7
Ulashish
1041 marta koʻrilgan
1814–1862
Samuel Kolt
Turli mamlakat qurolsozlari uzoq vaqt mobaynida oʻqli qurol yaratishga harakat qilgan. Ular koʻplab dizayn oʻylab topsa ham, amerikalik konstruktor Samuel Kolt tomonidan ixtiro qilingan revolver eng muvaffaqiyatlisi boʻlib chiqqan. U oʻzidan oldingi ustalarning gʻoyalarini umumlashtirib, uni shu qadar muvaffaqiyatli amalga oshirganki, uning usulidan bugungi kunda ham foydalanishmoqda. Kolt oʻqlarni dumaloq barabanga joylashtirish gʻoyasi bilan chiqadi, bunda qurol har otilganda baraban aylanib, stvolga yangi oʻq yetkazib turadi va bu har oʻq otilgandan keyin qurolni qayta oʻqlab oʻtirmasdan tezda otish imkonini beradi.
Ilk barabanning koʻrinishi / historypistols.ru
Mashhur ixtirochi Samuel Kolt AQShning Xartford shahrida tugʻilgan. Yoshligida kimyogar boʻlish niyatida tegishli taʼlim olsa ham, lekin taqdir charxpalagi uni 1827-yilda dengizchi boʻlishga majbur qiladi va u 1836-yilgacha AQSh boʻylab sayohat qiladi. Samuel bolaligidanoq qurol yasashga qiziqqan, u toʻpponchasining birinchi modelini yogʻochdan yasagan. Oʻzining mazkur ixtirosini qurolchi tanishiga koʻrsatganda, u yangi mahsulotni darhol yuqori baholab, qurolni revolver deb atashni taklif qiladi (inglizcha “revolve” — “aylanish” soʻzidan olingan).
1835-yilda yangi mahsulot Angliya va Fransiyada, bir yildan keyin esa AQShda patentlanadi. Muvaffaqiyatdan ilhomlanib, Samuel metalldan revolver nusxasini yasaydi va uni Amerikaning Nyu Jersi shtati Paterson shahridagi qurol zavodiga olib boradi. Zavod mutaxassislari ixtironi yuqori baholaydi va yigit nusxani takomillashtirish uchun zavodda qolishga qaror qiladi. Bir yil oʻtgach, sanoatda “Kolt-Paterson” deb nomlangan yangi toʻpponcha ishlab chiqarila boshlanadi. Birinchi namuna 34 kalibrli kesilgan stvolga ega edi, ogʻirligi bir kg dan sal koʻproq boʻlib, 5 ta zaryadga moʻljallangandi. Oʻsha paytda metall patronlar hali ixtiro qilinmagani sababli revolver tumshugʻidan oʻqlanar edi. Har bir baraban teshigiga porox solinib, oʻq va porox toʻkilib ketmasligi uchun pij (namat, jun yoki qogʻozdan iborat) tiqilgan va oʻq joylashtirilgan.
“Kolt-Paterson” modelining koʻrinishi / historypistols.ru
Barabanning orqa tomonida portlovchi simobli mis kapsulalar mavjud boʻlib, oʻq otilganda tepki shu kapsulalarga urilgan. Kolt oʻz qurolini takomillashtirishdan toʻxtamasdi. Tez orada u zaryadlar sonini 6 taga koʻpaytiradi. Soʻngra har oʻq otilgandan keyin tepkini avtomatik ravishda urish mexanizmini oʻylab topadi, bu esa revolverni pastga tushirmasdan otish imkonini beradi. Yangi qurol tezda ogʻizga tushib, Amerika armiyasi tomonidan sotib olinadi. 1846-yilda kapitan Stenli Uoker zavodga kelib, Koltga revolverni takomillashtirishda koʻmaklashadi. Ixtirochilar yangi mahsulotni Florida va Texasdagi hindularga qarshi, keyinroq esa 1846–1848-yillardagi Meksika-Amerika urushi paytida muvaffaqiyatli qoʻllaydi. Shundan soʻng AQSh hukumati 1 000 ta revolver sotib oladi.
Bu buyurtma ayni kerak vaqtda berilgan edi. Chunki 1842-yilda Paterson zavodi yopiladi va faqat hukumat buyurtmasi tufayli Kolt oʻqotar qurollarni ishlab chiqarishni qayta tiklashga muvaffaq boʻladi va 1847-yilda ularni yana qayta ishlab chiqara boshlaydi. 1855-yilda Kolt Xartfordda joylashgan eng yirik xususiy arsenalni qurishga muvaffaq boʻladi (hozirgi kunda Kolt kompaniyasining asosiy zavodi oʻsha yerda joylashgan). Umri davomida Kolt Uoker bilan birgalikda yana turli kalibrli revolverlarning bir nechta modellarini yaratadi. Ular orasida 300 000 nusxada ishlab chiqarilgan 44 kalibrli Amerika Kolt revolveri ham bor edi.
9mm kalibrli patron bilan 44 kalibrli patronni solishtirilishi / guns-review.com
Metall patron paydo boʻlgach, Kolt yana oʻz qurolini takomillashtirishda davom etadi, ammo rejasini amalga oshirishga ulgurmaydi. 1862-yilda u kutilmaganda vafot etadi va yangi toʻpponchani takomillashtirishni Uoker oxiriga yetkazadi. Koltning chizmalariga asoslanib, u yarim avtomatik mustaqil oʻqlanuvchi revolverni yaratadi. Unda har oʻq otilgandan soʻng baraban avtomatik ravishda aylanib, tepkini otishga tayyor holatga keltirardi. Bu yangi model 1873-yildan keyin keng tarqaladi. Mazkur qurolning keng tarqalgani sababli amerikaliklar mashhur: “Xudo odamlarni katta va kichik qilib yaratdi, lekin janob Kolt ularning imkoniyatlarini tenglashtirdi”, iborasini koʻp qaytarardi. Shuning uchun revolver “tinchlikparvar” nomini oladi. “Tinchlikparvar” yaxshi muvozanatlangan, puxta ishlab chiqilgan va hatto baʼzi qismlari buzilsa ham, oʻz imkoniyatlarini saqlab qoluvchi revolver edi.
“Tinchlikparvar” modeli / wikipedia.org
Uoker ejektor-prujinani ixtiro qilgandan soʻng esa uning sifati yanada yaxshilanadi. Ejektor-prujina oʻq otilgandan keyin uning gilzasini chiqarib yuborishga yordam berardi. Yagona kamchiligi zaryadlovchi moslamasi boʻlib, har safar tepkini oʻq otishga tayyorlashga toʻgʻri kelardi. Shunga qaramay, model shu qadar muvaffaqiyat qozondiki, dunyodagi eng keng tarqalgan qurolga aylandi. U bir necha bor qayta ishlanib, yangi nomlar bilan ham sotuvga chiqarilgan. 1891-yilga kelib, faqat AQSh armiyasining oʻziga 36 000 “tinchlikparvar” revolver sotib olingan. Shu tarzda revolver Yovvoyi Gʻarb quroli ramziga aylanadi.
Klint Istvud “Kechirilmagan” va Penelopa Kruz “Bandit qizlar” filmidan / novate.ru
Uni portupeya (qurol olib yurish uchun kamar) yoki bel kamarida olib yurishardi, dastasi mollyusk suyagi yoki marvariddan qilinib, tanasi va stvoli koʻpincha oʻyma naqshlar bilan bezatilgan. 1941-yilda “tinchlikparvar” oʻrnini yengil va qulay toʻpponchalar egallagach, Kolt revolverlarini ishlab chiqarish toʻxtatiladi. Samuel Kolt revolverdan tashqari, mexanik portlovchi moslama ham ixtiro qilgan. U Eli Utner bilan birgalikda birinchi boʻlib almashtiriladigan qurol qismlarini ishlab chiqaradi. Bundan tashqari, Kolt raqobatchilardan oʻzib ketib, ishlab chiqarishning oqimini yoʻlga qoʻygan ixtirochilardan edi. Koltning ixtirolari nafaqat uning nomini abadiylashtirgan, balki uni boy odamga aylantirgan.
Kolt kompaniyasining dunyodagi eng taniqli, ilk zamonaviy koʻrinishga ega boʻlgan pistoletidan biri “Colt M1911” modeli. (45 kalibrli) / oldcolt.com
Uning kompaniyasi ixtirochi vafotidan keyin ham oʻz faoliyatini davom ettirgan va harbiy, politsiya va fuqarolik qurollarining yetakchi ishlab chiqaruvchisiga aylangan. Kompaniya keyinchalik faoliyatini kengaytirib, tez-tez shaxsiy va suvenir koltlar ham yasagan. 1872-yilda bunday qurol Buyuk knyaz Aleksey Romanov uchun yasalgan boʻlsa, 100 yil oʻtgach, KPSS Markaziy Komiteti Bosh kotibi Leonid Brejnev ham shunday qurolga ega boʻlgan.
Muqova suratlar: meisterdrucke.ie / history.com