46
Ulashish
1141 marta koʻrilgan
1628–1703
Sharl Perro
Parijda 1697-yil kichik ertaklar kitobi chop etiladi, lekin hech kim bu kitobchaning muallifi — Pyer Darmankurning ismiga eʼtibor qaratmaydi. Koʻpchilik bu ism ortida Sharl Perro yashiringanini bilmasdi. U mashhur davlat arbobi edi, shu sabab nashrda kichik oʻgʻlining ismidan foydalangandi. Perro zodagon boʻlmasa-da, oʻziga toʻq oiladan boʻlib, mashhur fransuz advokatining katta oʻgʻli edi. Oʻsha davrlarda katta farzand oilaviy ishni davom ettirish uchun otasining kasbini meros qilib olishi kerak edi.
Avvaliga Sharl Perro iezuitlar maktabida, keyinchalik mashhur shoir va tarjimon boʻlib yetishgan ukasi — Pyer bilan birga taʼlim oladi. Maktabda Sharl falsafa va adabiyot boʻyicha birinchilikda turgan oʻquvchi edi. Bitiruvchi sinfda aka-uka Perrolar Vergiliyning “Eneida” dostoni asosida kulgili parodiyani sahnalashtiradi. Sharl otasining qistovi bilan Sorbonna universitetining yuridik fakultetini bitiradi va advokatlik idoralaridan biriga ishga joylashadi. Lekin Perro yuristlikka umuman qiziqmasdi. U bor-yoʻgʻi ikkita sud jarayonida qatnashadi va imkon boʻlishi bilan advokatlikni tark etadi.
Boʻsh vaqtlarida sheʼr yozib, ularni turli yigʻinlarda oʻqib yurardi. Tez orada uni isteʼdodli shoir sifatida gapira boshlashadi. Perrolar oilasining doʻsti, mashhur fransuz yozuvchisi Jan Shaplen Perroni oʻsha davrdagi taniqli vazir — Jan Batist Kolberga tavsiya qiladi. Perro Kolber tomonidan asos solingan Kichik akademiya — adabiyot va sanʼatdagi muammolar boʻyicha uyushmaga aʼzo boʻladi. Kolber isteʼdodli yigitchani oʻzining kotibi qilib tayinlaydi. Vazirning ishonchiga kirgan Perro faoliyatidagi navbatdagi qadamini tashlaydi, yaʼni Qirollik inshootlari idorasining rahbariga aylanadi. Uning vazifasi Luvr, Tyuilri va Versalda boʻladigan barcha qurilish ishlarini nazorat qilishdan iborat edi. Oʻsha davrda Parijning yangi qiyofasi yaratilayotgan boʻlib, Perro bunga bilvosita aloqador edi. Ukasi Klod bilan birgalikda u fransuz xiyobonlarining qayta qurilish loyihalarini tuzib chiqadi. U Luvrning haykaltaroshlik qismi muallifiga aylangan mashhur haykaltarosh —Lorenso Berninini Italiyadan chaqirtiradi.
Perro xarajatlarni iqtisod qilish maqsadida bir qancha yangiliklarni joriy qiladi, jumladan, Tyuilri bogʻini omma uchun ochiq qilinishiga erishadi. Vatan oldidagi xizmatlari uchun Perroni 1671-yilda fransuz akademiyasi aʼzoligiga qabul qilishadi. Ayni shu davrda u badavlat savdogar M. Gishonning qiziga uylanadi. Lekin bu nikoh olti yil davom etadi: Mari Perroni olti nafar farzand bilan qoldirib, tugʻruq vaqtida vafot etadi. Vaqt oʻtishi bilan uning uyi taniqli yozuvchi, rassom va arxitektorlar yigʻiladigan, mashhur adabiy maskanga aylanadi. Lekin 1683-yilda yozuvchining hayotida keskin oʻzgarish yuz beradi. Uni himoyasiga olib kelgan Kolber toʻsatdan vafot etadi va Perro davlat xizmatidan ketishga majbur boʻlib qoladi. Shu davrdan boshlab u kuchi va vaqtini farzandlari tarbiyasi, adabiy ijodga bagʻishlaydi. Ha, Perro Fransuz akademiyasi faoliyatida muntazam qatnashishni davom ettiradi va hatto akademiya kotibiga ham aylanadi.
Perro 1687-yil 27-yanvardagi Akademiya majlisida oʻzining “Buyuk Lyudovik asri” dostonini oʻqiydi. Bu asar antik ijodga taqlid tarafdorlarining keskin noroziligiga, avvalo, janrlar sofligini saqlashni talab qilgan Nikola Bualoning tanqidiga uchraydi. Keyingi yigirma yil davomida Perro va Bualo adabiy asarni tahlil qilishda oʻziga xos xususiyatlarni oʻrtaga tashlagan holda keskin munozarani davom ettiradi. Maʼlumki, qizgʻin adabiy faoliyati davomida Perro folklorga murojaat qilgan. Uning bu qiziqishini xalq sanʼatiga boʻlgan ommaviy qiziqish bilan izohlash mumkin. Avvaliga, u boshqa mualliflar qoʻllagan mavjud syujetlarni qayta ishlaydi.
Perro 1691-yilda anonim tarzda “Grizelda” sheʼriy ertagini eʼlon qiladi. Perro bu ertak syujetini Bokkachchoning novellasidan olgan edi. Ertak deyarli iz qoldirmaydi, uni oʻqigan omma ertakda hech qanday yangilik va originallik koʻrmaydi. Tez orada Perro syujeti oʻrta asrlar fablio (sheʼriy novella)sidan olingan yana bir sheʼriy ertagi – “Kulgili istaklar”ni eʼlon qiladi. Ammo bu ertakni ham oʻsha taqdir kutardi. Perro kitobxonni jalb qiladigan original janr, yangi shakl izlashi kerakligini tushunadi. U birdaniga ertaklar uchun anʼanaviy boʻlgan sheʼriy shaklni tashlab, nasrga murojaat qiladi. Sheʼrlar nasr bilan almashib keladigan “Eshak terisi” ertagi 1694-yilda dunyoga keladi. Ertak ommaning eʼtiboriga tushadi, u haqda hatto Nikola Bualo ham yaxshi izoh beradi.
Keyingi yillarda Perro oʻzining nasriy ertaklarini “Jasur Merkuriy” jurnalida nashr qildirib boradi. U folklor syujetlarini mahorat bilan oʻzgartirib, ularga zamonaviy hodisalarga belgi berib ketadi. “Eshak terisi” ertagi nashr qilingandan yarim yil oʻtgach, uning sakkiz ertakdan tashkil topgan kitobchasi nashr qilinadi. Kitobcha “Ona gʻoz ertaklari” deb nomlangandi. Toʻplam aql bovar qilmas muvaffaqiyatga erishadi. Parij nashridan koʻp oʻtmay golland tilidagi nashri ham chiqadi. Bundan tashqari, kitobcha bir necha marta qayta nashr qilinadi. Perroning ertaklarini asilzodalar davrasida va ziyoli kishilar uyida oʻqiy boshlaydi.
“Janob mushuk yoki etikdagi mushuk” ertaki. “Ona gʻoz haqidagi ertaklar” toʻplamining birinchi qoʻlyozma va rasmli nashri, 1695-yil / wikipedia.org
Ertaklar mashhurligining sababi, ularning ajoyib tilda yozilgani, har bir gap uslub jihatdan sayqallanganida edi. Perro ertakka aloqador boʻlmagan, oʻqishning yengilligiga xalaqit qiladigan har qanday tafsilotni ayovsiz olib tashlagan edi. Oʻz davrining qarashlariga koʻra, u kitobxonni dahshatga solishi mumkin boʻlgan barcha qoʻrqinchli sahnalarni ham olib tashlaydi. “Barmoqdek bola” ertagidagi odamxoʻr ham ajoyib oilaparvar kishi boʻladi, etik kiygan mushuk esa oʻzini xushmuomala kavalerdek tutadi. Lekin oʻqilishi yengil syujetning ortida mashaqqatli mehnat yotardi.
Toʻplam soʻzboshisida Perro uning ertaklaridan maqsad syujet emas, balki materialni qayta ishlash uslubi ekanini aytadi. Kitobxon nafis syujet qismlaridagi muallif kinoyasini ham munosib kutib oladi. Lekin Perro koʻproq adabiy bahslardan tashvishlangan edi. Oʻsha paytda uning toʻplami bilan bir paytda grafinya DʼOlnua ham oʻz ertaklarini 4 jildda nashr ettiradi. Lekin aynan Perroning ijodi adabiy ertak janrining rivojlanishini belgilab beradi. “Ming bir kecha” ertaklarini bolalar uchun moslashtirib, 1701-yilda nashr qildirgan Antuan Gallan Perroni oʻzining ustozi deb bilishini qayd etadi.
Perro folklor syujetlarini qayta ishlash uchun qoʻllagan tizim boʻlajak ijodkorlarga sehrli, maishiy va satirik ertaklar motivini oʻz asarlariga asos qilib olishiga yordam beradi. Shu bilan birga, ertakning fantastik boshlanishi, uning tashqi tuzilmasi, qahramonlar obrazining statik talqini saqlanib qolgandi. Vaqt oʻtishi bilan bayonga murakkab syujet burilishlari qoʻshilib bordi va qahramonlar ham takomillashgan psixologik xarakteristikaga ega boʻldi. Sharl Perroning bir qancha ertaklari oʻzbek tiliga tarjima qilingan va turli nashrlarda chop etilgan. Perro ertaklari syujeti xalq ogʻzaki ijodidagi ajdodlarining oʻrnini bosa oldi. Turli davlatlarda ertaklarning bir qancha talqinlari paydo boʻldi. Millionlab bolalar ertak bilan ilk tanishuvni aynan Sharl Perro ijodi orqali boshlaydi.
Muqova surat: wikipedia.org