Orqaga
Rus inqilobi. Rus inqilobi haqida. 1917-yil rus inqilobi.

375 marta koʻrilgan

1917-yil

Rus inqilobi

1917-yilgi Rus inqilobi XX asrning eng kuchli siyosiy voqealaridan biri edi. Shafqatsiz inqilob Romanovlar sulolasi va ko‘p asrlik Rossiya imperatorlik hukmronligi tugashiga olib kelgan. Iqtisodiy qiyinchiliklar, oziq-ovqat tanqisligi va hukumat korrupsiyasi podshoh Nikolay IIʼga nisbatan ishonchsizlik ortishiga sabab bo‘lgan. Rus inqilobi davrida so‘l inqilobchi Vladimir Lenin boshchiligidagi bolsheviklar hokimiyatni qo‘lga olib, chor (rus podshosi) boshqaruvi an’analarini barbod qilgan. Bolsheviklar keyinchalik Sovet Ittifoqi kommunistik partiyasiga aylangan. 1917-yili Rossiyada ikki inqilob sodir bo‘lgan. Bu ko‘p asrlik imperiya hukmronligiga barham bergan va Sovet Ittifoqining shakllanishiga olib keladigan siyosiy va ijtimoiy o‘zgarishlarni boshlagan.

Biroq ikki inqilobiy voqea 1917-yilning bir necha oydan iborat qisqa vaqt ichida sodir bo‘lgan bo‘lsa-da, Rossiyada o‘sha yilgi voqealar oldidan ko‘p yillar davomida ijtimoiy tartibsizliklar avj olgan edi. 1900-yilning boshlarida Rossiya katta dehqonlar va o‘sib borayotgan kam sonli kambag‘al sanoat ishchilari bilan Yevropadagi eng qashshoq mamlakatlardan biri bo‘lgan. G‘arbiy Yevropaning aksariyat qismi Rossiyani rivojlanmagan, qoloq jamiyat sifatida ko‘rgan.

Rossiya imperiyasida XIX asrgacha feodalizmning bir ko‘rinishi ― krepostnoylik hukm surgan bo‘lib, unda yersiz dehqonlar yerga ega zodagonlarga xizmat qilishga majbur bo‘lgan. Bundan farqli o‘laroq, bu amaliyot G‘arbiy Yevropaning ko‘p qismida o‘rta asrlarning oxiriga kelib yo‘qolgan. 1861-yilda Rossiya imperiyasi nihoyat krepostnoylikni bekor qilgan. Krepostnoylar (yer egasining ishchilari) ni ozod qilish dehqonlarga ko‘proq uyushish erkinligi berilgan. Bu Rus inqilobigacha bo‘lgan voqealarga ta’sir qilgan.

Rus inqilobining sabablari

Rossiyada sanoat inqilobi Gʻarbiy Yevropa va AQShga qaraganda ancha kechroq sodir bo‘lgan. Nihoyat, XX asrning boshlarida sanoat inqilobi ulkan ijtimoiy va siyosiy o‘zgarishlarni olib kelgan. Masalan, 1890–1910-yillarda Rossiyaning Sankt-Peterburg va Moskva kabi yirik shaharlari aholisi deyarli ikki baravar ko‘paygan. Buning natijasida yangi sinf rus sanoat ishchilari bilan to‘lib-toshgan va qashshoq turmush sharoiti yuzaga kelgan.

Rus inqilobi. Rus inqilobi haqida. 1917-yil rus inqilobi.

Sankt-Peterburg (Rossiya), Nevskiy prospekti / wikipedia.org

XIX asrning oxirida aholi sonining ko‘payishi, Rossiyaning shimoliy iqlimi tufayli qattiq vegetatsiya davri va Qrim urushi bilan boshlangan bir qator urushlar ulkan imperiya bo‘ylab tez-tez oziq-ovqat tanqisligini keltirib chiqargan. Bundan tashqari, 1891–1892-yillardagi ocharchilik rus xalqining 400 000 ga yaqin fuqarosi o‘limiga sabab bo‘lgan.

1904–1905-yillardagi halokatli rus-yapon urushi Rossiya va podsho Nikolay IIʼning mavqeyini yanada zaiflashtirgan. Urushda Rossiya ko‘plab askar, kema, pul va xalqaro obro‘-e’tiborini yo‘qotgan. Ko‘plab o‘qimishli ruslar G‘arbiy Yevropa va Shimoliy Amerikadagi ijtimoiy va ilm-fan taraqqiyotiga nazar tashlab, Rossiyada podshoh va podshoh tarafdorlarining aristokratik tabaqadagi monarxiya boshqaruvi rivojlanishga qanday to‘sqinlik qilayotganini ko‘ra olgan.

1905-yilgi Rus inqilobi

Ko‘p o‘tmay rus ishchilarining monarxiyaga qarshi keskin noroziliklari 1905-yilgi “Qonli yakshanba” qirg‘iniga olib kelgan. Yuzlab qurolsiz namoyishchilar chor qo‘shinlari tomonidan o‘ldirilgan yoki yarador qilingan. “Qonli yakshanba” qirg‘ini 1905-yilgi rus inqilobiga sabab bo‘lgan. U g‘azablangan ishchilarning butun mamlakat bo‘ylab bir qator halokatli ish tashlashlari bilan boshlangan. Qishloq xo‘jaligi ishchilari va askarlarning bu ishga qo‘shilishi natijasida “sovetlar” deb nomlangan ishchilar ustunlik qiladigan kengashlar tashkil etilgan.

Nikolay II va Birinchi jahon urushi

1905-yildagi qon to‘kilishi va Rossiyaning rus-yapon urushidagi sharmandali mag‘lubiyatidan so‘ng Nikolay II so‘z erkinligi va islohotlarni amalga oshirish uchun vakillik majlisi yoki Duma tuzishni va’da qilgan. Rossiya 1914-yil avgust oyida serbiyaliklar hamda ularning fransuz va britaniyalik ittifoqchilarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida Birinchi jahon urushiga kirgan. Ularning urushdagi ishtiroki tez orada Rossiya imperiyasi uchun halokatli bo‘lgan.

Rossiya imperiyasining sanoati harbiy jihatdan rivojlangan Germaniyaga teng kelolmas edi va ruslarning yo‘qotishlari avvalgi urushlarda har qanday mamlakat zararidan ko‘ra ko‘proq bo‘lgan. Inflyatsiya oshgani sayin oziq-ovqat va yoqilg‘i taqchillligi Rossiya uchun qiyinchilik tug‘dirgan. Allaqachon zaiflashgan iqtisodiyotga harbiy harakatlar to‘sqinlik qilgan.

Podshoh Nikolay 1915-yilda Rossiya poytaxti Petrograd (Sankt-Peterburg) ni tark etib, Rossiya armiyasi fronti qo‘mondonligini olgan. Ruslar 1914-yilda “Sankt-Peterburg” so‘zi juda nemischa eshitilgani sababli imperator shahri nomini o‘zgartirgan.

Fevral inqilobi

Rus inqilobi. Rus inqilobi haqida. 1917-yil rus inqilobi.

1917-yilda Petrograddagi Sovetlar Assambleyasi / wikipedia.org

Fevral inqilobi (Rossiya 1918-yil fevralgacha Yulian taqvimidan foydalanganligi sababli shunday atalgan) 1917-yil 8-martda (Yulian taqvimi bo‘yicha 23-fevral) boshlangan. Namoyishchilar non talab qilib, Petrograd ko‘chalariga chiqqan. Ish tashlagan sanoat ishchilarining katta guruhi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan namoyishchilar politsiya bilan to‘qnash kelsa-da, ko‘chalarni tark etishdan bosh tortgan.

Rus inqilobi. Rus inqilobi haqida. 1917-yil rus inqilobi.

Petrograd (Sankt-Peterburg), 1917-yil 4-iyul, soat 14:00. Muvaqqat hukumat qoʻshinlari avtomatlardan oʻq uzganidan soʻng Nevskiy prospektidagi koʻcha namoyishi / wikipedia.org

11-mart kuni qo‘zg‘olonni bostirish uchun Petrograd armiyasi garnizoni qo‘shinlari chaqirilgan. Ba’zi to‘qnashuvlarda polklar o‘q uzib, namoyishchilarni o‘ldirgan. Ammo namoyishchilar ko‘chalarga chiqib ketgan va askarlar ikkilanishni boshlagan. Duma 12-martda muvaqqat hukumat tuzganidan bir necha kun o‘tgach, podsho Nikolay taxtdan voz kechgan va koʻp asrlik Romanovlar hukmronligiga barham berilgan.

Bolsheviklar inqilobi

1917-yil 6–7-noyabrda (yoki Yulian taqvimi bo‘yicha 24–25-oktabrda bo‘lgani uchun ko‘pincha Oktabr inqilobi deb ataladi) Bolsheviklar partiyasi rahbari Vladimir Lenin boshchiligidagi so‘l inqilobchilar Dumaning muvaqqat hukumatiga qarshi deyarli tinch yo‘l bilan davlat to‘ntarishi boshlagan. Muvaqqat hukumat Rossiyaning burjua kapitalistik sinfining bir guruh rahbarlari tomonidan tuzilgan edi. Lenin boshliq Sovet hukumati esa askar, dehqon va ishchilar kengashlari tomonidan boshqarilgan. Bolsheviklar va ularning ittifoqchilari Petrograddagi hukumat binolari va boshqa strategik joylarni egallab olgan va tez orada Lenin boshchiligida yangi hukumat tuzilgan. Shundan so‘ng Lenin dunyodagi birinchi kommunistik davlatning diktatoriga aylangan.



Muqova surat: britannica.com