarga iltijo qilib, yunon xudolariga boʻysunadi. Eng asosiysi, hech qaysi personaj taqdirga koʻnish va taslim boʻlish yoʻlidan bormaydi. Aksincha, barcha qahramonlar qiyinchiliklar bilan faol kurashib, ularni yengadi va koʻzlagan maqsadiga erishadi. Shu tufayli poemaning 1712-yildagi ilk bosma nashr nusxalari gruzin patriarxi qarori bilan Kure daryosiga choʻktirilgan edi. Shunga qaramay, bugungi kunga kelib Rustaveli poemasining matnini Gruziyaning deyarli har bir fuqarosi yoddan biladi. Doston yozilishi bilanoq nafaqat qoʻlyozma, balki “Tarieliani” nomi bilan ogʻzaki hikoyalar tarzida ham tarqaladi.

Aynan Rustaveli keyinchalik umumxalq tiliga aylangan, yangi gruzin tilining asoschisi boʻlganini qayd etish lozim. Rustavelining asari shunchaki mutolaa qilinadigan asar emas.
Gruzin xalqining bu asarga nisbatan munosabati muqaddas kitobni eʼzozlash bilan teng.  Xuddi muqaddas bitik kabi uni yoshlarga oila qurish vaqtida sovgʻa qilishgan va avlodlarga eng qimmatli meros sifatida qoldirishgan. Oʻz oʻgʻlidan norozi boʻlgan ota buni bildirish uchun undan bolaligida sovgʻa qilingan dostonni olib qoʻyishi kabi holatlar ham boʻlgan. Rustavelining dostoni bugungi kunda ham alohida eʼtiborga loyiq, chunki unda qahramon turli qiyinchiliklarni yengib, misli koʻrilmagan jasorat koʻrsatadigan ajoyib, pok muhabbat haqida hikoya qilinadi. Doston dunyoning koʻp tillariga, jumladan, oʻzbek tiliga ham tarjima qilingan. Dostonning oʻzbek tilidagi ajoyib tarjimasi 1959-yilda Mirtemir va Maqsud Shayxzoda tomonidan amalga oshirilgan.



Muqova suratlar : ethnomir.ru / sputnik-georgia.ru