Orqaga

941 marta koʻrilgan

1627–1691

Robert Boyl

Robert Boylning ilmiy tadqiqotlari kimyo yo‘nalishining yangitdan tug‘ilishiga sabab bo‘lgan. Hozirgi zamon ilm-fanida fundamental, muhim fanlardan biri — kimyo fanini mustaqil fan sifatida shakllantirgan olim sifatida ham aynan Robert Boyl tan olinadi. Aynan Boyl kimyoda o‘ziga xos yondashuv va uslublar mavjud bo‘lishi kerakligi va bu fanni eskicha uslub, yaʼni tibbiyot tarkibida o‘rganishdan foyda kam ekanini isbotlab bergan.

Boyl ko‘p sonli rangdor va cho‘ktirish reaksiyasini sinovdan o‘tkazish orqali analitik kimyo faniga ham asos solib berdi. Robert Boyl 1627-yilning 25-yanvar sanasida dunyoga kelgan. O‘z zamondoshlari Robert Boylning otasi — Richard Boylni o‘ta manfaatparast, tamagir va yulg‘ich odam sifatida eslab qolgan. Robert Boyldek mashhur va hassos olimning shunday noinsof kishining farzandi bo‘lganiga odamning ishongisi kelmaydi. Biroq tarixiy haqiqat aynan shunday: Richard Boyl — o‘ta kalondimog‘, shuhratparast, urishqoq odam bo‘lib, qirolicha Yelizavetta zamonida u Kork gersogi maqomiga erishgan edi. U katta yer egalarini qaqshatib, kerak bo‘lsa urush orqali ko‘pchilikning yer-joyini tortib olgan. Shu tarzda, u o‘z yer-mulkini kengaytirib, boyigan. Uning naq 14 nafar farzandi bo‘lgan va Robert Boyl ular ichida eng kenjalaridan biri, aniqrog‘i 13-farzand bo‘lgan.

Boyl o‘z otasining Irlandiyadagi yer-mulkidan birida, Lismor Kasle yerida tug‘ilgan. U butun bolalik va yoshlik yillarini shu joyda o‘tkazgan. Boshlang‘ich xat-savodni ham u o‘z xonadonida, yollanma o‘qituvchilar yordamida olgan. 8 yoshida Robert Iton universitetiga o‘qishga kirgan. Ushbu dargohda 4 yil taʼlim olgach, Robert otasining yana bir hududi — Stolbridjga yo‘l olgan. Stolbridjda bir muddat bo‘lgan 12 yoshli Robert Boyl, o‘sha davr zodagonlari odatiga ko‘ra, o‘z akasi hamrohligida Yevropa bo‘ylab sayohatga chiqadi. Yo‘l-yo‘lakay u Shveytsariya va Italiya davlatlarida 6 yil muddat yashab, bu joydagi yetuk olimlardan taʼlim olishga harakat qiladi.

Boyl ko‘hna qitʼa bo‘ylab sayohat asnosida taʼlimni davom ettirar ekan, bu orada uning badavlat va nomdor otasi vafot etadi. Boyl Angliyaga 1644-yilda, otasi vafotidan keyin qaytgan. Robertga otasidan katta miqdorda ulush tekkan. Stolbridjda o‘sha davrning eng mashhur siyosatchi, olim va yozuvchilaridan iborat ziyoli guruhi to‘planadigan maxsus yig‘inlar tez-tez uyushtirilar edi. Boylni qiziqtirgan bunday majlisda odatda zamonning eng dolzarb ilmiy, ayniqsa, siyosiy masalalari ustida qizg‘in bahs o‘tkazilgan.


creacenter.org

Yevropa safaridan qaytgan Robert Londonda joylashadi va yoshlik yillarida Stolbridjda guvohi bo‘lgandek ilmiy anjumanlarni endi Londonda ham tashkil etishga qaror qiladi. Bunga uning moddiy imkoniyati bemalol yetardi va u katta-katta ilmiy davralar tashkil qilib, olim va ziyolilarni eng muhim ilmiy muammolar ustida fikr almashishga taklif etardi. Faqat Boyl tashkil qilgan ilmiy munozaralarda muhim bir jihat mavjud edi. Boyl o‘zi ham mavhum nazariy munozarani xushlamasdi va olimlarni asosiy eʼtiborni amaliy ish, real naf keltiradigan nazariya va loyihalarga qaratishga undardi.

Boyl moddalar tuzilishiga qiziqqan. U buyumlarning nimadan tuzilgani, moddani qanday qilib elementlarga parchalash mumkinligi masalalari yuzasidan izlanish boshlab yubordi. Boyl o‘rta asr alkimyogarlari olib borgan shunchaki ko‘r-ko‘rona tajribadan naf deyarli bo‘lmasligi va buning o‘rniga kimyo bo‘yicha tizimlashgan, izchil va ilmiy asoslangan tajribalar zarurligini taʼkidlardi. U kimyo bo‘yicha maxsus jihozlar — laboratoriya anjomlarini yasash va tajriba natijalarini tizimli ravishda tahlil qilib, qayd qilib borish zarurligini birinchilardan bo‘lib anglab yetgan. Robert Boyl kimyo fanini chuqurroq o‘rganish va bu borada biryoqlama yondashuv, yaʼni kimyoviy moddalarni faqat tibbiyot nuqtayi nazaridan tekshirish anʼanasidan voz kechish kerakligini ham ustuvor vazifa deb bilgan. Shunday muhim va o‘z davri uchun mujmal vazifalarni hal qilish maqsadida, Boyl o‘z hisobidan laboratoriya va ilmiy kutubxona qurishni rejalashtiradi. Kenja farzandlardan biri ekanligi sababli unga meros qolgan mol-davlat boshqa opa-singillarinikidan ko‘ra kamroq bo‘lgan. Chunonchi, qanchalik boy bo‘lmasin, baribir Robertning mol-mulki tamomila yangi laboratoriya va kutubxona qurishga yetmasdi.

Robert hisob-kitob ishlarini ham puxta egallagan, ishni ko‘zini biladigan ishbilarmon kishi bo‘lgan. U o‘z hisobidan bino qurish uchun mol-davlatini xarjlab yuborish va keyin yana moliyalashtirish manbasini izlab sarson bo‘lib yurmaslik uchun avvaldan o‘ylangan puxta reja asosida ish olib borishga qaror qildi. Boyl o‘ziga meros orqali tekkan Stolbridjdagi ko‘hna qalʼadagi binolarni laboratoriya va kutubxona uchun moslashtirishga kirishdi. Stolbridjning yana bir qulayligi shunda ediki, bu joy Oksfordga juda yaqin bo‘lib, Angliyaning mazkur ko‘hna va ilg‘or ilm dargohiga borib kelish juda oson edi. Shuningdek, Stolbridjdan poytaxt London ham uncha uzoq emasdi. Shu tarzda, Boyl Oksford va Londonda yashovchi ko‘zga ko‘ringan olimlarni bir vaqtning o‘zida o‘z xonadoniga taklif etishi va avvalgidek ilmiy muloqot uyushtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Stolbridjdagi Boyllar qasri tez orada Robert rejalashtirgan ko‘rinishda qayta taʼmirlandi. Qasrning 2-qavatida Robertning o‘zi uchun yotoqxona, kattagina ish kabineti hamda juda ko‘p javonlarga ega bo‘lgan, nihoyatda katta kutubxona hozirlandi. 1-qavatda esa fizika va kimyo bo‘yicha ilmiy tajribalar olib borishga mo‘ljallangan, yaxshi jihozlangan laboratoriya qurildi. Boyl, ayniqsa, kutubxona fondini boyitishga katta ahamiyat qaratgan. Keyinchalik shogirdlarining xotirlashicha, Robert Boyl favqulodda tez va ko‘p o‘qiydigan, shuningdek, o‘qigan narsasini juda yaxshi eslab qoladigan zehni o‘tkir odam bo‘lgan ekan. Har hafta oxirida maxsus yollangan aravakash Londondan shu hafta ichida yangi chop etilgan kitoblardan eng kamida 1 nusxadan Boylga keltirib berib turgan. Boyl esa hamma kitoblarni katta qiziqish bilan o‘qib, tanishib chiqardi. U baʼzan qo‘liga qiziq kitob tushib qolsa, uni oxirigacha o‘qib chiqmagunicha o‘rnidan qo‘zg‘almay o‘tiraverar ekan. Xizmatchilari esa Boylni ko‘pincha tonggacha ham uxlamasdan kitob o‘qib chiqqanini aytib noligan.

1645-yil oxiriga kelib, Boyl laboratoriyasida fizika, kimyo va agrokimyo bo‘yicha tajriba o‘tkazish boshlab yuborildi. Boyl bir vaqtning o‘zida bir necha masalalar yuzasidan shug‘ullanishni yoqtirardi. U chalkashib ketish degan narsadan cho‘chimasdi, aksincha, shunday ish tashkil qilinsa, vaqtdan yutib, ko‘proq muammolarni tezroq hal qilish mumkin, degan fikr bilan yashagan. Odatda u shogird va yollanma ishchilariga laboratoriyada qanday tajribalar o‘tkazish va ularning natijalarini qay tartibda yozib borish kerakligi kabi topshiriqlarni berib, tongda hammani ishga solib qo‘yar va keyin o‘zi ishchi kabinetiga qaytib, kotibi yordamida ilmiy mulohaza va nazariyalarini qog‘ozga tushirish bilan band bo‘lardi.

Boyl o‘z davri olimlariga xos tarzda, qomusiy olim bo‘lgan. Yaʼni u faqat birgina fan sohasi bilan cheklanib qolmagan. Balki Boylni qiziqtirgan ilmiy masalalar bir qarashda bir-biridan tamomila mustaqil bo‘lgan va o‘zaro umumiylikdan yiroq fan sohalarini qamrab olgan edi. Xususan, u bir vaqtning o‘zida biologiya, tibbiyot, fizika, kimyo, falsafa, tilshunoslik va hatto diniy taʼlimot masalalari bilan ham ish olib borgan. Shunga qaramay, uning uchun ustuvor tadqiqot yo‘nalishlari mavjud edi: u birinchi navbatda amaliy tajriba, laboratoriya sinovlariga eʼtibor qaratgan. Boyl ilm-fan yutuqlarini inson manfaati uchun yo‘naltirish lozim, degan fikrni ilgari surar va olimlar faqat nazariy tushuncha bilan cheklanib qolmasligini targ‘ib qilardi. Shu maqsadda Boyl ilmiy yutuqlarni odamzot xizmati uchun bo‘ysundirishni eng birinchi darajali vazifa deb bilgan.

Robert Boyl o‘zining mazkur maslagiga monand ravishda, ilm-fan odamzot oldida turgan eng muhim muammolarni chuqur o‘rganishi va hal qilishi kerak, deb taʼkidlardi. Londondagi tarixiy qo‘lyozmalar saqlanadigan maxsus fondda, Robert Boyl tomonidan shaxsan yozib shakllantirilgan va uning fikricha, ilm-fan birinchi navbatda hal qilishi lozim bo‘lgan eng muhim joriy muammolar keltirilgan kundalik saqlanadi. Ushbu kundalikning maxsus sahifasida olim hal qilinishi lozim bo‘lgan eng muhim ilmiy muammolarni sanab o‘tadi. Uning ro‘yxatidan birinchi bo‘lib, “odam umrini uzaytirish”, degan mavzu turadi. Keyin esa “uchishni o‘rganish”, “bir metallni boshqasiga aylantira olish”, “geografik uzunlikni tezkor aniqlovchi asbobni yasash”, “shamolga qarshi va doimiy tezlik bilan suza oladigan kema yasash”, “uzluksiz yorug‘lik manbai” singari haqiqatan ham Boyl davri uchun dolzarb bo‘lgan ishlar yotadi.

Robert Xuk, Robert Boyl va Jon Kross Deep Xollda havo nasosi bilan tajriba o’tkazayotganlarining tasviri / researchgate.net

 

 

Ko‘rib turganingizdek, olim mohiyatan samolyot va vertolyot, GPS, yadroviy reaktor yoki kollayder, paroxod, elektr chirog‘i kabi bugungi kun uchun oddiy ilmiy yutuqlarni orzu qilgan. Fundamental fan sohalarida esa Robert Boyl asosan kimyo sohasiga ko‘proq ahamiyat qaratardi. U turli xil kimyoviy tajribalarni shaxsan o‘tkazishni yoqtirar va tajriba natijalarini diqqat bilan o‘rganib chiqardi. Boyl kimyoni alkimyo (hozirgi kimyoning ibtidosi boʻlib, oʻrta asrlarda uning asosiy maqsadi oddiy metallarni oltin va kumushga aylantirish boʻlgan) va tibbiyot taʼsiridan xalos qilish hamda uni alohida, mustaqil fan sifatida o‘rganish zarur, degan maslak bilan yashagan.

Robert Boylning eng dastlabki kimyoviy tajribalari turli o‘simlik va qo‘ziqorinlardan mox, gullar, daraxt po‘stlog‘i, ildizlardan esa har xil dorivor damlama tayyorlashdan iborat bo‘lgan. Bunda u damlamaning rangiga eʼtibor qaratgan. Ayrim damlamaga kislota aralashtirilsa, uning rangi o‘zgarar edi. Boshqasiga esa ishqor taʼsir ko‘rsatsa, rang almashishi kuzatilgan. Shunday tajribalardan birida Boylning diqqatini binafsharang bir damlama o‘ziga tortdi. Uni olim lakmus (baʼzi lishayniklardan olinadigan boʻyoq modda) lishayniki (zamburugʻ va suvoʻtlarining simbiotik majmuasi boʻlmish organizmlar) dan olar edi. Damlamaning o‘zi asl holida to‘q binafsharangda bo‘lib, agar unga kislota aralashtirilsa, damlama rangi qizilga o‘zgarardi, aksincha, ishqor qo‘shilgan lakmus damlamasining rangi ko‘kimtir bo‘lib qolardi.

Robert Boyl shunday eritmani qog‘oz parchasiga shimdirib, keyin ushbu qog‘oz bo‘lagini quritib oldi. Shunday qog‘oz parchasidan Boyl indikator sifatida foydalanish mumkinligini fahmlab yetdi. Indikator qog‘oz parchasini suyuqlikka solish orqali suyuqlik muhitining kislotali yoki ishqorli muhit ekanini aniqlash mumkin edi. Robert Boyl “indikator” atamasini shu tarzda kimyoga joriy qilgan edi. Shunday qilib, ilm-fanda tez-tez uchrab turganidek, bir ajoyib kashfiyot o‘z-o‘zidan ikkinchisining ham ochilishiga sabab bo‘ldi. Boyl shunday indikator qog‘ozlar vositasida, yong‘oq turlaridan birining damlamasini tekshirish asnosida, ushbu yong‘oq damlamasini suv bilan aralashtirib, unga temir tuzi qo‘shilsa, hosil bo‘lgan eritmadan qora rangli siyoh sifatida foydalanish mumkinligini aniqladi.

Shu tarzda, o‘sha yong‘oqni ham “siyoh yong‘og‘i” deb atay boshlashdi. Ushbu ajoyib kashfiyot tufayli Boyl turli eritmadan qanday qilib sifatli siyoh tayyorlash mumkinligi masalasi bilan qiziqib qoldi. U eng sifatli va olish texnologiyasi ham arzon, ham sodda bo‘lgan siyoh turini yaratish ustida ish boshlab yubordi. Boyl siyoh modda hosil bo‘lish jarayonining kimyoviy asosini chuqur o‘rganib chiqdi va eng optimal siyoh olish sharoitini aniqladi. Keyinchalik Boyl ishlab chiqqan siyoh retsepti asosida butun Yevropada deyarli XX asr boshigacha yuqori sifatli siyoh ishlab chiqarilgan. Taʼkidlanganidek, Boyl juda sinchkov shaxs bo‘lgan. U yana o‘zi kuzatgan eritmalardan biridagi g‘alati xossani ilg‘ab qoldi. Yaʼni agar kumushning azot kislotasidagi eritmasiga xlorid qo‘shilsa, natijada idish tubida oq cho‘kma hosil bo‘lar edi. Ushbu cho‘kindini Boyl “moon cornea” (oy korneasi) deb nomladi. Agar ushbu cho‘kindi ochiq holda qoldirilsa, vaqt mobaynida u qorayib qolardi. Shu tarzda, Boyl kuzatuvidagi moddada kumush mavjudligini aniqlash imkonini beradigan tahliliy reaksiyani kashf qilgan.


dzen.ru

Bu analitik reaksiya bo‘lib, u modda tarkibida kumush mavjudligiga ishora qilardi. Yosh olim olovning kimyo uchun universal tahliliy vositachilik imkoniyati va xususiyatlariga shubha qilar va shu sababli tahlilning boshqa usul va vositalarini qidirardi. U o‘zining ko‘p yillik tadqiqotlari natijasida, agar moddaga u yoki bu reaktivlar bilan taʼsir ko‘rsatilsa, bu modda nisbatan soddaroq birikmalarga parchalanishini aniqladi. Maxsus reaksiyalarni qo‘llab, ushbu birikmalarning tarkibini aniqlash mumkin edi. Baʼzi moddalar rangdor cho‘kindi hosil qilsa, boshqalari maʼlum bir hidli gaz ajratib chiqarardi, ayrimlari esa rangli aralashmaga aylanardi. Moddalarning maxsus reaksiya orqali parchalash va hosil bo‘lgan mahsulotni identifikatsiyalash jarayonini Boyl “analiz” deb atadi. Bu yangicha ish uslubi bo‘lib, analitik kimyoning rivojlanishiga katta turtki bo‘lib xizmat qildi. Hammasi Boyl o‘ylaganidek bir maromda ketayotgan edi.

Aks holda g‘azabga mingan dehqonlar Boyllar oilasining nafaqat iqtisodiy xavfsizligi, balki hayotiga ham raxna solishi mumkin edi. Boyl tezkorlik bilan Korkka yo‘l oldi. Maʼlum bo‘lishicha, bu yerdagi ish boshqaruvchilar hadidan oshib ketgan bo‘lib, mulkning moliyaviy ahvoli juda achinarli holga kelib qolgandi. Dehqonlar esa o‘z mehnatiga haq ololmay, qashshoq turmush tarzidan bezib, oxiri qurolli g‘alayon ko‘tarishga majbur bo‘lgan. Boyl vaziyatga shaxsan aralashib, uzoq muddat mobaynida butun xo‘jalik faoliyatini shaxsan o‘zi nazorat qildi. Ayniqsa, moliyaviy muammoni hal qilish uchun juda ko‘p kuch-quvvat va asab sarflashga to‘g‘ri keldi.

2 yil davomida Boyl hammasi yana o‘z iziga tushishi uchun qattiq ishlashga majbur bo‘ldi. Vaziyat o‘nglanib, moliyaviy holat barqarorlashgach, xo‘jalik boshqaruvi uchun ancha tajribali va halol bir kishini topib tayinlab qo‘ydi. Biroq ushbu mashmasha tufayli u 2 yil mobaynida ilm-fandan biroz uzoqlashib qoldi. Qolaversa, uning asabi charchadi. Ilmiy faoliyati izdan chiqdi. Ammo u baribir ilm-fan sohasi, ayniqsa, o‘zi jon-dilidan sevadigan kimyoviy tajribaga qaytishni istardi. Boyl ilmiy izlanishni davom ettirish uchun 1654-yilda Oksfordga ko‘chib o‘tdi. Bu yerda u o‘ziga eng yaqin ilmiy hamkor va shogirdi bo‘lgan Vilgelm Gomberg bilan ilmiy tadqiqotlarni yana “jonlantirib” yubordi.

Endilikda tadqiqotlar har sohadan bir shingil tarzida emas, balki umumiy, yakdil maqsadga yo‘naltirilgan shaklda yuritila boshlandi. Boyl kimyoviy moddalarni tasniflash va xossalariga ko‘ra guruhlashni maqsad qilgandi. Bu maqsad yo‘lida Boyl va Gomberg juda ko‘p moddalar, asosan turli tuzlarni tadqiq qilib chiqdi va ularning xossalarini tizimli ravishda o‘rganib, qayd etib bordi. Har bir navbatdagi tajribadan keyin Boyl va Gomberg tasnifi tobora kengayib, tafsiloti ham chuqurlashib borardi. Albatta, Boyl va Gomberg olgan natija har doim ham to‘g‘ri bo‘lmagan. Ularda juda qo‘pol xato, hatto o‘sha davr kimyosi uchun ham haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan chalkashlik uchrab turardi. Lekin Boylning ushbu harakati ilm-fan tarixida misli ko‘rilmagan juda katta ilg‘or qadam bo‘lgan.

U kimyo fanining nazariy asosini shakllantirish hamda ushbu fanni qandaydir betartib va tayinsiz, palapartish izlanishga asoslangan alkimyo iskanjasidan xalos qilishni ko‘zda tutgan edi. Bu esa o‘z navbatida mazkur fanning keyingi taraqqiyoti uchun ulkan turtki bergan. Gomberg bilan bir muddat ishlagach, Boylning qo‘liga shogird sifatida yosh va serg‘ayrat olim Robert Guk kelib qoldi. Guk bilan hamkorlik esa gazlarni tadqiq qilish va modda tuzilishining korpuskulyar nazariyasini rivojlantirishga qaratildi. O‘sha payt Germaniyada yana bir ajoyib olim Otto Gerike fizikada mashhur vakuum tadqiqotini o‘tkazayotgan edi.

Boyl maxsus ilmiy ro‘znoma orqali Gerikening tajribalaridan xabardor bo‘lib borardi. Gerikening izlanishini katta qiziqish bilan kuzatib borgan Robert Boyl, ushbu tajribalarni o‘zi ham takrorlab ko‘rishga qaror qildi. Shu maqsadda u havo nasosining Gerikenikidan ancha farq qiluvchi o‘ziga xos konstruksiyasini o‘ylab topdi. Bu nasosning birinchi namunasi Guk yordamida yasab bitkazildi. Tadqiqotchilar nasosdan havoni deyarli to‘liq yo‘qotishga muvaffaq bo‘ldi. Mazkur vaqt butun Yevropa ilm-fanida, jumladan, eng yetuk olimlar miyasida ham havosiz joyda qandaydir “efir” deb ataladigan va modda xossalariga ega bo‘lgan muhit mavjud bo‘ladi, degan yanglish fikr hukmron edi. Ular havosi so‘rib olingan idish ichini efir to‘ldiradi, deb o‘ylardi.

Guk va Boyl o‘zi yasagan nasos yordamida turli idishlardan havoni so‘rib olib, ichida efir paydo bo‘ladimi-yo‘qmi tekshirmoqchi bo‘lgan. Ular har qancha urinmasin, havosi so‘rib olingan idishda hech qanday efirni aniqlay olmadi. Bo‘sh idishda efir mavjudligini isbotlashga bo‘lgan barcha urinish samarasiz ketdi. Oxiri Boyl qatʼiy xulosaga keldi: “Hech qanday efir yo‘q!”, — deb xitob qildi u. Havosi so‘rib olingan joyda hech narsa qolmaydi. Yaʼni u joy shunchaki bo‘shliqqa aylanadi. Bo‘shliq joyni Boyl va Guk “vakuum” deb atashga qaror qildi (lotincha “bo‘shliq” degan maʼnoni anglatadi). Biroq ko‘p o‘tmay, Boyl yana ilmiy faoliyatni vaqtincha to‘xtatib, o‘zining yer-mulkiga qaytishiga to‘g‘ri keldi. Bu safar uning qo‘l ostidagi dehqonlar emas, balki butun Angliya qo‘zg‘algan edi: Oliver Kromvel boshchiligida o‘rnatilgan diktaturaga qarshi monarx tarafdorlari kurash boshladi va mamlakatni g‘alayon va qirg‘in qamrab oldi.

1660-yilda Boyl shaxsiy xavfsizligi va mol-mulkini muhofaza qilish uchun yana o‘ziga qarashli va olisda joylashgani sababli g‘alayondan holi chekka bir hududga ko‘chib o‘tdi. Garchi bu joyda Boyl o‘zining yaxshi jihozlangan laboratoriyasi va kutubxonasidan yiroq, amaliy tajribalar o‘tkazish imkoniyatidan mahrum holda yashasa-da, lekin u olimlarga xos ravishda, baribir vaqtni behuda o‘tkazmaslikka qaror qildi. U shu paytgacha erishgan ilmiy natijalarini endi qog‘ozga tushirib, asar holida nashrga tayyorlashga kirishdi.

Boylning ish kabinetida bir vaqtning o‘zida ikkitadan kotib kunbo‘yi ish olib borardi. Ulardan biriga Robert Boylning o‘zi u yoki bu ilmiy masala yuzasidan shaxsiy mulohazalarini og‘zaki bayon etib turar va kotib uning gaplarini qog‘ozga tushirib borardi. Ikkinchi kotib esa Boylning Gomberg va Guk bilan birgalikda qayd etib borgan natija, tajriba, xulosa va hisob-kitoblaridan iborat kundalik, qayd daftarlari va boshqa yozuv-chizuvlarni oqqa ko‘chirib, kitob holida tartiblab borgan. Shu tarzda, bir necha oy muttasil ishlash orqali Boylning kotiblari birin-ketin 2 ta yirik kitobni nashrga tayyorladi. Ulardan birinchisi “Havoning vazni va mavjud bo‘lishiga oid yangi fizik-mexanik amaliy tajribalar” deb nomlangan bo‘lib, 1660-yilda rasmiy nashrdan chiqqan.

Keyingi kitob esa “Kimyogar — skeptik” deb atalib, bu 2 kitob orqali Boyl 2 000 yillik davomida hukm surgan “to‘rt unsur” haqidagi Aristotel taʼlimoti, Dekartning “efir” haqidagi xulosasi va alkimyogarlikka oid 3 ta boshlang‘ich taʼlimotlarni chippakka chiqardi. Tabiiyki, bu narsa Aristotel taʼlimoti tarafdori hamda kartezianchilar tomonidan keskin qarshi olindi. Lekin Boyl o‘z ilmiy ishlarida faqatgina nazariyot bilan cheklanmasdan, balki asosan amaliy tajribalarga suyanganligi tufayli keltirgan dalil va natijalari har qanday shubha va tortishuvga o‘rin qoldirmagan edi. Maʼrifat ahlining katta qismi, asosan korpuskulyar nazariya tarafdorlari Boyl g‘oyalarini katta ilhom bilan kutib oldi. Uning g‘oyaviy raqiblaridan ko‘pchiligi ham olimning kashfiyotini tan olishga majbur bo‘ldi. Bu orada Angliyada hokimiyat yana monarx qo‘liga qaytdi.

Taxtga chiqqan Karl II mamlakatdagi siyosiy va ijtimoiy barqarorlikni tiklashga kirishdi. Odamlarda yana xotirjamlik va ishonch uyg‘ondi. Jumladan, Boyl ham avvalgidek jo‘shqin ilmiy faoliyatga qaytdi. U yana Oksfordga joylashib, tadqiqotlarini qayta boshladi. Uni endi Londonda ham tez-tez uchratish mumkin edi. Boyl Londonga yangi ilmiy yangiliklar bilan tanishish va opasi Katarinadan xabar olish uchun borardi. Oksfordda esa Boylga shogird sifatida yana bir yosh va zehni kuchli olim — Richard Taunli kelib qo‘shildi. Boylning aynan Taunli bilan olib borgan ilmiy ishlari juda samarali bo‘ldi. Chunonchi, ular birgalikda fizikadagi fundamental qonunlardan birini kashf qildi. Unga ko‘ra, gazlar hajmining o‘zgarishi bosimning o‘zgarishiga teskari proporsionalligi aniqlangan edi. Bugungi kunda o‘rta maktab fizika darsliklarida Boyl-Mariott qonuni sifatida o‘rgatiladigan mazkur qonun, haqiqatan ham, ilm-fan tarixidagi eng buyuk kashfiyotlardan biri edi.

Robert Boyl otasi Richard Boyldan farqli ravishda o‘ta kamtar va gap-so‘zini gapirishda ham sermulohazalik bilan, xushyor so‘zlaydigan odam edi. Shunga ko‘ra, u o‘zi va shogirdi Taunli bilan birgalikda kashf qilgan mazkur fundamental fizik qonunni shunchaki “gipoteza” deb atagan. Yaʼni Boyl ushbu qonunni eng birinchi bo‘lib kashf qilgan olim sifatida o‘zini tan olishiga daʼvo qilmagan. Mazkur fizik qonun haqida Boyl ilk marta o‘zining 1662-yilda nashr etilgan “Havoning vazni va elastikligiga nisbatan ilmning himoyasi” nomli ilmiy ishi bilan bayon qilib bergan edi. Oradan naq 15 yil o‘tib, olimning mazkur kashfiyotini Fransiyada abbat Edma Mariott ham Boyl ochgan ushbu fizik qonunni qayta kashf qildi va shu tarzda, Boylning qayd etgan xulosasi to‘g‘ri ekanini isbotlagan edi. Biroq Boyldan farqli o‘laroq, Mariott bu qonunni o‘z nomi bilan “Mariott qonuni” deb to‘g‘ridan to‘g‘ri eʼlon qilib yubordi. Adolat yuzasidan shuni taʼkidlash kerakki, Mariottning ishlari Robert Boylning amaliy tajribalari va ilmiy bayoniga nisbatan aniqlik va batafsillik nuqtayi nazaridan ancha sayoz hisoblanadi.

Xususan, Boyl o‘z o‘lchash natijalarini dyumning 1/16 ulushigacha aniqlikda o‘lchaydi. O‘lchov natijalaridagi kelib chiqishi mumkin bo‘lgan xatolikni ham real baholaydi. Matematik hisob-kitob bilan tuzatish kiritish usullarini ham bayon qiladi. Mariottda esa hisoblash ham o‘ta dag‘al yaxlitlashga liq to‘la, qolaversa, xulosa ham nisbatan yuzaki bayon qilinadi. Aslini olganda, esa tarixiy haqiqat shuki, biz hozirda “Boyl-Mariott qonuni” deb ataladigan fizik qonunni “Boyl-Taunli qonuni” desak adolat qaror topgan bo‘lardi. Chunki Boylning kundaligidan aniqlangan bir faktga ko‘ra, aslida gazlarning hajmini bosimga teskari proporsional o‘zgarishi haqidagi xulosaga birinchi bo‘lib aynan Richard Taunli kelgan ekan.

Boylning taʼkidlashicha, shogirdi Richard Taunli uning “Havoning elastikligiga taalluqli yangi fizik-mexanik tadqiqotlar” nomli ilmiy ishini o‘qib chiqqach, “bosim va kengayish bir-biriga teskari proporsional ekan”, degan mulohaza bilan ustoziga murojaat qilgan. Edma Mariottning nomi ushbu qonunga qo‘shilib qolganining sababi esa avvali uning bu boradagi ilmiy ishlarini keng nashr qilgani bilan bog‘liq bo‘lsa, qolaversa, u mazkur qonundan qanday amaliy maqsadda foydalanish mumkinligini ham ko‘rsatib bergan edi. Chunonchi, Mariottning ushbu qonundan kelib chiqib o‘rtaga tashlagan takliflaridan biri — joyning balandligini barometr ko‘rsatkichidan kelib chiqib hisoblab chiqish va aniqlash.

Ammo Mariottning matematik bilimi sustligi hisob-kitobdagi chalkashlik va o‘ta kichik qiymatdagi amallar tufayli uning o‘zi olgan natijalar butunlay yaroqsiz chiqdi. Keyinroq 1686-yilda atmosfera bosimi yordamida joyning balandligini aniqlash masalasiga ingliz astronomi — Edmond Galley (1656–1742-yillar) eʼtibor qaratdi. U ko‘pchilikka o‘z nomi bilan ataluvchi kometani kashf etgani bilan yaxshi tanish. Demak, aynan Galley mazkur masala yuzasidan nisbatan aniq formulani ishlab chiqdi. Nisbatan deyilishiga sabab u o‘z formulasida atmosferadagi harorat o‘zgarishini nazardan qochirgan edi.

Galley formulasining asosiy g‘oyasi shundan iborat ediki, balandlik arifmetik progressiya tarzida ortishi bilan, atmosfera bosimi geometrik progressiya tarzida kamayib boradi, deb hisoblardi. Shu tarzda, Robert Boyl o‘z shogirdi Richard Taunli bilan birgalikda eng muhim fizik qonunlardan birini kashf qilganligi bilan ilm-fan tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Bundan tashqari, Boyl diqqatini yana bir qiziq holat o‘ziga tortdi. Oddiy sharoitda bug‘lanmaydigan va suyuqlanmaydigan ayrim qattiq moddalar uchun bosim o‘zgartirilsa, ular suyuqlanish va bug‘lanishni boshlashi mumkin ekan.

Boyl oddiy va tushunarliroq bo‘lishi uchun muz misolida jismlarning issiqlik taʼsirida kengayishi va sovuqlik taʼsirida torayishi qonuniyatini bayon qilib berdi. Boyl temir quvurni suv bilan to‘ldirib, keyin unga sovuq harorat taʼsir ettirish orqali quvur ichidagi suvni muzlatadi. Quvur ichida muzlab qolgan suv (muz) hajman kengayib, temir quvurni yorib yuboradi. Shuningdek, bosim pasaytirilsa, suv nisbatan past haroratda ham qaynaverishini ham birinchi bo‘lib Boyl ilmiy asoslab berdi. Biroq yangi fizik va kimyoviy jarayonlarni kashf qilar ekan, Robert Boyl har doim ham ularning mohiyatini tushuntirib bera olmasdi. Masalan, olim suyuqlikning ingichka quvurlar orqali yuqoriga ko‘tarilishining sababini izohlay olmay ancha xunob bo‘lgan.

Boz ustiga, Boyl suyuqlikda sirt taranglik hodisasini kashf qilgan bo‘lsa-da, lekin ushbu fizik hodisaning mohiyatini o‘zi tushunib yetmagani bois, yana bir ajoyib fizik qonuniyatni ixtiro qilganidan o‘zi bexabar qolib ketgan (sirt tarangligi hodisasini ilmiy asoslash masalasini keyinchalik yana bir ingliz olimi — Stoks hal qilgan). Shuningdek, Boyl jismlarning yonishi sababli olov atrofidagi havo o‘zgarishini ham payqagan edi (yaʼni kislorodning yonishga yordam berishini aniqlagan). Baʼzi metallar esa qiziganda vazni og‘irlashib qolishini ham u birinchi bo‘lib sezgan. Ammo ushbu fizik jarayonga ham Boyl hech qanday ilmiy asoslangan nazariya keltira olmadi. Albatta, bunda olimning zarracha ham aybi yo‘q. Chunki Boylgacha bo‘lgan davrda ilm-fanda eksperimental fizikaning o‘zi mavjud bo‘lmagan va Boyl ushbu fanga asos solgan olimlardan biri sifatida mazkur yo‘nalishni o‘zi boshlab bergan edi.

1670–1680-yillar oralig‘ida Robert Boylning ko‘p sonli ilmiy ish va asarlari orqali butun Angliyada yaxshi taniydigan bo‘lishdi. Olim rasmiy hukmron doiralar va ilm-fan kishilari orasida katta obro‘-eʼtibor qozona boshladi. Ayniqsa, uni hamma Angliyaning eng kuchli kimyogar mutaxassisi sifatida tan olardi. Boyl Angliyada ilm-fanni markazlashtirilgan holda, tizimlashtirib o‘rganishni tashkil qilish va ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan olimlarni boshini qovushtirib, ularni moddiy rag‘batlantirib borish uchun xizmat qiladigan ilmiy markaz tashkil etish g‘oyasi bilan yashardi. U o‘zining ushbu g‘oyalari bayoni bilan Angliya hukumatiga va qirol oilasiga murojaat qildi. Boyl o‘z murojaatida ilm-fanni o‘rganish nazariya bilan cheklanib qolmasdan, balki davlat va jamiyat uchun amaliy naf keltiradigan yo‘nalishlardagi bilimni rivojlantirish, yaʼni amaliy-muhandislik fanlari sohalarini yanada taraqqiy ettirishni bosh maqsad qilib olishni alohida urg‘u bilan taʼkidlagan.

dzen.ru

Boyl hukumat vakillariga: “ilmni moliyalashtiring va biz sizning eng o‘tkir muammolaringizni hal qilib beramiz”, — degan edi. O‘sha zamonda Angliya endi dengiz hukmronligiga daʼvo qila boshlagan bo‘lib, mamlakatda amaliy hal qilinishi lozim bo‘lgan qator texnik va harbiy masalalar bor edi. Xususan, dengizdan suzish borasida kema turgan joyning geografik koordinatalarini aniqlash, ayrim dahshatli epidemik kasalliklarni yengish, ko‘chalarni yoritish kabi muhim ijtimoiy-siyosiy muammolar uzoq yillardan buyon o‘z yechimini kutib yotgandi. Boyl olimlar diqqatini ushbu masalalarga yo‘naltirish va ularni ilmiy tomondan o‘rganish orqali muammolarni hal qilishni rejalashtirgan edi.

Biroq buning uchun olimlarni boshini bir yerda qovushtirish va ularga barqaror moliyaviy rag‘bat ko‘rsatish zarur edi. Shu maqsadda Boyl Angliyaning eng nufuzli va kuchli olimlarini o‘zida jamlaydigan ilmiy jamiyat tuzishga qaror qildi. Uning mazkur taklifi 1680-yilda hukumat va qirollikning qizg‘in qo‘llab-quvvatlashi orqali amalga joriy etildi. Boyl tashabbusi bilan tashkil etilgan ilmiy jamiyat jahonda o‘xshashi bo‘lmagan, juda yaxshi tashkillangan va o‘zida Angliyaning eng o‘tkir zehnli olimlarini jamlagan nihoyatda katta ilmiy potensialga ega ilmiy dargohga aylandi. Ushbu jamiyatni olimlar London qirollik jamiyati deb nomlardi. Ushbu jamiyatning jonkuyar tashkilotchisi va butun Angliyada tan olingan yirik kimyogar olim sifatida Robert Boylning o‘zi ushbu jamiyatning ilk rahbarligiga saylandi.

London qirollik jamiyatida u bilan bir vaqtda zamonasining va umuman ilm-fan tarixining eng buyuk olimlaridan biri — Isaak Nyuton ham faoliyat ko‘rsatgan. Undan tashqari, tashkilot aʼzolari sifatida Jon Lokk, Uilyam Uolles kabi yirik olimlarni ham qayd etish mumkin edi. Boyl umrining oxirigacha ushbu muassasaga rahbarlik qilib yashab o‘tdi va uning oyoqqa turib, jahonda eng nufuzli ilmiy dargohlardan biriga aylanishida ulkan hissa qo‘shdi. Bu paytda Boyl ilmiy va ijodiy sohalarda o‘z faoliyatining eng cho‘qqisiga chiqqan bo‘lib, uni hatto saroyda ham nihoyatda hurmat qilishardi. Qirol va uning oilasi muhim ilmiy va siyosiy masalalarda Boyl bilan maslahatlashishdan tortinmasdi. Ayni paytda uning ilmiy ishlari birin-ketin chop etilib, olimlar orasida katta qiziqishga sabab bo‘lardi. Xususan, uning 1664-yilda nashrdan chiqqan “Ranglar haqida mulohazalar va tajribalar” nomli asari 80-yillarga kelib, butun ilmiy jamiyat ichida katta ahamiyat kasb etdi.

Boylning rahbarlik qobiliyati ham ancha shakllangan bo‘lib, u yirik kampaniyalarga bemalol boshchilik qilishi mumkin edi. Buni u London qirollik jamiyatini tashkil qilish va boshqarish misolida yaqqol ko‘rsatib bergan edi. Qolaversa, u 1644-yilda eʼtiboran, yaʼni otasi vafotidan keyin Angliyaga qaytgan paytdanoq, o‘ziga meros qolgan katta yer-mulk va xizmatchilardan iborat yirik xo‘jalikni ham bequsur boshqarib kelmoqda edi. Shularni inobatga olib, qirol Robert Boylga muhim siyosiy vazifa yuklashga qaror qiladi: Robert Boyl Angliyaning dengiz orti hududini egallash va boshqa mamlakatlar bilan dengiz orqali savdo-sotiq qilish masalalari bilan shug‘ullanuvchi kampaniya — Ost-Indiya kampaniyasiga direktorlikka tayinlandi. Qanchalik yuqori lavozimlarda va qirollik oilasi eʼtibori markazida bo‘lmasin, Boyl hamma vaqt o‘ziga xos kamtar va bosiq xarakteri bilan ko‘pchilikni ajablantirishda davom etardi. U o‘ziga yuklatilgan rasmiy lavozim vazifalaridan ortib, o‘z hayotini bag‘ishlagan ilmiy masalalar bilan ham shug‘ullanishga vaqt topa olardi.

Yuqori mansab lavozimlaridan olgan yirik daromadini esa olim ilm-fan yo‘lida xayriyaga xarjlab yuborardi. Chunonchi, u yosh olimlarni rag‘batlantirish, ular asarlarini nashrga tayyorlash va turli ilmiy dargohlarda laboratoriya va kutubxonalarni jihozlagani maʼlum. Masalan, o‘sha yillari Boyl keyinchalik nafaqat Angliya yoki Yevropa, balki butun jahonda eng yetakchi ilmiy laboratoriyalardan biriga aylangan Oksford laboratoriyasini bunyod etishga kirishgan. U laboratoriyani puxta reja asosida, aynan ilm-fan bilan shug‘ullanish uchun maxsus loyihalab bunyod etilishini istagan va oqibatda o‘z maqsadiga erishgan. Oksford laboratoriyasi Boylning jonbozligi evaziga o‘z davrining eng ilg‘or laboratoriya asbob-uskunalari va jihozlari bilan taʼminlangan edi. Natijada, yosh olimlar uchun Oksfordda ishlash o‘ziga xos sharafga aylandi va aksariyat ilmiy izlanuvchilar aynan Oksford laboratoriyasiga borib ishlashga harakat qila boshladi.

Olim o‘z asarlarini nashr ettirishda ham davom etdi. Uning “Gidrostatik paradokslar”, “Korpuskulyar nazariyaga muvofiq shakl va sifatning hosil bo‘lishi”, “Mineral suvlar haqida” kitoblari ketma-ket chop etildi. Ayniqsa, uning “Mineral suvlar haqida” asari nafaqat olimlar, balki oddiy aholi orasida ham ancha mashhur bo‘lib ketdi. Chunki bunda olim mineral suvlarning salomatlikka taʼsiri va ularni tahlil qilish usullarini bayon qilgan edi. Shu bilan birga, Boyl olimlar orasida “yog‘dulanuvchi tosh” deb nomlangan moddani tadqiq qilishga eʼtibor qaratdi. Biz bu moddani fosfor nomi bilan yaxshi taniymiz. Boyl “yog‘dulanuvchi tosh” ni sinchiklab o‘rganar ekan, uning asosida 1680-yilda oq fosforni kashf qildi. Shu tufayli uzoq yillar davomida boshqa olimlar, ayniqsa, kimyo mutaxassislari oq fosforni “Boyl fosfori” deb ham atagan.

80-yillar oxiriga kelib, Boylning salomatligi yomonlasha boshladi. Allaqachon 60 yoshni qarshilagan va Angliyada beqiyos mashhurlik qozongan olim endilikda laboratoriya va idoralarda ishlashga jismonan yaramay qoldi. Shu sababli endi u amaliy ishlarni ko‘proq ishongan shogirdlariga topshirib, o‘zi esa qayd etilgan natijalarni umumlashtirish va ular asosida ilmiy xulosalar yasashga ko‘proq eʼtibor qaratadi. Asosiy vaqtini olim o‘zi egallagan bilimlarni qog‘ozga tushirib, keyingi avlodlarga yetkazib berishga bag‘ishlay boshladi. Baʼzan esa u Kembrijga — Isaak Nyuton huzuriga yo‘l olar va u bilan yangi ilmiy mulohazalarni muhokama qilardi. Boshqa safar uni Oksfordda, o‘z shogirdlari davrasida uchratish mumkin edi. Yana bir safar u Londonga yo‘l olib, qarindoshlari bilan diydorlashib kelardi. Lekin endi u asosiy vaqtini o‘z uyida, kutubxonada o‘tkaza boshlagan edi. Butun ilmiy faoliyati davomida asosan aniq va tabiiy fanlar bilan shug‘ullangan, ayniqsa, kimyoning fundamental masalalarini ko‘proq tadqiq qilgan olim, so‘nggi yillardan birdan ijtimoiy fanlarga murojaat qilishga o‘tdi. U endi falsafa va dinshunoslik bilan ham jiddiy shug‘ullana boshladi.

Tez orada endi Boylni o‘z davrining eng kuchli kimyogari sifatida emas, balki eng kuchli dinshunos-ruhoniy sifatida ham eʼtirof eta boshlashdi. U diniy taʼlimot masallariga qattiq berildi va baʼzan shogirdlariga dindan nasihatlar ham qila boshladi. Umuman olganda, XVII asr kishisi va olimlari uchun bu oddiy holat edi. Jamiyatda ilm-fanning o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganiga qaramasdan, avom xalq va olimlar ham asosan diniy aqida va qonun-qoidalar doirasida yashardi. Shu sababli kimyogar olim sifatida nom qozongan Robert Boylning ayni damda ruhoniylikka ham aloqador bo‘lganiga ajablanish kerak emas. Aslida u butun umr kuchli diniy eʼtiqod bilan yashab o‘tgan. Shunga binoan, uning kundaliklaridan birida “Iblis mening qalbimni qo‘rqinch bilan to‘ldirdi va men ishongan diniy aqidalarning haq ekaniga shubha uyg‘otishga urindi” qabilidagi jumlalarni ham tez-tez uchratish mumkin.

Boyl hayotining so‘nggi yillarida nasroniylik dinining muqaddas kitobi — Injilni asl va yangi talqinda o‘qib chiqishni istab qoladi. Buning uchun u ataylab qadimgi yunon va yahudiy tillarini o‘rganishga kirishdi. Bundan tashqari, u dinshunoslik bo‘yicha maxsus yig‘inlar tashkil etib, din tarixi va aqida masalalari bo‘yicha o‘quv kurslari uyushtira boshladi. Aniq va tabiiy fanlar olimi hamda kuchli eʼtiqodli dindor bo‘lishdan tashqari, Robert Boyl adabiyot ixlosmandi ham bo‘lgan. Lekin uning adabiyot yo‘nalishida ijod qilishga shunchaki vaqti yetmagan bo‘lsa kerak. Chunki uning qalamiga mansub sanoqli sheʼr va axloq qoidalari haqida bahs yurituvchi risolalariga nazar tashlasak, Boylning adabiyot yo‘nalishida ham komil isteʼdod egasi bo‘lganiga ishonch hosil qilish mumkin.

Uzoq yillar davomida turli fan sohalarida samarali faoliyat ko‘rsatgan olim 1691-yilning 30-dekabr sanasida olamdan ko‘z yumdi. Uni Angliyaning eng buyuk kishilari ko‘milgan — Vestminster abbatligida dafn etishgan. Boyl o‘limi oldidan juda muhim vasiyat qoldirgan. U o‘z umri davomida ishlab topgan va yiqqan mol-mulki va boyligining barchasini Angliyada ilm-fanni yanada taraqqiy etishi uchun sarflanishni istashi, jumladan, uning moddiy merosi hisobidan London qirollik jamiyatining moliyalashtirilishi davom etishi, yosh olimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilishini vasiyat qilgan. Bundan tashqari, Boyl o‘zidan keyin qoladigan meros hisobidan fizika va dinshunoslik bo‘yicha yillik anjumanlar o‘tkazilishini ham ixtiyor qilgan edi. Butun umrini ilmga bag‘ishlagan buyuk olim Robert Boyl, o‘limidan so‘ng ham shu tarzda ilm-fanga xizmat qilishda davom etdi.



Muqova surat:dzen.ru