Orqaga

783 marta koʻrilgan

1911–2004

Ronald Reygan

AQShning 1981–1989-yillar oraligʻidagi prezidenti — Ronald Reygan prezident boʻlganida koʻpchilik bunga istehzo bilan qarab, sobiq Gollivud aktyori uchun bu ham navbatdagi nufuzli rol, bunday kuchli davlatni boshqarishni eplolmaydi, deb aytgandi. Lekin Reygan sobiq aktyor boshqalardan hech ham farq qilmasligi va aqlli hamda munosib rahbar boʻla olishini isbotlay oldi.

Ronald Reygan AQShning Illinoys shtatida, kambagʻal oilada tugʻilgan boʻlib, kollejdagi taʼlimi uchun oʻzi pul topishiga toʻgʻri kelgan. U kollejni tugatgach, sport radiosharhlovchisi boʻlib ishlashni boshlaydi. Yaxshi xulqi va yoqimli ovozi tufayli u 1937-yilda Gollivud bilan shartnoma tuzishga erishadi va shu yilning o’zida uning ishtirokidagi birinchi film ekranlarga chiqadi.

postimages.org

Ikkinchi jahon urushi boshlangach esa Reyganning aktyorlik faoliyati toʻxtab qoladi. U armiyaga qabul qilinib, aviatsiyaga yoʻnaltiriladi. Lekin u faol harakatlarda ishtirok etolmaydi, chunki unga oʻquv filmlari (videodarslar) qilish topshiriladi. Reygan urushdan soʻng Gollivudga qaytadi, kinoda suratga tushadi, Amerika kinoaktyorlari gildiyasi prezidentligi vazifasini bajaradi. Shu vaqtning oʻzida televideniyeda ham ishlaydi. Reygan oʻynagan rollar orasida sodda, oddiy odamlardan tortib haqiqiy jinoyatchigacha boʻlgan qahramonlar mavjud. Lekin ularning hammasi chuqur xarakter va yengil kinoya bilan farqlanib turadi. Nozik zakovat va energiyaga ega boʻlgan Reygan ijtimoiy muammolarga doir fikrini bildirib borardi. Koʻpchilik u siyosiy faoliyat bilan shugʻullanishi kerakligini ayta boshlaydi.

1962-yilda Reygan respublikachilar partiyasiga qoʻshiladi, 1966-yilda esa uni Kaliforniya shtati gubernatori etib saylashadi. U administrativ (boshqaruv) apparatning qisqartirilishini yoqlaydi. Reyganning fikricha, boshqaruvdagi amaldorlar soni juda koʻpligidan ular amerikaliklarga yordam berish oʻrniga xalaqit berayotgandi. Odatda Amerikada yuqori lavozimlarga boʻlgan yoʻl mer (hokim) lavozimidan boshlanib, soʻng shtat gubernatorligi, kongressmen va senator tarzida davom etadi. Shundan soʻnggina prezidentlikka yoʻl ochiladi.

Ronald va uning rafiqasi Nensi Reyganlar gubernatorlik saylovidagi g’alabani nishonlashmoqda, 1966-yil / wikipedia.org

Reygan obroʻsiga qaramasdan, saylovda respublikachilar partiyasidan 1968-yilda ham, 1976-yilda ham gʻalaba qozonolmaydi. Faqatgina 1980-yilda u Jimmi Karterdan oʻzib ketib, saylovda gʻalaba qozonadi. Reygan prezidentlikka 2-marta 1984-yilda saylanadi. U Amerikaning nafaqat eng qari, balki eng mashhur va konservativ prezidentlaridan biriga aylanadi. Uning prezidentligi davrida harbiy xarajatlar sezilarli darajada oshdi. Oʻsha davrning oʻzida aholining kambagʻal qatlamiga beriladigan, ijtimoiy ehtiyojlari uchun ajratiladigan mablagʻ kamaytirildi.

Reygan Amerika tarixiga nafaqat 40-prezident sifatida, balki boshqa koʻplab davlatlarga ham mashhur boʻlgan prezident sifatida kirgan. U SSSRning birinchi prezidenti Mixail Gorbachyovning islohotlarini qoʻllab-quvvatlagan va u bilan doʻstlashgan ilk AQSh prezidenti edi. 1985-yil 19-noyabrda Shveysariyaning Jeneva shahrida boʻlib oʻtgan sammitda Ronald Reygan Mixail Gorbachyov bilan ilk marta uchrashadi.

1985-yil 19-noyabrda Shveysariyaning Jeneva shahrida boʻlib oʻtgan sammitda Ronald Reygan va Mixail Gorbachyov uchrashuvi / gazeta.ru

Taʼkidlanishicha, aynan shu tarixiy uchrashuv “sovuq urushning” tugashiga muhim qadamlardan biri boʻlgan. Bir yil oʻtgan ular Islandiya poytaxti Reykyavikdagi sammitda yana bir bor koʻrishishadi. Shundan soʻng strategik qurollanishni cheklash toʻgʻrisida shartnoma tuzishga tayyorgarlik boshlanadi, shartnomaga koʻra, oʻrta radiusdagi faoliyat koʻrsatadigan barcha yadroviy qurollar yoʻq qilinishi kerak edi. Shartnoma 1987-yilda imzolanadi. Bu kelishuv SSSR va AQSh oʻrtasidagi uzoq yillar qurollantirish poygasi (sovuq urush) nomi bilan davom etgan qarama-qarshilikka nuqta qoʻyadi.

Mixail Gorbachev va Ronald Reygan shartnomasini imzolashi, 1987-yil / wikipedia.org

Prezidentlik muddati tugagach, Ronald Reygan faol ijtimoiy faoliyatni davom ettiradi, lekin rivojlanib borayotgan Alsgeymer xastaligi bunga xalaqit bera boshlaydi, shu sababli Reyganni oʻtmishda qoldi desak ham boʻladi. Ronald Reygan 2004-yil 5-iyunda Los-Anjelesda, oʻz uyida vafot etadi. U 93 yoshda edi.

 

•                 •                •

 

Ronald Reygan haqida qiziqarli faktlar:

  • Reygan — Gollivuddagi “Shon-shuhrat xiyoboni”da N6374 raqamli yulduz egasi hisoblanadi.
  • Reygan eshituv apparatidan ham foydalangan. Umrining oxirida Alsgeymer xastaligidan aziyat chekkani bois, hatto sevimli rafiqasini ham tanimay qolgan paytlari boʻlgan.
  • Ronald 7 yoshida maktabga borganida, uzoqni koʻra olmasligi maʼlum boʻlgan. Shu sababli u qalin oynakli koʻzoynak taqishga majbur boʻlgan, natijada sinfdoshlari tomonidan mazax qilingan, amerikancha futbol oʻynash imkoniyatidan ham mahrum boʻlgan. Shu sababli Reygan maktabni bitirgach, koʻzoynaklardan voz kechish va boshqa hech qachon ulardan foydalanmaslikka qatʼiy qaror qiladi. Bu qarori uning nafaqat maishiy, balki kasbiy faoliyatida ham muammolarga sabab boʻladi. Lekin Reygan qaroridan qaytmaydi. Bir necha oʻn yillardan keyin, Amerikada ilk marta kontakt linzalar paydo boʻladi va Reygan birinchilardan boʻlib tibbiyotning bu yangiligidan foydalanadi.
  • Reyganning sharafiga 10 dan ortiq haykal qoʻyilgan.
  • AQSh prezidenti Ronald Reygan hayotiga 1981-yil 30-martda, u prezidentlik vazifasini boshlaganidan ikki oy oʻtib, suiqasd uyushtiriladi. Vashingtondagi Hilton mehmonxonasidagi kasaba uyushmalari federatsiyasi delegatlari oldida soʻzlangan nutqdan soʻng, mehmonxonadan chiqish paytida prezident va uning uch hamrohi yaralanadi. Bir oʻq uning oʻpkasiga tegadi, ammo shifokorlarning oʻz vaqtidagi yordami tufayli omon qoladi.