Orqaga

824 marta koʻrilgan

1157–1199

Richard I Arslonyurak

Asrlar davomida tarixchi va kitobxonlar Richard Arslonyurak haqida koʻplab bahs-munozara yuritgan. Baʼzilar Valter Skottning romanlariga asoslanib, uni oliyjanob ritsar deb hisoblasa, boshqalar undagi harbiy rahbarlik isteʼdodini tan olsa-da, uni shafqatsiz va ayyor hukmdor boʻlgan deb biladi. Aytish kerakki, hamma ham oʻziga xos tarzda haq, chunki Richard barcha qarama-qarshi xususiyatlarni oʻzida jamlagan oʻz zamonining oʻgʻloni edi. Richard Arslonyurak trubadur va truverlar (oʻrta asr shoir-xonandalari) tomonidan koʻklarga koʻtarilib kuylangan. U xristian dinining gʻalabasi uchun qilgan oʻlmas ishlari tufayli Valter Skottning “Ayvengo” romani qahramoni prototipiga aylandi.

Angliyaning boʻlajak qiroli Oksford yaqinidagi Bomon qasrida tugʻilgan, ammo bolaligi Fransiya janubida oʻtgan. Qizigʻi shundaki, u fransuz, italyan va hattoki provans tillarida erkin soʻzlashgan, ingliz tilini umuman tushunmasa-da, lotin tilini mukammal bilgan. Richard oʻz kelib chiqishiga binoan yuqori sifatli taʼlim olgan, yaxshi shoir boʻlgan, musiqani tushungan, shuningdek, turli xil qurol sanʼatini mohirona egallagan. Bundan tashqari, u yoshligidan takabbur feʼl-atvori bilan ajralib turar va shon-shuhratni juda yaxshi koʻrardi.

1169-yilda uning otasi — Angliya qiroli Genrix II Plantagenet oʻz mulkini oʻgʻillari oʻrtasida taqsimlab berdi. Toʻngʻich oʻgʻil Yosh Genrix otasi bilan hukmdorlik qiladigan boʻldi. Ikkinchi shahzoda Richard Fransiya janubining bir qismi — Akvitaniya, Putu va Overnni oldi. Kenja oʻgʻil Ioannga esa meros tegmadi, shuning uchun uni Ioann Yersiz deb atay boshlashdi. Richardning otasi bilan munosabatiga tez orada putur yetdi, chunki qirol Genrix II malika Alisa (Aelis)ni oʻziniki qilishni istardi. Fransiya qiroli Lyudovik VIIʼning qizi, malika Alisa esa aslida Richardnining qalligʻi edi. Shuning uchun Richard Alisaning akasi fransuz qiroli Filipp II bilan ittifoq tuzdi. Chunki Filipp II singlisining tahqirlangan shaʼni uchun Genrix IIʼdan oʻch olish niyatida edi.

1189-yilda qirol Genrix II tinchlik istab fransuz qiroliga murojaat qildi. Biroq u hech qanday shartnoma imzolashga ulgurmay vafot etdi. Uning katta oʻgʻli Yosh Genrix ham tez orada vabo tufayli vafot etdi, natijada Richard vorislik huquqi bilan Angliya qiroliga aylandi. 1189-yil 3-sentabrda Londonda unga tantanali ravishda toj kiydirildi. Yosh hukmdor tabiatan sarguzasht, shon-shuhratga oʻch boʻlgani uchun qirollik taxti uni qoniqtirmadi. Shuning uchun mamlakat boshqaruvini ukasi Ioannga ishonib topshirdi va 1190-yil yoz oylarining birida Filipp II qoʻmondonligi ostida fransuz armiyasi bilan birga Falastinga salb yurishini boshladi. Yoʻl-yoʻlakay u Italiya shahri Messinada qisqa vaqtga toʻxtab oʻtdi. U yerda Richard malika Berengariya Navarrskayaga uylandi va rafiqasini oʻzi bilan salb yurishiga olib ketdi.

Oʻsha paytda bunday harakat odatiy hol edi, chunki oliyjanob ritsarlar oʻz xonimlari oldida jasorat koʻrsatishga doim intilar edi. Richard Berengariyaga uylanib, Filippning singlisini rad etgani uning noroziligiga sabab boʻldi. Bu norozilik tufayli Richard Filipp IIʼdan ajralib, Misrga yoʻl oldi va shoh Isaak Misrdagi Komninga boʻysunuvchi keng yerlarni egallab oldi. U Isaakni qoʻlga olib, uni qirollik sharafi sifatida kumush kishan bilan kishanlashni buyurdi. Richard Quddusni oʻziga boʻysundira olmagan boʻlsa-da, Yevropa anʼanalarida Saladin nomi bilan mashhur boʻlgan Misr hukmdori Salohiddin bilan imzolangan tinchlik shartnomasi orqali nasroniylarga Misr tomon yoʻl ochdi. Ammo Falastindan qaytayotib, Richard jiddiy sinovlarni boshdan kechirdi.

Dastlab uning kemasi kuchli boʻronga duch keldi va Adriatika dengizi qirgʻoqlariga uloqtirildi. Taqdir taqozosi bilan qirol tirik qoldi, lekin uyga qaytayotganda ashaddiy dushmani — Avstriya gersogi Leopoldning qoʻliga asir tushib qoladi. Leopold uni imperator Genrix VIʼga topshiradi. Germaniya imperatori ingliz qirolini Dunay boʻyidagi qasrga qamab, hushyorlik bilan qoʻriqlay boshladi. Koʻp oʻtmay bu xabarni eshitib, uning ukasi Ioann oʻzini Angliya qiroli deb eʼlon qildi. Chunki u Richard boshqa hech qachon qaytib kelmaydi deb oʻylagandi. Biroq Richardning qoʻlga olinishi Rim Papasi va xalqning keskin noroziligini keltirib chiqardi.

Butun Yevropa boʻylab nasroniylik eʼtiqodining himoyachisini asirlikda ushlab turgan Germaniya imperatori haqida istehzoli sheʼrlar yozila boshladi. Tez orada Muqaddas Rim imperiyasi imperatori Genrix VI ingliz qirolini ozod qilishni buyurdi, chunki u bunday jasur jangchini qamoqda saqlashni notoʻgʻri deb hisoblardi. Ozodlikka chiqqach, Richard yashirincha Angliyaga qaytib keldi. Qirol Ioanning siyosatidan norozi boʻlgan yirik feodallar orasidan oʻz tarafdorlarini toʻplab, Ioann qoʻshinini magʻlub etdi va ukasini hokimiyatdan agʻdarishga muvaffaq boʻldi. Taxtga oʻtirgan Richard bu safar ham Angliyani uzoq muddat boshqara olmadi. Taxminan 5 oy oʻtgach, u Ioann bilan ittifoq tuzgan fransuz qiroli Filipp IIʼga qarshi urush boshlashga majbur boʻldi.

Fransiyaning Angliyaga bostirib kirish xavfi kuchaydi. Buning oldini olish uchun Richard Fransiyadagi Shali qalʼasini qamal qildi. Qamal qilish paytida u arbaletdan otilgan zaharlangan oʻq tufayli yaralandi va tez orada vafot etdi. Bu orada Richard vasiyat qoldirishga ulgurdi, unga koʻra uning ukasi Ioann I Angliya taxtiga oʻtirishi kerak edi. Shunday qilib, uning hukmronligi atigi 5 oydan sal koʻproq davom etdi xolos. Oʻshandan beri Richard Arslonyurak sababli Angliya hududi boshqa chet el bosqiniga duchor boʻlmadi va uning yeriga dushman qadam bosmaydigan boʻldi. Aynan shuning uchun adabiyotda va Valter Skott romanlarida Richard ingliz anʼanalarining daxlsizligi va xalqparvar olampanoh timsoliga aylangan.



Muqova suratlar: illustrationx.com / telegraph.co.uk