Orqaga

913 marta koʻrilgan

1822–1888

Rudolf Klauzius

Rudolf Yulius Emanuel Klauzius — 1822-yilda Germaniya imperiyasining Kyoslin (hozirgi Koshalin) shahrida tugʻilgan. Oliy maʼlumotni Berlin universitetida olgan. Klauziusning dastlabki ilmiy ishi 1850-yilda nashrdan chiqqan boʻlib, “Issiqlikning harakatlantiruvchi kuchi va undan issiqlik nazariyasi uchun keltirib chiqarish mumkin boʻlgan qonunlar haqida” deb nomlangan. Unda Klauzius Karnoning issiqlikni ishga aylantirish haqidagi hamda Mayer va Gelmgolsning energiya saqlanish qonuni borasidagi fikrlarini tizimlashtirilgan shaklda tahlil qilib, mazkur masalalarni oʻzining koʻplab yangicha nazariy gʻoyalari bilan boyitdi.

Xususan, uning oʻzi “issiqlik aksiomasi” deb atagan va fanda termodinamikaning ikkinchi bosh qonuni, eng dastlabki koʻrinishidagi taʼriflaridan biri boʻlgan — issiqlik sovuq jismdan harorati balandroq jismga oʻz-oʻzidan oʻtishi mumkin emas tarzidagi tasdigʻini keltirdi. Hozirda bu taʼrif “Klauzius taʼrifi” deb yuritiladi. Keyingi bir nechta asarlarda Klauzius oʻz taʼrifini yanada aniqlashtirdi va boshqa muhim faktlar bilan oʻz nazariyasini yanada boyitdi. Ushbu asarning oʻziyoq muallifning ilk ilmiy ishi boʻlishiga qaramasdan, Klauziusga katta shuhrat keltirdi. U asar nashrdan chiqqan yilning oʻzida Berlin qirollik artilleriya va harbiy muhandislik maktabiga professor ilmiy unvoni bilan ishga tayinlandi.

1855-yildan esa Shveytsariya politexnika maktabining matematika fizika kafedrasi professori boʻlib ishlay boshladi. Shuningdek, Klauzius bugungi termodinamikaning ajralmas qismi boʻlgan entropiya tushunchasini fanga kiritgan olim hisoblanadi. Uning aynan 1865-yilda nashrdan chiqqan “Issiqlikning matematik nazariyasi ikkinchi bosh qonunining qoʻllash uchun qulay boʻlgan shakllari haqida” nomli asarida entropiya atamasi ilk bor qoʻllanadi va unga ilmiy taʼrif beriladi. Mazkur asar butun Yevropa boʻylab ilmiy jamiyatlar va akademiyalarda katta eʼtirofga sazovor boʻlgan. Aynan 1865-yilda Klauzius olib borayotgan samarali ilmiy tadqiqotlari uchun Fransuz fanlar akademiyasiga aʼzolikka qabul qilindi. 1867-yilda ilmiy nufuzi eng yuksak doiralarda ham tan olingan olim avvaliga Vyursburg universiteti, keyinroq 1869-yilda esa Bonn universiteti professori lavozimlariga erishdi.

Rudolf Klauzius oʻz tadqiqotlarini kitob shaklida nashr etish bilan cheklanib qolmasdan, ular bilan davriy nashrlarda asosan ilmiy jurnallarda muntazam chiqish qilib borgan. Uning termodinamikadan tashqari, optika, elektr hodisalari va jismlarning elastikligi borasida ham olib borgan izlanishlari diqqatga sazovordir. U mexanika uchun muhim tushunchalardan biri boʻlgan virial atamasini fanga kiritgan (1870-yil). Rudolf Klauzius haqli ravishda termodinamika fanining asoschilaridan biri hisoblanadi. U 1888-yilning 24-avgustida Bonnda vafot etgan.



Muqova surat: wikipedia.org