5
Ulashish
807 marta koʻrilgan
1938-yil
Samsung
Samsung — Janubiy Koreyaning elektron qurilmalar ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng yirik kompaniyalaridan biri. Samsung keng turdagi maishiy va sanoat elektronikasini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Maishiy texnika, raqamli media qurilmasi, yarimoʻtkazgich, xotira chipi va integratsiyalashgan tizimlar shular jumlasidandir. Samsung texnologiya sohasidagi eng taniqli nomlardan biriga aylangan. Kompaniya Janubiy Koreya umumiy eksportining beshdan bir qismini ishlab chiqaradi.
Kompaniyaning dastlabki yillari haqida
Samsungʼga 1938-yil 1-martda Li Byung Chull tomonidan oziq-ovqat doʻkoni sifatida asos solinadi. Li Byung Chull Koreyaning Tegu shahrida ugra hamda shahar ichida va tashqarisida ishlab chiqariladigan mahsulotlar savdosi bilan shugʻullanishni boshlagan. U mahsulotlarini Xitoy provinsiyalariga eksport qilgan. Kompaniya nomi koreyschadan “uch yulduz” maʼnosini beradi. Koreya urushidan soʻng Li biznesini toʻqimachilik sohasida kengaytirib, Koreyadagi eng yirik yung tegirmonini ochadi. U mamlakatiga urushdan soʻng oʻzini qayta tiklash uchun yordam berish maqsadida sanoatlashtirishga katta eʼtibor qaratadi.
Oʻsha davrda uning biznesi Koreya hukumati tomonidan oʻrnatilgan proteksionist siyosatdan foyda koʻradi. Bu siyosatning maqsadi, yirik mahalliy konglomeratlarni raqobatdan himoya qilish hamda ular uchun moliyalashni osonlashtirish orqali yordam berish boʻlgan. 1950-yillarning oxirida kompaniya Koreyaning eng yirik 3 ta tijorat bankini, shuningdek, sugʻurta kompaniyasi hamda sement va oʻgʻit ishlab chiqaruvchi firmalarni egallaydi. 1960-yillarda Samsung yana boshqa sugʻurta kompaniyalari bilan birga neftni qayta ishlash zavodi, neylon kompaniyasi va savdo markazini sotib oladi.
1970-yillar davomida kompaniya toʻqimachilik sanoatida yaxshiroq raqobatlashish uchun tekstil ishlab chiqarish jarayonlarini toʻliq — xomashyodan tortib to tayyor mahsulotgacha qamrab oldi. Samsung Heavy Industries, Samsung Shipbuilding va Samsung Precision Company (Samsung Techwin) kabi yangi shoʻba korxonalar taʼsis etildi. Bundan tashqari, oʻsha vaqtlarda kompaniya ogʻir sanoat, kimyo sanoati hamda neft-kimyo sanoatlariga investitsiya kiritishni boshlagan edi. Samsungʼning bu harakati kompaniyaga istiqbolli rivojlanish yoʻlini taqdim etdi.
Samsung guruhining tuzilmasi murakkab. Undagi kompaniyalar bir-birining aksiyalariga egalik qiladi. Samsung Electronicsʼning eng yirik aksiodori Samsung Life Insurance sugʻurta kompaniyasi hisoblanadi. Ammo Samsung Lifeʼning asosiy aksiyadori Cheil Industries toʻqimachilik korxonasi boʻlgani uchun bu kompaniya guruhning amaldagi xolding kompaniyasi hisoblanadi.
2014-yilning oxiriga kelib vitse direktor Li Je Yong (taʼsischining nabirasi)ning Cheil Industriesʼdagi 23,23 foiz aksiyasiga egalik qilishi mulkchilik nuqtayi nazaridan avlodlar almashinuvi ancha yaxshi rivojlanganini koʻrsatadi. Yarimoʻtkazgich biznesi katta foyda keltirayotgan boʻlsa-da, kompaniyaning jadal rivojlanishiga hissa qoʻshgan smartfonlar faoliyati bugungi kunda unchalik ham yaxshi ahvolda emas. Kompaniya hozir ham ishlab chiqaruvchi sifatida yaxshigina foyda koʻrmoqda, lekin avvalgi rivojlanish yoʻliga qaytishi uchun Samsung yangi bizneslarni tadqiq qilishiga toʻgʻri keladi.
Elektronika
Samsung elektronika sanoatiga ilk marotaba 1969-yilda elektronikaga yoʻnaltirilgan bir qancha boʻlinmalar bilan kirib kelgan. Ularning ilk mahsuloti oq-qora televizor edi. 1970-yillarda kompaniya elektronika mahsulotlarini xorijga eksport qila boshladi. Oʻsha vaqtda Samsung allaqachon Koreyaning yirik ishlab chiqaruvchisiga aylangan edi. Koreyada ishlab chiqariladigan yarimoʻtkazgichlarining 50 foizi Samsungʼning ulushiga toʻgʻri kelardi.
1970-yillarning oxiri va 1980-yillarning boshida Samsung jadallik bilan texnologiya biznesiga kirib kela boshladi. Yarimoʻtkazgich va elektronika uchun alohida filiallar,1978-yilda esa aerokosmik boʻlinma tashkil etildi. Korxonalarning tizimlarni ishlab chiqishga boʻlgan ehtiyohini qondirish maqsadida 1985-yilda Samsung Data Systems (hozirgi SDS) kompaniyasiga asos solindi. Kompaniya Samsungʼga qisqa vaqt ichida axborot texnologiya sohasida yetakchi boʻlib olishiga koʻmaklashdi. Bundan tashqari, kompaniyaning texnologiya tarmogʻini elektronika, yarimoʻtkazgich, yuqori polimerli kimyoviy modda, genetik muhandislik vositasi, telekommunikatsiya, aerokosmos va nanotexnologiya sohalariga qadar kengaytirishni maqsad qilgan Samsung 2 ta tadqiqot va ishlab chiqish institutini ham tashkil qilgan.
Samsung dunyo miqyosidagi kompaniya sifatida
Li Byung Chull 1987-yilda vafot etganidan soʻng kompaniya oʻgʻli Li Gon Xiga meros qoladi. Soʻng Samsung 5 ta kompaniyaga boʻlinib ketadi. Elektronika Li Gon Xining qoli ostida qolgan boʻlsa, boshqa toʻrt kompaniya Li Byung Chullning boshqa farzandlari tomonidan boshqariladi. Li Gon Xining fikricha, Samsung Janubiy Koreya iqtisodiyotidagi yetakchiligi tufayli juda oʻziga ishonib ketgan, shuning uchun ham global raqobatga tayyor emas edi. Li Gon Xining Samsung ijrochilariga qarata aytgan: “Ayolingiz va farzandlaringizdan boshqa hamma narsani oʻzgartiring”, — degan gapi keyinchalik mashhur boʻlib ketadi. Lining “yangi boshqaruv” konsepsiyasiga koʻra, xodimlar oʻz boshliqlariga xatolarini koʻrsatishi talab qilinardi. Shuningdek, sifatni sondan ustun qoʻyish, ayollarni yuqori ijrochi lavozimlariga koʻtarish va byurokratik amaliyotlarga chek qoʻyish ham konsepsiyaning maqsadlari sirasiga kirardi.
Li Gon Xi Samsung madaniyatini oʻzgartirgani tufayli 1990-yillarda kompaniya dunyo elektronika bozorlariga kirishda davom etadi. Qanchalik muvaffaqiyatli oʻtmasin, oʻsha yillarda kompaniyaga zarar yetkazgan turli korporativ mojarolar, jumladan, patent buzilishiga oid koʻplab daʼvolar hamda poraxoʻrlik holatlari ham kuzatildi (shunday holatlarning birida Li Gon Xi 1996-yili davlatning sobiq prezidenti Ro Du Vuga pora berishda ayblangan edi. U ikki yil qamoq jazosiga hukm qilinadi. Sudya jazoni almashtirib, 1997-yilda ozodlikka chiqarilgan). Shunga qaramay, kompaniya texnologiya va mahsulotlar sifati boʻyicha yutuqlarga erishishda davom etadi. Koʻplab texnologik mahsulotlar – yarimoʻtkazgichlardan tortib kompyuter monitori va LCD ekranlargacha — global bozor ulushida eng yuqori beshlikka chiqib oladi.
2000-yillarda Samsungʼning Galaxy smartfonlari paydo boʻldi. Smartfon nafaqat kompaniyaning eng eʼtirofga sazovor mahsuloti boʻldi, balki dunyo boʻylab eng koʻp sotilgan smartfonlar qatoridan joy oldi. Bundan tashqari, Samsung Apple kompaniyasining iPhone smartfonlari ilk modellarini mikroprotsessorlar bilan taʼminlagan edi. U XX asr oxiri va XXI asr boshlarida dunyodagi eng yirik mikroprotsessor ishlab chiqaruvchiga aylanadi. Kompaniya 2006-yildan beri dunyo boʻylab eng koʻp sotiladigan televizorlar ishlab chiqarishda davom etmoqda. 2010-yildan boshlab Galaxy seriyalari Galaxy Tab qatorini eʼlon qilib, planshet kompyuterlarni ham ishlab chiqara boshladi. 2013-yilda esa Galaxy Gear qatorida “aqlli soat”lar ishlab chiqish yoʻlga qoʻyiladi. Samsung 2019-yilda Galaxy Fold, yaʼni bukiladigan smartfonni ommaga havola qildi.
2008-yil aprelida Li ishonchni suiisteʼmol qilish hamda soliq toʻlashdan boʻyin tovlaganlikda ayblanib, koʻp oʻtmay Samsung rahbari lavozimidan isteʼfoga chiqadi. Oʻsha yilning iyulida u soliq toʻlamagani uchun taxminan 80 million dollar miqdorida jarimaga tortiladi va uch yil shartli qamoq jazosiga hukm qilinadi. 2009-yilning dekabrida Li afv etiladi. Li Xalqaro olimpiya qoʻmitasida qolishi va 2018-yilgi qishki olimpiada oʻyinlarini Janubiy Koreyaning Pxenchxan shahrida boʻlib oʻtishini muvaffaqiyatli taʼminlashi kerak edi. Shuning uchun Janubiy Koreya hukumati uni afv etiladi.
2010-yilning mart oyida Samsung Group ijrochilari Li Gon Xini konglomeratning eng yirik boʻlinmasi boʻlmish Samsung Electronicsʼning rahbari etib tayinlaydi. Keyinroq oʻsha yili u Samsung Group direktori lavozimiga qaytadi. Biroq 2014-yilda kechgan yurak xuruji tufayli 2020-yil – oʻlimiga qadar mehnatga layoqatsiz boʻlib qoladi. Li Gon Xi lavozimini saqlab qolgan boʻlsa-da, oʻgʻli Li Je Yong (Je Y. Li) Samsung Groupʼning amaldagi rahbari boʻlgan edi.
Li Je Yong 2017-yilda mamlakatning sobiq prezidenti Pak Jin Xega pora berishda ayblanib, qamoq jazosiga hukm qilinadi. Bir yil jazoni oʻtaganidan soʻng hukm toʻxtatib turiladi va 2018-yilda shartli ravishda ozodlikka chiqariladi. Soʻng jazo yana qaytarilib, 2021-yilning yanvaridan avgustiga qadar yana qamoqqa tashlanadi. Avgustda Li shartli ravishda ozod qilinadi. U qamoqdaligida Samsung avvaliga ikki, keyinchalik uch nafar bosh ijrochi direktor tomonidan boshqariladi.
2020-yilda Li, shuningdek, 2015-yilda Samsungʼning ikki shuba korxonasi qoʻshilishi natijasida yuzaga kelgan moliyaviy jinoyatlarda ham ayblangan. Hukumatning taʼkidlashicha, Lining rahbarlikka kirishganidan soʻng shu ikki shuba korxonalarning qiymatlari oʻzgartirilib, Samsung ustidan nazoratni butunlay qoʻlga oladi. Bugungi kunda Samsung Group Janubiy Koreya Yalpi ichki mahsulotining 20 foizini tashkil qiladi. Dunyodagi boshqa birorta kompaniya mamlakatga shunchalik koʻp hissa qoʻshmagan.
Muqova suratlar: gagadget.com / pinterest.com