5
Ulashish
1115 marta koʻrilgan
862–1598
Ryurikovlar sulolasi
Ryurikovlar sulolasi Kiyev Rusi, keyinchalik esa Moskov knyazlari — Novgorod xalqi tomonidan shaharni boshqarish uchun (taxminan 862-yilda) taklif qilingan varyag knyazi Ryurikning avlodlari hisoblanadi. Ryurikovlar 1598-yilgacha Kiyev Rusi, keyinchalik Moskoviya ustidan nazoratni ushlab turgan.
Ryurikning davomchisi Oleg (912-yilda vafot etgan) taxminan 882-yillarda Kiyevni bosib oladi hamda Novgoroddan to Qora dengizgacha cho‘zilgan Dnepr daryosi bo‘yidagi savdo yo‘lida o‘z nazoratini o‘rnatadi. Igor (Ryurikning o‘g‘li bo‘lishi mumkin, 912–945-yillarda hukmronlik qilgan) hamda uning vorislari — rafiqasi Olga (945–969-yillarda vaqtinchalik hukmronlik qilgan) va o‘g‘li Svyatoslav (945–972-yillarda hukmronlik qilgan) davlat hududlarini yanada kengaytiradi. Svyatoslavning o‘g‘li Vladimir I (Avliyo Vladimir, 980–1015-yillarda hukmronlik qilgan) sulolaning hukmronligini mustahkamlaydi.
Vladimir Kiyev Rusining birinchi qonunlar kodeksini tuzadi va mamlakatga nasroniylik dinini olib kiradi. U, shuningdek, yirik shaharlarni o‘g‘illariga taqsimlab beradi. Shu tariqa Kiyev Rusi birlashgan konfederatsiyaga aylanadi. To‘ng‘ich o‘g‘il Kiyevning katta knyazi hisoblanib, ukalari uning vorislari bo‘lgan. Vorislar akaning mansabi ko‘tarilishi yoki o‘limi tufayli bo‘sh qolgan o‘rinni egallab, shaharlar iyerarxiyasi bo‘yicha Kiyev tomon ilgarilashi kerak edi. Eng yosh ukaning o‘rniga otasi katta knyaz bo‘lgan eng katta jiyan voris etib tayinlanardi. Bunday merosiylik namunasi Svyatopolk (1015–1019-yillar), Yaroslav Donishmand (1019–1054-yillar), uning o‘g‘illari Izyaslav (1054, 1076 va 1077–1078-yillar), Svyatoslav (1073–1076-yillar) va Vsevold (1078–1093-yillar), shuningdek, Svyatopolk II (Izyaslavning o‘g‘li 1093–1113-yillarda hukmronlik qilgan) davrida kuzatilgan.
Biroq bu anʼana uzoq davom etgan fuqarolar urushi paytida joriy etildi. Knyazlarning qoidaga rioya etishdan bosh tortishi va o‘rnini kuch bilan saqlab qolishga urinishi, bundan tashqari, shahar aholisining tayinlangan knyazni rad etishi tizimning ishdan chiqishiga olib keldi. Knyazlarning Kiyev knyazi bo‘lish uchun shaharma-shahar ko‘chib yurishidan ko‘ra o‘z hududida o‘rnashib qolishga intilishi ham tizimga putur yetkazdi.
1097-yilda barcha Kiyev Rusi knyazlari Chernigov shahrining shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Lyubex shaharchasida yig‘iladi va yerlarini merosiy mulklarga aylantirishga qaror qiladi. Biroq katta knyazlikka vorislar avlodlar tizimi orqali belgilanishi davom etdi. Shuning uchun Vladimir Monomaxning jiyani Svyatopolk II Kiyevning katta knyazi etib tayinlandi. Vladimir o‘z hukmronlik davrida (1113–1125-yillar) Kiyev Rusi yerlarida birlikni tiklashga harakat qildi, o‘g‘illari (Mstislav — 1125–1132-yillar, Yaropolk — 1132–1139-yillar va Yuriy Dolgorukiy — 1149–1157-yillar) 1140-yillarda bir qancha muammolar bilan bo‘lsa-da, uning o‘rnini egalladi.
Biroq sulolaning alohida vakillari mamlakatning Kiyevdan tashqaridagi yirik markazlari — Halich, Novgorod va Suzdal shaharlarida o‘z qoidalarini joriy etdi. Bu hudud knyazlari bir-biri bilan Kiyevni nazorat qilish uchun kurashdi. Oxir-oqibat Suzdal knyazi Andrey Bogolyubskiy shaharni zabt etib, talon-toroj qildi (1169-yil). Shundan so‘ng Vladimirga (Suzdal knyazligidagi shahar) qaytib, katta knyazlikni shu shaharga topshirdi. Andrey Bogolyubskiyning o‘rniga Vsevold III Vladimirning katta knyazi etib tayinlandi (1176–1212-yillarda hukmronlik qilgan). Vsevolddan keyin uning o‘g‘illari Yuriy (1212–1238-yillar), Yaroslav (1238–1246-yillar) va Svyatoslav (1246–1247-yillar), shuningdek, nevarasi Andrey (1247–1252-yillar) hukmronlik qildi.
Aleksandr Nevskiy (1252–1263-yillar) akasi Andreyning o‘rnini egalladi, og‘a-inilari hamda o‘g‘illari esa uning izidan bordi. Ammo parchalanishga bo‘lgan moyillik kuchayib borgani tufayli hech biri Vladimirga ko‘chib o‘tmay, o‘z yerlaridagi mahalliy knyazliklar xavfsizligini taʼminlash yo‘lidan bordi. Shu tufayli Aleksandrning ukasi Yaroslav (Vladimirning katta knyazi, 1264–1271-yillar) Tver knyazligiga, o‘g‘li Daniil esa Moskva knyazligiga asos soladi.
Mo‘g‘ullar bosqinidan so‘ng (1240-yil) rus knyazlari katta knyaz sifatida hukmronlik qilish uchun Mo‘g‘ul xonlaridan patent olishga majbur bo‘ldi. Knyazlik uylarida, ayniqsa, Tver va Moskvada patent uchun, shuningdek, Vladimir katta knyazligidagi yetakchilik uchun raqobat kuchaydi. Asta-sekin Moskva knyazlari kuchayib, hududda Moskoviya nomli katta knyazlik tashkil etiladi. Ryurikovlar sulolasi 1598-yilgacha — to avlodda erkaklar tugaguniga qadar davlatda hukmronlik qiladi.
Manba: britannica.com
Muqova suratlar: brewminate.com / ancient-origins.net