32 marta koʻrilgan

1906–1997

Klayd Tombo

Klayd Tombo 1906-yil 4-fevralda AQShning Illinois shtatida ijaraga yer olib, dehqonchilik qiluvchi fermer oilasida tugʻilgan. U 12 yoshidan boshlab astronomiya bilan jiddiy shugʻullana boshlagan. Oʻrta maktabni tugatgach, keyingi taʼlimni olish uchun mablagʻi yetmagani bois, mustaqil shugʻullanishga majbur boʻlgan. U oʻzining yasama teleskopida Oy va Marsning tasvirlarini olib, Louell rasadxonasiga yuborgan. Rasadxonadagi yuqori malakali astronomlarning hayratiga sabab boʻlgan bu fototasvirlar oʻzining aniqlik va sifati tufayli Tombo ushbu nufuzli rasadxonaga ishga taklif etilgan.

 

Aynan Louell rasadxonasida, 1930-yilning 18-fevral kuni Klayd Tombo oʻzining eng olamshumul kashfiyoti — Pluton sayyorasini kashf qildi. Shuningdek, u Plutonni qidirish ishlari mobaynida yangi kometa va yuzlab ilgari fanga nomaʼlum boʻlgan asteroidlarni ochdi. Tombo 1932-yilda Kanzas universitetiga oʻqishga kirib, 1936-yilda bakalavr diplomiga ega boʻldi. U 1943-yilgacha Louell rasadxonasida ishladi.

 

Olim 1943–1945-yillarda Arizona kollejida, 1945–1946-yillarda esa Kaliforniya universitetida dars berdi. Klayd 1946-yildan boshlab Las-Krus laboratoriyasida, 1955-yildan esa Nyu-Meksiko universitetida ishladi. Astronom 1965-yilda Nyu-Meksiko universiteti professori, 1973-yildan faxriy professor unvoniga ega boʻldi. Klayd Tombo Plutonni ochgani uchun maxsus medal (Uilyam Gershel tasviri tushirilgan) va Buyuk Britaniya Qirollik ilmiy jamiyatining Astronomiya uyushmasi tomonidan maxsus oltin medal bilan taqdirlangan.

 

Tombo 1934-yilda Patrisiya Edisonga uylangan va umrining oxirigacha oʻz oilasiga sodiq yashagan. Undan bir oʻgʻil, bir qiz qolgan. Klayd Tombo 1997-yilda Nyu-Meksiko shtatidagi Las-Kruses shahrida olamdan koʻz yumgan. Tomboga oid qiziq maʼlumot: oʻrta maktab bitiruv oqshomida, sinfdoshlari u haqida dastxat-esdalik kitobiga “U yangi olamlarni kashf etadi” degan qaydni qoldirgan ekan.